Dinimiz ta'limotiga ko'ra, banda Allohning yagonaligiga, Farishtalariga, muqaddas kitoblariga, barcha Payg'ambarlar Uning elchisi ekaniga, Oxirat kuniga, taqdirning yaxshi va yomoni ham Allohdan ekaniga, o'lgandan keyin Qiyomat kuni qayta tirilishiga imon keltirsa va qat'iylik bilan farzni inkor etmasa hamda haromni halol demasa haqiqiy imonli mo'min hisoblanadi.
Hanafiy mazhabiga ko'ra, imon – Allohning huzuridan Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga kelgan barcha narsalarning haqligiga til bilan iqror bo'lib, qalb bilan tasdiqlashdir. “Til bilan iqror qilish” – “Laa ilaaha illallohu Muhammadur rosululloh”, ya'ni Allohdan o'zga ibodatga sazovor zot yo'q va Muhammad alayhissalom Allohning elchisidir”, degan so'zlarni talaffuz qilishdir. “Qalb bilan tasdiqlash” esa yuqoridagilarning barchasiga qalbda zarracha ham gumon va shubha qoldirmasdan ishonishdir.
Insonning imonini hisob-kitob qilish ulkan mas'uliyat bo'lib, kishining musulmon yoki kofirligini muhokama qilish huquqi har kimga ham berilmagan. Chunki imonning makoni insonning qalbida, qalbning muhokamasi esa bandalarga berilmagan, balki faqatgina Allohning hukmidadir.
Ma'lumki, imonning ziddi “kufr” bo'lib, u “berkitmoq”, “kofir bo'lmoq”, “dinsiz bo'lmoq” kabi ma'nolarni anglatadi. Qalbida umuman imoni bo'lmagan shaxsga esa «kofir» deyiladi.
Bu so'zni ishlatishning yuki o'ta og'ir va oqibati juda xatarli ekanini Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o'zlarining xadislarida alohida ta'kidlaganlar. Imom Buxoriy Ibn Umar va Abu Hurayra roziyallohu anhumolardan rivoyat qilgan hadisda Payg'ambar sollallohu alayhi va sallam: “Agar bir kishi o'z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkalasidan biri o'shanday (ya'ni kofir) bo'ladi”, dedilar.
Bundan kelib chiqadiki, qalbida zarracha imoni bor kishini kufrda ayblaydigan insonning o'zi dindan chiqib, kofir bo'lish xatari vujudga keladi.
Imom A'zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “Agar qalb zulmga moyil bo'lsa, zolimlarni yaxshi ko'radi. Qaysi toifani yaxshi ko'rsa, ular jumlasidan bo'ladi. Agar qalb Haqqa va unga ergashganlarga moyil bo'lsa, ularga do'st bo'ladi. Buning sababi shuki, amal va so'zlarning yuzaga chiqishi qalbga bog'liqdir. Shuning uchun ham, til bilan imon keltirib, qalb bilan imon keltirmagan banda Allohning nazdida mo'min emas va aksincha, qalb bilan imon keltirib, til bilan imon keltirmagan banda Uning nazdida mo'mindir”, deb ta'lim berganlar.
Hijriy 970 yilda vafot etgan Hanafiy mazhabining mashhur ulamolaridan bo'lmish Ibn Najiym rahmatullohi alayh: “Agar bu masalada kofir deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo'lsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak”, deganlar.
Bu bilan bizga ko'p bo'lib ko'ringan to'qson to'qqiz, Yaratganning huzurida hech narsaga arzimas bo'lishi, biz uchun kam bo'lib ko'ringan arzimas bir narsa esa Alloh uchun barcha narsadan ahamiyatli bo'lishi mumkinligini anglatadi.
Shu bilan birga, birgina dalil insonning imoni bor ekanini tasdiqlaydigan bo'lsa, uni musulmonlar safida olib qolish, qolgan musulmonlar zimmasidagi shart va lozim bo'lgan vazifa ekanini ham anglatadi.
Ammo bugungi kunda dinda haddan oshib g'uluvga ketgan toifa va oqimlar bu masalada “mo'min deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsa-yu, kofir deyishlik uchun birgina dalil topilsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib etdilar. Bu esa barcha islomiy mazhablar va ulamolarning tutgan yo'liga mutlaqo teskaridir.
Islom tarixi ekstremistik oqimlar kufr masalasida Islomning mohiyatiga zid da'volar bilan chiqqanidan guvohlik beradi. Hususan, “xavorij yoki xorijiylar” nomi bilan tilga olinadigan toifaning “gunoh ish qilgan mo'minni kofir, fahsh ishni qilgan musulmonni esa dindan chiqqan”, degan iddaosi qirg'in-barot urushlarning kelib chiqishiga va ko'plab musulmonlarning qoni to'kilishiga sabab bo'lgan edi.
Bu esa Ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabiga mutlaqo zid e'tiqoddir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning kufr borasidagi hadislariga e'tibor qaratsak, ularda jumladan bunday deyiladi: “Musulmon bilan kufrning o'rtasida, namozni tark qilish bordir” (Muslim rivoyati), “Kim Allohdan o'zga ila qasam ichsa, batahqiq kofir bo'libdi” (Imom Hokim rivoyati).
Shu kabi hadislarda kelgan masalalar haqida Ahli sunna val jamoa aqidaviy mazhabining yakuniy xulosasi shuki, xadislarda zikr etilgani kabi ishlarga yo'l qo'ygan mo'min qilayotgan ishida qat'iylik bilan farzni inkor etmasa va haromni halol sanamasa, shariat ta'qiqlagan muhokamaga kirishmasa kofir bo'lmaydi, balki o'ta og'ir gunohkor bo'ladi.
Abu Dovud Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uch narsa imonning aslidandir: “Laa ilaaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik. Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz”, dedilar.
Shu erda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh hazratlarining mazkur hadisga bergan sharhilarini keltirish o'rinli bo'ladi: “Kalimai shahodatni aytib, o'zining musulmonligini bildirib turgan kishiga tegmaslik, uning joniga, moliga zarar etkazmaslik zarur. Zohirida musulmon bo'lib ko'rinib, Islomning zohiriy amallarini qilayotganlar bilan musulmoncha muomala qilinaveradi. Kishilarning ichki sirlari va hisob-kitoblari Allohning O'ziga havola! “Laa ilaaha illallohu”ni aytib, zohirida musulmon bo'lib ko'ringan odamni qilgan gunoh ishi tufayli kofirga chiqarmaymiz. U kofir emas, osiy mo'min bo'ladi. Kalimai tavhidni aytib, Islomni zohiridan ko'rsatib turgan odamni amali tufayli Islom dini, Islom millatidan chiqarmaymiz. Bunday odamlarga amaliga yarasha tayin qilingan shar'iy jazo beriladi. E'tiqodi buzilmasa, Islomdan chiqqan hisoblanmaydi. Umumiy qoida - shu!”
Bugungi kunda yo'l qo'yilayotgan katta xatolardan biri, kufr haqidagi umumiy fatvoni yakka shaxslarga tatbiq qilinayotganidir. Masalan, ulamolar “falon toifaga mansub kishilar kofir bo'ladi”, degan fatvoni chiqarganlar. Bu esa mazkur toifaga mansub kishilarning har biri kofir, degani ham emas. Kufr fatvosini yakka shaxslarga nisbatan berishdan avval, u haqida so'rab surishtirib, aniqlik kiritib, shaxsan bahs olib borib, uning kufrda ekanini isbotlagach, bo'yniga qo'yish lozim bo'ladi.
Aqiyda ilmi ulamolari: “Ba'zi bir gap kufr bo'lishi mumkin. O'sha gapni aytgan kofir bo'ladi, degan hukm ham chiqishi mumkin. Ammo mazkur gapni aytgan muayyan shaxsni, hujjat va dalil bilan tasdiqlanmaguncha, kofir deb hukm chiqarilmaydi”, deb hukm berganlar.
Qur'oni karimning “Niso” surasining 10-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, etimlarning molini zulm ila eganlar, qorinlariga olovni egan bo'lurlar. Va, shubhasiz, do'zaxga kirurlar”. Ushbu oyati karimadagi qo'rqitish, shunga o'xshash boshqa oyatlarda ham borligi haqdir. Ammo mana shu oyatga binoan, aniq bir shaxsga kelganda, bu odam, albatta, do'zaxga tushadi, degan qat'iy hukmni aytib bo'lmaydi.
Ahli qibla bo'lgan bir kishining bu kabi holatlarda do'zaxga kirishiga dab-durustdan guvohlik berish mutlaqo bilim va saviyasizlikdir. Chunki u mazkur oyat ma'nosi va hukmini bilmasligi mumkin. Bilgach esa gunohidan tavba qilishi, shu gunohni yuvadigan savob ishlarni amalga oshirishi, Qiyomat kunida Shafoatchining shafoatidan bahramand bo'lishi yoki boshqa imkoniyatlardan foydalanib jannatga kirish ehtimoli mavjud. Bularni mutlaqo e'tibordan qoldirish mumkin emas!
Bir odamning kufr gapni aytgani sabab qozining huzuriga keltirilsa, qozi guvohlarning da'volaridagi masala – kufr gapni aytgani haqida so'raydi. Agar aytganidan tonsa, qo'yib yuboriladi. Chunki gapdan tonishning o'zi tavba hisoblanadi.
Agar aybdor men bu gapning kufr ekanini bilmasdim, desa unga tushuntiriladi. Bundan keyin hushyor bo'lishni uqtirilib, bu holatda qo'yib yuboriladi.
Ammo o'sha odam, men bu gapni bilib aytdim, dinimdan qaytdim, desa, uni tavba qilishga chaqiriladi hamda tavba qilguniga qadar qamab qo'yiladi.
Hulosa shundan iboratki, kufr gapni ochiq aytgan va tan olib turgan odamga Islomning muomalasi shu bo'lgach, imoni bor ekanini tasdiqlayotgan va Islomga imkon qadar amal qilayotganlarni turli bahona va asossiz sabablar tufayli kofirga chiqarish va ularga turli ko'rinishdagi zulmni ravo ko'rish bizningi aqiydamizga mutlaqo to'g'ri kelmaydi.
Shunday ekan, musulmonning imonini muhokama qilishga o'ta xushyor bo'lishimiz lozim.
Manbalar asosida
Akmalxon Ahmedov tayyorladi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman diniy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy-tadqiqot ishlari ko‘lamini kengaytirish va sohaga ilg‘or pedagogik yondashuvlarni tatbiq etish va zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashda yo‘lidagi salmoqli amaliy qadam bo‘ldi.
Tadbirlar davomida sohaga oid ilmiy ma’ruzalar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi hamda ilmiy-tadqiqot sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyot, diniy ta’limda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va ilmmetriya masalalariga bag‘ishlangan mahorat darslari ham o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar tizimda zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, dars jarayonlarida yangicha uslublarni qo‘llash hamda soha vakillarining kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, anjuman doirasida oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining muhtaram Prezidentimizga yo‘llagan Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
Unda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, milliy va diniy qadriyatlarimizni tiklash hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish va diniy ta’limni rivojlantirish borasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy islom instituti kabi diniy ta’lim maskanlari, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband kabi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilishi yurtimizda ma’rifat ahli uchun keng imkoniyatlar ochgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, pedagoglar ushbu yuksak e’tibor va shart-sharoitlar uchun Davlatimiz Rahbariga minnatdorlik bildirib, bunga javoban yoshlarni Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Islom dinining asl insonparvarlik g‘oyalarini o‘zlashtirgan va sohada yetuk kadrlarni tayyorlashini ta’kidladilar.
Bo‘lib o‘tgan anjuman diniy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish hamda sohada yuqori malakali, zamon bilan hamnafas mutaxassislarni tayyorlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati