Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyul, 2026   |   26 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
05:00
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
11 Iyul, 2026, 26 Muharram, 1448

Abu Jandal

21.03.2021   1727   4 min.
Abu Jandal

Abu Jandal ibn Suhayl ibn Amr ibn Abdushshams ibn Abduvad ibn Nasr ibn Hasl ibn Omir ibn Luay ibn G'olib ibn Fihr Omiriy Qurayshiydir. Ismi Os.

Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning eng buyuk sahobalaridan biri bo'lgan. Islomga kirganda otasi uni uyga qamab, qo'llariga kishan solib qo'ydi. Hudaybiya sulhi kunida kishanlarini echib qochib ketdi. O'sha paytda otasi  Rosulullohning yonlarida sulh yozish uchun hozir edi.

Ulug' sahobiy Abu Jandal roziyallohu anhuning hijrat qilishlari haqidagi qissa ular uchun ham ular bilan birga xayrihoh bo'lganlar uchun ham juda og'ir qissadir. Bu hijrat Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga ham juda og'ir mashaqqat yukladi. Chunki Abu Jandal ibn Suhayl ibn Amr roziyallohu anhu Hudaybiya sulhi imzolangan paytda Rosulullohning yonlariga keldi. Otasi Suhayl ibn Amr Qurayshning kattalaridan bo'lib, uni qo'l oyoqlarini zanjirband qilib qo'ygan edi. Otasi badjahl, qattiq-qattiq gapiradigan, nutqi fasohatli kishi edi. Sulhning shartlaridan biri, kimki Makkadan mo'min bo'lib hijrat qilib kelsa, uni ortiga qaytarib yuborish edi. Kimki Makkaga Rosulullohning huzurlarida ketsa, ular uni ortiga qaytarmasliklari edi. Bu ish sahobalarga juda og'ir keldi, ayniqsa Abu Jandalni kishanlardan qiynalib Nabiy alayhissalomdan uni Qurayshdan himoyasiga olishini so'rab kelganini ko'rganlarida  og'riqlari yanada ortdi. Shu zahoti Suhayl ibn Amr o'zi va Nabiy alayhissalomning o'rtalaridagi sulhni tuzdi va aytdiki: "Bu oramizdagi birinchi kelishuvdir". Va Abu Jandal qaytarilishini talab qildi. Nabiy alayhissalom bu kelishuvdan Abu Jandal istisno bo'lishini so'radilar. Lekin Suhayl bundan bosh tortdi va Abu Jandalni o'zi bilan olib ketdi.

Bu haqida Ibn Sirindan kelgan rivoyatda: Nabiy alayhissalom Abu Jandalga: "Ey Abu Jandal sabrli bo'l, savob olasan. Alloh taolo senga va sen kabi zaiflarga osonchilik beradi. Biz qavming bilan ahdlashdik, ahdimizga vafo qilamiz, ahdimizni buzolmaymiz", dedilar. 

Umar ibn Hattob roziyallohu anhu Abu Jandalni chetga oldilar va: "Sabr qil Ey Abu Jandal, ular mushriklardir. Albatta, ularning qoni itning qoni bilan barobardir", dedilar va Abu Jandalga qilichni sopini yaqinlashtirdilar.

Keyinchalik Umar roziyallohu anhu: "Men uni qilichni olib, otasini uradi deb o'ylagan edim, lekin otasining hurmatini saqladi", deganlar.

Barcha siyrat kitoblarida rivoyat qilinadiki, Alloh taolo Abu Jandalni aziyatlarini aritdi, uni mushriklar qo'lidan qutulishga muvaffaq qildi va uni dengiz sohilida Abu Basir ismli kishi bilan uchrashtirdi. Ikkalalari 70 ga yaqin odam yig'dilar va Qurayshning karvonlariga katta havf tug'dira boshladilar. Ularni yonidan o'tganki karvonni tunab, ichidagilarni o'ldirishdi.  Ular guruhlariga Makkadan odamlarni qabul qilishdi. Ularni kelganini eshitgan ko'plab arab qabilalari ularga qo'shilishdi, hattoki guruhidagilar soni 300 ga etdi. Va ahdiga vafo qilishni gap sotayotgan Qurayshning o'zi Abu Jandallarni Madinaga chaqirib olishlarini iltimos qilishdi. Abu Basir ko'ksida Nabiy alayhissalomning maktublari bilan vafot etdi. Abu Jandal esa Madinaga qaytdi.  Amvos kunida vafot etguncha o'sha erda Allohning yo'lida jihodda bo'ldi.

 

 

“Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi mudiri F.Homidov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumi ishtirokchilariga

07.07.2026   10983   8 min.
Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumi ishtirokchilariga

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Aziz mehmonlar!

O‘zbekistonning qadimiy va mehmondo‘st zaminida ilk bor o‘tkazilayotgan Islom sivilizatsiyasi Xalqaro forumining ochilishi munosabati bilan sizlarni samimiy tabriklayman.

Dunyoning qirqdan ortiq mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli olimlar, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari, davlat va jamoat arboblari, madaniyat va diniy konfessiyalar namoyandalari ishtirok etayotgan ushbu anjumanning O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotgani chuqur tarixiy va ramziy ma’noga ega. Bu yirik xalqaro tadbir jahon hamjamiyatining islom sivilizatsiyasiga, uning boy ma’naviy, ilmiy va madaniy merosiga qiziqish va e’tibori ortib borayotganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda dunyo chuqur va shiddatli o‘zgarishlar davrini boshidan kechirmoqda. Insoniyat fan va texnologiyalar sohasida mislsiz yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda, ayni vaqtda jiddiy sinov va muammolarga ham duch kelmoqda: mojarolar va o‘zaro ishonchsizlik kuchaymoqda, buzg‘unchi mafkuralar, toqatsizlik, ekstremizm, islomofobiya ko‘rinishlari keng tarqalmoqda. Madaniyatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni bir-biriga qarshi qo‘yish, turli xalqlarning urf-odat va an’analari o‘rtasida ziddiyat keltirib chiqarishga urinishlar avj olmoqda.

Bunday murakkab vaziyatda azaldan bashariyatning tinch-totuv hayoti, hamjihatlik va ma’rifatga intilishi, tadrijiy rivojlanishi uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilib kelgan ezgu tushunchalar, jumladan, islomiy qadriyatlar alohida ahamiyat kasb etadi. Barchamizga ayonki, bu qadriyatlar asrlar davomida ilmiy taraqqiyot, madaniy yuksalish va ma’naviy kamolotning qudratli manbai sifatida jahon tafakkuri rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va umuminsoniy merosning ajralmas qismiga aylangan.

Shu ma’noda, 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan O‘zbekiston ilgari surgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” degan konseptual g‘oya oddiy, ammo o‘zgarmas bir haqiqatni tasdiqlaydi: bugungi notinch va tahlikali dunyoda faqat ilm-fan, ta’lim va tarbiya, madaniyat va yuksak axloqiy qadriyatlargina yer yuzida tinchlik, o‘zaro tushunish, ijtimoiy hamjihatlik va barqaror rivojlanish uchun ishonchli poydevor bo‘la oladi.

Muqaddas islom dinimiz insonni aziz va mukarram bilib, haqiqatni izlashga, ilm-ma’rifatga intilish, ilmiy kashfiyotlar qilishga, bunyodkor mehnatga, ta’lim, san’at va madaniyatni rivojlantirishga ilhomlantirib keladi.

Butun insoniyatning umumiy boyligi bo‘lgan bu noyob merosda mintaqamizning ham munosib hissasi bor. Ushbu bepoyon hudud jahon ilm-fani, ma’rifat va ma’naviyatining e’tirof etilgan yirik markazlaridan hisoblanadi. Ana shu muborak zaminda asrlar davomida matematika, astronomiya, geodeziya, tibbiyot, kimyo, tarix, falsafa, kalom, hadisshunoslik va boshqa ko‘plab ilm sohalari yuksak taraqqiy etgan. Xususan, ulug‘ vatandoshlarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy singari mumtoz allomalarning bebaho merosi jahon tafakkur xazinasidan munosib o‘rin egallaydi.

Yurtimiz tarixida amalga oshirilgan, Birinchi va Ikkinchi Renessans deb nom olgan buyuk yuksalish davrlarida erishilgan noyob ilmiy-madaniy yutuqlar hozirgi kunda ham insoniyatni yangi marralar sari ruhlantirib kelmoqda. Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan hamkorlikda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidan qat’iyat bilan bormoqda.

Biz bu yangi Uyg‘onish davrini ilm-fan, innovatsiyalar, zamonaviy ta’lim, jamiyatning ma’naviy-intellektual o‘sishi, boy tarixiy merosimizga chuqur hurmat va har bir insonning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga asoslangan yangi taraqqiyot bosqichi sifatida ko‘ramiz.

Shu bois, mamlakatimizda islom sivilizatsiyasining boy va betakror merosini qayta tiklash, asrab-avaylash, o‘rganish va keng targ‘ib qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu tizimli ishlar, avvalo, islom merosini chuqur tadqiq etish, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, fundamental ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu jarayonda islom sivilizatsiyasining buyuk namoyandalari hayoti va faoliyati bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar hamda tarixiy-madaniy majmualarni qayta tiklash va obodonlashtirish bo‘yicha misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, Samarqand viloyatida buyuk muhaddis Imom Buxoriy memorial majmuasining qaytadan barpo etilishi nafaqat mamlakatimiz, balki butun musulmon olamida eng yirik ma’naviy, ilmiy va ma’rifiy markazlardan biri sifatida e’tirof etilayotgani bizni albatta quvontiradi. Azaldan buyuk sivilizatsiyalar, madaniyat va dinlar tutashgan O‘zbekiston zamini bugungi kunda ham turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari tinchlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik muhitida yashaydigan ezgulik diyoriga aylanib bormoqda. Ana shu ochiqlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik an’analari davlat siyosatimizning asosiy tamoyillarini tashkil etib, mamlakatimizning xalqaro gumanitar hamkorlik, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash yo‘lidagi intilishlarining mazmun-mohiyatini belgilab bermoqda.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Muqaddas Qur’oni karimning “Iqro!” ya’ni “O‘qi!” degan abadiy da’vati dunyodagi barcha ezgu niyatli kishilarning bugungi va kelajak avlodlar baxt-saodatini ko‘zlab amalga oshirayotgan olijanob harakatlari uchun yo‘lchi yulduz vazifasini bajaradi. Oradan necha asrlar o‘tganiga qaramasdan, ushbu ilohiy chorlovning teran ma’no-mazmuni o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Aksincha, jadal o‘zgarishlar va texnologiyalar mislsiz sur’atlarda rivojlanayotgan hozirgi davrda bu chaqiriq yanada baralla yangrab, aynan ilm-ma’rifat, ma’naviy va intellektual taraqqiyot jamiyat ravnaqining hal qiluvchi kuchi ekanini butun bashariyatga eslatib turibdi.

Bu muborak kalom O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy darvozasi peshtoqiga bitilgan bo‘lib, uning oliy maqsadini – islom sivilizatsiyasining bebaho merosini asrash va chuqur o‘rganish, shu asosda dunyo xalqlari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashdek ulug‘ missiyasini aniq belgilab beradi. Biz uchun mazkur Markaz xalqimizning tarixiy xotirasi ramzi, buyuk ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan chuqur ehtirom ifodasi, ayni paytda Yangi O‘zbekistonning kelajakka qaratilgan shiddatli intilishining yorqin timsolidir.

Shu bilan birga, u ochiq intellektual makon bo‘lib, o‘z hayotini ilm-fanni rivojlantirish, umuminsoniy qadriyatlarni asrash va kelgusi nasllarga bezavol yetkazishga bag‘ishlagan dunyodagi barcha ma’rifatparvar insonlarni, olim va tadqiqotchilar, diniy arboblar va mutaxassislarni birlashtirishga xizmat qiladi.

E’tiborlisi shundaki, Markaz qisqa vaqt ichida o‘tmish bilan kelajakni, Sharq bilan G‘arbni, qadim an’analar bilan zamonaviy ilmiy yutuqlarni o‘zaro bog‘laydigan intellektual ko‘prikka aylandi. Shu bois, biz Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumini turli davlatlar va xalqaro tashkilotlar, ilmiy markazlar, universitetlar va muzeylar, kutubxonalar va tadqiqot institutlarining intellektual salohiyatini birlashtiruvchi global hamkorlikning yangi bosqichi deb baholaymiz va bu borada qo‘shma harakatlar dasturi qabul qilinishiga umid bildiramiz.

O‘zbekiston xalqaro hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyiha va tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor. Buning uchun Islom sivilizatsiyasi markazida fundamental ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro forum va konferensiyalar tashkil etish, qo‘shma nashrlar tayyorlash, ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda jahonning yetakchi ilmiy va madaniy markazlari bilan keng ko‘lamli gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Biz ilm va ma’rifat zamonamizning eng buyuk birlashtiruvchi kuchi ekaniga, uning bunyodkorlik asosi, tinchlik va barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevori bo‘lib qolishiga qat’iy ishonamiz va barchangizni shu ezgu maqsad yo‘lida hamkorlikka chaqiramiz.

Muhtaram do‘stlar!

Sizlar forum doirasida Samarqand va Termiz singari tarixiy shaharlarimizda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan anjumanlarda ishtirok etar ekansiz, yurtimizda diniy-ma’rifiy qadriyatlarni tiklash va asrash, tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash, umuman, Yangi O‘zbekistonni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarimiz bilan yaqindan tanishasiz. Mehnatkash va mehmondo‘st xalqimiz vakillari bilan bo‘ladigan samimiy uchrashuv hamda muloqotlar sizlarni yangi ilmiy tadqiqotlar va badiiy asarlar, madaniy-gumanitar loyihalar yaratishga ilhomlantiradi, deb ishonaman.

Sizlarni yana bir bor chin qalbdan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli faoliyatingizga rivoj, forum ishiga esa muvaffaqiyat tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

MAQOLA