Nafsni Ramazon ro'zasiga tayyorlash usullaridan biri quyidagi hadisda o'z aksini topgan:
“Oisha roziyallohu anho aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro'za tutar edilar. Hatto biz, iftor qilmasalar kerak, der edik. U zot iftor qilar edilar, hatto biz, ro'za tutmasalar kerak, der edik. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondan boshqa hech bir oyda to'liq ro'za tutganlarini ko'rmaganman. U zotning sha'bondan boshqa hech qaysi oyda ko'p ro'za tutganlarini ko'rmaganman”.
Boshqa rivoyatda bunday deyilgan:
“Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni hech bir oyda sha'bondagidek ko'p ro'za tutganlarini ko'rmadim. U zot sha'bon oyining hammasida ro'za tutar edilar. U zot sha'bon oyida faqat sanoqli kunlardagina ro'za tutmas edilar".
Bu hadislarga muvofiq, sha'bon oyida ro'za tutish sunnat bo'ladi. Ahli ilm bu haqda bunday degan:
"Sha'on oyida ro'za tutish farz namozlaridan oldin o'qiladigan sunnat namozlariga o'xshaydi. Go'yoki, u Ramazon oyi ro'zasi uchun muqaddima vazifasini bajaradi. Ya'ni, sha'bon oyi ro'zasi Ramazon oyidagi farz ro'zaning sunnati sanaladi. Shuning uchun ham sha'bon oyida ro'za tutish joriy qilingan. Shavvol oyida olti kun ro'za tutish esa, farz namozlaridan so'ng o'qiladigan sunnat namozlari kabidir”.
Hozirgi holatimiz va turmush tarzimizga nazar solsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu ta'limoti juda kam hollarda amalga tatbiq etilayotganiga guvoh bo'lamiz.
Oliylik yo'llarini zabt etish uchun eng shimargan va bu ulug' mavsumda ulkan foydalar bilan chiqishni niyat qilgan himmatlilar qayerda qoldi?!
"Rasululloh Ramazonda" kitobidan.
T.me/mehrob_uz
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati