Sizlar xohlagancha ilm o'rganaveringlar. Allohga qasamki, amal qilmaguningizcha Alloh sizlarga uning uchun ajr bermaydi. Ahmoqlar himmati rivoyat qilish, ulamolar himmati rioya qilishdir.
* * *
Olimlarning jazosi qalblarining o'lganidir. Qalbning o'lishi esa ilmi va amallari bo'la turib, dunyoga haris bo'lib yurganidir.
* * *
Ilm talab qilinglar, faqat ilmni hilm (muloyimlik) va viqor bilan yashiringlar.
* * *
Olimlarning ilmini, faylasuflar nazariyasini to'plab, amalda nodonlar darajasida ish ko'ruvchilardan bo'lma!
* * *
Olimlar qalamlarining siyohi shahidlar qoni bilan o'lchanadi. Olimlar qalamlarining siyohi shahidlar qonidan og'ir keladi.
* * *
Olimlar bo'lmaganida insonlar chorva mollari kabi bo'lib qolardilar.
Olimlar yulduzlarga o'xshaydi. Agar ko'rinib tursa, odamlar ular bilan yo'l topishadi. Agar ko'zdan yo'qolib, zulmatda qolsalar, qayoqqa yurishni bilmay hayron qolishadi.
* * *
Allohga qasamki, qay bir banda do'zaxga aniq ishonsa, unga keng dunyo tor bo'lib qoladi. Munofiq esa do'zax garchi mana shu devorning ortida turgan bo'lsa ham, unga tushmagunicha shubha qilaveradi.
* * *
Ey Odam bolasi, sening sahifang ochildi, ikki hurmatli farishta senga vakil qilindi. Bittasi o'ng tarafingda turib yaxshiliklaringni yozadi, ikkinchisi chap tomoningda yomonliklaringni bitadi. Nimani xohlasang, qilaver. Vafot etganingda sahifang berkitiladi va qabringda bo'yningga osib qo'yiladi. Qiyomat kuni shunday holda qabringdan chiqasan.
Nigora MIRZAYeVA tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV