Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2026   |   10 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
25 Iyun, 2026, 10 Muharram, 1448

MASJID VA JAMOAT

19.03.2021   3085   4 min.
MASJID VA JAMOAT

- Besh vaqt namozni jamoat bilan o'qish savoblimi yoki tanho o'qish savoblimi?
- Albatta, jamoat bilan o'qish savoblidir. Jamoat bilan o'qilgan namozning savobi yolg'iz o'qilgan namozdan yigirma etti daraja ziyodadir. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) jamoatni tark etgan kishilarga dashnom berar edilar, shu sababdan namozni jamoat bilan o'qish sunnati muakkadadir.

- Jamoat hisoblanishi uchun necha kishi bo'lishi kerak?
- Imomdan boshqa bir kishi bo'lsa, jamoat bo'ladi. Lekin jamoat qancha ko'p bo'lsa, savobi shuncha ziyoda bo'ladi.

- Masjid bo'lmasa ham jamoat bo'ladimi?
- Imom bilan o'qilsa, qaysi erda o'qilsa ham jamoat bo'laveradi.

- Namozni masjidga borib o'qish zarurmi?
- Albatta, g'oyatda zarurdir. Uzr bo'lmagan holda har namozni masjidga borib o'qishga harakat qilmoq kerak.

- Masjidga kirganda va chiqqanda qaysi oyoqni avval qo'yish lozim?
- Masjidga kirganda avval o'ng oyoqni, chiqqanda esa chap oyoqni qo'yish kerak.

- Masjidga kirganda nima deb duo qilinadi?
«Allohumma iftahli abvaba rohmatik», deb duo qilinadi. Ma'nosi: «Ey Alloh, menga rahmating eshiklarini ochgin».

- Masjiddan chiqqanda nima deb duo qilinadi?
«Allohumma inni as'aluka min fazlikal 'azim», deb duo qilinadi. Ma'nosi: «Ey Alloh, albatta men Sendan ulug' fazlingni talab qilaman».

- Masjidga kirganda nima qilmoq kerak?
- Masjidga kirganda sunnat namozini va «Tahiyyatil masjid» (masjid haqiga), deb
nomlangan namozni o'qish lozim.

- Masjid ichida qanday o'tirish kerak?
- G'oyatda odob va tavoze' bilan o'tirish kerak. Dunyoviy hech bir ish qilmaslik, dunyoviy so'zlarni so'zlamaslik, o'ynamaslik va kulmaslik kerak. Aksincha, mumkin qadar zikrda, tasbehda, duoda bo'lish, Qur'on o'qib o'tirish yo nafl namozga mashg'ul bo'lish lozim.
Masjid ichida tuflamaslik va burunni qoqmaslik, masjid Allohga ibodat qiladigan joy, deb g'oyatda sidqidildan e'tiqod qilib o'tirish lozim. Sarimsoqpiyozga o'xshash badbo'y narsalarni eb masjidga kirish makruhdir.

- Imom bomdod namozining farzini o'qiyotganda etishgan kimsa ikki rakat sunnatni o'qiydimi yoki o'qimaydimi?
- Farzning oxirgi rakatiga etishish mumkin bo'lsa, masjidning bir tarafida sunnatni tezroq o'qib, undan so'ngra imomga ergashgan ma'qul. Agar sunnatni o'qigan holda farzning oxirgi rakatiga etishmaydigan bo'lsa, sunnatni o'qimaydi, balki tezlik bilan imomga ergashadi.

- U qolgan ikki rakat sunnatni farzni o'qigandan keyin qazo qiladimi?
- Qazo qilmaydi, qolgan holicha qoladi.

- Imom peshin namozining farziga kirishgan paytda etishgan kishi nima qiladi?
- Tezlik bilan imomga ergashadi, sunnatga mashg'ul bo'lmaydi.

- Farzni o'qigandan so'ng to'rt rakat sunnatni qazo qiladimi?
- Farzdan so'ng o'sha to'rt rakat sunnatni qazo qiladi, keyin ikki rakat o'qiydi.

- Bir kishi masjidga kirib peshin namozining to'rt rakat sunnatini o'qishga kirishganda muazzin iqomat aytib takbir tushirsa va imom farzni o'qishni boshlasa, u kishi nima qiladi?
- Boshlangan namozni ikki rakat qilib salom berib, naflga qoldirib, tezlik bilan imomga ergashadi. Imom bilan farzni o'qigandan so'ng to'rt rakat sunnatni avval qazo sifatida o'qib, so'ng ikki rakatni o'qiydi.

- Peshin namozining to'rt rakat sunnatidan uch rakatini o'qigandan so'ng muazzin iqomat aytsa, nima qiladi?
- U vaqtda to'rt rakatni tamom qilib, imomga ergashadi. Farzdan so'ng to'rt rakat sunnatni qazo qilish lozim emas.

"Ibodati islomiya"dan.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar va ularning oqibatlari

25.06.2026   1402   3 min.
Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar va ularning oqibatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bugungi axborotlashgan jamiyatda internet va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi natijasida ma’lumot almashish jarayoni sezilarli darajada tezlashdi. Shu bilan birga, turli mazmundagi yolg‘on xabarlarning tarqalishi ham kuchaydi. Ayniqsa, diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar jamiyatning ma’naviy muhitiga, diniy bag‘rikenglikka va ijtimoiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar deganda diniy manbalarga asossiz ravishda nisbat berilgan, buzib talqin qilingan yoki haqiqatga mos kelmaydigan ma’lumotlar tushuniladi. Bunday xabarlar ko‘pincha Qur’on oyatlari, hadislar, mashhur ulamolar fikrlari yoki diniy voqealar bilan bog‘liq holda tarqatiladi. Ularning asosiy maqsadi insonlarning diniy hissiyotlariga ta’sir qilish, ma’lum g‘oyalarni targ‘ib etish yoki jamiyatda turli qarama-qarshiliklarni yuzaga keltirishdan iborat bo‘lishi mumkin.

Yolg‘on diniy axborotlarning keng tarqalishiga bir qator omillar sabab bo‘ladi. Avvalo, ayrim fuqarolarning diniy bilimlari va mediasavodxonligi yetarli darajada shakllanmagani tufayli ular har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qiladilar va boshqalarga tarqatadilar. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda axborotning tezkor tarqalishi ham bunday xabarlarning ommalashishiga xizmat qiladi. Ko‘plab foydalanuvchilar ma’lumotning manbasi va ishonchliligini tekshirmasdan uni ulashishga moyil bo‘ladilar.

Diniy mazmundagi yolg‘on xabarlarning eng salbiy oqibatlaridan biri jamiyatda ishonchsizlik muhitining shakllanishidir. Asossiz ma’lumotlar turli ijtimoiy guruhlar o‘rtasida tushunmovchiliklarni keltirib chiqarishi, diniy masalalarda bahs va ziddiyatlarning kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Natijada jamiyatdagi hamjihatlik va o‘zaro hurmat tamoyillari zaiflashadi.

Bunday xabarlar ma’naviy hayotga ham jiddiy zarar yetkazadi. Diniy masalalar bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumotlarni muntazam qabul qilgan insonlarda dinning asl mohiyati haqida xato tasavvurlar shakllanadi. Bunday holat diniy qadriyatlarning noto‘g‘ri tushunilishiga, ayrim hollarda esa mutaassiblik yoki befarqlik kayfiyatlarining yuzaga kelishiga olib keladi.

Yolg‘on diniy axborotlar mafkuraviy xavfsizlik uchun ham muhim tahdid hisoblanadi. Ayrim radikal guruhlar va ekstremistik oqimlar internet orqali soxta diniy ma’lumotlarni tarqatish orqali o‘z tarafdorlarini ko‘paytirishga harakat qiladilar. Ular diniy manbalarni kontekstdan uzib talqin qilish yoki soxta ma’lumotlarni haqiqat sifatida taqdim etish orqali yoshlar ongiga ta’sir ko‘rsatishga urinadilar. Bunday holatlar jamiyat barqarorligiga va fuqarolar xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mazkur muammoning oldini olish uchun, avvalo, aholining mediasavodxonligini oshirish zarur. Fuqarolar axborotni tanqidiy tahlil qilish, uning manbasini tekshirish va ishonchli ma’lumotlarni yolg‘on xabarlardan ajrata olish ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari lozim. Shu bilan birga, diniy bilimlarni faqat ishonchli manbalar va malakali mutaxassislardan olish muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari va diniy-ma’rifiy tashkilotlarning hamkorligi bu boradagi samaradorlikni yanada oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, diniy mazmundagi yolg‘on xabarlar zamonaviy axborot makonining jiddiy muammolaridan biri hisoblanadi. Ular jamiyatning ma’naviy muhitiga, ijtimoiy barqarorligiga va mafkuraviy xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli har bir fuqaro axborotlarni qabul qilish va tarqatishda mas’uliyatli bo‘lishi, diniy masalalarda esa faqat ishonchli manbalarga tayanishi zarur.


Abdulaziz Abduvahidov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

MAQOLA