Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Qur'on ilmlari: QUR_''ONI KARIM MA_''NOLARINING TARJIMASI

09.04.2021   25825   16 min.
Qur'on ilmlari: QUR_''ONI KARIM MA_''NOLARINING TARJIMASI

«Qur'on» so'zining tarjimasi va ta'rifi bilan avval tanishib o'tganimiz uchun gaini bevosita «tarjima» so'zining ma'nosi haqida so'z yuritishdan boshlaymiz.

Bu haqda mashhur «Sihoh» nomli lug'at kitobida shunday deyilgan:

«Gapini boshqa tilda bayon qilgan odam gapini tarjima qilgan bo'ladi», ya'ni tarjima – bu bir gapning boshqa tilda bayon qilinishidir».

«Al-Misbahul-Munir» nomli lug'at kitobida quyidagilar kelgan: «Falonchi kalomini tarjima qildi» degani «uni bayon qildi va ravshanlashtirdi» deganidir. «Boshqaning kalomini tarjima qildi» degani «So'zlovchining tilidan boshqa tilga o'girdi» deganidir.

Tarjima ikki xil bo'ladi:

  1. Harfiy tarjima.

Bunda matn bir tildan boshqa tilga uning barcha uslubiy xususiyatlari va lug'aviy omillari ila o'giriladi. Uning ichida nazmning alomatlari ham bo'ladi.

  1. Tafsiriy tarjima.

Bunda matnning umumiy ma'nosi bir tildan boshqa tilga o'giriladi.

Ulamolar Qur'oni Karimning tarjimasi haqida juda ko'p tortishganlar. Ular bu masalada turli fikrlarni olg'a surganlar. «Qur'oni Karimni tarjima qilish mutlaqo mumkin emas», deyishdan «Qur'oni Karimni tarjima qilish vojibdir», deyishgacha etganlar.

Ammo hammalari bu borada bir ovozdan aytgan gap – Qur'oni Karimni harfiy tarjima qilish mumkin emasligidir. Uni tarjima qilsa bo'ladimi yoki yo'qmi, degan ma'nodagi tortishuvlar esa tafsiriy tarjima, ya'ni Qur'oni Karimning ma'nolari tarjimasi haqidadir. Bu tortishuvning kelib chiqishining o'z tarixi bor.

Avvallari Islom etgan joylarning aholisi arab tilini o'rganib, o'sha til orqali Alloh taoloning Kitobi bilan tanishgan bo'lsa, keyinchalik musulmonlar zaiflashib, yangi musulmonlarga arab tilini o'rgatish u yoqda tursin, o'zlari ham u tilni kerakli darajada o'rgana olmay qoldilar.

Vaqt o'tishi bilan «Arab tilini bilmaydigan musulmonlar Qur'oni Karim ma'nolarini qanday o'rganadilar?» degan savol paydo bo'ldi. Gap tarjimaga borib taqaldi. Lekin ulamolar bir ovozdan «Qur'oni Karimni tarjima qilib bo'lmaydi», deb turib oldilar. Ularning fikrlaricha, Qur'oni Karim ilohiy, mo''jiza kalom bo'lib, unga o'xshash arabcha kalom keltirish imkoni bo'lmaganidan keyin uning maqsadini boshqa tilda, ayni shaklda bayon qilish imkoni ham yo'q edi. Qur'oni Karim saviyasida bo'lmagan narsani Qur'on deb atash esa mutlaqo mumkin emas. Eng muhimi, Qur'oni Karim tarjimasi, degan da'vo bilan kishilarni haqiqiy Qur'ondan uzoqlashtirish xavfi tug'ilishi mumkin edi.

Ushbu va shunga o'xshash mulohazalar asosida «Qur'oni Karim tarjimasi mumkin emas» degan qat'iy qaror chiqdi. Shuning uchun ham qadimda boshqa tillarda Qur'oni Karimga yozilgan tafsirlar yoki tushuntirishlarni uchratamiz-u, ammo Qur'oni Karim oyatlarining bevosita tarjimalarini deyarli uchratmaymiz.

Ushbu holatning yorqin namunalaridan biri o'tgan milodiy asrning birinchi choragida bo'lib o'tgan. Islom va Qur'onga xayrixoh bo'lmagan taraflardan biri o'z tilida Qur'oni Karimga bitta tafsir va bitta tarjima yozilishiga buyuradi.

O'sha paytning etuk kishilaridan birlari tafsir va yana birlari tarjima yozishga ixtiyor qilinadilar. Tarjimon ishni bir oz yurishtirganidan so'ng Misrga boradi. Misrlik ulamo lar u kishiga qilinayotgan tarjima Qur'oni Karimning muhofazasi uchun xizmat qilmasligini, aksincha, o'ta xatarli ish bo'lib, shu tarjima vositasida katta bir musulmon xalqni haqiqiy Qur'oni Karimdan uzoqlashtirish niyati ham yo'q emasligini anglatadilar. U kishi yurtiga qaytib borib, qilgan tarjimasini kuydirib tashlab, «Men Qur'oni Karimni tarjima qila olmas ekanman», deb aytadi.

Demak, milodiy yigirmanchi asrning boshlarigacha Qur'oni Karimning tarjimasiga rasmiy ruxsat berilmagan. Ya'ni islomiy siyosatda bu ish marg'ub ish hisoblanmagan. Ulamolarimiz bu ipshi joiz, deb fatvo bermaganlar.

Zamon o'zgarib, turli xalqlar orasidagi aloqalar rivojlanishi asnosida G'arb xalqlari ham musulmonlar bilan bordi-keldi qilishga o'tdilar. Mazkur bordi-keldilar mustamlakachilik asosida bo'lgayushgi hammaga ma'lum. Bu omil barcha aloqalarga o'z soyasini solib turishi ham sir emas.

Huddi o'sha omil yuzasidan G'arb xalqlari Qur'oni Karimni o'z tillariga tarjima qilishni boshladilar. Musulmon xalqlari ichida mustamlakachilik siyosatini olib boruvchilar uchun Qur'oni Karimning ma'nolarini bilish juda ham zarur edi.

Shuning uchun ham Qur'oni Karim ma'nolari asosan G'arb mustamlakachiligining sodiq askarlari – sharqshunoslar tomonidan tarjima qilinganini ko'ramiz. Ular mazkur tarjimalarni o'zlaricha, havoi nafslari xohlaganicha qildilar va ularni Qur'on deb nomladilar. Ular ko'proq asl arabcha matndan emas, boshqa tillarga qilingan tarjimalardan o'z tillariga o'girganlari ham sir emas.

Ana shu tarjimalarni nafaqat mustamlakachilar, balki ularning tilini biladigan ba'zi musulmonlar ham o'qiy boshladilar. Chunki har bir musulmonda Qur'oni Karim ma'nolarini bilish orzusi bo'lishi turgan gap. Shuningdek, har bir musulmon ham arab tilini bilmasligi ham aniq gap.

Ushbu omillar va Qur'oni Karim ta'limotlarini, Islom dinini butun dunyoga tarqatish mas'uliyati ulamolarimizni Qur'oni Karim ma'nolarini tarjima qilish masalasini qayta ko'rib chiqishga majbur qildi.

Avvallari aynan Qur'oni Karim muhofazasi yo'lida, asl Qur'on qolib, uning ma'nolari tarjimasiga suyanib qolinmasin, tarjimalardagi ixtiloflar Qur'on haqidagi ixtiloflarga olib bormasin, odamlar tarjimaga suyanib, arab tilini o'rganmay qo'ymasin kabi mulohazalar ila Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasiga rasmiy ruxsat berilmagan edi.

Endi esa sharoit tamoman o'zgargan edi. Alloh taolo tomonidan nozil etilgan arab tilidagi asl Qur'on muhofazasi sobit bo'lgan edi. Odamlarning ma'nolar tarjimasiga suyanib, asl matnni unutishlari xavfi ham ko'tarilgan edi. Arab tilini biladigan musulmonlardan ko'ra u tilni bilmaydigan musulmonlar ko'payib ketgan edi. Ularning barchasiga Qur'oni Karimni tushunadigan darajada arab tilini o'rgatish qiyinligi ham ayon bo'lgan edi.

Buning ustiga, dunyoning musulmon bo'lmagan xalqlarini ham Islomga da'vat qilish kerak edi. Eng muhimi, Qur'oni Karim ma'nolarini boshqalar noto'g'ri tarjima qilib, tarqatmoqda edilar. Bu o'ziga yarasha katta xatar edi. Ana shu omillarni e'tiborga olgan ulamolarimiz Qur'oni Karim ma'nolarining islomiy tarjimasi zarurligi haqida fatvo chiqardilar va bunday tarjima uchun kerakli shartlarni ham bayon qildilar.

Mazkur shartlar «Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi uning tafsiridek narsadir», degan tushuncha asosida qo'yilgani uchun biz yuqorida zikr qilib o'tgan, tafsir va tafsirchi uchun qo'yilgan shartlarning ayni o'zi edi.

Shu bilan birga, ma'nolar tarjimasiga qo'shimcha shartlar ham qo'yildi. Ulardan ba'zilari quyidagilar:

  1. Tarjimon arab tilini o'ta yaxshi bilishi bilan birga, tarjima qilinayotgan tilni ham juda yaxshi bilishi shartligi.
  2. Tarjimani «Qur'on tarjimasi» emas, balki «Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi» deb atash va tushunish lozimligi.

Chunki Qur'oni Karimni aynan o'zidek tarjima qilish umuman iloji yo'q narsadir. Nafaqat tarjima, balki arab tilida ham Qur'oni Karimning komil matni u yoqda tursin, biror oyatiga o'xshash matnni keltirish ham amrimahol ekani sobit haqiqatdir.

  1. Mazkur ma'nolar tarjimasidan faqat Qur'oni Karim ma'nolarini tushunishda yordamchi sifatida foydalanish mumkinligi. U ma'nolar tarjimasini ibodatda qiroat qilish, ulardan hukm chiqarishga harakat qilish, tarjimalar atrofida ixtiloflar qilish mutlaqo mumkin emasligi.
  2. Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasini yozganda, albatta, arabcha oyatlar bilan birga yozish shart. Birinchidan, bunda asl matnning qudusiyati balqib turadi. Qolaversa, tarjimaning aniqligini har doim tekshirish imkoni bo'ladi.

Qur'oni Karim ma'nolarini tarjima qilishga ruxsat berishga o'ziga yarasha hujjat va dalillar ham bor.

Birinchi dalil:

Hudaybiya sulhidan keyin Payg'ambarimiz alayhissalom uch qit'a vakillari bo'lmish davlat boshliqlariga maktublar yuborib, Islomga da'vat qildilar.

  1. Yevropadan Vizantiya podshohi Hiraqlga;
  2. Osiyodan Fors davlati podshohi Kisroga;
  3. Afrikadan Misr podshohi Muqavqis va Habashiston podshohi Najoshiyga Payg'ambarimiz alayhissalom maktublar yubordilar.

Mazkur maktublarda Qur'oni Karim oyatlari ham bor edi. Mazkur podshohlar va ularning odamlariga o'sha maktublar hamda ularning ichidagi oyatlarning ma'nolari, albatta, tarjima qilib berilgan.

Demak, musulmon bo'lmagan kishilarni Islomga da'vat qilishda Qur'oni Karim ma'nolari tarjima qilinishi kerak ekan.

Imom Shamsul-aimma Saraxsiyning «Al-Mabsut» nomli ko'p jildli asarlarining «Namoz kitobi» bo'limida (1-juz, 37-bet) quyidagilar yozilgan:

«Rivoyat qilinadiki, forslar Salmon Forsiy roziyallohu anhuga maktub yozib, o'zlariga Fotiha surasini fors tilida yozib berishni so'radilar...»

Imom Tojush-shari'aning «Hidoya»ga hoshiya qilib yozgan «Nihoya» kitobida (1-juz, 86-bet) bu haqda batafsilroq yozilgan:

«Salmon Forsiy roziyallohu anhuga «Fotiha»ni fors tilida yozib berishni so'rab, maktub yozdilar. Bas, u kishi «Bismillahir Rohmanir Rohiym» - «Ba nomi...» deb yozdi va Nabiy alayhissalomga ko'rsatganlaridan keyin ularga yubordi».

Demak, arab tilini bilmaydigan musulmonlar uchun ham ular u tilni o'rganib olgunlaricha Qur'oni Karim ma'nolari zarurat yuzasidan tarjima qilib berilsa bo'lar ekan.

Uchinchi dalil:

Qadimda Qur'oni Karim ma'nolarini tarjima qilishga ommaviy ravishda ruxsat berilmagan bo'lsa ham, kezi kelib, zarurat tug'ilganda bu ish amalga oshirilgan ekan.

Mazkur tarjimalarning ko'plari bizning davrimizgacha etib kelmagan. Bizgacha etib kelgan Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi haqida ustoz Muhammad Hamidulloh quyidagilarni yozadilar:

«To'rtinchi hijriy asrda podshoh Mansur ibn Nuh Somoniy hijriy 345 sanada turkistonlik katta ulamolardan bir jamoasini Qur'oni Karimning hammasini fors, sharqiy va g'arbiy turk tillariga tarjima qilishga amr etdi.

Usha tarjimaga Tabariy tafsirining xulosasini ziyoda qilishga ham farmon berdi. Allohga hamd bo'lsin, bu tarjimalar bizga etib keldi va ular Tehron hamda Istanbulda chop etildi».

Ko'rinib turibdiki, musulmonlar o'z mustaqilliklariga, taraqqiyotlariga sohib bo'lgan vaqtlarida o'z Muqaddas Kitoblariga ham yaxshi xizmat qilganlar. Ammo har jihatdan zaiflashib, tushkunlikka yuz burganlarida hamma narsani, jumladan, Qur'oni Karim ma'nosi tarjimalarini ham boshqalarga topshirib qo'yganlar.

Allohga hamdu sanolar bo'lsin, hozirda bu ishga alohida e'tibor berilib, ushbu hassos sohada ham bir qancha yaxshi ishlar amalga oshirilmoqda. Bu ishda asosan arab bo'lmagan musulmonlar xizmat qilmoqdalar, desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz. Chunki aynan o'sha kishilar o'z xalqlariga Qur'oni Karim ma'nolarini o'z tillariga tarjima qilib bermoqdalar.

Albatta, bu erda ham o'ziga xos nozik muammolar bor. Arab bo'lmagan musulmon xalqlar ichida arab tilini, islomiy ilmlarni yaxshi o'zlashtirganlar tarjima va o'z tillarida yuqori saviyada asar bitish sohasiga vaqtlari qolmagan bo'ladi. Aksincha, adib va tarjimonlikni yaxshi egallagan shaxslarda esa arab tili va islomiy ilmlarni kerakligicha o'zlashtirishga vaqt qolmaydi.

Ammo, shunday bo'lsa ham, Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi bo'yicha sezilarli siljish yuzaga chiqmoqda. Hozirda Qur'oni Karim ma'nolari deyarli barcha tillarga tarjima qilingan. Ba'zi tillarda esa bir necha tarjimalar mavjud.

Ustoz Muhammad Hamidullohning ta'kidlashlaricha, urdu tilida Qur'oni Karim ma'nolarining uch yuzdan ortiq tarjimasi, fors va turk tillarida esa yuzdan ortiq tarjimasi bor.

Lekin gap tarjimalarning sonida emas, sifatida ekanini unutmasligimiz lozim. Bu sohada ham ko'pgina ishlar qilinmoqda. Bir necha tashkilotlar, mutaxassislar hamkorlikda ish olib bormoqdalar. Alloh taolo bu ishlar ning barchasining O'z Kitobi yo'lidagi xolis va foydali xizmatlar bo'lishini nasib qilsin.

Bu sohada asosiy e'timod tafsirga bo'lishi kerak, ammo ma'lum maqsadlarda Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi ham kerak bo'lib qoladi. Ana o'sha maqsadlardan ba'zilarini zikr qilib o'tamiz:

  1. Musulmon kishi doimo Qur'oni Karimni tilovat qilib turishi kerak. Tilovatning muhim shartlaridan biri oyatlarning ma'nosini tadabbur qilmoqdir. Arablarda ham ushbu ma'noda kishilarga yordam bo'lishi uchun Qur'oni Karimning matni chetiga ma'nolari osonlashtirilgan qisqa tafsirlar chop qilish odat bo'lgan.

Tilovat qilib ketayotgan kishi hojati tushganda darhol hoshiya chetiga qarab, ma'noni anglab olaveradi. Huddi shu ma'noda arab bo'lmagan musulmonlar qiyinchilikka uchraydilar. Hatto ba'zi qorilar ham o'zlari o'qiyotgan oyatlarining ma'nosini tushunmaydilar.

Qur'oni Karimni tilovat qilgan odam qaysi oyatning ma'nosini bilmoqchi bo'lsa, darhol raqamiga qarab, ko'rib olaveradi.

  1. Ba'zi vaqtlarda oyati karimalarni dalil sifatida iqtibos keltirishga to'g'ri keladi. Ana shu paytda, albatta, katta hajmdagi tafsirdan ko'ra raqamlangan va arabcha asl matnning yoniga qo'yilgan ma'nolar tarjimasi qo'l kelishi aniq.
  2. Qur'oni Karim ma'nolari tarjimasi asl matnning mingdan bir halovatini ham bera olmasligini yana bir bor ta'kidlash bilan birga, oyati karimalar ma'nolarining bevosita, o'rtaga turli gap-so'zlar qo'shmay qilingan tarjimasining ham o'ziga yarasha halovati bor ekanini anglashimiz mumkin.

Va oxirgi duoimiz «Olamlarning Robbi – Alloh taologa hamd bo'lsin», deyishdir.

 

KITOB BITDI (barchamizni boamallardan qilsin...)

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Payg‘ambarlik vahiy bilan namoyon bo‘ladi

10.08.2026   4041   15 min.
Payg‘ambarlik vahiy bilan namoyon bo‘ladi

Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas

 

Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
 

1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.


Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qingoyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.


2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:


Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.


Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.


Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.


3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.


Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.


4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.


Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, bu ochiq-oydin sehrdir dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].


Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.


5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.


6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].


Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].


So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.


Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.


Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.


Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.


7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.


1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].

Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].

Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.

Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].

Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.


2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].


So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].


Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!


Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.


3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.


Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.


Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.


Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.

Nurmuhammad Matkarimov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi


Mazkur maqolaga 

.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan

Maqolalar