Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Mart, 2026   |   16 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:34
Quyosh
06:52
Peshin
12:40
Asr
16:33
Shom
18:22
Xufton
19:34
Bismillah
05 Mart, 2026, 16 Ramazon, 1447

Alloh taoloning ramazondagi tuhfalari

10.04.2021   5478   7 min.
Alloh taoloning ramazondagi tuhfalari

Bizlarni muborak Ramazon oyiga etkazib, marhamatini darig' tutmagan va uni ro'zasini gunohlarga kafforat qilgan Alloh taologa beadad hamd-u sanolar bo'lsin! Kunduzlari ro'zador va kechalari bedor bo'lishda bizlarga namuna bo'lgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Allohning ziyoda rahmatlari nozil bo'lsin!

Ramazon Alloh taoloning mo'min bandalariga bergan ulug' ne'mati bo'lib, bu oyda Rabbimizning rahmatlari yog'ilib, xossatan Alloh taoloning bizlarga beradigan inoyatlari ziyoda bo'ladi. Quyida o'sha ne'matlarning ba'zilarini eslab o'tamiz:

Ramazon oyining birinchi kechasidanoq ibodatlar osonlashadi

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon oyining birinchi kechasida shaytonlar va o'zboshimcha jinlar zanjirlanadi, do'zaxning birorta eshigi ham qolmay hammasi yopiladi, jannatning barcha eshiklari ochiladi va har kecha: Ey yaxshilik qiluvchi! G'animat bil, ey yomonlikka moyil bo'luvchi o'zingni tiygin, deya nido bo'ladi. Har kecha Alloh ko'plab bandalarini do'zaxdan ozod qiladi”, – dedilar. Shaytonlarning kishanlanishi shak-shubhasiz ibodatni engillatish uchun bo'ladi.

Ramozon oyi ro'zasi gunohlarga kafforat bo'ladi

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Besh vaqt namoz, juma namozi va ramazon oyi to keyingisi kelgunigacha bo'lgan kichik gunohlarni yuvib ketadi”, deb marhamat qildilar (Muslim rivoyati).

Ro'za tutgan kishining taqvodorligi oshadi

Alloh taolo Baqara surasida:

“Ey iymon keltirganlar! Shoyad taqvodor bo'lsangiz deb sizlardan oldingilarga farz qilinganidek sizlarga ham ro'za farz qilindi”, deb marhamat qiladi (Baqara surasi, 183-oyat).

Alloh taolo bandalariga ushbu oyat karima orqali ro'za tutishlikdan asosiy maqsad taqvo hosil qiladigan amallardan biri ekanligini bayon qilmoqda. Lekin bu degani gunoh va ma'siyatlar qilib ham ro'za tutsa taqvodor bo'ladi degani emas, albatta. Taqvo Allohning nazdida qanchalik buyuk narsa ekanligi haqidagi oyati karimalar hammamizga ma'lum va mashhur.

Ro'za tufayli Alloh o'tgan gunohlarni kechiradi

Imom Buxoriy va imom Muslimlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Kimki Ramazon oyi ro'zasini iymonla va Allohdan savob umidida tutsa, o'tgan gunohlari mag'firat bo'ladi”.

Bu hadisi sharif ro'za naqadar ulkan ibodat ekanligi, xato va kamchiliklarni kechirilishiga ta'sir qilishligini ifoda etadi. Faqat ikki shart bilan. Biri iymon-ixlos, ikkinchisi “Ihtisob” ya'ni Allohning O'zidan savob umid qilgan holda tutish bilan. Mazkur hadisdagi “iymon bilan” degan iborani Hofiz ibn Hajar rohmatullohi alayh: “Ramazon ro'zasining farz ekanini e'tirof etib” degan ma'noni ifodalaydi degan bo'lsalar, “Ihtisoban”degan so'ziga Imom Hattobiy: “qat'iy ishonch ila savobidan umid qilgan holda, pokiza niyat va nafsiga og'ir olmay ro'zani tutmoqlik”-deb ma'no bergan ekan.

Ro'za huddi Qur'on kabi o'z sohibini Qiyomatda shafoat qiladi

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro'za va Qur'on o'z egalarini Qiyomat kuni shafoat qiladi. Ro'za: “Ey Rabbi meni deb kunduzi ovqatdan va nafsiy xohishlaridan o'zini tiydi, meni unga shafoatchi qil”, deydi. Qur'on esa: “Meni deb kechalari bedor bo'ldi, meni unga shafoatchi qil”, deydi va ikkovi ham o'z egalarini shafoat qiladi”, deganlar. Demak, kim ro'zani ixlos va Allohning ko'rib, bilib, kuzatib turganiga ishonch hosil qilgan holida tutsa, qiyomat kuni tutgan ro'zasi o'ziga kafil shafoatchi bo'lib kelar ekan.

Ramazon tunlarini qoim qilish avvalgi gunohlarga kafforat bo'ladi;
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon kechalari ibodat bilan bedor o'tkazishga qiziqtirar, ammo qat'iy buyurmas edilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazonda iymon va ixlos ila qoim bo'lsa, o'tgan gunohlari mag'firat qilinadi”, dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Ramazon oyi kechalari ibodat qilish juda ham fazilat va gunohlardan poklanish imkoniyati ham ekan. Ramazonda bedor bo'lib o'qiladigan namoz “taroveh” deb nomlanadi. Taroveh rohat-istirohat ma'nosini anglatadi. Yigirma rakat nafl namozni imomga iqtido qilgan holda jamoat bilan masjidda ado etish eng ulug' fazilatli amallardandir.

Ramazon oyida qilingan umraning savobi bir haj savobiga teng bo'ladi:

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ansoriy ayollardan biriga: “Ramazon oyi kelsa umra qilgin. Chunki u bir hajga teng keladi”, – deganlar. Lekin bu inson zimmasiga umri davomida bir marotaba farz qilingan haj ibodati soqit bo'ladi degani emas. Balki, Ramazon oyining barakotidan har bir qilingan amalga boshqa vaqtdan ko'ra bu oyida ko'proq ajr-mukofot berilishiga dalildir.

Ramazon oyida qilingan sadaqa eng afzal sadaqadir

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ramazon oyida eng saxiy insonga aylanib, sahovatlari yanada jo'shib ketar ekan. U Zoti sharif: “Eng afzal sadaqa Ramazon oyidagisidir”, der edilar (Imom Termiziy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan). Bas, shunday ekan biz ham Habibimizdan o'rnak olib, ramazon kunlari oilamizga, qarindoshlarga, mahallamizdagi beva-bechoralarga, kam ta'minlangan insonlarga qo'limizdan kelganicha moddiy ko'mak bersak, bemorlarni borib xol so'rasak ulug' fazilatga sohib bo'lardik.

Iftorlik qilib bergan odam ro'zadorlarning savobiga teng savobni oladi

Zayd ibn Holid rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: “Kim bir ro'zadorga iftorlik qilib bersa shu ro'zadorning savobiga teng savobga ega bo'ladi va bu ro'zadorning savobidan hech narsani kamaytirmaydi” (Termiziy rivoyati).

Sahoba va salaf solihlarimizning odatlari shundoq bo'lgan. Ibn Rajab rohmatullohi alayh Ibn Umar roziyallohu anhumoning odatlarini eslab shunday deydi: “U har doim ramazon oyida miskinlar bilan ovqatlanar, topa olmasa ovqat emas edilar. Agar ovqatlanib turganlarida boshqa bir kishi taom so'rasa, o'zining ovqatni berib yana hech narsa emasdan ro'zaga niyat qilar ekanlar”.

Hulosa o'rnida, Yaratgan Rabbimiz Ramazon oyida xolis niyatlar bilan tutayotgan ro'zalarmizni, kechalari qoim turib ado etayotgan taroveh namozlarimiz, xatmi Qur'onlarimiz, xayru sahovatlarimizni va barcha solih amallarimizni qabul qilishini hamda bu muborak oyni fazli va qadrini topishligimizni nasib etsin! Amin.

Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi o'qituvchisi
Jaloliddin Hamroqulov

RAMAZON-2021
Boshqa maqolalar

Oli Imron surasi fazilatlari

04.03.2026   7182   11 min.
Oli Imron surasi fazilatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Qur’oni Karimning uchinchi surasi Oli Imron bo‘lib, u Madinada nozil bo‘lgan, ikki yuz oyatdan iborat. Sura Oli Imron deb nomlanishiga sabab unda Imron va uning sharafli oilasi haqidagi qissa kelgan. Oli Imron – «Imronning oilasi» deganidir. Imron – Maryamning otasi (Iso alayhissalomning bobosi)dir.

Qur’oni Karim sura va oyatlari mavzu jihatidan uchga bo‘linadi: tavhid – Allohning yagona ilohligi, shariat hukmlari va tarixiy qissalar. Bu surada barcha mavzular bayon qilinadi. 

Sura avvalida Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘qligi, U abadiy tirik va qayyum zotligi zikr qilinib, Qur’oni Karimni haqiqatan o‘zidan oldingi ilohiy kitoblarni tasdiqlovchi kitob etib nozil qilingani, osmonlaru yerdagi barcha narsalar Allohning mulki ekanligi va ularning harakati yaratganning iznida ekanligi bayon qilinadi.

Surada dinning asoslaridan bo‘lgan aqida masalasiga alohida urg‘u berilib, Allohning birligi va yagona iloh ekanligiga, farishtalariga, payg‘ambarlar va ularga yuborilgan kitoblarga iymon keltirish, Allohning o‘zigagina ibodat qilish lozimligi, Allohning haq dinidan boshqa din yo‘qligi, kim islom dinidan o‘zga dinni tanlasa, uning qilgan barcha amal va ibodatlari qabul qilinmasligi, oxiratda esa ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lishi aytiladi.

Surada Alloh taolo “Hammangiz Allohning arqoni (Qur’oni)ni mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang...” kabi oyatlari orqali mumulmonlarga Qur’oni karimni mahkam tutishni, unga amal qilishni, sabrli va bag‘rikeng bo‘lishni, barchani yaxshilikka buyurib yomonlikdan qaytarishni, yaxshilik yo‘lida birlashishni, turli firqalarga bo‘linmaslik va ixtiloflarga sababchi bo‘lmaslikni amr qiladi. Allohning bergan ne’matlarini doimo yodda tutish va Unga shukr qilish zarurligini, osmonlar va yerdagi yaratilgan narsalarni ko‘rib tafakkur qilishlikni ta’lim beradi.

Ushbu surada odamlarga ayollar, farzandlar, uyum-uyum oltin-kumushlar, saman otlar, chorva mollari, ekinlar, umuman dunyoga nisbatan mehr qo‘yish ziynatli qilib qo‘yilgani, aslida bular dunyo hayotining o‘tkinchi matohi ekanligi, Allohning huzurida esa bundanda chiroyli joy - jannat borligi, taqvodorlar uchun Allohning huzurida ostidan anhorlar oqib turadigan, abadiy yashaladigan jannat bog‘lari, pok juftlar va Alloh tarafidan rizolik kabi ulkan mukofotlar borligi bayon qilinadi.

Shuningdek, surada Alloh taolo taqvodorlarni shunday sifatlar bilan madh etadi: «Ular farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar» (134-oyat).

«Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) «Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azobidan saqlagin!» (191-oyat).

Ushbu surada osmonlaru yerdagi bor narsalar Alloh taoloning mulki ekanligini bir necha bor takrorlab, O‘zi xohlagan kishiga mulk berishi, hohlagan kishidan mulkni tortib olishi, O‘zi hohlagan kishini hidoyatga boshlab mag‘firat qilishi, xohlagan kishini zolimlardan qilib jazolashini bayon qilib, kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zax azobidan panoh so‘rashlikni ta’kidlaydi va bizga chiroyli duolar qilishni o‘z oyatlari ila o‘rgatadi:

«Ey, Rabbimiz, bizni hidoyat yo‘liga solganingdan keyin dillarimizni (to‘g‘ri yo‘ldan) og‘dirma va bizga huzuringdan rahmat ato et! Albatta, Sen Vahhob (barcha ne’matlarni tekin ato etuvchi)dirsan» (8-oyat).

«Ey, Robbimiz, bizlar Senga imon keltirganmiz, bizning gunohlarimizni kechir va bizni do‘zax azobidan asra!» (16-oyat).

«Ey, Rabbimiz! Biz «Rabbingizga imon keltiring!» deb, imonga chorlagan jarchi (Muhammad)ni eshitdik va darhol unga imon keltirdik. Ey, Rabbimiz! Bizning gunohlarimizni kechir, xatolarimizni o‘chir va bizlarni solih kishilar qatorida vafot ettir!»  (193-oyat).

Surada Imron oilasi haqidagi qissa shunday keltiriladi:

Imron Bani Isroil qavmi ichida eng obro‘li va taqvodor kishilardan biri bo‘lgan. Uning xotini Hanna ham taqvodor va ibodatgo‘y ayol bo‘lib Alloh taolodan doimo farzand berishini so‘rab duo va iltijolar qilardi. Alloh taolo ularga farzand ne’matini bergach, u homiladorlik vaqtida: «Ey, Rabbim, men qornimdagi homilani dunyo ishlaridan ozod etib, Senga nazr qildim, nazrimni qabul ayla! Albatta sen eshitguvchi, bilguvchisan», deb duo qiladi. Chaqaloq tug‘ilgach: «Parvardigor, men qiz tug‘dim, unga Maryam deb ism qo‘ydim. Men Sendan bu qiz va uning zurriyotiga dargohingdan quvilgan shaytonning yomonligidan panoh berishingni so‘rayman», deb duo qiladi.

Hanna Maryamni ibodatxonaga olib borib beradi va uni tarbiyalash uchun o‘sha ibodatxona rohiblaridan biri bo‘lgan Zakariyo payg‘ambarga topshiradi. Zakariyo Maryam tarbiyasini o‘z zimmasiga oladi, ibodatxonada alohida maxsus joy tayyorlab beradi va xabar olish uchun uning oldiga tez-tez kelib turadi. Zakariyo har safar Maryamning xonasiga kirganda, Maryam oldida qishda yoz mevalarini, yozda qishda bo‘ladigan noz-ne’matlarni ko‘rar edi. Zakariyo: «Ey, Maryam, bu narsalar senga qayoqdan keldi?» – deb so‘rasa, Maryam: «Bular Alloh huzuridan. Albatta, Alloh O‘zi xohlagan kishilarga behisob rizq berur», – deb javob berar edi.

Zakariyo Maryam hayotidagi mo‘jizalarni ko‘rib Alloh taologa duo qilib dedi: «Parvardigorim, menga ham o‘z huzuringdan pokiza zurriyot - farzand hadya etgin! Albatta sen duo-iltijolarimni eshitguvchisan». Alloh taolo uning duosini ijobat qildi. Zakariyo va xotini keksa bo‘lishiga qaramasdan Alloh taolo ularga Yahyo ismli solih payg‘ambarni o‘g‘il qilib berdi. Yahyo alayhissalom o‘z xalqini hidoyatga chorlovchi payg‘ambarlardan biri bo‘ldi.

Maryam Alloh taologa juda ko‘p ibodat qilar edi. Shu sababdan ham Alloh taolo uni ayollarning eng afzallaridan biri qilib tanlab oldi va unga Iso Masix ibni Maryam ismli solih payg‘ambarni o‘g‘il qilib berdi.

Shuningdek, surada Iso alayhissalomning Maryam onamizdan Allohning amri bilan otasiz dunyoga kelishi, Maryam onamizning pokligini isbotlash uchun u odamlarga go‘daklik chog‘ida gapirib guvohlik berishi, Alloh taolo izni bilan o‘liklarni tiriltirishi, loydan qush yasab unga dam ursa qushga jon kirib uchib ketishi, tug‘ma ko‘r odamni ko‘zini silasa ko‘rishi, pes kasalligini tuzatishi kabi mo‘jizalarni berilgani keltiriladi. Alloh taolo Iso alayhissalomga yozishni, ilmu-hikmatni, Tavrot va Injilni ta’lim bergani keltiriladi.

  Ushbu surada ahli kitoblarning nasoro toifasi haqida keng so‘z yuritilib, ularning Maryam onamiz va Iso alayhissalom haqidagi noto‘g‘ri aqiydasi va gumonlariga raddiyalar beriladi. Ular muqaddas iloh emas, balki Alloh taolo makarram qilib yaratgan bandalaridan biri ekanligini ta’kidlaydi.   

Shuningdek, Surada hijratning ikkinchi yilida bo‘lib o‘tgan Badr jangi, uchinchi yilidagi Uhud jangi va undan keyingi davrdagi musulmonlar hayotidan lavhalar keltirilib, ushbu voqealarga munosabat bildiriladi hamda hukmlar bayon qilinadi.

“Badr” Madina shahrining janubi-g‘arbiy hududidagi joy nomi bo‘lib, hijratning ikkinchi yili Makka mushriklari bilan musulmonlar o‘rtasida jang bo‘lgan. Badr jangida mushriklar soni mingga yaqin bo‘lgan, musulmonlar soni esa uch yuzdan ortiq bo‘lishiga qaramasdan Alloh taolo ularga nusrat berib mushriklar ustidan g‘alaba qozonadi.

Uhud jangida dastlab g‘alaba musulmonlar tomonda bo‘ladi, ammo jang yakuniga yetay deganda kamonchi musulmonlar payg‘ambar alayhissalom buyrug‘iga itoat etmay o‘lja ilinjida jang oxirigacha turishi lozim bo‘lgan joylarini tark etadi. Ushbu bo‘sh qolgan joydan otliq mushriklar kirib kelib musulmonlarni qurshovga oladi, ularga katta talofat yetkazib mag‘lub etishadi. Ushbu qissalardan ibrat olgan holda Alloh taologa ibodat qilish va uning payg‘ambari Muhammad alayhissalomga ergashish faqat yaxshiliklarga erishishimizga sabab bo‘lishi, aksincha, ularga itoat etmaslik dunyo va oxirat azoblariga duchor bo‘lishimizdan ogohlantiradi.

  Ushbu sura fazilati haqida hadislarda quyidagilar bayon etilgan:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qur’on o‘qinglar. Chunki u qiyomat kuni o‘z ahliga shafoatchi bo‘ladi. Ikki yorituvchi nur – Baqara bilan Oli Imron surasini o‘qinglar. Ikkisi qiyomat kuni ikki bulut (ikki soyabon) yoki bir guruh qushlar shaklida kelib sohiblari hojatini chiqaradi (yoki soyasiga oladi). Baqara surasini o‘qinglar. Uni olish (o‘qish, yod olish, amal qilish) baraka, tark etish hasratdir. Unga sehrgarlar qodir bo‘la olmaydi»deganlar (Imom Muslim, Imom Dorimiy, Imom Ahmad, Imom Hokim, Imom Ibn Hibbon rivoyati).

Ulamolar tavsiyasiga ko‘ra, mana shu ikki surani o‘qish va unga amal qilishdan hosil bo‘ladigan ajr-savob qiyomat kuni bulut shaklida kelib bandaga soyabon bo‘ladi va jannatga kirishiga sabab bo‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim juma kuni Oli Imron surasini o‘qisa, Alloh va farishtalari kun botgunicha unga salavot aytadilar», deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Yazid ibn Asvad aytadilar: «Kim kunduzi Baqara va Oli Imron surasini o‘qisa, kech kirguncha nifoqdan salomat bo‘ladi. Kim ularni kechasi o‘qisa, tong otguncha nifoqdan saqlanadi» (Sa’iyd ibn Mansur, Bayhaqiy va Abu Ubayd rivoyati).

Ka’b ibn Molikdan rivoyat qilinadi: «Kim Baqara va Oli Imron suralarini o‘qisa, ikkisi qiyomat kuni kelib: «Parvardigoro, bu banda uchun azob-uqubatga yo‘l yo‘q!» deydi.

Oisha onamizdan rivoyat qilinadi: «Kim yettita uzun suralarni yodlasa, u olimdir» (Imom Ahmad va imom Hokim rivoyati).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallahu anhudan rivoyat qilinadi: «Kim Oli Imron surasini o‘qisa u boydir» (Dorimiy va Abu Ubayd rivoyati).

«Kim Oli Imron surasining 190-200 oyatlarini kechqurun o‘qisa, ushbu oyatlarni tafakkur va tadabbur qilsa, unga butun tunni ibodat bilan o‘tkazganlik savobi beriladi» (Dorimiy rivoyati).

Qur’oni karim taqvodorlar uchun hidoyat va nasihat manbayidir. Uni o‘rgangan inson ilm bilan boyiydi, go‘zal xulq bilan ziynatlanadi, Allohning maxluqotlarini ko‘rib tafakkur qiladi, behisob berilgan ne’matlarga shukr qiladi. Ushbu surani o‘qish, tafsirini o‘rganish, uning oyatlari ma’nosini tafakkur va tadabbur qilish, unga ixlos bilan amal qilish hamda suraning ulug‘ fazilatlariga ega bo‘lishni Alloh taolo barchamizga nasib qilsin.

 

“Tafsiri hilol”, “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”
va boshqa manabalar asosida Dilshodjon MAMADALIYEV tayyorladi.