OGOHLIK – DAVR TALABI
Bugun biz shunday davrda yashayapmizki “falon kishi koinotda yashash uchun joy buyurtma qilibdi, falon kompaniya u nomdagi eng yuqori texnologiyalarga ega mahsulotini taqdimot qilibdi, bunisi quyosh nuri bilan harakatlanadigan uchar mashina ishlab chiqibdi”, desa hech kim ajablanmay qo'ydi.
Lekin dunyoning falon mamlakatida terrorchilik xuruji kuzatilibdi desa, er yuzidagi etti milliarddan ziyod odam yuragini hovuchlaydigan bo'lib qoldi. Eng yomoni, sayyoramiz aholisining aksariyati terrorni hali-hanuz din bilan yonma-yon ishlatmoqda.
Qo'li qonga botgan, na dini, na millati, na vijdoni bor razil kimsalar – terrorchilar o'ldirsa ham, qaysidir joyni portlatsa ham, qayoqqadir o't qo'ysa ham eng ulug' kalima – “Allohu akbar”ni talaffuz qilayotgani dindan bexabar kishilarning ana shunday xulosaga kelishiga sabab bo'layotgandir. Ho'sh, aslida ham shundaymi?
ISLOM – TINChLIK DINI
Bugun ko'pchilik o'ylaganidek, Islom qo'poruvchilik dini emas, balki tinchlik dinidir. Dinimiz tinchlik, xotirjamlik, huzur-halovat, sulh va omonlik kabi ma'nolarni anglatadi. Bu nomni Alloh taoloning O'zi tanlagan. Zotan, Buyuk Rabbimizning go'zal ismlaridan biri ham “As-salom”dir.
“Islom” so'zi “itoat va bo'ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo'lish” hamda “sulh va omonlik” degan ma'nolarni bildiradi. Bu dinni Payg'ambarning o'zlari tanlagan emas, balki uni Alloh taolo ixtiyor qilgan. Islom, bu – Alloh yagona deb e'tiqod qilib, unga bo'ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.
Bu din shundayki, hatto boshqa dinlarni ham inkor etuvchi shaxslarga nisbatan shirinsuxanlik bilan chiroyli muomala qilishga undaydi. Muso va Horun alayhimassalomga o'zini Hudoman, deb da'vo qilgan Fir'avnga ham Alloh taolo yumshoq va muloyim so'z bilan gapirishga buyurdi: “(Ey, Muso!) Sen o'zing va birodaring (Horun) Mening oyatlarimni (odamlarga) olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir'avnning oldiga boringiz, chunki u(“Men – xudoman”), deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so'z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo'rqsa” (Toho surasi, 44-oyat).
Va holbuki, Hudoyi taolo qodir edi Muso alayhissalomga: “Ey, Muso, Fir'avnni oldiga borganingizda asongizni ushlang, ajdahoga aylanib Fir'avnni yutib yuborsin” deyishlikka. Lekin Hudoyi taolo O'zining eng ulug' payg'ambarlaridan biri bo'lgan, Alloh taolo bilan vositasiz gaplashgan, Qur'oni Karimda u kishining nomlari 136 marta zikr etilgan, alohida bir Muqaddas kitob nozil qilingan, sevimli payg'ambarlaridan bittalari bo'lgan bo'lsalar-da shirin so'z va muloyimlik ila munosabat qilishni amr-farmon qiladi.
Islom terrorni, fasod va buzg'unchilikni butunlay qoralaydi, la'natlaydi. Alloh taolo Qur'oni karimda Yer yuzida buzg'unchilik qilmaslikni buyurib: “Alloh esa, fasodni (buzg'unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat), shu suraning 60-oyatida esa: “Allohning rizqidan eb-ichingiz, Yer yuzida buzg'unchilik qilmangiz!”deb marhamat qilgan.
Moida surasining 32-oyatida esa: “Biror jonni o'ldirmagan yoki Yerda (buzg'unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o'ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o'ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o'limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”, deb marhamat qilingan.
Mufassirlarning ta'kidlashlaricha, aslida ushbu oyat hukmi Isroil avlodiga qarata aytilgan bo'lsa-da, biroq u barcha musulmonlar uchun ham tegishlidir. Oyatning taqozo etishiga ko'ra, Yer yuzida fitna-fasod, buzg'unchilik, qotillik, qo'poruvchilik, qaroqchilik kabi razil ishlarni qilgan kimsalar qilmishlariga yarasha jazoga tortilishi kerak.
Hadisi shariflarda: “Kim bir ahdlashgan jonni o'ldirsa, jannatning hidini ham hidlay olmaydi. Albatta, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati); “Haqiqiy musulmon uning qo'lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor etmaydigan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati), deyilgan.
TYeRRORIZM DIN BILAN ALOQADOR EMAS
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassami ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo'ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi”, deya ta'kidlagan edilar.
Mana shu takliflardan kelib chiqib BMT Havfsizlik Kengashi 2017 yil 21 dekabr' kuni “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatga ko'ra, terrorizm, zo'ravon ekstremizm hech bir din, millat va tsivilizatsiya bilan aloqador emas va bog'liq holda talqin qilinmasligi kerak.
“Terror” atamasi paydo bo'lganiga chorak asrdan oshdi. Terror dastidan ming-minglab begunoh odamlar halok bo'lmoqda, millionlab zamindoshlarimiz o'z uyidan, vatanidan chiqishga majbur bo'lib, sarson sargardon yuribdi. Minglab bolalar ta'lim olish u yoqda tursin, uysiz boshpanasiz, ba'zilar hatto yaqinlarisiz yolg'izlikda, nochor hayot kechirmoqda. Bu esa terrorizm, ekstremizmning achchiq mevasidir.
EKSTRYeMIZM – INSONIYaT DUShMANI
“Ekstremizm” tushunchasi Qur'oni karim oyatlari va hadisi shariflarda qayta-qayta kelgan “g'uluv”, “tug'yon”, “haddan oshish” kabi so'zlar bilan hamohang bo'lib, dinimiz ta'limotida ularning barchasi qattiq qoralangan. Masalan, Qur'oni karimda Alloh taolo bandalarini g'uluvdan qaytarib, bunday marhamat qiladi: “Ey ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha'ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz!..” (Niso surasi, 171-oyat). Boshqa oyati karimada: “Ayting: “Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko'plarni adashtirgan hamda to'g'ri yo'ldan chalg'iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat), deb zikr qilingan.
Muqaddas dinimizda yakka-yu yolg'iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilib, birdamlikka chaqiriladi. Dinda g'uluvga ketish, haddan oshishdan qaytarilishning sababi, bu omillar ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Vaholanki, oyatda:: “Ular (mushriklar) dinlarini bo'lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) o'z nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum surasi, 32-oyat), deb marhamat qilingan.
Dinda g'uluvga ketishning oqibatlari juda yomon. Avvalo, bu aqidaning buzilishiga olib keladi. Tarixda paydo bo'lgan ravofiz, xavorij, mu'tazila va boshqa toifalarning yuzaga kelishi, asosan, dinda g'uluvga ketishning oqibatidir. G'uluv mashaqqat bo'lgani bois odamlar to'g'ri yo'ldan ozib, dindan nafratlanib, bezib qoladilar. Oxir-oqibat shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o'z-o'ziga mashaqqat tug'diradigan yangi bid'at amallarni o'ylab topishi va dinni mashaqqatdan iborat qilib ko'rsatishga sabab bo'ladilar. Bu esa Islom dinining mo''tadillik va engillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta'limotlariga ziddir. Zero, engillik, Islomning asosiy shiorlaridan biridir. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Osonlashtiring, aslo qiyinldashtirmang. Bashorat bering, hech ham nafratlantirmang”, deyilgan.
Islom dini fasodga qarshi kurashib, oshkora va botiniy fitnalardan qaytargan. Alloh taolo A'rof surasining 56-oyatida: “Va isloh qilingandan keyin Yer yuzida fasod qilmang va Undan qo'rqib tama' ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir”, deb marhamat qiladi.
Mufassirlar ushbu oyat tafsirida “arz”, ya'ni “er” so'zi, arab qoidalariga ko'ra, alif-lom bilan kelgani uchun muayyan bir joyga – Madina shahriga dalolat qiladi, deyishadi. Shunda oyatning mazmuni “Madina shahri isloh qilinganidan keyin u erda fasod ishlarni qilmang” bo'ladi. Madina er yuzidagi kichkina shahar. Mana shu joyda ham fasod qilmaslikka buyurilyapti. Modomiki, kichik shaharda fasodga chek qo'yilmas ekan, xuddi uchqun butun boshli o'rmonning kulini ko'kka sovurganidek, fasod ishlar – ekstremizm, terrorizm ham er yuzini vayron qiladi.
Hozirgi kunda ayrim davlatlarda g'uluvga ketgan, qo'li qonga botgan bir qancha ekstremistik guruhlar faoliyat olib borayotgani barchani birdek tashvishga solmoqda. G'arb mamlakatlarining ba'zi ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qo'poruvchilik harakatlarini Islom dini bilan bog'lashga urinmoqdalar. Vaholanki, Islom dini ekstremizmni, terrorizmni qattiq qoralaydi, la'natlaydi. Dinimiz ekstremizmga qarshi kurashni o'n besh asr oldin boshlab yuborgan. Islom mo''tadil ekani uning har qanday ekstremizmga, xunrezlikka qarshi ekanligining yaqqol isbotidir.
Turli ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib qolgan kimsalarning gumrohligi shundaki, ko'r ko'rni qorong'ida topibdi deganiday, ular faqat o'zlariga o'xshash kishilarning gaplariga ishonishadi. Samimiy nasihat qilib, to'g'ri yo'lni ko'rsatgan olimlar u yoqda tursin, ba'zan ayrimlari ota-onasi, akasini ham tan olishmaydi. Bular haqida Qur'oni karimda: “Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so'ng, ulardan yuz o'girgan kimsadan ko'ra kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz” (Sajda surasi, 22-oyat), deb marhamat qilingan.
Shukrki, bag'rikeng yurtda yashayapmiz. Mamlakatimizda shonli sanalar, bayramlar munosabati bilan adashib turli ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib qolib ozodlikdan mahrum etilgan, ayni paytda qilmishiga chin pushaymon bo'lib, butunlay tuzalish yo'liga o'tgan fuqarolarni afv etish to'g'risida muhtaram Prezidentimizning farmonlari e'lon qilinyapti.
Oilasi bag'riga qaytayotgan bunday fuqarolar bilan kayvonilar, hoji otalar ishtirokida suhbatlar o'tkazib, ularga dinimizning asl mohiyatini tushuntirishga harakat qilyapmiz.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo muazzam Ka'ba devoriga suyanib bunday deganlar: “Ey Ka'ba! Allohning nazdida hurmating baland. Lekin agar seni etti marta buzib vayron qilganimda ham bir musulmonga ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo'lar edim”.
Vidolashuv hajida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, qoningiz, molingiz va obro'yingiz bir-biringizga xuddi bugungi kunday, shu shaharday va shu oyday haromdir” (Imom Muslim rivoyati), deb marhamat qilganlar.
Ibn Hajar Asqaloniy ushbu hadis sharhida: “Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam musulmonlarni ardoqli, ulug'ligi, azizligi, hurmati ayon bo'lgan narsalar: Qurbon hayiti, Makka shahri va muharram oyi kabi o'zaro mollarini, jonlarini va obro'larni hurmat qilishga da'vat qildilar”, degan.
Ho'sh, endi do'ppini echib qo'yib, o'ylab ko'raylik. Hatto qushning ham ini buzilishiga qarshi bo'lgan, er-xotinning janjallashishiga olib boradigan barcha yo'llarga o'zining qat'iy hukmlari bilan chora ko'rib qo'ygan Islomni qanday qilib terrorizm, ekstremizm bilan chog'ishtirish mumkin?
HULOSA
Ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi 10 yilda terrorizm, ekstremizm oqibatida jahon iqtisodiyotiga 583 trillion AQSh dollari miqdorida zarar etkazilgan. Keyingi 15 yilda terrorchilik harakatlari natijasida 91 ming begunoh inson halok bo'lgan. Ularning aksariyati yosh bolalar, ayollar va qariyalardir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan tuzilgan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasi dunyo jamoatchiligini bezovta qilayotgan terrorizm, ekstremizm, zo'ravonlik, murosasizlik kabi bugungi kunning o'tkir muammolariga echim sifatida ilm-ma'rifat, o'zgalarga adolatli va bag'rikeng yondashuv hamda tinchlikparvar siyosatni targ'ib qiladi.
Bugun kuch ishlatish, bosib olishdan ko'ra ko'proq tinchlikparvar siyosat har jihatdan samarali bo'lmoqda. Ana shu tajriba orqali radikal guruhlar faoliyatining 7 foizi qurolli aralashuv natijasida to'xtatilgan bo'lsa, ularning 40 foizi tinch yo'l bilan – siyosiy muzokaralar o'tkazish vositasida barham topgan. Zotan, dunyo bo'ylab ekstremistik tashkilotlarning 38 yillik faoliyati tahlillari shuni ko'rsatmoqda.
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Ulamolar Usmon (roziyallohu anhu) turli yurtlarga yuborgan Mus'haflarning soni to‘g‘risida har xil rivoyatlar aytganlar. Masalan, Hamza bin Habib az-Zayyyot: «Ular to‘rtta edi», deydilar. Abu Hotim as-Sijistoniy esa yettita bo‘lgan deydilar. Eng to‘g‘ri rivoyat oltitadir: Makkiy, Shomiy, Basriy, Kufiy, Madina ahli uchun umumiy bo‘lgan madaniy va xalifaning o‘zlari uchun xos bo‘lgan madaniy Mus'haflardur. Oxirgisini hazrati Usmon(roziyallohu anhu) o‘zlari uchun olib qolganlar. Ul zot bu mus'haflarning birortasini ham o‘z qo‘llari bilan yozmaganlar, balki ularni yozishga buyurganlar, xolos.
Tarix ulamolari nazdida qurayshlardan birinchi bo‘lib xat yozishni o‘rgangan va o‘rgatgan kishi Harb bin Umayyadir. O‘sha paytdagi xat turi anboriy-himyoriy deb atalardi. U Hijozda tarqagandan so‘ng, Hijoziy deb atala boshladi. Islom dini kelgan paytda arablar orasida mana shu xat turi qo‘llanilar edi va shu yozuv bilan vahiyni, Abu Bakr sahifalarini, Usmon Mus'haflarini yozdilar. Usmon Mus'haflari har xil yordamchi shakl va nuqtalardan holi yozilgan. Unga juz’lar, hizblar va boshqa ko‘rsatgichlarning alomatlari qo‘yilmagan. To Kufa yozuvi paydo bo‘lguncha Mus'haf va boshqa hujjatlar ana shu xatda yozilar edi. Keyinchalik bir guruh xattotlar Kufa yozuvi bilan nusxalar ko‘chira boshladilar. Bu yozuv arab xatining tajvidini va uning yaxshilanishini ko‘zda tutar edi. Bora-bora Kufa ahli yozuvi o‘zining shakli jihatidan hijoziy xatdan qulay ekanligi ma’lum bo‘ldi va kufiy xat deb ataldi. Ana shu vaqtdan e’tiboran Qur’on va boshqa yozuv asarlari qufiy xatida bitila boshladi.
O‘sha zamonda bitiklar terilarga kufiy xat bilan yozilar edi. Bundan boshqa turda xat bitishni arablar bilmas edilar. Islomdan keyin eng qadimiy yozuv bo‘lgan bitiklarni ham terilarga yozdilar. Ular matolarga, xususan, bo‘zdan to‘qilgan Misr matosiga, shuningdek taxta, suyak, tosh va sopollarga yozar edilar.
Abbosiylar davriga kelib, qog‘oz deb ataladigan yangi ashyo paydo bo‘ldi. U yuziga mum surtilgan varaqlardan iborat bo‘lib ko‘rinishidan teriga o‘xshab ketar edi. Qog‘oz yasashni arablar xitoyliklardan olganliklari haqiqatga yaqinroqdir. Chunki xitoylar miloddan oldin ham qog‘oz yasash sohasida mohir bo‘lganlar. Arablar Samarqandni fath qilganlarida bu sinoatni o‘sha yerdan o‘rgandilar, lekin, u Abbosiylar davrining birinchi asridagina keng tarqaldi. Bu paytga kelib terilar kamayib, yozishma va bitiklar uchun yetishmay qolgan edi.(«Qohiradagi Husayn masjidlaridagi Payg‘ambardan qolgan osorlar» kitobi.126-bet («Muxall Efotur-Rasul»)
Arablar ajamlar bilan aralashib, quda-anda bo‘lib, ulardan yangi avlod paydo bo‘lganda, bu avlodning talaffuzida har xil ohanglar vujudga keldi. Bu holat arab tilining buzilishi va Qur’on qiroatiga futur yetishi xavfini tug‘dirdi. Shuning uchun yozuvda qisqa unlilarni ifodalovchi harakat belgilarini (harakatlarni) ishlab chiqish qat’iy zaruriyatga aylandi. Natijada, 67-hijriy yilda Iroq voliysi Ziyod ibn Abihi Abul-Asvad Duvaliyga nahv(sintaksis) darsligini ishlab chiqishni buyurdi. Buning uchun Abul-Asvad e’rob (so‘zlarning jumladagi holatini ifodalash) harakatlarini bildiruvchi nuqtalardan foydalandi. U quyidagicha yo‘l tutdi. Bir kotibni olib kelib, unga: «Agar biror harfdan keyin «a» qisqa unlisini talaffuz qilsam, o‘sha harfning tepasiga nuqta qo‘yasan(fatha), agar «u» qisqa unlisini aytsam, o‘rtasiga (zamma), agar «i» qisqa unlisini qo‘shsam, harfning tagiga nuqta(kasra) qo‘yasan», − dedi. Bunda nuqtalar matn yozuvi siyohidan boshqacha rangdagi siyohlar bilan yozilar edi. Bu arab yozuvining takomillashtirishdagi birinchi isloh edi. Ikkinchi isloh umaviy xalifalardan Valid bin Abdul Malik bin Marvon (86-96 h.) davrida, arab tili ona tillari bo‘lmagan ajam qoriylari ko‘payib, noto‘g‘ri talaffuz tufayli odamlarning qiroatni tushunmay qolish hollari ziyodalashganda amalga oshirildi. Ular «jim», «ho» va «xo»; «yo», «to» va «so»; «sod» va «zod»; «to» va «zo»; «sin» va «shin» kabi shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratishda qiynalar edilar.
Ibn Xallikon «At-Tas'hif» (Noto‘g‘ri talaffuz) kitobida Abu Ahmad al-Askariydan shunday hikoya qiladilar: Odamlar qirq yildan ziyod, to Abdu-Malik bin Marvon zamonigacha Usmon Mus'haflarini o‘qishda davom etdilar. Iroqda noto‘g‘ri tallafuz qilish ko‘payib ketgandan keyin, Hajjoj o‘z kotiblarini chaqirib, ularga shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratish uchun belgilar ishlab chiqishni buyurdi.
«Aytishlaricha, Nasr bin Osim bu vazifani o‘z zimmasiga oldi va nuqtalar qo‘yishni odat qildi»( Marokkoda chiqadigan «Al-Lisonul-arabiy»( «Arab tili») majallasi, 43-bet, 6-son 1388y.h.
U nuqtalarni bitta yoki ikkita qilib, harfning ustiga yo tagiga qo‘ydi. Nuqtalar harf bilan bir xil siyohda yozilar edi, chunki ular harfning bir bo‘lagi, deb sanaladi. Bundan kelib chiqadiki, arablar nuqta va harakat belgilarini hijriy birinchi asrning ikkinchi yarmidan, ya’ni umaviylar zamonida ishlata boshladilar. Abul-Asvad Duvaliy harakat belgilarini va Nasr bin Osim nuqtalarni ixtiro qilmaguncha, ular arab yozuvida mavjud emasdilar. Johiliyatdagi yoki hijriy asrning birinchi yarmidagi asarlarda harflar nuqta va harakat belgilari, shuningdek, tovushni qisqa va uzun cho‘zish (madd) alomatlaridan holi edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning maktublari (ularni yozishda kotiblar o‘zlarining yozuv san’ati va tajvid bobidagi bor mahoratlarini ishga solar edilar, chunki, ular Payg‘ambar (alayhissalom)) dan podshohlarga, amiru umarolarga yuborilgan bo‘lib, o‘z vazifasini to‘la ado etishi uchun xati aniq va harflarning shakli to‘liq bo‘lishi kerak edi) ham nuqta va belgilarsiz edi. Usmon Mus'haflarida ham ular yo‘q.(«Muxallafotur-Rasul» 124-bet)
Uch harakat belgilari (i’jom)ni esa Abbosiylar davrining boshlarida yashagan arab tili fanining ustozlaridan biri Xalil Ahmad Farohidiy (vafoti 170 h va 786 m.y.) yo‘lga qo‘ydi.
Bayhaqiy «Shu’abul-iymon»da yozishlaricha, Usmon Mus'haflari keyinchalik tilshunos (nahviy) lar tomonidan ishlab chiqilgan imlo qoidalaridan farq qiladigan, o‘ziga xos shaklda yozilgan. Bu farq olti joyda namoyon bo‘ladi: hazf (yozuvda biror narsani tushirib qoldirish), ziyoda (qo‘shimcha), hamza (arab tilida o‘ziga xos tovushni ifodalovchi belgi), ibdol (bir harfni yoki so‘zni ikkinchisi bilan almashtirish), vasl (birini ikkinchisiga qo‘shib o‘qish), fasl (birini ikkinchisidan bo‘lib o‘qish) belgilari va ikki xil o‘qilishi mumkin bo‘lgan joylar. Isloh natijasida bir xil qoidaga muvofiq yozuv paydo bo‘ldi. Natijada Qur’onning xati muqoyasa qilinmaydigan, o‘zgartirilmaydigan, ixtilof qilinmaydigan va unga qat’iy amal etiladigan yozuvga aylandi. Bu qoidalarni bilish Qur’onga taalluqli ilmlarning biridir.
Usmon Mus'haflari haqida xabarlar
Yuqorida Usmon Mus'haflari oltita edi, dedik. Ulardan biri Basraga, ikkinchisi Kufaga, uchinchisi Shomga, to‘rtinchisi Makkai mukarramaga, beshinchisi Madina ahliga yuborildi va oltinchisi hazrati Usmonning o‘zlarida qolgan edi. Mana shu oltinchi Mus'hafning ustida hazrati Usmon shahid bo‘ldilar va muborak qonlari quyidagi oyat ustiga to‘kildi, degan rivoyat mashhurdir:
Ya’ni «Ularning yomonligidan sizga (ey Muhammad), Allohning o‘zi yetarlidir. U eshitguvchi va bilguvchidir», («Baqara» - 137).
Hazrati Usmon (roziyallohu anhu)) tilovatdan bir xil ta’lim berishni nazarda tutib, o‘sha mus'haflarning har biriga bittadan olim qo‘shib, turli o‘lkalarga yuborgan edilar. Masalan, Zayd bin Sobitga Madina ahliga, Abdulloh bin Soibga esa Makka ahliga qiroatni o‘rgatishni amr etgandilar. Mana shu yo‘l bilan bir xil qiroat hamma tomonga yoyildi va Usmon Mus'haflaridan nusxalar olindi. Usmon Mus'haflari bosh kitob va murojaat qilinadigan asl manba’ sifatida mo‘tabar va muqaddas sanalar, shuning uchun ham ular qo‘riqlanadigan joylarda, nihoyatda ehtiyotkorlik bilan saqlanar edi. Bora-bora ular qimmatbaho yodgorlik sifatida xalifa va podshohlarning xazinalariga ko‘chirilib, odamlar ko‘zidan uzoqlashdi. Agar kimning qo‘liga undan biror nusxa tushib qolsa, hech kimga ko‘rsatmaslikka harakat qilar edi. Davlat to‘ntarishlari, turli ixtilof va talon-tarojlar oqibatida bu Mus'haflarning ba’zilari boshqa mamlakatlarga olib ketildi. Ba’zilari har xil shaxslarning qo‘liga tushdi, taqdiri esa noma’lum bo‘lib qoldi.
Muhammad Tohir bin Abdul-Qodir Kurdiy o‘zining «Tarixul-Qur’on» nomli kitobida shunday yozadi: «Biz Hijoz va Misr kutubxonalarida ko‘p izlanishlar olib bordik, lekin ularning mavjudligi haqida bizlarni qoniqtiradigan hujjatlar topmadik, faqatgina Qohirada chiqadigan «Ad-dunya va kullu shay’» («Dunyo va har bir narsa») majallasining 1937 yil 24 avgust sonida bosilgan «Olmoniya olti oy ichida Hijoz podshosi hukumati bilan tuzilgan bitimga muvofiq, xalifa Usmon Mus'hafining asl nusxasini qaytarib beradi», degan xabarga yo‘liqdik, xolos. Bu xabarga ko‘ra, mazkur Mus'haf Madinadan turk qurolli kuchlari tomonidan olib ketilgan bo‘lib, keyinchalik sobiq imperator Gilyom II ga- topshirilganligi isbot bo‘lgan».(«Tarixul-Qur’on» 119-bet.)
Madina Mus'hafi
Usmon Mus'haflarining ulamo va qoriylar tomonidan eng ko‘p zikr qilinadigani Madina Mus'hafidir. Uning to‘g‘risida imomi Nofi’ ko‘p naql qilganlar.
Ibn Jubayr o‘zining sayohati pirovardida shunday yozadi (uning Madinaga qilgan ziyorati 580-hijriyda bo‘lgan): «Masjidi Nabaviyda saqlanayotgan mus'haf, ustida hazrati Usmon shahid bo‘lgan Mus'haf emas, balki har tomonga yuborilgan Mus'haflarning biridur».
Mavlono Shibli Nu’moniy aytadilar: «Madina Mus'hafini 735 h. yilda Madinai munavvarada ko‘rganlar, uning orqasida shunday yozuv bor edi: «Bu Mus'haf bir guruh sahobalar, shu jumladan, Zayd bin Sobit, Abdulloh bin Zubayr va Said bin Os qarorlari bilan yozildi». Kitobning boshqa tomonida hazrati Usmon Mus'hafni yozish uchun yiqqan boshqa sahobalarning nomlari bor edi. Mana shu sanada Makka Mus'hafi ham mavjud edi».
Samhudiyning «Xulosatul-vafo» kitoblarida, «654-hijriyda Masjidi Nabaviyda sodir bo‘lgan birinchi yong‘in paytida yonib ketgan narsalar ichida kitob va mus'haflar ham bor edi. Ba’zi bir narsalar va Usmon Mus'hafidan boshqa hech narsa omon qolmadi»,— deyiladi. Shunga binoan Usmon Mus'hafi shu sanada Madinada mavjud edi, keyinchalik qayoqqa ketgani ma’lum emas. Ba’zi bir zamondoshlarimiz: «U to turklar Madinadan 1334 yilda chiqib ketgunlaricha mavjud edi. Ehtimol, Ostona (Konstantinopol)ga olib ketilgan bo‘lsa kerak»,− deydilar.(«Tarixul-Qur’on» kitobi)
Bosh Mus'haf
Hazrati Usmonning o‘zlariga xos bo‘lgan Mus'hafga keladigan bo‘lsak, u to‘g‘rida Shotibiy Molikdan shunday rivoyat qiladilar: «Mazkur Mus'haf g‘oyb bo‘lgan, u to‘g‘rida mashoyixlardan hech bir xabar ololmadik».
Ibn Qutayba: «Usmon (roziyallohu anhu) tilovat qilib turib, tepasida shahid bo‘lgan Mus'haf, keyinchalik o‘g‘illari Xolidda edi, undan so‘ng uning avlodlariga qoldi, ular esa birin-ketin olamdan o‘tib ketdilar. Shomning ba’zi mashoyixlari, Mus'haf Tus zaminida, deydilar», − deb xabar beradi.
Umar Rizo hazratlari «Qur’on nima?» nomli kitoblarida shunday yozadilar: «Bir rivoyatda, Usmon (roziyallohu anhu)ning xos Mus'haflari umaviylar qo‘lida edi, deyilgan. Umaviylar Andalusga hijrat qilganlarida uni o‘zlari bilan olib ketgan edilar. Andalusda musulmonlar davlati ag‘darilgandan keyin Mus'haf Fos (Mag‘rib)ga olib kelingan».
Ibn Batutaning aytishicha, VIII hijriy asrda u Fosda mavjud edi va unda qon dog‘lari bo‘lgan.
Samhudiy Madina Mus'hafining Usmon Mus'hafi emasligi to‘g‘risidagi rivoyatning sharhida shunday degan: «Mutaqaddim (avvalgi avlod)larning hech biri u to‘g‘rida zikr qilganini ko‘rmadim, ularning rivoyatlari o‘sha paytda Mus'hafning masjidda bo‘lmaganini taqozo qiladi. Hatto mutaaxxir (keyingi avlod)lardan birinchi bo‘lib tarixni yozgan Ibn Najjor asarlarida ham u to‘g‘rida zikr qilinganini ko‘rmadik».
Barzanjiy hazratlarining «Nuzhatun-nozirin» kitobidagi «Madina tarixi» bobida shunday deyiladi: Hozirgi kunda Madinada mavjud bo‘lgan Mus'hafni sayyidino Usmonga nisbat qilinganini, Al-Matariy va undan keyingilarning Masjidi Nabaviyning o‘rtasida bo‘lgan qubbaning birinchi yong‘indan omon qolganligi to‘g‘risidagi rivoyatdan boshqa rivoyatlarda uchratmadim».
Shom Mus'hafi
Ibn Kasir o‘zining «Fazoilul-Qur’on» kitobida (49-bet) «Bugungi kunda Usmon Mus'haflarining eng mashhuri Shomdagi Damashq jome’ining sharq tomonidagi xonada saqlanayotgan Mus'hafdur. U qadimda Tabariyya (Tiveriada) shahrida edi, so‘ngra taqriban 518-yilda Damashqqa olib kelingan. Men uni ravshan siyoh va chiroyli husni xat bilan teriga yozilgan katta, ulug‘ kitob ekanligini ko‘rdim. Bu tuya terisi bo‘lsa kerak, vallohu a’lam», − deb yozadi.
Mavlono Shibli Nu’moniy o‘zining «Tahzibul-axloq» kitobida shunday deydi: «Abul-Qosim Sabtiy Shom Mus'hafini 657-yilda umaviylar jome’ining xonasida ko‘rgan. Shuningdek, Ibni Abdulmalik uni 725-yilda ko‘rgan edi».
Ba’zi tadqiqotchilar bu (shomiy) Mus'haf bir qancha muddat Peterburgda Rusiya podshohlari qo‘lida bo‘lib, so‘ngra Angliyaga olib ketilgan, keyingi taqdiri nima bo‘lganini hech kim bilmaydi, degan fikrga moyillik bildiradilar. Kimki qo‘lyozma mus'haflar va ular haqida biror manba’ga ega bo‘lgan kutubxonalar to‘g‘risida chuqurroq ma’lumot olmoqchi bo‘lsalar, Shufan kitobining 10-jildiga murojaat qilsin.(Professor Subhi Solih. «Mubohasot fi ulumil-Qur’on» (Qur’on ilmlari to‘g‘risida bahslar), 103-bet.)
Basra Mus'hafi
Ibn Batutaning sayohati to‘g‘risidagi kitobda Basra shahri haqida shunday satrlar bor: «Basra shahrida Ali ibn Abu Tolib masjidi bor. Bir paytlar u shahar o‘rtasida bo‘lib, hozirda markazdan ikki mil (1 mil-750 metr) uzoqlikdadir. Unda jum’a namozlari o‘qiladi va ikki jum’a orasida yopiq bo‘ladi. Mazkur masjidda Usmon (roziyallohu anhu) tilovat chog‘ida qatl etilganlarida qonlari tomgan Mus'haf saqlanadi».
Shahobuddin Marjoniy-Qozoniy hazratlari, qiroatlar xususida tasnif qilganlarning birinchisi Abu Ubayd Qosim bin Sallom Bag‘dodiydur, ikkinchisi Ahmad bin Jubayr Kufiy, deydilar. Qiroatlar xususida har bir yurtdan bittadan imomni sanab beshtaga yetkazganlar. Bular aniqlangan Mus'haflar soniga muvofiqdur, chunki boshqa ikki Mus'haf to‘g‘risida hech qanday xabar eshitilmagan.(«Vafiyya»ning muqaddimasi, 2-bet.)
Qohiradagi Usmon Mus'hafi
Qohiradagi «Sayyiduno Husayn» masjidida ikkita qadimiy mus'haf bor. Ulardan biri sayyiduno Usmon (roziyallohu anhu) va ikkinchisi sayyiduno Ali (roziyallohu anhu)ga tegishli deb hisoblanadi. Barzanjiy aytadilar: «Qohiradagi Mus'hafda xuddi hozirgi kunda Madinai munavvarada mavjud bo‘lgan Mus'hafdagi kabi «fasayakfikahumulloh» oyatining ustida qon izlari bor. Makkadagi Mus'hafda ham shunday. Bundan kelib chiqadiki, kimdir ataylab, mazkur oyat ustiga, Bosh Mus'hafga o‘xshatish maqsadida, qon izlarini tushirgan. Vaholanki, hazrati Usmon qonlarining izi faqat bitta Mus'hafda bo‘lgan. Ehtimol, bular Ibn Jubayr rivoyatida aytilgan, hazrati Usmon har xil yurtlarga jo‘natgan Mus'haflarning ba’zilari bo‘lsa kerak».
Shuningdek, Berlin muzeyida ham bir qadimiy mus'haf bor, yana biri Turkiyada mavjud. Mag‘rib podshohlari yurishlarda hazrati Usmon Mus'haflarini qo‘shindagi birinchi tuyaga yuklab qo‘yar edilar.(«Nafxut-tiyab», 1-jild, 263 -bet.)
Ba’zi sharqshunos olimlar bir qancha tarixiy rivoyatlarni to‘plaganlarki, ularni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu rivoyatlar qadimgi ulamolarning Mus'haflarni yoki ularning suralarini musulmon mamlakatlarda ko‘rganliklarini ta’kidlaydi. Mazkur sharqshunos olimlarning boshida professor Kazimirovni tilga olish mumkin. Ushbu rivoyatlardan biz Usmon Mus'haflaridan biri IV hijriy asrning boshlarida mavjud ekanligini bilib olamiz. («Mubohasot» 101-bet).
Shayx Ismoil Maxdumning
«Toshkentdagi Usmon Mus'hafining tarixi»nomli kitobidan