Islom dini insonlarni ilm olishga targ'ib etar ekan, ilm tahsil qilishni murg'aklikdan boshlashga undaydi. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislarida “Beshikdan qabrgacha ilm izlang” deyilganda ham, aynan shu ma'no ifodalangan. Qolaversa, yoshlikda olingan ilm toshga o'yilgan naqsh kabidir, degan naql ham bejiz aytilmagan.
Tarixga nazar solsak, dunyoga mashhur allomalarning aksariyati ilm olishni bolalik vaqtlaridan boshlaganlariga guvoh bo'lamiz. Ushbu maqolada islom ma'rifatining hamisha navqiron ekanligi, islom tsivilizatsiyasiga ulkan xissa qo'shgan, ilm va tafakkur bobida bemisl ma'naviy hazina qoldirib ketgan ulug'lar hayotlarining ilk bo'sag'asidayoq olimlik martabasini qo'lga kiritishlarining sir-asrorlari haqida bahs yuritamiz.
Biz yoshlik chog'idayoq ilm sohasida ko'zga ko'ringan ulug' imomlarni hayolimizga keltirsak, ko'z o'ngimizda Islom dinining shayxi, ummatning olimi Imom Molik ibni Anas rahimahulloh (93-179h.) namoyon bo'ladi. U zot ilmni sahobalarning o'quvchilari bo'lmish tobeinlardan olganlar. Yetti yoshlarida ilm olishni boshlab, o'n etti yoshga etganlarida shar'iy ilmlardan dars berish va fatvo berish darajasiga erishganlar. U zotning dars halqalari kengayib hatto o'zlariga zamondosh bo'lgan ustozlarining halqalaridan ham o'tib ketgan. Qozi Iyoz (544h.da vafot etgan)ning “Tartib ul-madorik” nomli asarida kelishicha: “Sufyon ibni Uyayna shunday deydi: “Molik ibni Anas dars berishni boshlaganida 17 yoshda edi. O'sha paytda ko'plab katta ulamolar hayot bo'lishiga qaramay, imomligi e'tirof etilgan edi”. Ibn ul-Munzir aytadi: “Imom Molik ustozlari Nofe' (Ibn Umarning mavlosi) va Zayd ibni Aslam (136h.da vafot etgan)ning hayotlik chog'larida ham turli xil masalalarda fatvo berar edi. Ayyub Saxtiyoni (131h.da vafot etgan) aytadi: “Men Madinaga Imom Nofe' hayotlik paytida kelganimda Imom Molikning o'z dars halqasi bor edi”. Imom Zahabiy (748h.da vafot etgan) o'zining “Siyar a'lamin nubala” nomli asarida Imom Nofe'ning vafot etgan yili to'g'risidagi ixtilofni zikr qilgach shunday deydi: “Bu boradagi eng to'g'ri ma'lumot shundayki, Imom Nofe'ning vafot etgan sanasi 117-hijriydir”. Imom Zahabiy Imom Molikning yoshlik chog'idayoq ilm peshvosiga aylanganligini ta'kidlab shunday deydi: “Imom Molik 10 yoshidan o'tganidan fiqh ilmini o'rgandi, 21 yoshga etganida shar'iy ilmlardan dars berish va fatvo berish martabasiga erishdi. U yosh yigit bo'lishiga qaramasdan, undan ko'plab insonlar hadis rivoyat qildilar. Abu Ja'far Mansur (158h.da vafot etgan) va undan keyingi Halifalarning davrida er yuzining turli mintaqalaridan talabalar uning odiga ilm olish uchun keldilar. Halifa Rashidning davrida esa uning talabalari nihoyatda ko'payib ketdi. Imom Molik biz yuqorida keltirgan tartibga ko'ra ilm ahlidan iborat mashoyixlarning ijozatini qo'lga kiritgandan keyingina fatvo berishga kirishdi. Bu to'g'risida Hatib Bag'dodiy (463h.da vafot etgan) o'zining “Al-Faqih val-mutafaqqih” asarida Imom Molikdan shunday so'zni keltiradi: “Imom Molik aytadi: “Men to 70ta shayx mening fatvo berishga munosib ekanligimga guvohlik bermaguncha fatvo berishni boshlamadim”. Imom Zahabiyning keltirishicha, Imom Molik o'zi haqida shunday deydi: “Men biror fatvo borasida o'zimdan olimroq kishidan meni shu fatvoga munosib ko'rasizmi deb so'ramaguncha javob bermas edim. Men Robi'a ibn Abdurrahmondan va Yahyo ibni Said Ansoriydan so'raganimda ular meni fatvo berishga buyurgan edilar”. Shunda Imom Molikka: “Agar ular sizni fatvo berishdan qaytarganlarida nima qilardingiz?” deb aytildi. Molik: “Unda to'xtar edim. Kishiga to o'zidan olimroq kishidan so'ramaguncha o'zini jonini fatvo berish ishida xatarga qo'yishi mumkin emas”, deya javob berdi. Imom Molikning ana shu so'zida bir olimning mujtahid ekanligiga ijtihod haqqi va martabasiga ega bo'lgan kishilarning e'tirofi lozim ekanligiga ishora bor. Imom Shotibiy ham o'zining “Al-Muvafaqot” nomli asarida bu masalani olimning ijtihodga haqli bo'lishi uchun lozim bo'lgan shartlardan biri sifatida keltiradi. Qozi Iyoz shunday keltiradi: “Imom Molik aytadi: “Masjidda hadis va fatvo berish uchun o'tirmoqchi bo'lgan kishi shu ishi to'g'risida salohiyat va fazilat egalari hamda masjidda o'z o'rniga ega kishilar bilan kengashmaguncha o'tirishi ravo emas”. Imom Molik bu so'zi bilan o'zining zamoni va makonidagi ilm ahlini nazarda tutgan. Imom Molikda ana shunday fazilatlar mujassam bo'lgani uchun ummat uning ilmini qabul qildi. Hatto uning zamonasida o'zidan ko'ra yoshda ulug'roq kishilar ham undan hadis rivoyat qildilar”.
O'sha davrlarda er yuzining turli mintaqalaridan ko'plab kishilar Imom Molikdan ilm o'rganish uchun kelib, uning beqiyos ilm sohibi ekanini e'tirof etganlar. Misr va Marokashda birdek shuhrat topgan olim Lays ibn Sa'd Al-Forisiy (175h. vafot etgan), Shom diyorining olimi va muftiysi Al-Avzoiy (157h. vafot etgan), Ko'faning eng etuk olimi Sufyon Savriy (161h. vafot etgan), Basra ahlining olimi Sho'ba Ibn Hajjoj (160h. vafot etgan) kabi Imom Molikdan yoshi ulug' bo'lgan imomlar undan ko'plab hadislarni rivoyat qilganlar.
Ilm gurkiragan ana shu davrlardagi boshlang'ich maktablarda yosh bolalarning ilmiy iqtidorini o'stirishga yordam beradigan ma'rifat asoslari o'qitilgan.
Yoshlik vaqtidan olimlik martabasiga etgan ulamolardan yana biri, Imom Muhamma ibn Idris Ash-Shofe'iydir (150-204h.). Imom Shofe'iy faqirligiga qaramasdan, juda kichikligidan ta'lim olishni boshlagan, etti yoshida Qur'oni karimni to'liq yod olib, o'n besh yoshga kirganida fatvo bera boshlagan. Hatib Bag'dodiy o'zining “Tarixi Bag'dod” kitobida keltirishicha: Imom Ismoil Muzaniy (264h. vafot etgan) shayxi Imom Shofe'iyni shunday deganini eshitgan: “Men etti yoshimda Qur'onni, o'n yoshimda esa “Muvatto”ni yod olganman” (“Muvatto” - Imom Molikning hadislar to'plami).
Imom Shofe'iy faqirlikda katta bo'lgan. Shamsiddin Zahabiyning “Siyar” kitobida Imom Shofe'iyning o'zi haqida aytgan quyidagi gapi keltiriladi: “Men onamning qaramog'ida yosh etim qoldim, muallimga berish uchun hech narsasi yo'q edi. Men bir muallimga yo'qligida shogirdlariga qarab turishga yordam berish evaziga shogird tushdim”. Yo'qsillik Imom Shofe'iyning iqtidorini, ta'lim olishga bo'lgan ishtiyoqini to'xtata olmadi, natijada u uchinchi hijriy yuz yillik avvalidagi “Mujaddid” hisoblanadi, - deydi Imom Zahabiy.
Muhaddislarning sultoni va imomi, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (194-256 h.) bolaligidan ilm lazzatini totgan zotlardan edi. U o'zi haqida shunday deydi: “Men maktabda, o'n yoshimda ekanimda hadis yodlay boshladim, so'ng o'n olti yoshimda bir necha ilmiy kitoblarni yod oldim, o'n sakkiz yoshimda esa, bir necha kitoblar tasnif qila boshladim”.
Imom Buxoriyning xos kotibi bo'lgan Muhammad ibn Abu Hotim Al-Varroqqa tayangan holda keltirilgan ushbu so'zga quloq solaylik. Varroq Imom Buxoriy haqida “Shamoili Buxoriy” nomli kitob yozgan bo'lib, shunday deydi: “Men Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriydan: hadis to'plashni qanday boshlagan edingiz? - deb so'radim. U kishi shunday javob berdi: “Men boshlang'ich maktabdalik chog'imda hadislarni yod olishni boshladim. O'sha vaqtda o'n yosh yoki undan ham kichik edim. Boshlang'ich maktabdan chiqib Ad-Doxiliy va boshqa ulamolarning darsiga qatnay boshladim”.
Imom Buxoriy aytadilar: “Ad-Doxiliy bir kuni odamlarga dars o'qib berayotib: Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan rivoyat qilgan, - dedi. Shunda Men: Ey Abu Falon! Abu Zubayr Ibrohimdan rivoyat qilmagan, - dedim. U meni urushib berdi. Men: Agar sizda buning asli bo'lsa unga qarab qo'ying, - dedim. So'ng u ichkariga kirib asliga murojaat qildi va chiqib: Bu qanday bo'ldi, ey bola?!- deb hayron bo'ldi. U, Zubayr ibn Adiy (131h. vafot etgan) bo'lib, u Ibrohim Naxa'iydan (96h. vafot etgan) rivoyat qilgan, - dedim. Shundan keyin u mendan qalamimni olib, kitobidagi xatoni to'g'rilab qo'ydi va to'g'ri aytibsan, - dedi”. Imom Buxoriyning ba'zi do'stlari undan: O'shanda necha yoshda edingiz, deb so'rashganda, u: “o'n bir yoshda edim, o'n sakkiz yoshimni qoralaganimda esa, sahobalar, tobe'inlar va ularning aytgan so'zlari haqida kitob tasnif qila boshladim. Oydin kechalarda Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida “Tarix” kitobini yozdim”, deb javob beradilar.
Yoshlik davrlaridan qobiliyat va iqtidor egasi bo'lib ulg'ayish faqat shariat ulamolariga xos bo'lib qolmasdan balki, o'sha davrlarda tibbiyot, falsafa va boshqa ko'plab fanlarda qalam tebratgan allomalarga ham nasib etgan. Masalan, dunyoning eng yirik faylasuflaridan sanalmish Abu Ali Ibn Sino (370-428h.) ham bolaligidan Qur'oni karimni yod olgan va fiqh darslari halqalarida ishtirok etgan.
Ibn Abu Usaybianing (668h. vafot etgan) “Uyunul anba fi tabaqotil atibba” kitobida keltirilishicha, Ibn Sino o'zining ta'lim olish bosqichlarini izohlab, shunday deydi: “Qur'on va adab ustozlarining huzuriga keltirildim, o'n yoshga kirganimda Qur'on va adab ilmlaridan ko'pini o'rgandim, so'ng o'zim uchun ilmiy kitoblarni va ularning sharhlarini mutolaa qilib, mantiq ilmini egalladim. Keyin menda tib ilmiga rag'bat uyg'ondi va tibbiyotga oid kitoblarni o'qiy boshladim. Tibbiyot qiyin ilmlardan emas, shuning uchun ajablanmasa ham bo'ladi men oz muddat ichida uni puxta o'rganib oldim, hatto, tabobat fuzalolari ham meni huzurimga kelib tabobatga oid kitoblarni o'qiy boshladilar”.
Ajablanarli eri shundaki, Ibn Sino falsafa, mantiq va tibbiyot ilmlarida peshqadam bo'lishiga qaramay, fiqh ilmini o'qishni tark etmagan balki, u bilan shug'ullanishni o'ziga vazifa qilib olgan, natijada uni puxta egallagan. Bu haqda Ibn Sinoning o'zidan eshitaylik: “Men bemorlarni ko'zdan kechirar ekanman, o'z tajribalarimdan kelib chiqqan holda, beqiyos muolaja usullarini kashf qildim. Shu bilan birga men fiqh ilmini o'rganishni to'xtatmadim, fiqh ulamolari bilan munozara qilar edim, o'shanda men o'n olti yoshda edim. So'ng, yana bir yarim yil ilm tahsiliga va kitob o'qishga berildim. Natijada, mantiq va falsafa ilmlarining hamma mavzularini qayta ko'rib chiqdim”.
Aynan mana shu jumla juda ham muhim nuqtadir. Ibn Sinoning o'n olti yoshidayoq mana shu ilmlarni mukammal va puxta darajada egallashi, so'ng o'n sakkiz yoshida muhaqqiqlardan biriga aylangani uning yuksak iqtidor va qobiliyat egasi ekanini ko'rsatadi. U shunday deydi: “Men o'n sakkiz yoshimda ushbu ilmlarning hammasini batamom o'zlashtirdim”.
U o'zining yoshlik davridagi ilm tahsili haqida yana shunday deydi: “Men o'sha paytlarda ilmni yodlar (hifz qilar) edim, bugunga kelib u menda pishib etildi. Aslida men yoshligimda o'rgangan ilmga yangi qo'shilgani yo'q”. Mana shu ta'lim-tarbiya dasturida e'tibor qaratilishi juda muhim bo'lgan jihatdir. Ya'ni, inson hayotining bolalik chog'i ilmni yodlash, uni o'zlashtirish, shu yo'lda sabr bilan bardavom bo'lish davridir. Keksalik chog'i esa, o'rgangan ilm ustida tafakkur, tadabbur qilish bilan uni pishitish va kasbiy malaka hosil qilish vaqti hisoblanadi.
Ibn Sino yashagan zamonga yaqin bir davrda, yoshlik davridan ilm maydoniga kirib kelgan buyuk shaxsiyatlardan biri Hujjatul Islom Abu Homid G'azzoliy (450-505h.) hisoblanadi. Uning ilmdagi martabasi shu qadar yuksakki, buni barcha soha vakillari e'tirof qiladi. Lekin, u tezda ommaning hayotidan o'zini chetga olib, ko'zga tashlanishdan ko'ra xilvatni, mahshurlikdan ko'ra kamtarlikni ixtiyor qildi.
Imom G'azzoliy kichikligidanoq nafaqat ilmi bilan shuhrat topdi balki, tengqurlari orasida ilmiy ustunligi bilan ajralib ulgurdi. Hofiz ibn Kasir “Bidoya van Nihoya ” asarida – “G'azzoliy imomul Haramayn Juvayniydan fiqhni o'rgandi, u dunyoning eng zakovatli kishilaridan bo'lib, yoshligidanoq ustun darajaga ega edi, u hijriy 484-sanada 34 yoshida Bag'doddagi “Nizomiya” madrasasida dars berardi, uning huzurida katta-katta ulamolar yig'ilar edi” - deb yozadi. “Nizomiya” madrasasi o'sha zamondagi islom olamining eng ahamiyatli madrasalaridan bo'lgan. U zamonasining yorqin iqtidorli va etuk ulamolaridan bo'lgani sababli bu mashhur madrasada mudarrislik maqomiga o'tirgan. O'sha davrlarda uning ilmiy darslarining boshlaridayoq olimu-ulamolar qatnashgan. Bu narsa uning yigirma yoshidayoq etuk zakovatli, shuhrati keng yoyilgan zabardast olim bo'lganini bildiradi.
G'azzoliy “Al-munqiz minazzolal” kitobida o'zi haqida shunday hikoya qiladi: “Men, juda erta taqlid g'uborlarini o'z ustimdan silkitib tashladim, yigirma yoshimga etmasimdanoq ilm dengizining qa'riga otildim, mazhablarning farqlarini tadqiq qila boshladim, yoshligimning bahoridan, umrimning eng go'zal onlaridan, balog'atga etganimdan to shu paytga qadar (o'shanda u ellik yoshda edi) bu dengizning tublariga sho'ng'iyman, ehtiyotkorona emas, balki, shiddat bilan qo'rqmasdan uning qa'riga intilaman, har bir qorong'ulikni yorib kiraman, har qanday mushkul muammoga qarshi chiqaman, har bir yopiqni ochishga intilaman va har qanday firqaning aqidasini tekshirib ko'raman”.
Bolalik davrlaridan boshlab, unda taqlid unsurlari bo'lmagan, “menda bolaligimdan taqlid uchun hech qanday vosita yo'q edi, meros bo'lib o'tuvchi aqidalardan uzoq edim” - deydi u. Ijtihod qilishga chorlash va unga e'tibor qaratish, taqlidni tark etish - katta ulamolarning odatlaridan edi. U: “taqliddan uzoqlashgandan so'ng yana unga qaytishdan umid yo'q” - deydi. Unda erta uyg'ongan mana shu iqtidor vositasida, u hijriy oltinchi yuz yillikning mujaddidiga aylandi. Bular haqida Jaloliddin Suyutiy (911h. vafot etgan) “Maqomot”ida keltirgan. O'sha zamonlarda etishib chiqqan juda ko'p imomlar va ulamolar etim bo'lganlar, ular onalarining ilmga rioyasi va tashviqi tufayli yuksak ilmiy darajalarga erishganlar.
Balog'at yoshiga etmasidan avval yuksak iqtidor va qobiliyat namunasini ko'rsatgan, ijtihod martabasiga ko'tarilib, “Yuz yillik mujaddidi” unvoniga sazovor bo'lgan zotlardan biri, shubhasiz, Imom Jaloliddin Suyutiy (849-911h.) bo'lib, uning ismi bolalik davridan ilm-ma'rifatga oshno bo'lganlar qatoridan o'rin olgan.
Jaloliddin Suyutiy ham sakkiz yoshiga etmasidan Qur'oni Karimni to'liq yodlagan, keyin fiqh, usul va nahv ilmlarida juda ko'p kitoblarni yod olgan. U hijriy 864-yillardan boshlab, ya'ni o'n besh yoshida ilm bilan mashg'ul bo'ldi. 866-yilda, o'n etti yoshida u ilk ilmiy risolasini yozdi. Yigirma ikki yoshida fatvo sohasida o'zini namoyon qildi. Bu haqda u o'zining “Attahaddus bine'matillah” kitobida shunday deydi: “Men hijriy 871-yildan fatvo berishni boshladim, men yozgan fatvolarning miqdorini Allohdan boshqa hech kim bilmaydi”.
Shundan ma'lum bo'ladiki, uning ta'lim berish va fatvoga mutasaddi bo'lganligi quruq da'vo emas, balki, buning ortida katta ilmiy layoqat va umumiy maqbuliyat turibdi. Agar, shunday bo'lmaganda edi, unga har tarafdan fatvo so'rovchilar kelmas edi.
Imom Suyutiy hijriy 872h. yilda 23 yoshida “Tuluniy” jome'sida hadis imlo qilish majlislarini tashkil qildi. Bu yosh uning boshqa tengqurlariga qiyosan va tabiiy layoqat jihatidan ancha kichik hisoblanadi. Shunga qaramay, ya'ni o'sha paytda Hofiz Saxoviydek (902h. vafot etgan) undan yoshi kattaroq ulug'lar borligiga qaramay butun Misr diyori uni e'tirof etgan edi.
Hadislarni yozdirish (imlo) majlislarini tashkil qilish bilan Suyutiy Hofiz ibn Hajarning hijriy 852-yilda vafot etganidan keyin to'xtab qolgan qadimiy ilmiy an'anani qayta yo'lga qo'ydi. Keyinchalik, Misrda vabo tarqalishi natijasida hamma o'z jonini asrash bilan ovora bo'lib qoldi, shuning natijasida hijriy 873-yilning sha'bon oyida imlo majlislari ham to'xtab qoldi.
Imom Suyutiy ham etim va faqir holda ulg'aygan, faqirligi bilan faxrlangan. U o'zining “Tarzul Imoma” nomli maqomotlarida g'animlaridan biriga shunday deydi: “Ammo, sening meni faqirligim bilan kamsitishingga kelsak, albatta, faqirlik bu Allohning huzurida yaxshi ko'rilgan narsalardandir, olimlar aytadilarki: muruvvat egalari aslo mol bilan faxrlanmaydilar”. U o'zining o'ta faqir holatiga qaramasdan, mutlaq mujtahid darajasiga etgan bo'lib, bu haqda shunday deydi: “Ammo ijtihod masalasiga kelsak, Allohga hamd va shukrlar bo'lsinki, men, shar'iy hukmlarda, hadis va arabcha ilmlarda mujtahid mutlaq martabasiga etib kelganman”. “Mujtahidi mutlaq” deb, “usuli fiqh” ilmida umumiy ochiq shar'iy dalillardan hukmlarni mustaqil tarzda istinbot qilib oluvchi ma'rifatli va layoqatli olimga aytiladi. Uning aksi “mujtahidi muqayyad yoki muntasib” bo'lib, uning chiqarib olgan hukmlari muayyan bir fiqhiy mazhab imomining usuliga tobe' bo'ladi.
Imom Suyutiy o'zining to'qqizinchi yuz yillikning mujaddidi ekanligiga e'tiroz qiluvchi kishilardan biriga shunday javob qaytaradi: “Agar biri: albatta, avval o'tgan sakkiz asr imomlaridan hech biri uni (mujaddidlikni) da'vo qilmaganlar, faqatgina ularga ergashganlargina bu maqomga ularni loyiq ko'radilar, - desa, biz aytamizki, imom G'azzoliy bunga da'vo qilgan, chunki, u etuk imomlardan bo'lgan va buni, uning o'zi “Al-Munqiz minazzolal” kitobida aniq bayon qilgan”. Suyutiy ham imom G'azzoliyning mujaddidlik martabasiga etganini tasdiqlaydi. Imom G'azzoliy “Al-Munqiz minazzolal” kitobida: “Guvohlik beramizki, albatta, bu harakat yaxshilik va rushdu-hidoyatning manba'idir. Alloh Taolo buni ushbu yuz yillikning boshida taqdir qildi va batahqiq, Alloh Taolo o'z dinini har yuz yilning boshida ihyo qilishini va'da bergan”, - deydi.
Yetuk iqtidorga ega bo'lish layoqati faqatgina shar'iy ilmlar bilan shug'ullanuvchilarga xos bo'lib qolmasdan, balki, falsafa, tibbiyot va shu kabi fanlar bilan shug'ullangan ilm toliblariga ham nasib etgan. Bunday etuk ilmiy saviyaga buyuk imomlardan tashqari, tabiblar, faylasuflar, mutakallimlar va voizlar ham sazovor bo'lishgan.
Andalusiyalik tabib Abul Alo ibn Zuhr (525h. vafot etgan) haqida Ibn Abu Usayba “Uyunul Anba” kitobida shunday keltiradi: “U kichikligida “Ishbiliya” (Sevil'ya) amiri Mo''tazid billah Abu Amr Ibod ibn Ibodning (461h. vafot etgan) davrida tibbiyot bilan mashg'ul bo'ldi. Shuningdek, u adabiyot bilan ham shug'ullandi, kitoblari go'zal ta'lif va tasnif qilingan, o'sha paytlardayoq ibn Sinoning “Qonun”i Mag'rib diyorlariga etib kelgandi. U juda kichikligidanoq o'zini ko'rsatdi, u avvalgilarning kitoblarini tushunib mutolaa qilar, hatto tibbiyotning idrok ojiz qoladigan jihatlarigacha mukammal o'rgandi”.
Shuni alohida ta'kidlab o'tish lozimki, o'sha zamonlarda ilmlar bir-biri bilan chambarchas bog'liq bo'lgan, ya'ni ilmning bir turi boshqasidan ajratilmagan. Shuning uchun juda ko'p ulamolar bir vaqtning o'zida ham faqih, ham tabib, ham faylasuf bo'lgan. Masalan, Ibn Javziy faqat muhaddis, voiz va hanbaliy mazhabining faqihi bo'libgina qolmasdan, balki, etuk tabib ham bo'lgan. Imom Zahabiyning “Siyar”ida kelgan ibora bilan aytganda, “u tafsirda dengiz, siyrat va tarixda alloma, hadis ilmlarida ma'rifat egasi, ijmo' va ixtilof boblarida etuk faqih, tibbiyotda ishonchli edi”. Shuningdek, Ibn Sino ham yigirma yoshiga etmasidanoq ham faylasuf, ham tabib, ham fiqhda munozara qila oladigan darajada mutaxassis edi.
Ibn Hajarning “Inbo'ul g'umr” kitobida Tojiddin Subkiyning (776h. vafot etgan) tarjimai holini o'qisak, “u o'n yoshida otasidan keyin ummaviylar jome'sining xatibligiga saylandi, u otasining hayotligi davrida Aminiyyada etti yoshidan boshlab dars bera boshlagan”. Ibn Ajamiyning (833h. vafot etgan) kitobida ham uning tarjimai holi haqida: “otasi unga yoshligidan e'tibor berdi, u hijriy 788-yilda o'n bir yoshida Zohiriya madrasasining ochilishida odamlarga tarovih namozida Qur'onni to'liq o'qib berdi”, - deyiladi.
Yuqoridagi ma'lumotlardan xulosa qilgan holda aytishimiz mumkinki, islom dini insoniyatni ilm-ma'rifat olishga bolalik chog'idanoq kirishmog'iga chorlovi natijasida har yuz yilda olamshumul kashfiyotlar qilgan va butun olamga ilmiy-ma'rifiy sohada peshqadam bo'ladigan ulug' zotlarni etishtirib bergan. Ya'ni, juda yosh bo'la turib buyuk, hamma e'tirof qiladigan olimlar etishib chiqqan. Bunda asosiy ahamiyat kasb etgan uchta jihat diqqat-e'tiborimizni tortadi. Birinchi, insondagi Alloh taolo ato etgan ilmga bo'lgan rag'bat va qobiliyatni bolalik chog'idan anglagan holda uni to'g'ri yo'naltirish. Bunda ota-ona yoki ularning o'rnini bosuvchi kishilarning roli juda kattadir. Ikkinchi, shogirdidagi noyob qobiliyatni ilg'agan ustoz butun e'tiborini uning kelajakda olamga mashhur ulamo bo'lib etishishini avvalo, chin dilidan istashi va shu bilan birga buning uchun beg'araz ko'mak berishi. Vanihoyat uchinchi, ilm tolibini moddiy va ma'naviy qo'llab quvvatlovchi savobtalab homiylarning bo'lishi. Mana shu uchta omilning jam bo'lishi ilmning rivoj topishiga, zabardast ulamolarning etishib chiqishiga asos bo'ladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o'rinbosari
Homidjon Ishmatbekov
Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi.
Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.
Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.
1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].
Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.
Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.
So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.
Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.
Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].
Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].
Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.
2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.
Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].
Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].
Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Jum’a surasi, 2-oyat].
E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.
Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.
Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.
Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].
Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].
Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.
Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.
Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».
Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.
Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».
Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.
3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].
Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.
Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».
Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.
«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.
Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.
Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.
Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.
6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].
«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.
7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].
Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.
Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.
Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.
Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.
8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.
Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».
Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».
«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Jum’a surasi, 9–11-oyatlar].
Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.
So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].
Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.
10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].
Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.
Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?
Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?
Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.
Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!
Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.
Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.
11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.
Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.
Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.
Nurmuhammad MATKARIMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.