Har yili Ramazoni sharif kirib kelishi bilan yurtimiz masjidlari xatmi Qur'on sadolari ila burkanadi. Namozxonlar jomelardagi taroveh namozlarida o'qiladigan Qur'on tilovatiga butun vujudi bilan some bo'lib, ulkan ajru savobga ega bo'ladi va ruhiy-ma'naviy ozuqa oladi.
Bu yilgi taroveh namozi va Qur'on xatmi lazzatini mo'min-musulmon xalqimiz o'zgacha sog'inch, intizorlik va shavq bilan kutmoqda. Boisi, o'tgan yili koronavirus pandemiyasi sababi bu ulug' ne'matdan baxramand bo'lolmadilar.
Insha Alloh, bu yil yurtimiz masjidlarida taroveh namozi o'qiladi. Quvonarlisi, 1370 dan ziyod masjidda xatmi Qur'on o'tkaziladi.
Ma'lumki, 2020 yil koronavirus pandemiyasi sabab yurtimizdagi masjidlar faoliyati to'xtab, xalqimiz kundalik besh vaqt namoz, juma, hayit va taroveh namozlarini jamoat ila ado etolmagan edi. Alhamdulillah, bu yil tarovehdagi xatmi Qur'on fayzidan bahramand bo'lamiz.
Ta'kidlash joizki, yildan-yilga masjidlarimizda xatmi Qur'onlar ziyoda bo'lib, tartib va o'zgacha tarovatda o'tmoqda. Misol uchun, 2019 yil 1220 masjidda, 2018 yil 1149 masjidda xatmi Qur'on o'tkazilgan edi.
Qur'on o'qiladigan yurtda farovonlik bo'ladi. Bu joyga Allohning rahmati, barakasi yog'iladi, balo-ofatlar ariydi. Hazrati Payg'ambarimiz alayhissalom «Bir qavm jamlansa, ba'zisi duo qilsa va qolganlari “omin”, desa, albatta, Alloh taolo ularni ijobat qiladi», deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ramazon oyida masjidlardagi taroveh namozlari va xatmi Qur'onlarda mo'min-musulmon xalqimiz jamoat bo'lib qilinadigan duolar Haq taolo dargohida mustajob bo'lib, o'lkamizga osudalik, baraka, keladi, bemorlarga shifoi komil topib, koronavirus kasalligi ariydi, insha Alloh.
Eslatib o'tamiz, 2021 yilda yurtimiz masjidlarida Ramazon oyi va taroveh namozlariga tayyorgarlik boshlangani haqida xabar bergandik.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati