Niderlandiyaning «Diplomat Magazine» jurnalida «Moturidiy ta'limotining izdoshi» sarlavhasi ostida Abu Muin Nasafiyga bag'ishlangan maqola nashr etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
Mustaqillik sharofati bilan olimlar Abu Muin Nasafiy hayoti va ijodini ilmiy asosda o'rganishga muvaffaq bo'ldi, deb ta'kidlanadi materialda.
O'zbekiston Prezidenti diniy arboblar bilan muloqotda bugungi kunda o'zbek xalqining buyuk ajdodi asarlari katta ahamiyatga ega ekani va ularni nashr etish, mazmun-mohiyatini yosh avlodga etkazish zarurligini ta'kidlaydi. Ushbu majmuada, shuningdek, Samarqand qog'oziga yozilgan Qur'oni Karimning qo'lyozma nusxasi saqlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoev bunday kitoblar o'zbek xalqining bebaho merosi ekani, ularni kelajak avlodlarga etkazish kerakligini ta'kidladi, deb qayd etadi muallif.
Shuningdek, maqolada mashhur ilohiyotshunos va mutafakkir Abu Muin Nasafiy 1027 yilda Nasaf (hozirgi - Qarshi) shahrida tug'ilgani va shu erda tahsil olib, bilimini oshirgani ma'lum qilingan.
«U XI asr aqida ilmining yorqin vakillaridan biridir, - deb e'tirof etadi nashr. - Abu Muin Nasafiy Abu Mansur Moturidiy asos solgan Moturidiya ta'limoti rivojida muhim rol' tutgan. Nasafiy o'z asarlarida Islom haqidagi noto'g'ri tushunchalarga oydinlik kiritgan, diniy fanatizmga qarshi kurashgan. Islomshunos olim 1114 yilda Samarqandda vafot etgan va Qarshi tumanidagi Qovchin qishlog'ida dafn etilgan».
Abu Muin Nasafiy - Abu Mansur Moturidiy asos solgan Moturidiya ta'limotining tarqalishiga katta hissa qo'shgan buyuk ilohiyotshunoslardan biridir.
Buyuk ilohiyotchilar Abu al-Hasan al-Ashariy va Abu Mansur Moturidiyning shogirdi Abu Muin Nasafiy kalom ilmining turli yo'nalishlarida 15 ga yaqin asar yozgan. «Al-Umda fi usulil-fiqh» («Fiqh usullari tayanchi»), «Tabsiratul-adilla fi ilmil-kalom» («Kalom ilmidagi dalillar ko'zgusi»), «At-Tamhid li qavoidit-tavhid fiy ilmil-kalom» («Kalom ilmidagi tavhid qoidalar uchun yagona kitob»), «Olim va mutaallim» («Olim va ilm o'rganuvchi»), «Izoh va mahajja li kavnil-aql hujjatan» (“Aql dalilligini izoh va hujjatlar bilan asoslash»), «Manohijul-aimma fil-furu'» («Imomlarning huquqshunoslik bo'yicha tutgan yo'llari»), «Mu'taqidot» («E'tiqodlar») asarlari shular jumlasidandir. Ushbu asarlar qo'lyozmalari bugungi kunda O'zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
Abu Muin Nasafiy ilmiy merosi islom falsafasining eng qimmatli manbalardandir. Mutafakkir asarlarining qo'lyozmalari Dubay, Damashq va Iskandariya kutubxonalarida ham saqlanadi. Shuningdek, uning asarlari 1886 yilda Bag'dodda va 1908 yilda Qohirada nashr etilgan.
Maqola ta'kidlanishicha, dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan Abu Muin Nasafiy asarlari orasida «Din asoslarini imom Abu Mansur Moturidiy ta'limotiga muvofiq dalillar bilan izohlash» nomli kitobi ham bor. Olimning «Bahrul-kalom» («Kalom dengizi») asari Moturidiy ta'limotining asosiy manbalaridan biridir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
#xabar #ramazo #vatandoshlar #iftorlik
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan dunyoning turli davlatlarida yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida yurtimizdan borgan ulamolar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, iftorlik dasturxonlari hamda taroveh namozlari davom etmoqda.
Rossiyaning Moskva shahrida “O‘zbekiston kuni” doirasida iftorlik dasturxoni yozilib, unga 500 nafarga yaqin vatandoshlar taklif etildi. Tadbirda Ramazon oyining fazilatlari, birodarlik, mehr-muruvvat va o‘zaro hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar haqida ma’ruza qilindi.
AQSHning Orlando shahridagi Imom Buxoriy markazida ham navbatdagi suhbat o‘tkazilib, taroveh namozi ado etildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Inson qadri” nomli kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 250 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ma’rifiy suhbat davomida tarbiyaning ahamiyati va boshqa mavzularda savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.
Finlandiyaning Helsinki shahridagi O‘zbek madaniyati markazida ham vatandoshlar uchun ana shunday tadbirlar tashkil etildi. Unda vatandoshlarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, “Ayollar – Allohning omonati”, “Vatan sajdagoh kabi ulug‘dir” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi. Tadbirda 160 nafarga yaqin vatandoshimiz qatnashdi.
Shuningdek, Janubiy Koreyaning Geongsan shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidida vatandoshlar ishtirokida taroveh namozi ado etildi. Unda asosan talabalardan iborat 150 nafarga yaqin namozxon ishtirok etdi. Namozdan so‘ng “Ramazon – saxovat oyi” mavzusida suhbat tashkil etildi.
Bunday xayrli tadbirlar xorijdagi yurtdoshlarda ona Vatanga muhabbatni yanada oshirish, ular o‘rtasida birdamlikni mustahkamlash, milliy va diniy qadriyatlarni asrab-avaylashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati