XX – XXI asrlarga kelib turli xil diniy oqimlar soni ko'payib ketdiki, bizning tinch va osuda diyorimizda ham uning salbiy ta'siri biroz kuchaydi. Buning oldi olinmasa, yoshlarimizning ongini zaharlashni maqsad qilgan g'animlarimiz ularning tarbiyasida ushbu oqimlar ta'sirini kuchaytirish, ma'naviy va ma'rifiy, g'oyaviy kurashni amalga oshirishga tinmay urinmoqdalar. Biz bugun ana shunday diniy oqimlardan biri bo'lgan soxta salafiylik haqida to'xtalib, bu oqimning maqsad, g'oya va iddaolarini, boshqacha qilib aytganda, asl basharasini ochib o'rganishga xarakat qilamiz.
Soxta salafiylik – Islomdagi ahkom va fatvolarni har bir zamon taqozosiga qarab emas, hijriy sananing dastlabki uch davriga muvofiq ravishda hayotga tadbiq etishni targ'ib qiluvchi oqimdir.
Islomda “salaf” deganda, hadislarga ko'ra, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonida va undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Lug'aviy ma'nosi ham “ajdodlar”, “avval yashab o'tganlar” degan ma'noni beradi.
Oxirgi yillarda aksar bemazhablar tarafdan sahoba va tobeinlar manhaji niqobi ostida “salafiylik” bayrog'ini baland hilpiratish holatlari ko'paydi. Najdlik Muhammad ibn Abdulvahhobning izdoshlari ham bugun “vahhobiy” degan atamadan voz kechishib o'zlarini solih salaflar yo'lidamiz deb iddao qilishmoqda. Nosiruddin Alboniy shaxsiyati xuddi o'sha “salafiylik” targ'ibotchilari orasida dohiylik kasb qilgan shaxslardan biridir. Salafiylar Nosir Alboniy shaxsiyatiga baho berishda juda haddan oshishgan. Uni “Asr muhaddisi”, “Sunnat bilimdoni”, “Sunnat homiysi” va hokazo balandparvoz ilmiy unvonlar bilan laqablab olishgan.
Shuningdek, salafiylar orasida oxirgi yillarda fiqhiy va hatto aqidaviy ahkomlarda ham Alboniy fikrlariga murojaat qilish holatlari birlamchi odatga aylandi.
“Salafiylik” oqimi rahnamolaridan biri Nosir Alboniyning to'rt mazhab aqidasi va fiqhiga xilof ravishda chiqargan bemaza fatvolari qator terib chiqilgan. Ahli sunna e'tiqodli har bir ahli ilm bu fatvolar bilan tanishib chiqar ekan ayrim o'rinlarda beixtiyor “astag'firulloh” deb yoqa ushlaydi. Ba'zi o'rinlarda esa Nosir Alboniyning mantiqsiz fatvolaridan kulgisi kelsa, ayrim joylarda dinimiz nomidan gapirgan bu odamga achinib yig'lagisi ham keladi.
Modomiki Islom dini fiqhi va aqidasi bilan qiziqar ekansiz, diniy ma'lumotlarni internet orqali tarqatish suv ichishdan ham oson bo'lgan bugungi tehnika davrida sizning ham Nosir Alboniy nomiga ko'zingiz tushgan bo'lsa kerak. Zotan salafiylar tomondan tarqatilgan ko'plab risola va maqolalarda bu odamning nomi albatta bir necha bor zikr qilib o'tiladi.
Shu nuqtai nazardan toki sizning e'tiqodingizda Nosir Alboniy shaxsiyati buyuk islom olimi sifatida shakllanib qolmasligi, o'zingiz bilmagan holda unga tobe bo'lib qolmasligingiz uchun uning asli salafi solihlarga qarshi chiqargan fatvolarini oshkor qilishga jazm etdik. Toki uning asli kim ekanini siz aniq va ravshan bilib oling! Nosir Alboniyga tuhmat, degan fikr paydo bo'lmasligi uchun har bir fatvoning aniq manbasi uning tagida alohida izoh sifatida yozib ko'rsatildi.
Iddao: “Iymon, namoz, ro'za, zakot, haj kabi 5 ta farzdan tashqari jihod – oltinchi farz va har bir musulmon uchun farzi ayn”dir.
Raddiya: Iymon, namoz, ro'za, zakot, haj islomning 5 ta arkoni hisoblanadi. Undan biror narsa olish yoki qo'shishga faqat Alloh va uning Rasuli haqlidir. Shulardan zakot va haj qodir bo'lganlarga farzi ayn yoki qodir bo'lmaganlarning zimmasidan soqit bo'ladi.
Ho'sh, aqidaparastlarga kimlar ergashadi?! Albatta, bilimsiz, ongida bo'shliq paydo bo'lgan odamlar, ayniqsa, yoshlar ergashadi. Ko'p millatli yurtimizda aqidaparastlikka qarshi keskin va ommaviy mafkuraviy kurash olib borilmoqda. Shunday ekan, biz yoshlarimizni har tomonlama barkamol, el-yurt ishi uchun fidoyi, chin vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, ularning ongida yot va zaharli g'oyalarga joy qoldirmaslik, ularni foydali ishlarga jalb etish kabi xayrli ishlarni, tadbirlarni amalga oshirsak, yurtimiz kelajagi bo'lgan farzandlarimiz bizlardan ko'ra ham baxtli bo'ladi degan umiddaman.
Rashidov Abrorxo'ja
"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti xodimi
Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.
Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.
Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.
Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.
Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati