Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

ISLOM YaHShILIKKA ChAQIRADI – TYeRRORGA EMAS

02.04.2021   3223   3 min.
ISLOM YaHShILIKKA ChAQIRADI – TYeRRORGA EMAS

Qur'on ota-bobolarga, boshliqlarga va yo'l-boshchilarga ko'r-ko'rona taqlid kilishdan qaytarish bilan birga, faqat bir taraflama fikrlashdan ham qaytaradi va biror narsa qilmoqchi bo'lsa, o'sha narsaning yaxshisini tanlab olishga chaqiradi. Chunki, ko'pgina kishilar biror narsani bir marta eshitsa yoki o'qisa, shunga ishonib ketaveradilar. Lekin o'sha narsani chuqurroq o'ylab, yaxshi tarafini tanlash maqsadga muvofiq bo'ladi. Bu haqiqatga Qur'on bundan 15 asr avval chaqirgan:

“Ular gapni eshitib, eng go'zaliga ergashadiganlardir. Ana o'shalar Alloh hidoyat qilganlardir. Ana o'shalar, ha, o'shalar aql egalaridir” (Zumar surasi, 18-oyat).

Mana shu oyatda Alloh taolo musulmonlarni barcha gaplarni eshitib, tushunib, so'ngra yaxshilariga ergashishga buyuradi. Alloh shunday qilgan insonni  «hidoyatga erishganlar» va «o'tkir aql egalari» deb ataydi.

Shu bilan birga, Islom yaxshilikni ta'riflab ham beradi va unga amal qilishga chaqiradi. Odatda, odamlar yaxshilik matlub ekanligi haqida ixtilof qilmaydilar. Yaxshilik nima ekanligi haqida ixtilof qiladilar. Har kim o'zining yo'lini yaxshi deb tushunadi. Yaxshilik ma'nosiga o'zicha ta'riflar keltiradi, chegaralar qo'yadi, belgilar belgilaydi. Islom dinida yaxshilik – Alloh yaxshi degan narsalardir. Ularning nima ekanini Alloh taolo Qur'oni karimning “Baqara” surasi 177-oyatida oyati karimasida to'liq ta'riflab bergan:

«Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag'rib tomonga burishingizda emas. Lekin yaxshilik Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, Payg'ambarlarga iymon keltirish va yaxshi ko'rgan molini qarindoshlarga, etimlarga, mis kinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilishga berish, namozni qoim qilish va zakot berishdir. Ahd qilganda ahdiga vafo qiluvchilar, kambag'allik, qiyinchilik paytida va shiddat vaqtida ham sabr qiluvchilar, ana o'shalar sodiq bo'lganlardir. Ana o'shalar taqvodorlardir».

Oyati karimada ko'rinib turibdiki, yaxshilik ma'lum bir harakat yoki gap-so'zlarni o'zicha qilish va aytish bilan bo'lib qolmasligini ta'kidlamokda

Imon keltirish yaxshilikning boshi va asosidir. Busiz, ya'ni imonsiz hech qanday yaxshilik bo'lishi mumkin emas. Asl imoni bor inson buzg'unchilik, terrorchilik, fitnakorlikga ruju qilmaydi.  Chunki, kimning Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, Payg'ambarlarga imoni yo'q bo'lsa, undan yaxshilik chiqmaydi. Chiqsa ham, doimiy bo'lmaydi.

Musulmonlarning boy-badavlatlari mollaridan ma'lum miqdorini extiyojmandlariga moliyaviy ibodat sifatida beradilar. Bu amal mol egasiga Alloh tomonidan farz qilingan. Shu farz-ni ado etadigan odam yaxshilik qiluvchidir.

Ahdiga vafodorlik musulmonlikning, imonning ko'zga ko'ringan belgilaridan bo'lib, Qur'oni karimda qayta-qayta takrorlangandir. Kim ahdiga vafo qilsa, Alloh ta'riflagan yaxshilikdan nasibador bo'lgan bo'ladi.

Sabrlilik ham imonli, musulmon kishilarning alohida oliy va zaruriy sifatlaridan hisoblanadi. U hakda avvalgi oyatlar tafsirida batafsil so'z yuritildi. Demak, turli qiyin holatlarda sabr qiluvchilar Alloh ta'riflagan yaxshilik sohiblaridan bo'lar ekan.

Bahodir BOTIROV,
Chust tumani “Oxun bobo” jome
masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

25.08.2026   12339   2 min.
O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.

«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.

Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.

Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.

Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.

Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.

O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.

Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.

Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.

Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari