Mag'rur nafs – kasallikka chalingan nafsdir. Bu illat bir lahzalik zavq olish istagida va o'z xohish-istaklarini qondirish uchun boshqalarning xohishlariga zarar etkazishda namoyon bo'ladi.
Muolaja uslubi
Shuni unutmaslik kerakki, Alloh taolo boyligi bilan odamlarni kamsituvchi, ularga pastnazar bilan qaraydigan insonlarni yoqtirmaydi. Bu haqda Alloh taolo aytadi: «Albatta, Qorun Muso qavmidan edi. Bas, u (qavm)larga kibr qildi. Biz xazinalardan unga kalitlari baquvvat jamoatga ham og'irlik qiladigan narsalarni ato etgan edik. O'shanda qavmi unga: “Mag'rurlanmagin! Chunki Alloh mag'rurlanuvchilarni suymas”» (Qasos surasi, 76-oyat).
Qorun Muso alayhissalomga amakivachcha edi. Tavrotni yaxshi o'qib, o'rgangan bo'lsa-da, Somiriyga o'xshab munofiq, hasadgo'y va mutakabbir edi. Boyligi shu qadar behisob ediki, xazinalarining kalitlari oltmishta xachirga yuk bo'lardi. Ammo imtihon o'laroq berilgan mol-dunyosi bilan g'ururga ketdi. Alloh va Muso alayhissalomga osiylik hamda mutakabbirlik qilgani uchun uni er yutdi. Alloh taoloning lutf va ehsoniga noshukrlik qilgan va kibrga ketgan insonlar ana shu Qorunga o'xshatiladi.
Demak, mo'min kishi o'tkinchi dunyoning zeb-ziynatlariga muhabbat qo'ymasligi, mol-dunyosi bilan odamlarga mag'rurlanmasligi, ulardan o'zini ustun deb bilmasligi kerak ekan. Balki o'z nafsini poklash, axloqini sayqallash bilan mashg'ul bo'lishi, qilgan gunohlariga afsus-nadomat chekishi va Allohning oldida har bir amali uchun javob berishini unutmasligi lozim. Hamisha o'z nafsini hisob-kitob qilgan, ayb-nuqsonlarini yodidan chiqarmagan insonning qalbi siniq bo'ladi. Bunday bandada mag'rurlanish, kibrlanish illati yo'qoladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o'ziga xos axloqlari – doimo kamtar holda yurardilar.
Buyuk olim Molik ibn Dinor aytadi: "G'amgin bo'lmaydigan qalb halok bo'ladi, xuddi hech kim yashamaydigan uyga o'xshaydi".
Ato Sulaymoniydan: “Nima uchun g'amgin ko'rinasiz?”deb so'rashganida, u kishi: “Axir o'lim – bo'ynimdagi (aniq yo'liqadigan) haq narsa bo'lsa, qabr – uyim bo'lsa, Qiyomat kuni har bir amalim uchun hisob-kitob qilinsam, jahannam ko'prigi esa o'tishim kerak bo'lgan yo'lim bo'lsayu, shu holda mening holim endi nima bo'lishini bilmay tursam, qandoq mahzun bo'lmayin?”deb javob berdilar.
Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, yosh diniy soha xodimlari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.
Suhbat davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, yosh imomlarga quyidagi yo‘nalishlarda muhim tavsiyalar berildi:
Aholi va jamoatchilik bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish;
Ta’sirchan va mazmunli ma’ruzalar tayyorlash hamda voizlik odobiga rioya qilish;
Masjidlar faoliyatini zamon talablari darajasida to‘g‘ri tashkil etish.
Muloqotda yosh diniy soha vakillarining jamiyatda tutgan o‘rni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, sof ma’rifat va ezgulik ruhida tarbiyalashdagi mas’uliyati yuqori ekani ta’kidlandi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Tadbir yakunida yosh mutaxassislar viloyat vakilligi va soha mutasaddilarining ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati