O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Millat rivojida islom tsivilizatsiyasidan olinadigan hikmatlar” mavzusida xalqaro simpozium o'tkazildi.
Mazkur anjumanda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi hamda Malayziya islomni anglash instituti hamkorligida tashkil etildi. Bu haqda Akademiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Simpoziumda Akademiya rektori Uyg'un G'afurov, O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o'rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Malayziya islomni anglash instituti raisi Muhammad Nur Manuti, institut vakillari, Islom tsivilizatsiyasi markazi xodimlari, Akademiya professor-o'qituvchilari hamda talaba-magistrlar ishtirok etdi.
Tadbirda “Islom tsivilizatsiyasidan olingan hikmat saboqlari kimga kerak?”, “Malaysia MADANI” tsivilizatsion loyiha sifatida”, “Abu Hafs Nasafiyning islom ilmlari rivojidagi o'rni”, “Islom va fan taraqqiyoti: Malayziya tarixidan saboqlar”, “Ibn Sinoning axloq-odobga oid asarlari va ularning xususiyatlari”, “Islom tsivilizatsiyasining davlatchilik hikmati” hamda “Islom tsivilizatsiyasida aniq fanlar rivojida Muso al-Horazmiyning hissasi” kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi.
Qizg'in munozara, savol-javoblar ostida o'tgan simpozium yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi.


O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati