Bu dunyo oxirat ekinzoridir. Go'yo qalb erga o'xshaydi, iymon esa unga sochilgan urug' kabidir. Toat-ibodatlar esa, ana shu erni ag'darish, unga ariq ochib suv keltirishdir.
Dunyo muhabbatiga g'arq bo'lgan qalb go'yo giyoh unmaydigan unumsiz er kabidir. Qiyomat kuni har kim o'zi ekkan narsaning hosilini oladi. Tabiiyki, iymon urug'ini sochgan kishigina uning hosilini ko'radi. Unumsiz erda urug' unmaganidek, chirkin qalb va yomon axloqning iymonga nafi tegmaydi.
وَالْبَلَدُ الطَّيِّبُ يَخْرُجُ نَبَاتُهُ بِإِذْنِ رَبِّهِ وَالَّذِي خَبُثَ لَا يَخْرُجُ إِلَّا نَكِدًا كَذَٰلِكَ نُصَرِّفُ الْآيَاتِ لِقَوْمٍ يَشْكُرُونَ
“Yaxshi erning giyohi Rabbining izni bilan unib chiqaveradi. Yomon er esa faqat unumsiz bo'lur. Shukr qiluvchi qavm uchun oyatlarni shu tarzda bayon eturmiz” (A'rof surasi, 58-oyat).
Bandaning mag'firatdan umidvorligini er egasining hosil unishidan umidvor bo'lishiga qiyoslash mumkin. Unumdor erga ega bo'lgan kishi, avvalo, unga sifatli, zararlanmagan, zaharlanmagan urug'ni tanlab ekadi. Keyin ekinning unib-o'sishi uchun zarur bo'lgan boshqa ishlarni amalga oshiradi. Jumladan, sug'oradi, o'g'itlaydi, begona o'tlardan tozalaydi, ko'chatning yaxshi unib-o'sishiga monelik qiladigan narsalarni bartaraf qiladi. So'ngra Alloh taolodan ekinini osmondan keladigan ofatlardan, chaqmog'u dovullardan asrashini so'rab duo qiladi. Mana shuning oti haqiqiy umidvorlik deb ataladi. Ammo urug'ni unumsiz, qaqrab yotgan erga sochsayu, unga na suv quysa va na uni parvarish qilsa, shundan keyin ham serhosilni umid qilsa, bu umidvorlik deyilmaydi, balki bu ahmoqlikdan boshqa narsa emas.
Demak, rajo – umidvorlik tushunchasining banda o'z imkoniyatidagi jami sabablarni bajarib bo'lgach, imkoniyati bo'lmagan, faqat Alloh taoloning fazli orqali erishishi mumkin bo'lgan narsani kutishga ishlatilishi to'g'ri bo'ladi.
Banda qalbiga iymon urug'ini qadab, uni toat suvi bilan sug'orsa, qalbni jirkanch xulq-atvorlar tikanlaridan tozalasa va shundan keyingina to o'lgunicha shu holatda qolib, mag'firatiga sazovor bo'lishni Allohning fazlidan deb umidvor bo'lsa, ana uni haqiqiy rajo – umidvorlik deyish mumkin. Ammo qalbdagi iymon urug'ini parvarish qilishni unutsa, uni razolat tikanlari qurshovidan xalos etmasa, dunyo hoy-havaslari talabida umrini o'tkazsa-yu, so'ngra Haq taoloning mag'firatidan umidvor bo'lsa, bu shunchaki yolg'onchi “umidvorlik” bo'ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar:
الكيِّسُ مَنْ دَانَ نفْسَه، وعَمِلَ لما بعدَ الموْتِ، والعاجزُ مَنْ أتْبعَ نَفْسَه هواها، وتمنَّي علَي اللهِ. ( رواه التِّرمِذيُّ )
“Oqil o'zini nazorat qilib, o'limdan keyingi holati uchun amal qilgan kishidir. Ojiz-notavon kishi esa, havoiy nafsiga ergashib, Allohdan yaxshiliklar umid qilgan kishidir” (Imom Termiziy rivoyati).
Homidjon IShMATBYeKOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.
Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.
Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:
Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati