Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Oktabr, 2026   |   10 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:23
Quyosh
06:41
Peshin
12:13
Asr
15:51
Shom
17:37
Xufton
18:50
Bismillah
21 Oktabr, 2026, 10 Jumadul avval, 1448

13.11.2023   398   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy idorada til bayramiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

21.10.2026   500   1 min.
Diniy idorada til bayramiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi

Bugun, 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasining Islom sivilizatsiyasi markazidagi yangi binosida “Milliy qadriyatlar va o‘zligimiz timsoli” nomli adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ushbu marosimda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, diniy-ma’rifiy soha vakillari, taniqli olimlar, ijodkorlar va idora xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir Qur’oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.

Anjumanda Davlatimiz Rahbari tomonidan tilimizga qaratilayotgan yuksak e’tibor, xususan, xalqaro minbarlarda o‘zbek tilida baralla ma’ruzalar qilinayotgani, bugun lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid qonunning imzolangani ushbu ayyomga o‘zgacha tarixiy ahamiyat bag‘ishlagani mamnuniyat bilan e’tirof etildi.

Marosimda taniqli olimlarning ma’ruzalari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Jumladan, filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov sohibqiron Amir Temurning "Biz kim, millatlarning eng qadimiysi va eng ulug‘i turkning bosh bo‘g‘inimiz" degan e’tirofi va buyuk tilshunos Mahmud Koshg‘ariy turkiy tilni boshqa tillar bilan teng poygada o‘zib ketayotganini jonli misollar bilan yoritib berdi.

Taniqli shoir, "Ma’naviy hayot" jurnali bosh muharriri Eshqobil Shukur bugungi globallashuv va ijtimoiy tarmoqlar davrida tilimiz duch kelayotgan xavf-xatarlar haqida gapirdi. U til – shunchaki aloqa vositasi emas, milliy tafakkur va ong ekanini ta’kidlab, yoshlarni hushyorlikka chaqirdi.

Shuningdek, Toshkent shahar Ma’rifiy targ‘ibot markazi direktori Mirzohid Xidirov ham ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Bayramona kayfiyatda o‘tgan tadbir yakunida mehmonlarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Ona tilimizning nufuzi va qadri doimo yuksak bo‘lsin!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari