Kunlarning birida Qozi Shurayh rahimahulloh o'zining do'sti Fuzayl rahmutullohi alayhni uchratib qoldi. Hol-ahvol so'rab: "Uying tinchmi?" dedi. Shurayh unga: "Allohga qasamki, qariyb 20 yildan beri ayolim biror marta ko'nglimga yoqmaydigan ish qilgani yo'q", dedi. Fuzayl bundan ajablanib: "Qanday qilib, ey Shurayh", dedi.
Solih oilaga sovchi qo'ydim. Nikoh kechasi ayolimning soliha va go'zal xulqli ekanini ko'rdim. Alloh taologa soliha juft halol ato etgani uchun ikki rakat shukr namozini o'qidim. Namozimni tugatib ortimga qarasam, ayolim ham namozni tugatib, Allohga duo qilayotgan ekan.
Uydagi mehmonlar, yaqin qarindoshlar ketishdi. Ikkimiz yolg'iz qoldik. Shunda ayolimga sekin qo'limni uzatdim. Ayolim: "Shoshilmang!" dedi-da, o'rnidan turib so'zlay boshladi. "Ey Abu Umayya men sizni yaqindan yaxshi tanimasam, sizga nima yoqishini va yoqmasligini bilmasam. Siz menga nimani yaxshi ko'rishingizni ayting, ularni muhayyo qilay va nimalarni yoqtirmasligingizni ham ayting, ulardan uzoq bo'lay. Ey Abu Umayya sizga munosib bo'lgan qizlar ko'p edi va menga ham munosib umr yo'ldoshlar ko'p edi. Ammo Allohning taqdiri albatta amalga oshadi. Allohning xohishi ila sizning ayolingiz bo'ldim. Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq mening haqqim borasida Allohdan qo'rqing! Alloh taoloning Qur'oni karimdagi "...yaxshilikcha ushlab qolish yoki yaxshilikcha qo'yib yuborish" degan oyatiga amal qiling!" dedi-da o'rniga o'tirdi.
Shunda Qozi Shurayh aytadi: "Ayolimning nutqidan so'ng biroz o'ylanib qoldim. Ayolim ham va'z-nasihat qilishimni kutardi". O'rnimdan turdim-da, "Agar aytgan so'zlaringizga amal qilsangiz, bergan va'dangizni bajarsangiz foydangizga hujjat bo'ladi. Agar amal qilmasangiz ikki dunyoda ham o'zingizga qarshi dalil bo'ladi. Men falon, falon narsalarni yaxshi ko'raman. Va falon, falon narsalarni xushlamayman. Agar mening biror yaxshi tomonimni ko'rsangiz, uni keng oshkor qiling, bordi-yu biror yomonlik jihatimni ko'rsangiz uni yashiring. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Soliha ayol berkituvchi, yomon ayol oshkor qiluvchidir” deganlar.
Ayolim: "O'zimning va sizning a'zolaringizni qachon ziyorat qilamiz?" dedi. Men: “Ular malollanib qolmasligi uchun vaqti-vaqti bilan ziyorat qilamiz. Hadisi sharifda ham “Vaqti-vaqti bilan (orasini uzib-uzib) ziyorat qiling, yanada ko'proq muhabbatligini qozonasiz”, deyilgan dedim.
Aytingchi, qo'shnilarimizdan qaysi birini uyimizga kiritishga rozi bo'lasiz, qaysi birlarini esa kiritishimni xohlamaysiz. Yaxshi oilalarni kiritamiz, yomonlarini esa yo'q.
Shu tariqa, oradan yillar o'tdi. Kunlarning birida uyga kelsam ayolimning onasi ayolimga go'zal pand-nasihatlar qilayotgan ekan. Chiroyli tarzda ko'rishdim. Qizi onasiga juda baxtli hayot kechirayotgani haqida aytibdi. Ayolimnig onasi: "Ey Abu Umayya, ayoling yaxshimi?" deb so'radi. "Ha, Allohga qasamki, eng yaxshi ayol", dedim. "Ey Abu Umayya har qanday erkak uchun haddidan oshgan, injiq ayoldan ham yomonroq narsa yo'q. Ayolingni qanday bo'lishini istasang shunday tarbiyalagin, undagi ayb-kamchiliklarni ham to'g'rilab turgin", dedi. Keyin qiziga burilib qarab, menga itoat etishga va quloq solishga buyurdi.
Shu tarzda yigirma yildan beri tinch-totuv, baxtli yashab kelmoqdamiz. Ayolim biror marta menga yoqmaydigan yoki jahlimni chiqaradigan ish qilgani yo'q.
Ushbu rivoyatdan quyidagi haqiqatni bilib olishimiz mumkin. Agar oila Alloh taologa va Uning buyruqlariga itoat etishga asoslansa, Allohning O'zi er-xotin orasida bir-biriga yaqinlik va muhabbatni paydo qiladi. Bordi-yu, oila Allohga itoatsizlik qilish ustiga qurilsa, shayton er-xotin orasini buzadi.
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy hafizahullohning ma'ruzalaridan Davron NURMUHAMMAD tarjimasi
Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.
Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.
«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.
«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.
Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati