Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Ramazonga tayyormisiz?

07.04.2021   15899   4 min.
Ramazonga tayyormisiz?
  1. Allohdan ramazon oyiga sog'-salomat etkazishini hamda Ramazon ro'zasini tutishga musharraf etishini so'rab duo qiling. Chunki Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Rajab oyi kelsa, Allohga “Yo Alloh, bizga Rajab va Sha'bon oylarini xayrli qilgin va Ramazonga etkazgin”, deb duo qilar edilar. Shuningdek, sahobiylar ham muborak Ramazon oyi kelmasidan oldin “Alloh bizni ramazonga etkaz”, deb duo qilishga odatlanganlar.
  2. Ramazon oyining har bir kunining rejasini tuzing. Ramazon – g'animat oydir. Uning har bir soniyasidan unumli foydalanish lozim. Alloh taolo Ramazon oyining har bir kunini bandalar savoblarini ko'paytirib olishlari boshqa kunlardan ko'ra afzal qilgan.

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) o'ta saxiy zot bo'lsalar-da, Ramazon kirishi bilan saxovatlari, yaxshiliklari yanada ortib ketar edi.  Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) odamlarning eng saxovatlisi edilar. U zotning saxovatlari Ramazon oyida – har kecha Jabroil (alayhissalom) Qur'onni ta'lim berish uchun huzurlariga tushadigan paytlarda – ayniqsa, ziyoda bo'lardi. Darhaqiqat, Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam) odamlarga muruvvat ko'rsatishda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da tez edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Afsuski, hayotimizdagi barcha mayda ishlarni ham e'tibordan chetda qoldirmay hisob-qitob qilamiz-u, biroq ramazon oyi rejasini tuzishni unutamiz. Oqibatda dunyo va oxirat uchun foydali bo'lgan yaxshilikdan beparvolik sababli mahrum bo'lamiz. Zero, oxiratning obodligi bu dunyoni obod qilish bilan boshlanadi. Abadiy saodatga erishish uchun ibodatlarni go'zal tarzda ado etishga odatlanish lozim. Shu sababli, mo'min-musulmonlarning Ramazon oyining har bir kunduziyu kechasini o'tkazish tartibini rejalashtirib olishlari maqsadga muvofiq.

  1. Ramazon va unga taalluqli bo'lgan masalalarni puxta o'zlashtirib oling. Har bir mo'min-musulmon Ramazon oyi ro'zasiga oid bo'lgan masalalarni bu oy kelmasidan avval yaxshilab o'zlashtirib olishi kerak. Ro'zaning barcha qoidalarini tushunmay, unga ko'r-ko'rona amal qilish, go'yo mevasiz daraxt kabi bo'ladi. Islom dini – ilm dini bo'lib, har bir musulmon erkak va ayol o'zi uchun foydali va zararli narsalarni bilib olishi shart. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Bas, Agar bilmaydigan bo'lsangiz, zikr ahlidan so'rangiz!» (Anbiyo, 7)
  2. Ramazon ro'zasini tutishga xolis niyat qiling. “Havo juda issiq, ro'za tutishga kuchim etmaydi” kabi turli bahonalar bilan bu oyning fazilatlaridan bebahra qolmang! Agar ro'za tutishni xolis Alloh uchun ado etishni niyat qilsangiz, Allohning o'zi engillik, baraka ato etadi.
  3. Ramazon oyi kelayotganidan xursand bo'ling. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Ramazon oyi kelsa, baxtiyor va xursand bo'lib ketar edilar. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Ramazon oyi keldi. Ramazon oyi Alloh ro'za tutishni farz qilgan rahmat oyidir. Bu oyda jannat eshiklari ochilib, do'zax eshiklari berkitiladi”, der edilar. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sahobiylari, tobeiylar bu oy kelishini intizorlik bilan kutishar edi.
  4. Muborak Ramazon oyiga etkazgani uchun Allohga hamd ayting. Chunki Alloh sizni sog'-salomat bu oyga etkazib, o'zining cheksiz rahmat va marhamatiga loyiq ko'rdi.

 

Davron NURMUHAMMAD

tayyorladi

 

RAMAZON-2021
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

20.08.2026   38514   1 min.
“Arab Tourist”: Samarqand, Buxoro va Xiva — islom sivilizatsiyasi va jahon madaniy merosining bebaho durdonalari

Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.

Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.

Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.

Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari