Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

09.04.2021 y. Ramazon oyi fazilatlari

6.04.2021   4920   17 min.
09.04.2021 y. Ramazon oyi fazilatlari

     بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

RAMAZON OYI FAZILATLARI

Hurmatli jamoat! Diyorimizga oylarning sultoni, mehr-shafqat saxovat ramzi bo'lgan, Qur'oni karim nozil bo'lgan, fazilati jihatidan boshqa oylardan afzal mohi Ramazon tashrif buyurib kelmoqda. Alloh taolo barchamizga ushbu oyni muborak qilib, O'zi rozi bo'ladigan ko'plab ibodatlarni bajarishimizga muvaffaq aylasin!

Ro'za arab tilida “savm” deb atalib, lug'atda “bir narsadan o'zini tiymoqlik”ni bildiradi. Istilohda esa “tongdan shomgacha ro'zani niyat qilib, uni ochuvchi barcha narsalardan o'zini tiyish”dir.

Ramazon ro'zasi hijratning ikkinchi sanasida farz qilingan. Alloh taolo Ramazon ro'zasining hukm va hikmatlarini Qur'oni karimda batafsil bayon qilib bergan:

 يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

 (سورة البقرة/183).

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro'za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo'lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).

Dinimizda oylarning o'ziga yarasha fazilatlari zikr qilingan bo'lib, Ramazon oyi ular ichida alohida ajralib turadi. Quyidagi hadisi sharifda shu fazilatlarga ishora qilinadi:  

عَنْ سَلْمَانَ الْفَارِسِيِّ قَالَ خَطَبَنَا رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم آخِرَ يَوْمٍ مِنْ شَعْبَانَ فَقَالَ : "يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ أَظَلَّكُمْ شَهْرٌ عَظِيمٌ شَهْرٌ مُبَارَكٌ شَهْرٌ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ جعل اللَّهُ صِيَامَهُ فريضة وَ قِيَامَ لَيْلِهِ تَطَوُّعًا مَنْ تَقرب فِيهِ بِخِصْلَةٍ من خصال الْخَيْرِ كَانَ كَمَنْ أَدَّى فَرِيضَةً فِيمَا سِوَاهُ وَمَنْ أَدَّى فَرِيضَةً فِيهِ كَانَ كَمَنْ أَدَّى سَبْعِينَ فَرِيضَةً فِيمَا سِوَاهُ وَهُوَ شَهْرُ الصَّبْرِ وَالصَّبْرُ ثَوَابُهُ الْجَنَّةُ وَشَهْرُ الْمُوَاسَاةِ وَشَهْرٌ يُزَادُ فِيهِ رِزْقُ الْمُؤْمِنِ مَنْ فَطَّرَ فِيهِ صَائِمًا كَانَ لَهُ مَغْفِرَة لِذُنُوبِهِ وعِتْقُ رَقَبَته من النار وَكَانَ لَهُ مِثْلَ أجْرِهِ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَنْتَقِصَ مِنْ أجْرِهِ شَيْءٌ" قلنا: يَا رَسُولَ اللهِ لَيْسَ كُلُّنَا نجِدُ مَا نُفطرُ به الصَّائِمَ قَالَ: "يُعْطِي اللَّهُ هَذَا الثَّوَابَ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا عَلَى مَذْقَةِ لَبَنٍ أَوْ تَمْرَةٍ أَوْ شَرْبَةِ من مَاءٍ وَمَنْ أَشْبَعَ صَائِمًا سَقَاهُ اللَّهُ مِنْ حَوْضِي شَرْبَةً لاَ يَظْمَأُ حَتَّى يَدْخُلَ الْجَنَّةَ وَهُوَ شَهْرٌ أَوَّلُهُ رَحْمَةٌ وَأَوْسَطُهُ مَغْفِرَةٌ وَآخِرُهُ عِتْقٌ مِنَ النَّارِ وَمَنْ خَفَّفَ عَنْ مَمْلُوكِهِ فِيهِ غفر الله له وأَعْتَقَهُ مِنَ النَّارِ"

(أخرجه الإمام البيهقي والإمام ابن خزيمة)

ya'ni: Salmon Forsiy raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Sha'bon oyi oxirida bizlarga xutba o'qidilar: “Ey insonlar! Ulug', muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko'ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro'zasini farz qildi, kechasi bedor bo'lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o'xshaydi. Kim unda bir farz amalni ado etsa (boshqa oylarda) etmishta farzni ado qilgandek bo'ladi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o'zgalarga mehr-muruvvat ko'rsatish oyidir. Bu oyda mo'min kishining rizqi ziyodalashadi. Kim biror ro'zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag'firat va jahannamdan ozod bo'lishiga sabab bo'ladi. Hamda iftorlik qilib berganga ham ro'zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda, o'shancha ajr bo'ladi”, dedilar. Shunda biz: “Ey, Rasululloh, har birimiz ro'zadorni taomlantiradigan narsa topa olmaymiz-ku”, – dedik. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Alloh taolo bu savobni ro'zadorga bir yutum sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham beradi, kim ro'zadorni to'ydirsa, bu uning gunohlariga kafforat bo'ladi va Alloh taolo uni mening havzimdan sug'oradiki, undan keyin to jannatga kirguniga qadar chanqamaydi. Bu oyning avvali rahmat, o'rtasi mag'firat, oxiri jahannamdan ozod bo'lishdir. Kim ramazon oyida qo'l ostidagi (xizmatchisi)gaengillik qilsa, Alloh taolo uni mag'firat qiladi va uni do'zaxdan ozod qiladi”, dedilar (Imom Bayhaqiy va ibn Huzayma rivoyat qilgan).

Bu oyning bir qancha fazilatlari borki, uni o'zga oylardan ustun qiladi:

  1. Ramazon oyi – Qur'on va boshqa ilohiy kitoblar: Ibrohim alayhissalom sahifalari, Tavrot, Zabur va Injil nozil bo'lgan oydir (Imom Tabariy Abu Jalddan rivoyat qilganlar). Bu kitoblar insoniyatgan rahmat va hidoyat bo'lib kelgan. Insoniyatni ikki dunyo saodatiga boshlagan. Kufr va isyon zulmatidan imon va toat yorug'ligiga olib chiqqan.

Bu haqda Alloh taolo shunday deydi:

شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ

ya'ni: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to'g'ri yo'l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur'on nozil qilingan oydir....” (Baqara surasi 185-oyat).

Qur'oni karimning boshqa o'rinlarida Qur'on  nozil bo'lgan kecha haqida aytiladi:

إِنَّا أَنـزلْنَاهُ فِي لَيْلَةٍ مُبَارَكَةٍ

ya'ni: “Albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik. Darhaqiqat, Biz ogohlantiruvchidirmiz” (Duxon surasi 3-oyat).

إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ

ya'ni: “Albatta, Biz uni (Qur'onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik” (Qadr surasi 1-oyat).

Qur'oni karim 23 yil davomida tarqoq holda nozil bo'lgan bo'lsada, mazkur oyatlarda bir kechada nozil qilingani xabari berilmoqda. Buni mufassirlar Lavhul mahfuzdan dunyo osmoniga bir jumla qilib tushirilishi bilan izohlaydilar.

  1. Ramazon oyi – tarovih va tahajjud oyidir. Bu oyda fursatni g'animat bilish uchun odatdagi ibodatlarga qo'shimcha ravishda 20 rakat tarovih namozi sunnat qilingan. Bu esa savoblarning bir necha barobar bo'lishiga sabab bo'ladi. Bu haqda Payg'ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ)

رواه الامام البخاري عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)

ya'ni:“Kim imon bilan, savob umidida Ramazon kechalari qoim bo'lsa, uning o'tgan gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

  1. Ramazon oyi – Alloh taoloning rahmati yog'iladigan, jannat yasantiriladigan, do'zax eshiklari yopiladigan, shaytonlar kishanlanadigan va ko'p bandalarning gunohlari kechiriladigan oydir. Bu oy – gunohlari kechiriladigan vaqtdir. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyiladi:

مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إيمَاناً وَاحْتِسَاباً ، غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ

(متفقٌ عَلَيْهِ عن أَبي هريرة رضي الله عنه).

ya'ni:“Kim Ramazon oyida imon bilan, savob umidida ro'za tutsa, uning o'tgan gunohlari kechiriladi” (Muttafaqun alayh).

Boshqa hadisi sharifda aytiladi:

إِذَا جَاءَ رَمَضَانُ فُتِّحَتْ أبوابُ الرَّحْمَةِ ، وَ غُلِّقَتْ أَبْوَابُ جَهَنَّمَ ، وَسُلْسِلَتِ الشَّيَاطِينُ

(متفقٌ عَلَيْهِ)

ya'ni: Ramazon kelganda, Rahmat eshiklari ochiladi, jahannam eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi(Muttafaqun alayh).

  1. Ramazon oyi – ehson va saxovat oyidir. Chunki Ramazonda qilingan ibodatlarning savobi ko'p bo'lgani kabi, ehson va saxovatda ham savob ko'p bo'ladi. Mana shu vaqtni g'animat bilib, ota-ona, oila, tug'ishganlar, qarindoshlar, qo'ni-qo'shnilar va beva-bechoralarni holidan xabar olish ayni muddaodir. Ibn Abbos raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

"كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَجْوَدَ النَّاسِ وَكَانَ أَجْوَدُ مَا يَكُونُ فِي رَمَضَانَ حِينَ يَلْقَاهُ جِبْرِيلُ وَكَانَ يَلْقَاهُ فِي كُلِّ لَيْلَةٍ مِنْ رَمَضَانَ فَيُدَارِسُهُ الْقُرْآنَ"

(متفقٌ عَلَيْهِ عن ابن عباس رضي الله عنهما)

ya'ni: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam odamlarning saxiysi edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida Jabroil alayhissalom bilan uchrashganlarida yanayam saxiy bo'lib ketardilar. Ramazonning har kechasida Jabroil alayhissalom bilan uchrashardilar va Qur'on o'qib berardilar” (Muttafaqun alayh).

  1. Ramazon oyi – duolar ijobat bo'ladigan oydir. Duo – ibodatning mag'zi, mo'min bandani Parvardigori bilan bog'lovchi vosita. Alloh taolo unga duo qilib, iltijo qilishlarini yaxshi ko'radi va duolarni ko'plab qabul qiladi. Ayniqsa Ramazon oyida duolar ijobat bo'lishiga ishoralar bor. Ramazon ro'zasi haqidagi oyatlardan keyin quyidagi oyat keladi. Alloh taolo shunday deydi:

إِذَا سَأَلَكَ عِبَادِي عَنِّي فَإِنِّي قَرِيبٌ ۖ أُجِيبُ دَعْوَةَ الدَّاعِ إِذَا دَعَانِ ۖ فَلْيَسْتَجِيبُوا لِي وَلْيُؤْمِنُوا بِي لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ

ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) bandalarim Mening haqimda so'rasalar, (ayting) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman. Bas, ular ham Meni (da'vatlarimni) ijobat (qabul) etib, Menga imon keltirsinlar, shoyad (shunda) to'g'ri yo'lga tushib ketsalar” (Baqara surasi 186-oyat).

Oyatda mo'minlar uchun ulkan bashorat bordir. U ham bo'lsa – duo va iltijo qiluvchilarning so'rovlarini ato etishga berilgan ilohiy va'dadir.

Ramazon oyida qilinishi kerak bo'lgan yana bir muhim ishlardan biri – kishi nafsini chiroyli xulqlar bilan bezashga, ularga odatlanishga harakat qilishi lozim. Natijada Ramazon oyida hosil qilingan yaxshi ko'nikmalar: taqvo, ixlos, sabr, shukr, qanoat, saxiylik, mehribonlik yil davomida bizga hamroh bo'ladi.

Hurmatli jamoat! Muborak ramazon oyi kirib kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Shu munosabat bilan ko'pchilikda ro'zaga doir savollar paydo bo'ladi. Hususan shu kunlarda ko'pchilik mo'min-musulmonlarimiz tomonidan tez-tez takrorlanayotgan savollarga O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining qisqacha javoblari bilan tanishib chiqishsak, har birimiz uchun foydali ilm bo'lib, dunyo va oxiratimiz uchun manfaatli bo'ladi, inshaAlloh.

  • Savol:Shak kuni ro'za tutsa bo'ladimi?

Javob: Shak kuni – Sha'bonni 30 kunimi yoki Ramazonni birinchi kunimi, deb shak qilingan kundir. Shak kuni nafl ro'za tutish odatda tutiladigan ro'zasiga to'g'ri kelib qolganlar uchun afzaldir. Masalan, bir kishi har dushanba kuni ro'za tutar edi, shak kuni ham dushanba kuniga to'g'ri kelmoqda.  Mana shu kishini shak kunida ro'za tutishi afzaldir. Shak kunida boshqa ro'zani niyat qilmasdan, faqat nafl ro'za tutishni niyat qilib ro'za tutish joizdir (“Fathu bobil inoya”)

  • Savol:Ramazonda saharlikka uxlab qolgan kishi uyg'onganidan keyin suv ichib, niyat qilib ro'zani davom ettirsa bo'ladimi?

Javob: Ramazonda saharlikdan uxlab qolgan odam, o'yg'ongach oz bo'lsa ham biror narsa eb-ichib, ro'zani niyat qilaman desa, niyati ham o'sha kuni tutadigan ro'zasi ham to'g'ri bo'lmaydi. Ramazon oyida saharlikka uxlab qolgan odam, uyqudan turgach, ro'zani buzadigan (ya'ni, eb-ichish, er-xotinlik aloqasi kabi) ishlarni qilmasdan, shu kungi ro'zani tutishni niyat qiladi. Bunday niyatni toki quyosh tikkaga kelishidan biroz oldinroqqacha qilish mumkin.

  • Savol:Ro'zador kishi so'lagini yutishi mumkinmi?

Javob: Ro'zador so'lagi (tufugi)ni yutishi bilan ro'za ochilmaydi. Lekin tufukni qasddan og'izda yig'ib, yutishdan iloji boricha saqlanish kerak bo'ladi. Odatdagi holatda esa so'lakni ichga o'tishi makruh emas.

  • Cavol:Ro'zador holatimda shamollagan bo'lsam burnimga sprey dorisini sepsam va tomog'imga spirt surtsam bo'ladimi?

Javob: Spreyning gazli (havoli)sidan foydalanilsa yoki burunni chetiga hidi dimog'ni ochadigan maz surtilsa, ro'zani buzmaydi. Spreyning suv puflaydigani ro'zani ochishi mumkin. Ro'zador kishi tomog'iga spirt surtish joiz. Uni ro'zaga zarari yo'q.

Alloh taolo kerib kelayotgan Ramazon oyini hammamizga muborak qilsin! Ushbu muborak oy sababidan yurtimizni tinch, xalqimizni farovon aylasin! Turli kasalliklar va ofatlardan o'z panohida asrasin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla!Kelasi juma ma'ruzasi “Ro'za - dinning arkoni” haqida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

10.01.2025   2731   8 min.
Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi. 

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo «Tahrim» surasida:

«‎Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning ‎xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: ‎‎«Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy ‎bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan ‎najot bergin va menga zolim qavmdan najot ‎bergin», deb aytdi‎», degan (11-oyat).

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ‎‎(misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan ‎pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda ‎kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan ‎bo‘ldi» (12-oyat).

Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!

Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?

Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.

Maqolalar