Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Avgust, 2026   |   10 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:15
Quyosh
05:40
Peshin
12:26
Asr
17:12
Shom
19:15
Xufton
20:36
Bismillah
23 Avgust, 2026, 10 Rabi`ul avval, 1448

Soxta salafiylik va ularning iddaolari

25.03.2021   4031   4 min.
Soxta salafiylik va ularning iddaolari

XX – XXI asrlarga kelib turli xil diniy oqimlar soni ko'payib ketdiki, bizning tinch va osuda diyorimizda ham uning salbiy ta'siri biroz kuchaydi. Buning oldi olinmasa, yoshlarimizning ongini zaharlashni maqsad qilgan g'animlarimiz ularning tarbiyasida ushbu oqimlar ta'sirini kuchaytirish, ma'naviy va ma'rifiy, g'oyaviy kurashni amalga oshirishga tinmay urinmoqdalar. Biz bugun ana shunday diniy oqimlardan biri bo'lgan soxta salafiylik haqida to'xtalib, bu oqimning maqsad, g'oya va iddaolarini, boshqacha qilib aytganda, asl basharasini ochib o'rganishga xarakat  qilamiz.

Soxta salafiylik – Islomdagi ahkom va fatvolarni har bir zamon taqozosiga qarab emas, hijriy sananing dastlabki uch davriga muvofiq ravishda hayotga tadbiq etishni targ'ib qiluvchi oqimdir.

Islomda “salaf” deganda, hadislarga ko'ra, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam zamonida va undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Lug'aviy ma'nosi ham “ajdodlar”, “avval yashab o'tganlar” degan ma'noni beradi.

Oxirgi yillarda aksar bemazhablar tarafdan sahoba va tobeinlar manhaji niqobi ostida “salafiylik” bayrog'ini baland hilpiratish holatlari ko'paydi. Najdlik Muhammad ibn Abdulvahhobning izdoshlari ham bugun “vahhobiy” degan atamadan voz kechishib o'zlarini solih salaflar yo'lidamiz deb iddao qilishmoqda. Nosiruddin Alboniy shaxsiyati xuddi o'sha “salafiylik” targ'ibotchilari orasida dohiylik kasb qilgan shaxslardan biridir. Salafiylar Nosir Alboniy shaxsiyatiga baho berishda juda haddan oshishgan. Uni “Asr muhaddisi”, “Sunnat bilimdoni”, “Sunnat homiysi” va hokazo balandparvoz ilmiy unvonlar bilan laqablab olishgan.

Shuningdek, salafiylar orasida oxirgi yillarda fiqhiy va hatto aqidaviy ahkomlarda ham Alboniy fikrlariga murojaat qilish holatlari birlamchi odatga aylandi.

“Salafiylik” oqimi rahnamolaridan biri Nosir Alboniyning to'rt mazhab aqidasi va fiqhiga xilof ravishda chiqargan bemaza fatvolari qator terib chiqilgan. Ahli sunna e'tiqodli har bir ahli ilm bu fatvolar bilan tanishib chiqar ekan ayrim o'rinlarda beixtiyor “astag'firulloh” deb yoqa ushlaydi. Ba'zi o'rinlarda esa Nosir Alboniyning mantiqsiz fatvolaridan kulgisi kelsa, ayrim joylarda dinimiz nomidan gapirgan bu odamga achinib yig'lagisi ham keladi.

Modomiki Islom dini fiqhi va aqidasi bilan qiziqar ekansiz, diniy ma'lumotlarni internet orqali tarqatish suv ichishdan ham oson bo'lgan bugungi tehnika davrida sizning ham Nosir Alboniy nomiga ko'zingiz tushgan bo'lsa kerak. Zotan salafiylar tomondan tarqatilgan ko'plab risola va maqolalarda bu odamning nomi albatta bir necha bor zikr qilib o'tiladi.

Shu nuqtai nazardan toki sizning e'tiqodingizda Nosir Alboniy shaxsiyati buyuk islom olimi sifatida shakllanib qolmasligi, o'zingiz bilmagan holda unga tobe bo'lib qolmasligingiz uchun uning asli salafi solihlarga qarshi chiqargan fatvolarini oshkor qilishga jazm etdik. Toki uning asli kim ekanini siz aniq va ravshan bilib oling! Nosir Alboniyga tuhmat, degan fikr paydo bo'lmasligi uchun har bir fatvoning aniq manbasi uning tagida alohida izoh sifatida yozib ko'rsatildi.

Iddao:  “Iymon, namoz, ro'za, zakot, haj kabi 5 ta farzdan tashqari jihod – oltinchi farz va har bir musulmon uchun farzi ayn”dir.

Raddiya: Iymon, namoz, ro'za, zakot, haj islomning 5 ta arkoni hisoblanadi. Undan biror narsa olish yoki qo'shishga faqat Alloh va uning Rasuli haqlidir. Shulardan zakot va haj qodir bo'lganlarga farzi ayn yoki qodir bo'lmaganlarning zimmasidan soqit bo'ladi.

Ho'sh, aqidaparastlarga kimlar ergashadi?! Albatta, bilimsiz, ongida bo'shliq paydo bo'lgan odamlar, ayniqsa, yoshlar ergashadi. Ko'p millatli yurtimizda aqidaparastlikka qarshi keskin va ommaviy mafkuraviy kurash olib borilmoqda. Shunday ekan, biz yoshlarimizni har tomonlama barkamol, el-yurt ishi uchun fidoyi, chin vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, ularning ongida yot va zaharli g'oyalarga joy qoldirmaslik, ularni foydali ishlarga jalb etish kabi xayrli ishlarni, tadbirlarni amalga oshirsak, yurtimiz kelajagi bo'lgan farzandlarimiz bizlardan ko'ra ham baxtli bo'ladi degan umiddaman.

Rashidov Abrorxo'ja

"Hidoya" o'rta maxsus islom
bilim yurti xodimi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   29112   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari