Alloh taolo jamiyatning buzilishiga olib keladigan zinoni va unga olib boruvchi barcha narsalarni harom qilgan. Isro surasida bunday marhamat qilgan: «Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fohisha ish va yomon yo'ldir» (Isro surasi, 32-oyat).
Oyatda «zinoga yaqinlashmanglar», deyilmoqda. Bu “zino qilmanglar” deganidan ko'ra qattiqroqdir. Mo'min-musulmon odam zino qilish tugul, uning yaqiniga ham yo'lamasligi, zinoga olib boruvchi narsalardan uzoqda bo'lishi lozim.
Ma'lumki, Islom biror narsani harom qilsa, unga etkazuvchi yo'lni ham to'sadi va uni taqozo etuvchi barcha vositalarni harom deb e'lon qiladi. Demak, zino va unga bog'liq bo'lgan fahshning har qanday ko'rinishi mutlaqo haromdir! Zinoning haromligini Alloh zinodan uzoqda bo'luvchilarni madh qilganidan ham bilib olish mumkin.
Alloh aytadi: «Batahqiq, mo'minlar najot topdilar. Ular namozlarida xushu' qiluvchilardir. Ular behuda narsalardan yuz o'girguvchilardir. Ular zakotni ado qilguvchilardir. Ular farjlarini saqlovchilardir. Magar o'z jufti halollari va qo'llarida mulk bo'lganlardan (saqlamaslar), albatta, ular malomat qilinuvchi emasdirlar. Kim ana shundan boshqani talab qilsa, bas, ana o'shalar tajovuzkorlardir » (Mo''minun surasi, 1–7-oyatlar).
“Ommaviy madaniyat” ta'sirida yosh yigit-qizlar behayolarcha kiyinishmoqda. Yigitlar o'zlariga yarashmaydigan darajada kiyim kiyishlari, tashqi ko'rinishlarini o'zgartirib yurishlari yoki har xil xunuk uslubda soch qo'yishlari, ba'zi yigitlar esa sochlarini turmaklab olib, bir parcha matoni boshiga o'rab olganiga guvohi bo'lasiz. Hatto ba'zi yigitlar qulog'iga zirak taqib olmoqdalar.
Shuningdek, hozirgi paytda ba'zi qiz-juvonlar yarimyalang'och holda engi va etagi kalta, ko'ksi ochiq kiyimlar, gavda va a'zolarini “ko'z-ko'z” qilib turuvchi tor va yupqa ko'ylaklar kiyib, eng achinarlisi, kindik va boldirlarini ochib, ko'chada bemalol uyalmay yuribdilar. Ba'zilari tashqi ko'rinishlarini o'zgartirib, burunlariga zirakcha taqib olyaptilar. Millatning zabardast o'g'lonlari va iboli qizlarini yo'qotib borayotganimizni anglab etaylik.
Albatta, bugungi kunda bir jinslilarning nikohlanishi yoki jinsini o'zgartirish kabi qabih illatlar ham “ommaviy madaniyat”ning eng yomon ko'rinishlaridan biri ekanini unutmaylik.
Tarixda mazkur ishlarni qilgan qavmlar qattiq azobga duchor bo'lishgan. Lut alayhissalom qavmi shunday ishlarga mukkasidan ketgan edi. Lut alayhissalom har qancha bu ishni qilmaslikka chorlasa ham, fahsh ishlari ko'paysa ko'payadiki, kamaymaydi.
Shunda Alloh tomonidan ikki azob farishtasi yuboriladi. Lut alayhissalom va bir necha imonli insonlarga shahardan ortlariga qaramay chiqib ketish buyuriladi. Ular chiqib ketayotganlarida shaharni dahshatli chinqiriq tutadi. Hamma joy ostin-ustin etiladi. Birorta tirik jon qolmaydi. U er tekis maydonga aylanadi. Qavm Allohning azobiga giriftor bo'ladi.
Hulosa shuki, o'sib kelayotgan yosh farzandlarimiz imon-e'tiqodli, diyonatli, or- nomusli, hayoli bo'lishi hamda dini, Vatani, ota-onasi, oilasi va xalqiga munosib xizmat qilishi uchun ularni islomiy ruhda tarbiya qilishimiz juda muhim. Albatta, musulmon erkak va ayollar kiyinishda, yurish-turishda, muomalada hamisha hayoli bo'lishi va iffatini asrashi lozim. Bu esa go'zal islomiy odoblardan sanalib, ularga amal qilish har bir musulmon kishidan talab etiladi.
Bo'ston tumani “Yunusobod” jome masjidi imom-xatibi
Umidjon USMONOV tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2020 yil 12-sonidan
O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.
«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.
Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.
Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.
O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.
Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.
Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.
Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati