Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Bugun sizlar bilan juda ham dolzarb va muhim bo'lgan bir mavzu haqida suhbatlashmoqchimiz. U ham bo'lsa, folbinlik, munajjimlik va sehrgarlik haqidadir. Bu narsalar ayni damda butun dunyoning eng katta muammosi, to'g'rirog'i musibatiga aylangan, balvoi omma bo'lgan masalalardan biridir, desak sira yanglishmagan bo'lamiz.
Folbinlar, kohinlar, munajjimu sehrgarlar kabi g'ayb ilmining da'vogarlari qancha-qancha odamlarni to'g'ri yo'ldan adashtirib, do'zax sari boshlab borayaptilar. Jaholat, ilmsizlik, musaffo dinimiz ta'limotlaridan bexabarlik zaminida ularning bozori chaqqon bo'lib borayapti.
Parvardigori olam o'zining ilmi azaliysi bilan qiyomatga qadar va undan keyin ham bo'ladigan hamma voqea va hodisalarni oldindan biladi. Lekin, O'zining hikmati bilan bandalarini imtihon qilish uchun g'aybiy ishlarni va kelajakda bo'ladigan voqealarni sir tutadi. Islom aqidasidek ochiq, aniq va ravshan aqidani anglamaslik har bir inson, har bir jamiyat uchun juda ham ofatdir.
Bugungi kunda Folbinlik va g'ayb ilmini bilishga da'vogarlik shu qadar keng rivoj olganki, zamona rivojlanishi bilan folbinlik ham o'zining eski to'nini echib, yangi-yangi qiyofaga kirmoqda. Endi ular o'zlarining polvun, kohin yoki afsungar kabi xunuk va qo'rqinchli nomlarini tashlab “ekstrasens”, “paranormal holatlar bo'yicha mutaxassis”, “ekzortsist” va “noyob qobiliyat sohibi” kabi bir-biridan chiroyli, beozor va hatto balandparvoz nomlarga ega bo'lishmoqda. Ommaviy axborot nashrlari ham munajjimlar bashoratiga alohida e'tibor qaratib, odamlarning yulduziga qarab fol ochish bilan ovora. Dunyoviy va texnik jihadan rivojlangan g'arb olami ham bugun mana shunday folbinu sehrgarlar tuzog'iga ilingan bo'lib, ulardagi deyarli barcha mashhurlar, puldorlar va hokazolar o'zlarining aksar muhim ishlarini yuqoridagidek beozor nomlar ostida faoliyat yurituvchi shaxsiy folbinlari maslahati bilan rejalashtiradilar.
Islom ta'limotiga butkul begona bo'lgan g'arb dunyosiniku, qo'ya turaylik o'zimizda ham musulmonlikni da'vo qila turib, hali hanuz o'z taqdirini folbinning gapiga bog'laydigan, birovga hasad qilsa. sehrgarga borib “issiq-sovuq” qildiradigan gumroh kishilar ko'plab topiladi.
Folbinu, sehrgar, munajjimu kohin, bularning bari bir go'r. Chunki, mazkurlarning hammasi Alloh taolo qat'iy ta'qiqlagan ishlar bilan shug'ullanadi. Jinlarga shogird tushib, birovlarni sehr qiladi, Allohdan bo'lak hech kim bilmaydigan g'ayb ilmini da'vo qiladi.
Alloh taolo O'zi yaratgan barcha mavjudot va maxluqotning holatini, g'aybiy narsalarini yolg'iz O'zi biladi. Kelajakni ham, insonlarning taqdirini ham faqat Alloh biladi. Bu narsa Qur'oni karimda ko'p bora takrorlangan. Buyuk Parvardigor g'ayb sirlaridan hech kimni, farishtalar, jinlar, hatto do'stlarini (valiylarni) ham xabardor etmaydi. Bu haqda Qur'oni karimda bunday marhamat etiladi:
وعنده مفاتح الغيب لا يعلمها إلا هو ويعلم ما في البر والبحر وما تسقط من ورقة إلا يعلمها ولا حبة في ظلمات الأرض ولا رطب ولا يابس إلا في كتاب مبين
ya'ni: “G'ayb (yashirin sirlar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o'zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa'ri)dagi urug' bo'lmasin, ho'lu quruq bo'lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir” (An'om surasi, 59-oyat).
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “G'aybni Alloh taolodan o'zga hech kim bilmaydi”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati). Rivoyatlarda kelishicha, jin va shaytonlar osmondan farishtalarning so'zlarini o'g'irlab, keyin bu xabarlarni Yerdagi insonlarning shaytonlariga, ya'ni turli usullar bilan fol ochib, g'aybni bilishni da'vo qiluvchi folbinlar, shayton va jinlar bilan aloqaga kirishib, ular yordamida kelajakni bilish da'vosidagi kohinlar va yulduzlarga qarab fol ochuvchi rammollarga uzoq-yuluq holda etkazar ekan.
O'tmishda insonlarning shaytonlari esa bu bilan g'aybiy (yashirin) narsalarni bilish, kishilarning kelajak taqdirini ayta olish da'vosi bilan ularni aldab, qo'rqitib, boylik orttirgan. Insonlar va jinlarning g'ayb ilmini, sirlarni bilish haqidagi da'volari yolg'ondan boshqa narsa emas! Shunday bo'lgach, hozirgi ayrim munajjim, kohin, folbin, «bashoratchi»larning g'aybni bilish da'volari, aldamchilikdan boshqa narsa emas!..
Shu o'rinda «G'ayb» kalimasiga ham to'xtab o'tsak. G'ayb ikki turli bo'ladi: 1) Kelajakda bo'ladigan barcha ishlarga bog'liq g'ayb. 2) Bo'lib o'tgan narsalarga bog'liq g'ayb. Birinchi turdagi g'aybning ilmi faqat Allohgagina xos. Ammo ikkinchi turdagi g'aybni boshqalar ham biladi. Bu g'ayb nisbiydir. Masalan: bir kishi 10 ming so'm pul yo'qotdi, bu pul egasidan g'oyib bo'ldi. Bu pulni kimdir topib oldi, yoki uning qayerda turganini ko'rib-bildi. Bu pulning qayerdaligi egasiga nisbatan g'ayb, ammo uning o'rnini bilgan odamga nisbatan g'ayb emas. Demak, folbinga borib, yo'qolgan narsa haqida so'ralsa, u javob bersa va javobi to'g'ri chiqsa, bundan ajablanishga hojat yo'q, chunki u yo'qolgan narsani o'zi bilan birga ishlaydigan jindan so'rab bilishi mumkin. U jin darhol o'zi va boshqa sheriklari bilan u narsani izlashga tushadi, yoki narsaning o'rnidan birortasi xabardor bo'ladi, u kelib folbinga xabar beradi. Ko'p hollarda ular ham yo'qolgan narsani topolmaydilar.
Shuni alohida ta'kidlash kerak, Islom shariati bunday nomaqbul, harom ishlardan musulmonlarni qat'iy qaytaradi. Alloh taolo bunday marhamat etadi:
وما ذبح عاى النصب وأن تستقسموا بالأزلام ذلكم فسق
ya'ni: “...Yana, but-sanamlarga atab so'yilgan hayvonlar (go'shti) va fol cho'plaridan qismatingizni istashingiz (ham harom qilindi)...” (Moida surasi, 3-oyat).
Alloh azza va jalla marhamat qiladi:
يا أيها الذين آمنوا إنما الخمر والميسر والأنصاب والأزلام رجس من عمل الشيطان
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho'plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Moida surasi, 90-oyat).
Alloh taolo bandalarini Allohning g'aybiy narsalarini bilishni da'vo qiluvchi folbin, kohin, rammollar fitnasiga uchmaslikka chaqirish bilan birga bu kabi odamlarning shaytonlariga oxiratda alamli azoblar tayyorlab qo'ygani xabarini beradi:
ولقد زيننا السماء الدنيا بمصابيح وجعلناها رجوما للشياطين وأعتدنا لهم عذاب السعير وللذين كفروا بربهم عذاب جهنم وبئس المصير
ya'ni: “... va ularni shaytonlarga otiladigan toshlar qilib qo'ydik. Yana ular (shaytonlar) uchun (oxiratda) do'zax azobini ham tayyorlab qo'ygandirmiz. Parvardigorlariga kofir bo'lgan kimsalar uchun jahannam azobi bordir. Naqadar yomon oqibat bu!” (Mulk surasi, 5-6-oyatlar).
“Nasafiy tafsiri”da bunday deyilgan: “Fol cho'plari bilan taqdirni aniqlash odati Islomdan oldin, johiliyat paytida odat bo'lgan. Bunda fol cho'plaridan biriga “Rabbim menga buyurdi”, ikkinchisiga “qaytardi”, uchinchisiga esa “yopiq” deb yozuv qo'yib, safarga, jangga, tijoratga, sovchilikka chiqish oldidan qur'a tashlangan. Birinchi yozuvli cho'p chiqsa, o'sha ishga borishgan, ikkinchisi chiqsa borishmagan, uchinchisi chiqsa qaytadan qur'a tashlashgan. Bu narsa qismatni aniqlash bo'lgani uchun Islom shariati tomonidan taqiqlangan”.
G'aybni bilish da'vosidagi qoralangan ilm «folbinlik» deb ataladi. Folbinlikning «kohinlik», «ilmul-raml», «munajjimlik», «arroflik» kabi boshqa nomlari ham bor. Folbinlik Qur'oni karim hukmi bilan harom qilingan va shar'an qoralangan ishlardandir. Folbin, kohinning g'aybdan bergan xabarini tasdiqlash oyati karima va hadisi sharifga asosan kufrdir.
Hazrati payg'ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam marhamat qilib bunday deganlar:
من أتى كاهنا فصدقه بما يقول لم تقبل له صلاة أربعين ليلة (رواه مسلم)
ya'ni: “Kimki bir folbin huzuriga borib biror narsa haqida so'rasa keyin folbin bergan javobga ishonsa, o'sha kishining qirq kun o'qigan namozi qabul bo'lmaydi”.
Oisha roziyallohu anho aytdilar: «Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan folbinlar haqida so'rashdi. U zot roziyallohu anuo:
- «Ular haq emaslar», dedilar.Ular:
- «Yo Rasululloh, ular gohida shunday gaplarni aytadilarki, u haq bo'lib chiqadi», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday javob berdilar:
- «Bu haq kalimani jin o'g'irlab (o'g'rincha bilib) oladi-da uni do'sti (folbin)ning qulogiga quyadi. Folbinlar esa unga yuzta yolg'onni aralashtirib yuboradilar». (Muttafaqun alayh).
Oishadan roziyallohu anhodan rivoyat: Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Farishtalar bulutga tushadilar va osmonda hukm qilingan ishni zikr qiladilar. Shayton o'g'rincha quloq tutib, eshitib oladi-da, uni folbinlarga «vahiy» qiladi (uqtiradi). Ular esa unga o'zlaridan yuzta yolg'on qo'shib, yolg'on gapiradilar» (Buxoriy rivoyati).
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimki yulduzlar ilmidan (munajjimlikdan) bironta ilmni egallasa, sehrning bir bo'lagini o'g'irlagan bo'ladi. U ziyoda bo'lgan sayin bu ham ziyoda bo'laveradi» (Abu Dovud rivoyati).
Zayd ibn Holid Juhaniy (roziyallohu anhu) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biz bilan bomdod namozi o'qidilar. Tuni bilan yomg'ir yog'ib chiqqan edi. Namozni o'qib bo'lgach, odamlarga yuzlanib: «Rabbingiz nima deganini bilasizlarmi?» dedilar. Ular: «Allohning Rasuli bilguvchiroq», deb javob berishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «U zot aytdiki: «Bandalarimdan ayrimlari menga iymon keltirib, ayrimlari kufr keltirib tong ottirdi. Kimki: «Allohning fazli va rahmati ila bizga yomg'ir yog'di», desa u Menga iymon keltirib yulduzlarga kufr keltiribdi. Ammo kimki: «Bu va bu xodisalar (shamol, bulut) bo'lib bizga yomg'ir yog'di», desa, u Menga kufr keltirib, yulduzlar (osmon jismlari)ga iymon keltiribdi» (Muttafaqun alayh).
Ulamolar aytadilarki: «Agar bir musulmon: «Falon hodisa bo'lib yomg'ir yog'di», desa va bu gapini shu hodisa, masalan havo bulut bo'lishining o'zi yomg'irni paydo qiladi, vujudga keltiradi va yomg'ir yog'averadi, degan ma'noda aytgan bo'lsa, u shubhasiz, murtad bo'lib kofirga aylanadi.
Agar bu gapni shu hodisa yomg'ir yog'ishining alomati, odatda shu hodisa bo'lganda yomg'ir yog'adi, biroq yomg'irning yaratuvchisi Alloh taolo va u Allohning fazli ila yog'adi, degan ma'noda gapirgan bo'lsa, kofir bo'lmaydi.
Ming afsuslar bo'lsinki, hozirgi paytda boshiga biror tashvish tushgan yoki biror narsasini yo'qotgan ayrim kishilar darrov folbin huzuriga borib, fol ochtirishga, «issiq-sovuq» qildirishga, uning aytganlarini bajarishga o'rganib qolishgan. Hozirgi kunda keng tarqalgan kitobga, qartaga, suvga va boshqa narsalarga qarab fol ochish, shuningdek yulduzlarga qarab kelajakni bilishni da'vo qilish kabilarning barcha-barchasi musaffo shariatimiz tomonidan ta'qiqlangan noshar'iy amallardan sanaladi.
Mustahkam va ravshan aqida bo'lmagandan keyin turli bid'at, xurofot, afsona, safsatalarga ham ishonib ketaverish kuzatiladi. Oqibatda bitmas-tuganmas musibatlarga duchor bo'linadi.
Folbinlarning oldiga borgan kishilar turli maqsad bilan borishadi, ularning aksari o'z kelajaklarini bilishga qiziqadilar. Ammo oddiy bir farosat bilan o'ylab ko'rishmaydiki, borayotgan joylarida o'tirgan odam xuddi o'zlari kabi bir odam. Agar folbin bo'lib, kelajakni bilsa, nima uchun turli konlarni topib, lotoreyalarni o'ynab boyib ketmagan? Nima uchun kambag'al va xor bo'lib yashamoqda? Faybni biladigan odamga yarashadimi bu holat?!..
Holbuki, hamma folbinlik va sehrgarlik balosiga giriftor bo'lganlarni o'ta xor, befayz va ivirsiq bir muhitda yashayotganiga guvoh bo'lamiz. Lekin qizig'i shundaki, sodda va johil odamlar ana shunday tuban kimsalarning eshigidan najot, baxt va saodat izlaydilar. Mana shu musibatlarning asl ildizi ilmsizlik va e'tiqodning sustligida. Mo'min kishi boshiga musibat etganda sabr qiladi. Bu narsa Allohdan ekanini biladi. Va Allohga yanada kuchliroq tazarru' bilan sig'inib, musibatiga kushoyish, g'amanduhiga yupanch izlaydi. Mo'min kishi kasal bo'lsa, darrov azayimxonga yugurmasdan shariat ruxsat bergan tibbiy vositalar bilan davolanadi. O'ziga o'zi Qur'on oyatlarini o'qib dam soladi. Va Hokazo...
Hozirgi kunda turli duoxon va azayimxonlarga borish ham xatarli bo'lib qolgan. Chunki, ularning ko'pi shariatda vorid bo'lmagan allaqanday shubhali duolar va qasidalar bilan dam soladilar.
Islom ulamolari sehrgar shak-shubhasiz, kofir bo'ladi, degan hukmni o'qishgan. Bunga hujjat sifatida quyidagi oyat keltiriladi:
وما كفر سليمان ولكن الشياطين كفروا يعلمون الناس السحر
«Balki odamlarga sehr o'rgatadigan shaytonlar kofir edilar» (Baqara surasi, 102).
Sehr, ya'ni ko'zbo'yamachilik, “issiq-sovuq” qilishlar harom va katta gunohdir. Sehr qilgani uchun olinadigan haq ham, shariatda taqiqlangan ishni qilgani uchun, harom. La'nati shaytonning odamlarga (faqat zarar keltiradigan) sehrni o'rgatishdan ko'zlagan birdan-bir maqsadi – ularni mushrikka aylantirish ekani, Alloh taoloning izni bo'lmasa, hech kimga zarar etkaza olmasligi Qur'oni karimda bayon qilingan.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam sehrni etti mashhur halok etuvchi ulkan gunohlar qatorida sanaganlar. Mo'min kishi dunyo va oxiratda pushaymon bo'ladigan ishlardan saqlanmog'i lozim.
Islom shariatida sehrgarning jazosi – o'lim, qatl etmoq. Chunki u Allohga kufr keltirgan yoki shunga yaqinroq, o'xshash ish qilgan bo'ladi.
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halokat qiluvchi gunohlardan saqlaninglar», deb ulardan biri sehr ekanligini bayon qilganlar (Buxoriy, Muslim).
Sehrga aralashib yurgan gumroh kimsalar ishlarida aksariyat qismi shirk va kufr bo'lgan so'zlarni qo'llaydilar. Vaholanki, kimki imon shartlaridan birini rad etsa, kofir bo'ladi. “Issiq-sovuq” Alloh taolo taqdiriga ta'sir etadi, deb e'tiqod qilish shirkdir.
Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) aytadilar: «Folbin – sehrgar, sehrgar esa kofirdir».
Abu Muso (roziyallohu anhu) aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Uch toifa odam jannatga kirmaydi: «Mast qiluvchi narsaga odatlanib qolgan kimsa, qarindosh-uruglar bilan aloqani uzgan kimsa va sehrni tasdiqlovchi kimsa» (Ahmad, Ibn Hibbon, Hokim).
Cehr va sehrgarlik deganda faqatgina bir ishora bilan o'rtadagi devorni yo'q qilib qo'yadigan yoki daryoni orqaga aylantiradigan darajadagi g'aroyib va hayratomuz ishlarni tushunmaslik kerak. Odamlarni bir-biriga issiq-sovuq qiladigan, kimlarnidir kasal bo'lib qolishi uchun nimalargadir dam solib beradigan va shunday yo'llar bilan ularga zarar etkizadigan kimsalar ham ayni sehrgardirlar. Chunki, sehrgar deb , kofir jinlar yordamida mazkur jinoyat amallarni qiladiganlarga ayiladi.
Ba'zi odamlar shu darajada tuban bo'lib ketishganki, o'z dushmanlariga zarar etkazish uchun endi katta katta pullarni to'lab, sehrgarlarga boradigan bo'lganlar.
Duoxonlik, azayimxonlik, dam solish kabi odatlar qadimdan hamma xalqda mavjud. Bu narsalar ichida shar'an ruxsat etilgan va ruxsat etilmaganlari bor. Islom ta'limoti bu ishlardan shariatga zidlarini taqiqlagan, mos keladiganlarini aniqlab bergan. Masalan, duo o'quvchi kasalga yoki boshiga biron tashvish tushgan kishiga oyatlardan o'qib dam solsa, hadislarda kelgan duolardan o'qib shifo tilasa, joiz, balki sunnat. Ammo kufroniy so'zlar, ma'nosiz to'qima duolar o'qib dam solish taqiqlanadi.
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayhi so'ziga ko'ra, ulamolar dam solishning uch sharti borligiga ijmo' qilishgan:
1. Allohning kalomi, ism va sifatlaridan o'qish.
2. Arab tilida yoki boshqa tilda bo'lsa ham, ma'nosi ma'lum va shar'iy bo'lishi.
3. Duo va dam solishning o'zi mustaqil ta'sir qilmaydi, balki Allohning izni va taqdiri bilan ta'sir qiladi, deb e'tiqod qilish.
Demak, oilalarimiz tinch va omon bo'lishi, ayniqsa yangi turmush qurgan yosh kelin-kuyovlar o'zaro muhabbat, ittifoqlik, bir-birlariga mehr-muruvvat ko'rsatib yashashlari, muborak va muqaddas oila qo'rg'onining yanada mustahkam bo'lishi uchun hayotimizda ozmi-ko'pmi uchrab turadigan, ijtimoiy zararli illatlardan bo'lib hisoblanuvchi folbinlarga ishonmaslik va ularga murojaat qilmaslik bo'ladi. Jamiyat a'zolarining hayotlariga salbiy ta'sir ko'rsatuvchi bu illatlardan saqlanish va uzoqda bo'lish barchaning burch va vazifasi ekanligini aslo unutmasligimiz lozim bo'ladi.
Panoh so'raluvchi Zot ham, suyanishga loyiq Zot ham, bandalarining taqdiriniyu kelajagini biladigan Zot ham faqat Alloh taoloning O'zidir. Alloh taolo Islom.uz portali xodimlarini va barchalarimizni O'zidan boshqaga muhtoj qilmasin, Haq yo'lidan, hidoyat yo'lidan adashtirmasin, omin!
Odilxon qori Ismoilov
Shu yil 21-22 aprel kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbusi bilan buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan sohibqiron bobomiz tug‘ilib o‘sgan qadim va navqiron Shahrisabzda “Halol kurash – 2026” respublika musobaqasi o‘tkaziladi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti, viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklari tomonidan o‘tkazilgan tuman-shahar hamda viloyat miqyosidagi saralashlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 60 ga yaqin diniy soha xodimlari o‘zaro bellashadi.
Ayni paytda musobaqa bo‘lib o‘tadigan polvonlar yurti bo‘lgan Qashqadaryo vohasining Shahrisabz tumani Miraki shaharchasida qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilib, ishtirokchilar uchun barcha shart-sharoitlar hozirlangan.
Jumladan, bellashuv maydonlari, mehmonlar istiqomat qiladigan “Miraki Resort” mehmonxonasi, qur’a tashlash tadbiri o‘tkaziladigan zallar har jihatdan tayyor holga keltirilib, musobaqa shukuhini aks ettiruvchi bannerlar o‘rnatilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 2026 yil 7 aprel kuni Prezidentimiz raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qator topshiriqlar belgilab berilgan edi. Mazkur vazifalarga hamohang ravishda tashkil etilayotgan musobaqa va uning doirasidagi tadbirlar jamiyatimiz, xususan, imomlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish barobarida islom ahkomlariga amal qilish, soha xodimlari o‘rtasida birdamlik, o‘zaro hurmat va do‘stlik ruhini kuchaytirishi bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati