Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Yanvar, 2025   |   16 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:39
Shom
17:23
Xufton
18:41
Bismillah
16 Yanvar, 2025, 16 Rajab, 1446

Alloh taoloning ramazondagi tuhfalari

10.04.2021   2216   7 min.
Alloh taoloning ramazondagi tuhfalari

Bizlarni muborak Ramazon oyiga etkazib, marhamatini darig' tutmagan va uni ro'zasini gunohlarga kafforat qilgan Alloh taologa beadad hamd-u sanolar bo'lsin! Kunduzlari ro'zador va kechalari bedor bo'lishda bizlarga namuna bo'lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Allohning ziyoda rahmatlari nozil bo'lsin!

Ramazon Alloh taoloning mo'min bandalariga bergan ulug' ne'mati bo'lib, bu oyda Rabbimizning rahmatlari yog'ilib, xossatan Alloh taoloning bizlarga beradigan inoyatlari ziyoda bo'ladi. Quyida o'sha ne'matlarning ba'zilarini eslab o'tamiz:

Ramazon oyining birinchi kechasidanoq ibodatlar osonlashadi

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon oyining birinchi kechasida shaytonlar va o'zboshimcha jinlar zanjirlanadi, do'zaxning birorta eshigi ham qolmay hammasi yopiladi, jannatning barcha eshiklari ochiladi va har kecha: Ey yaxshilik qiluvchi! G'animat bil, ey yomonlikka moyil bo'luvchi o'zingni tiygin, deya nido bo'ladi. Har kecha Alloh ko'plab bandalarini do'zaxdan ozod qiladi”, – dedilar. Shaytonlarning kishanlanishi shak-shubhasiz ibodatni engillatish uchun bo'ladi.

Ramozon oyi ro'zasi gunohlarga kafforat bo'ladi

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Besh vaqt namoz, juma namozi va ramazon oyi to keyingisi kelgunigacha bo'lgan kichik gunohlarni yuvib ketadi”, deb marhamat qildilar (Muslim rivoyati).

Ro'za tutgan kishining taqvodorligi oshadi

Alloh taolo Baqara surasida:

“Ey iymon keltirganlar! Shoyad taqvodor bo'lsangiz deb sizlardan oldingilarga farz qilinganidek sizlarga ham ro'za farz qilindi”, deb marhamat qiladi (Baqara surasi, 183-oyat).

Alloh taolo bandalariga ushbu oyat karima orqali ro'za tutishlikdan asosiy maqsad taqvo hosil qiladigan amallardan biri ekanligini bayon qilmoqda. Lekin bu degani gunoh va ma'siyatlar qilib ham ro'za tutsa taqvodor bo'ladi degani emas, albatta. Taqvo Allohning nazdida qanchalik buyuk narsa ekanligi haqidagi oyati karimalar hammamizga ma'lum va mashhur.

Ro'za tufayli Alloh o'tgan gunohlarni kechiradi

Imom Buxoriy va imom Muslimlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Kimki Ramazon oyi ro'zasini iymonla va Allohdan savob umidida tutsa, o'tgan gunohlari mag'firat bo'ladi”.

Bu hadisi sharif ro'za naqadar ulkan ibodat ekanligi, xato va kamchiliklarni kechirilishiga ta'sir qilishligini ifoda etadi. Faqat ikki shart bilan. Biri iymon-ixlos, ikkinchisi “Ihtisob” ya'ni Allohning O'zidan savob umid qilgan holda tutish bilan. Mazkur hadisdagi “iymon bilan” degan iborani Hofiz ibn Hajar rohmatullohi alayh: “Ramazon ro'zasining farz ekanini e'tirof etib” degan ma'noni ifodalaydi degan bo'lsalar, “Ihtisoban”degan so'ziga Imom Hattobiy: “qat'iy ishonch ila savobidan umid qilgan holda, pokiza niyat va nafsiga og'ir olmay ro'zani tutmoqlik”-deb ma'no bergan ekan.

Ro'za huddi Qur'on kabi o'z sohibini Qiyomatda shafoat qiladi

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro'za va Qur'on o'z egalarini Qiyomat kuni shafoat qiladi. Ro'za: “Ey Rabbi meni deb kunduzi ovqatdan va nafsiy xohishlaridan o'zini tiydi, meni unga shafoatchi qil”, deydi. Qur'on esa: “Meni deb kechalari bedor bo'ldi, meni unga shafoatchi qil”, deydi va ikkovi ham o'z egalarini shafoat qiladi”, deganlar. Demak, kim ro'zani ixlos va Allohning ko'rib, bilib, kuzatib turganiga ishonch hosil qilgan holida tutsa, qiyomat kuni tutgan ro'zasi o'ziga kafil shafoatchi bo'lib kelar ekan.

Ramazon tunlarini qoim qilish avvalgi gunohlarga kafforat bo'ladi;
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalari ibodat bilan bedor o'tkazishga qiziqtirar, ammo qat'iy buyurmas edilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda iymon va ixlos ila qoim bo'lsa, o'tgan gunohlari mag'firat qilinadi”, dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Ramazon oyi kechalari ibodat qilish juda ham fazilat va gunohlardan poklanish imkoniyati ham ekan. Ramazonda bedor bo'lib o'qiladigan namoz “taroveh” deb nomlanadi. Taroveh rohat-istirohat ma'nosini anglatadi. Yigirma rakat nafl namozni imomga iqtido qilgan holda jamoat bilan masjidda ado etish eng ulug' fazilatli amallardandir.

Ramazon oyida qilingan umraning savobi bir haj savobiga teng bo'ladi:

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansoriy ayollardan biriga: “Ramazon oyi kelsa umra qilgin. Chunki u bir hajga teng keladi”, – deganlar. Lekin bu inson zimmasiga umri davomida bir marotaba farz qilingan haj ibodati soqit bo'ladi degani emas. Balki, Ramazon oyining barakotidan har bir qilingan amalga boshqa vaqtdan ko'ra bu oyida ko'proq ajr-mukofot berilishiga dalildir.

Ramazon oyida qilingan sadaqa eng afzal sadaqadir

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ramazon oyida eng saxiy insonga aylanib, sahovatlari yanada jo'shib ketar ekan. U Zoti sharif: “Eng afzal sadaqa Ramazon oyidagisidir”, der edilar (Imom Termiziy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan). Bas, shunday ekan biz ham Habibimizdan o'rnak olib, ramazon kunlari oilamizga, qarindoshlarga, mahallamizdagi beva-bechoralarga, kam ta'minlangan insonlarga qo'limizdan kelganicha moddiy ko'mak bersak, bemorlarni borib xol so'rasak ulug' fazilatga sohib bo'lardik.

Iftorlik qilib bergan odam ro'zadorlarning savobiga teng savobni oladi

Zayd ibn Holid rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Kim bir ro'zadorga iftorlik qilib bersa shu ro'zadorning savobiga teng savobga ega bo'ladi va bu ro'zadorning savobidan hech narsani kamaytirmaydi” (Termiziy rivoyati).

Sahoba va salaf solihlarimizning odatlari shundoq bo'lgan. Ibn Rajab rohmatullohi alayh Ibn Umar roziyallohu anhumoning odatlarini eslab shunday deydi: “U har doim ramazon oyida miskinlar bilan ovqatlanar, topa olmasa ovqat emas edilar. Agar ovqatlanib turganlarida boshqa bir kishi taom so'rasa, o'zining ovqatni berib yana hech narsa emasdan ro'zaga niyat qilar ekanlar”.

Hulosa o'rnida, Yaratgan Rabbimiz Ramazon oyida xolis niyatlar bilan tutayotgan ro'zalarmizni, kechalari qoim turib ado etayotgan taroveh namozlarimiz, xatmi Qur'onlarimiz, xayru sahovatlarimizni va barcha solih amallarimizni qabul qilishini hamda bu muborak oyni fazli va qadrini topishligimizni nasib etsin! Amin.

Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi o'qituvchisi
Jaloliddin Hamroqulov

RAMAZON-2021
Boshqa maqolalar

Balog‘at ilmining ahamiyati

15.01.2025   1713   3 min.
Balog‘at ilmining ahamiyati

Ajdodlarimizning qoldirgan asarlarining katta qismi arab tilida yozilgani barchamizga ma’lum. Arab tili dunyo tillari ichida eng ko‘p o‘rganilgan va hanuz o‘rganilayotgan til hisoblanadi. U lug‘at boyligi, qoidalarining turli-tumanligi, bir so‘zni bir necha uslubda ishlatish imkoniyatlarining ko‘pligi bilan mukammal tillar ichida ajralib turadi. Shuningdek, u shevalarining juda ko‘pligi bilan ham dunyoda yuqori o‘rinni egallaydi.

Bu til Qur’oni karim va janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tillari bo‘lgani uchun uni o‘rganish usullari sahobai kiromlar davridayoq ishlab chiqilgan. Arab tilini o‘rganish uchun lug‘at, morfologiya, grammatika, ya’ni sarf va nahv ilmlari mukammal o‘rganiladi. Shu bilan birga, arab tilida mukammal gaplashish va uni tushunish uchun albatta, balog‘at fani qoidalarini yaxshi bilish kerak.

Balog‘at ilmini tahsil qilish orqali Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va nozik jihatlarni teran anglash oson kechadi. Shuningdek, Qur’oni karimning fasohat va balog‘at e’tiboridan mo‘jizakorligi kashf qilinadi. Shu bois, Qur’oni karim tafsiri, hadisi shariflar sharhi va boshqa diniy ilmlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi lug‘at, sarf, nahv ilmlari bilan bir qatorda balog‘at ilmini ham puxta egallashi lozim. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday degan: “Diniy va ijtimoiy ta’limotimiz Qur’on va hadislarda mavjud. Qur’on va hadislar esa arab tilidadir. Binobarin, ularni tushunish uchun arab tilining sarfu-nahvini o‘rganish zarur. Lekin bu yetarli emas, Qur’on ma’nolarini tushunishimiz uchun balog‘at ilmini – bayon, bade’ va ma’oniy ilmlarini ham bilishimiz lozim.”

Bu ilm boshqa fanlardan o‘zining fazilati bilan ajralib turadi. Lug‘at sir-asrorlarini ochishda va xazinalarini kashf etishda balog‘at ilmining o‘rni beqiyosdir. Jorulloh Mahmud Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” nomli tafsirining muqaddimasida shunday deydi: “Tafsir ilmiga kirishgan kishi Qur’onga xos bo‘lgan ilmi ma’oniy va ilmi bayonda bilimdon bo‘lsa va bu ilmlarni puxta o‘rgansa, tafsirning haqiqatlariga yeta oladi.”

Shuningdek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Mashrab kabi mumtoz adabiyot namoyondalari o‘z asarlarida majoz, tashbeh, istiora, kinoya kabi balog‘at qoidalaridan keng foydalanganlar. Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, boshqalarga yetkazishda balog‘at ilmining ahamiyati katta.

Balog‘at ilmining tarixi, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va bu ilmga hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti hamda asarlarini o‘rganish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Arab tilining balog‘at va bade’ ilmlarini o‘rganish orqali kishida bu fanlarga nisbatan qiziqish va mukammal bilim shakllanadi. Balog‘at fanini chuqur o‘zlashtirish orqali faqat arab tilida emas, balki o‘zbek tilida yozilgan mumtoz adabiyotimiz sirlarini ham anglash mumkin bo‘ladi.

Abdulqayum Turdaliyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.