Arab davlatlari va Islom hamkorlik tashkiloti a'zolari rahbarlari G'azoda o't ochishni zudlik bilan to'xtatishga chaqirishdi.
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida Arab davlatlari Ligasi (AL) va Islom hamkorlik tashkilotining (OIC) favqulodda qo'shma sammiti o'tkazildi. Tadbir G'azo sektoridagi vaziyatga bag'ishlandi.
Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon G'azo sektoridagi jangovar harakatlarni zudlik bilan to'xtatish va barcha garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirdi. U Arab davlatlari Ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining qo'shma sammitida shu haqda gapirdi.
«Bu xalqaro hamjamiyat va BMT Havfsizlik Kengashining Isroil tomonidan xalqaro gumanitar huquqning qo'pol buzilishiga chek qo'yish va dunyoda qabul qilingan ikki tomonlama standartlarni ta'kidlashga qodir emasligini isbotlagan gumanitar falokat», dedi u.
Uning so'zlariga ko'ra, mintaqada tinchlikka erishishning yagona yo'li «Isroil ishg'oliga va noqonuniy aholi punktlariga barham berish, Falastin xalqining huquqlarini tiklash va 1967 yilgi chegaralarga qaytib, poytaxti Sharqiy Quddus bo'lgan davlat yaratishdir».
Sammitda so'zga chiqqan Falastin milliy ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos AQSh ma'muriyatini Isroilga «muqaddas joylarni bosib olish, huquqbuzarlik va tahqirlashlarga chek qo'yish» uchun ta'sir o'tkazishga chaqirdi.
«Hech qanday harbiy echim qabul qilinishi mumkin emas, chunki ularning barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Biz G'azo sektori yoki G'arbiy Sohildan xalqimizni siqib chiqarishga qaratilgan har qanday urinishlarni qat'iyan rad etamiz», dedi Abbos.
Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy «G'azo sektorida zudlik bilan barqaror o't ochishni to'xtatishga» chaqirdi. O'z navbatida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy Isroilni G'azo sektorida harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etishda aybladi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'an Isroil va Falastin o'rtasidagi mojaroning yakuniy echimiga erishish uchun xalqaro tinchlik konferentsiyasini chaqirish zarurligini aytdi.
«Bizga bir necha soatlik tanaffuslar emas, balki G'azo sektorida doimiy sulh kerak. Isroil tomonidan beayb odamlarning huquqi poymol etilishi xalqaro huquq doirasida jazolanishi lozim... Turkiya G'azo aholisiga gumanitar yordam berishda davom etadi», dedi u.
Shu bilan birga, Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning aytishicha, Doha garovga olinganlarni ozod qilish uchun vositachilik harakatlarini amalga oshirmoqda. Shuningdek, u tez orada sulhga erishilishiga umid bildirdi.
«O'tmishda xalqaro huquq va insoniy qadriyatlarni hurmat qilish zarurligi haqida ma'ruza o'qigan ko'plab odamlar va davlatlar hozir bu vahshiyliklarga nisbatan sukut saqlamoqda (...) Bu misli ko'rilmagan voqealar», dedi u.
Sammit yakunida tomonlar qo'shma bayonotni imzoladilar. Unda G'azodagi urushni to'xtatish uchun zudlik bilan xalqaro choralar ko'rish kerakligi ta'kidlangan.
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati