Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Avgust, 2026   |   17 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:24
Quyosh
05:47
Peshin
12:24
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:23
Bismillah
30 Avgust, 2026, 17 Rabi`ul avval, 1448

Ro'zadorga makruh bo'lgan amallar

11.04.2021   11444   3 min.
Ro'zadorga makruh bo'lgan amallar

Makruh amal – shariatda yomon ko'rilgan, nomaqbul va xunuk ish sanaladi. Ro'zadorga makruh bo'lgan amallar deyilganda, ro'zani buzmaydigan, ammo savobini kamaytiradigan, buzishga yaqin bo'lgan ishlar tushuniladi.

  1. Ro'zador saqich yoki shunga o'xshash narsani chaynashi makruhdir. Chunki, ko'rgan odam ro'zador emas ekan degan xulosaga keladi. Payg'ambarimiz salollohu alayhi vasallam “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, o'zini shubhali o'ringa tashlamasin”, deganlar
  2. Ro'zador ayol yosh go'dagiga yoki bemorga ovqatni chaynab bersa bo'ladi. Bunda farzand ona sutiga to'ymaydigan bo'lsa hamda chaynab beriladigan taom bo'lsa joiz. Chaynamay ham ediriladigan taom bo'lsa, og'izga olib chaynab berish shart emas.
  3. Ayol kishi sho'rvani tatib ko'rishi makruhdir. Bu farz ro'zasida uzrsiz bo'lsa. Agar uzr sababli tatib ko'radigan bo'lsa, makruh hisoblanmaydi. Erning xulqi, fe'li yomon bo'lsa, uzr sanaladi. Farzdan boshqa, masalan nafl ro'zada xoh uzr bo'lsin, xoh uzr bo'lmasin, taomni tatib ko'rish joizdir. “Fathul qodir”da “kim bir narsani tatib ko'rsa, og'zi ochilmaydi, ammo makruh bo'ladi”, deyilgan. Hulosa qilinsa, farz ro'za tutayotgan ayol erining xulqi yomon bo'lmasa, taomning mazasini, tuzini tatib ko'rishi yaxshi emas.
  4. Kishi yog' yoki asalni sotib olayotganda yaxshisidan yomonini ajratib olish olish uchun uni tatib ko'rishi makruhdir.
  5. O'pish, ushlash va quchoqlash agar g'uslni vojib qiluvchi ishga sabab bo'lsa makuruhdir. Agar ro'zani buzuvchi ish sodir bo'lishidan qo'rqmasa, joiz deganlar.
  6. Hoh kunduzi, xoh kechki tomon bo'lsin, ro'zador xo'l yoki quruq misvokni ishlatsa bo'ladi. Ko'p ulamolar kuchli ehtiyoj va zarurat bo'lmasa, misvok qilish makruh, agar halqumga mazasi kelsa, ro'zani buzadi deganlar. Biz aytamiz: misvok xoh qurquq, xoh xo'l bo'lsin, xoh kunduzi xoh og'iz ochishga yaqin bo'lsin uni ishlatish joizdir. Chunki hadisda Payg'ambarimiz salollohu alayhi vasallam Oisha onamizdan qilingan rivoyatda: “Ummatimga mashaqqat bo'lmaganida, ularni har namozda misvok qilishga buyurar edim”, deb aytganlar. Sahobalar ham Payg'ambarimizni ro'zadorlik holatlarida ko'p marotaba misvok qilayotganlarini rivoyat qilganlar. 
  1. Halqumga yutmay boshi va yuzidan salqinlanish maqsadida suv quyish, xo'l lattaga o'ranib olish joiz. Tahoratdan boshqa o'rinda esa, og'izga suv olib chayish makruhdir.
  2. Tahorat asnosida og'iz va burunni mubolag'a qilib chayish ham makurhdir.
  3. Zuluk va shunga o'xshash narsa vositasida ko'p qon oldirib tanani zaiflashtirish.

       10. Ikki-uch kun iftorliksiz ulab ro'za tutish

Ko'zga surma qo'yish makuruh emas. Ya'ni ro'zaga ziyon bermaydi.

“Fatava Sirojiya” va “Fathu babi inaya” kitoblari

asosida N.Saidakbarova tayyorladi

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   59213   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari