Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2024   |   24 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2024, 24 Jumadul soni, 1446

KIShI YaHShI KO'RGANI BILAN BIRGADIR

18.03.2021   3640   19 min.
KIShI YaHShI KO'RGANI BILAN BIRGADIR

Qo'shniga yaxshilik qilish

Vasiyatda aytilganidek, agar sho'rva qilsak, suvini ko'proq solib, qo'shniga ham ulashishimiz lozim. Chunki xohlaymizmi-yo'qmi, ovqat pishirsak, hidi albatta qo'shninikiga ham o'tadi. Ovqatdan qo'shniga chiqarsak, u ham shundan bahramand bo'ladi.

Hadisi sharifda: “Kim Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan bo'lsa, qo'shnisiga yaxshilik qilsin” (Imom Muslim rivoyati), deyilgan. Boshqa bir hadisda esa: “Alloh nazdida qo'shnilarning eng yaxshisi qo'shnilariga yaxshilik qiluvchisidir” (Imom Termiziy rivoyati), deyilgan.

Oysha (roziyallohu anho) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Mening ikkita qo'shnim bor. Ularning qay biri menga haqliroq?” deb so'radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Eshigi yaqin bo'lgani”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Oyati karimada qo'shnichilik to'g'risida bunday deyiladi:

﴿۞وَٱعۡبُدُواْ ٱللَّهَ وَلَا تُشۡرِكُواْ بِهِۦ شَيۡ‍ٔٗاۖ وَبِٱلۡوَٰلِدَيۡنِ إِحۡسَٰنٗا وَبِذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡيَتَٰمَىٰ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَٱلۡجَارِ ذِي ٱلۡقُرۡبَىٰ وَٱلۡجَارِ ٱلۡجُنُبِ وَٱلصَّاحِبِ بِٱلۡجَنۢبِ وَٱبۡنِ ٱلسَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتۡ أَيۡمَٰنُكُمۡۗ إِنَّ ٱللَّهَ لَا يُحِبُّ مَن كَانَ مُخۡتَالٗا فَخُورًا٣٦

«Allohga ibodat qiling va Unga hech narsani sherik qilmanglar! Ota-onalarga yaxshilik qilinglar! Shuningdek, qarindoshlar, etimlar, miskinlar, qarindosh qo'shniyu begona qo'shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo'lovchi (musofir)ga va qo'l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qilinglar)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi» (Niso, 36).

Oyati karimada qo'shni mo'min yoki kofir deb ajratilmagan. Shuning uchun mufassirlar kofir qo'shniga ham yaxshilik qilish kerak, deydi.

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Allohga va oxirat kuniga ishonsa, yaxshilikni gapirsin yoki jim tursin. Kim Allohga va oxirat kuniga ishonsa, qo'shnisiga aziyat bermasin”, dedilar.

Hadisda qo'shniga aziyat bermaslik Allohga va qiyomat kuniga imon keltirish bilan yonma-yon kelyapti. Demak, mo'min kishi qiyomat kuniga va Allohning yagonaligiga ishonsa, qo'shnisiga zarar bermasligi, aziyat etkazmasligi kerak.

Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Jabroil (alayhissalom) menga qo'shni haqida shunchalik ko'p vasiyat qildi, qo'shni qo'shnisidan meros olarmikan, deb o'ylab qoldim”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Payg'ambarimiz (alayhissalom): “Allohga qasam, mo'min bo'lolmaydi”, deb uch marta aytdilar. “Kim u, yo Rasululloh?” deb so'rashganida: “Qo'shnisiga yomonlik qilgan kishi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Qo'shnini mo'min yoki g'ayridin deb ajratib bo'lmaydi. Musulmon bo'lmagan qo'shnining ham o'ziga yarasha haqlari borligi ochiq aytilgan.

“Qo'shni uch xil bo'ladi: uchta haqi bo'lgan qo'shni, ikkita haqi bo'lgan qo'shni va bitta haqi bo'lgan qo'shni. Uchta haqi bo'lgan qo'shni – ham qarindosh, ham musulmon qo'shnidir. Uning qarindoshligi tufayli bir haqi, musulmonligi tufayli ikkinchi haqi va qo'shnichiligi sabab uchinchi haqi bor. Ikkita haqi bo'lgan qo'shni – qarindosh bo'lmagan musulmon qo'shni. Uning musulmonligi tufayli bir haqi, qo'shniligi sabab ikkinchi haqi bor. Musulmon bo'lmagan qo'shnida faqat bitta – qo'shnichilik haqi bor” (“Tafsi­ri Qurtubiy”, 5-jild, 184-bet).

“Eshigi eng yaqin bo'lgan qo'shni yaxshilik qilish uchun eng loyiq qo'shnidir” (Imom Buxoriy rivoyati).

“Kim qo'shni deyiladi?” degan savol ham dinimizda javobsiz qolmagan. Bu savolga turlicha javob berilgan.

Ali (karramallohu vajhahu): “Ovozi eshitilib turadiganlar barchasi qo'shnidir”, deydi. Oysha (roziyallohu anho) onamiz har tomondan qirq uyning qo'shni bo'lishini aytgan.

Qurtubiy (rahimahulloh): “Eng yaqin qirqta uy, har tomondan qirqta uy, baqirsa, eshitiladigan masofadagi uylar, bomdod namozini bir masjidda o'qiydigan kishilar, masjidda takbir ovozini eshitgan kishilar qo'shnilardir”, degan (“Tafsiri Qurtu­biy”, 3-jild, 111-b.).

Bu so'zlarning ba'zilari hadislar asosida aytilgan bo'lsa-da, lekin kimlar qo'shni bo'lishi zamon va makonga qarab, o'zgarib turadi. Shunday ekan, bu borada eng yaxshi o'rnak har bir joyning o'ziga yarashadigan yaxshi urf-odatlaridir.

Tarixdan bilamiz, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Oysha onamizga: “Qurbonlik go'shtini tarqatishda avval yahudiy qo'shnimizdan boshla...” deganlar.

Qo'shni deyilsa, hech kim ajratilmaydi, musulmon-g'ayrimusulmon, do'st-dushman, muqim-musofir, yaxshi-yomon, hammasi nazarda tutiladi. Musulmon kishining eng asosiy axloqiy vazifalaridan biri qo'shniga ozor bermasligidir. Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek: “Musulmon tili va qo'li bilan boshqa musulmonlarga ozor bermaydigan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Oilamizdan keyingi eng yaqin ijtimoiy qatlamni qo'shnilar tashkil etadi. Yaxshi-yomon kunlarda qo'shnilar korimizga yaraydi. Mo'min kishi o'zi erishgan ne'matlarni qalbida qo'shnilariga ravo ko'rishi, o'zi yomon ko'rgan narsalarni qo'shnilariga ham ravo ko'rmasligi lozim. Demak, qo'shni qo'shniga aslo zarar bermasligi kerak.

Qo'shni haqlari to'g'risida so'ragan sahobaga Payg'ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kasal bo'lsa, borib ko'r, vafot etsa, janozasida qatnash, qarz so'rasa, ber, qiyin ahvolda bo'lsa, yordam qil. Boshiga musibat tushsa, tasalli ber, uying tomini baland ko'tarib, unga etib turadigan shamol va shabadadan to'sma, pishirgan narsangdan unga ham chiqar!” deganlar.

Hullas, qo'shniga moddiy yoki ma'naviy aziyat berish mumkin emas. Moddiy aziyat uyiga, bog'iga, mol-mulkiga zarar etkazish bilan bo'ladi. Ma'naviy aziyat esa, or-nomusiga, sha'ni va nomiga tajovuz qilish bilan bo'ladi.

Ba'zan “falonchi kishi qo'shnisi bilan murosa qilolmas ekan” degan gaplar quloqqa chalinib qoladi. Bu singari yomon holatlarning oldini olish kerak. Bunday illatlar Islom diniga ham, o'zbekchilikka ham aslo to'g'ri kelmaydi.

Qo'shniga buncha ko'p yaxshilik qilishning nima keragi bor, degan noo'rin savol xayoldan o'tishi mumkin. Yaxshi qo'shni bo'lishning hikmati katta. Qilgan yaxshiliklarimiz sabab qo'shnilar og'irimizga yaraydi. Diniy, hissiy va ma'naviy yaqin qo'shnilar qarindoshlardan ko'ra tezroq yordamga etib keladi.

Yaxshi qo'shnichilik ijtimoiy huzur-halovat va adolatni qaror toptirish hamda osoyishta hayot uchun eng muhim omillardan sanaladi. Qo'shnilar haqlariga rioya etish va ularni hurmat qilish xotirjamlik garovidir.

Mana, qo'shnichilik odoblarini oldin bilmagan bo'lsak, endi bilib oldik. Bilish bilan cheklanmasdan, uni hayotimizga tatbiq qilishimiz zarur.

 

Kishi yaxshi ko'rgani bilan birgadir

عَنْأَنَسبنِمالكرَضِيَاللهُعَنْهُ: أَنرَجُلاًسَأَلَرَسُولَاللَّهصَلَّىاللَّهعَلَيْهِوَسَلَّمَ: “مَتَىالسَّاعَةُ؟قَالَلَهُرَسُولُاللَّهصَلَّىاللَّهعَلَيْهِوَسَلَّمَ: “مَاأَعْدَدْتَلَهَا؟قَالَ:“حُبُّاللَّهِوَرَسُولهِقَالَ: “أَنْتَمَعَمَنْأَحْبَبْت

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga kelib: “Qiyomat qachon bo'ladi?” deb so'radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qiyomatga nima tayyorlading?” dedilar. U: “Alloh va rasuliga muhabbatni tayyorladim” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sen muhabbat qilganing bilan birga bo'lasan”, dedilar» (Imom Buxoriy).

Alloh taolo va rasuliga (sollallohu alayhi va sallam) muhabbati u sahobani qiyomat qachon bo'lishi haqida so'rashga undadi. Chunki u qiyomatda hisob-kitob bo'lishini biladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning savoliga savol bilan javob berdilar: “Qiyomatga nima tayyorlading?” U qilgan yaxshiliklarini, savob ishlarini sanab o'tirmay, qalbida borini aytib qo'ya qoldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning bu gapiga e'tiroz bildirmadilar, “Sen sevganing bilan birga bo'lasan”, dedilar. Chunki mo'minlarning imoni nafs va shahvatlardan g'olib kelganidagina Allohning muhabbatiga oshno bo'ladi.

So'ragan odam mana shundan xavotirda edi. Agar bandaning shahvatga o'chligi va dunyoga ochko'zligi bo'lmasa, qalbi jo'sh uradi, oxirat uchun tayyorlana boshlaydi, ezgu amallaridan savob va ajr umid qiladi. Agar qiyomat haqida so'z ketsa, yomonliklarini eslaydi, yaxshi nasihatlarga quloq tutadi, to'g'ri amal qilishni o'ylaydi. Agar shu ishlarga o'zini loyiq ko'rsa, taqdiridan rozi bo'ladi, yolg'onni ko'rsa, yuz o'giradi. Yaxshi amallari bilan do'zaxdan najot topishni umid qiladi. Savob yo'lidagi yaxshiliklari va yomonliklari qiyomat kuni mezonda o'lchanadi. Yaxshiligi ko'p bo'lsa, mukofotga erishadi, yomonligi ko'p bo'lsa, jazosini oladi. So'rov­chi qalbidagi hamma narsa Parvardigor muhabbati oldida e'tiborsiz qoladi. Uning qalbida Allohga sevgisi to'lib-toshadi. Mana shu narsa so'rovchining qiyomatga tayyorgarligidir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Sen sevganing bilan birga bo'lasan”, deganlarining hikmati shunda (“Navodirul usul fi ma'rifati ahodisir rasul”, 667-b).

So'rovchi boshqalarga ko'ra ijtihodi kuchli, qalbi ixlosli, imoni pok, o'zi shubha-gumonlardan uzoq, oliy xulqlar bilan ziynatlangan, tubanliklardan pok bo'lgani bois, Alloh O'z sevgisiga erishtiradi. Zero, Alloh sevgisiga Uni sevganlargina etishadi.

Alloh taolo aytadi:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ مَن يَرۡتَدَّ مِنكُمۡ عَن دِينِهِۦ فَسَوۡفَ يَأۡتِي ٱللَّهُ بِقَوۡمٖ يُحِبُّهُمۡ وَيُحِبُّونَهُۥٓ أَذِلَّةٍ عَلَى ٱلۡمُؤۡمِنِينَ أَعِزَّةٍ عَلَى ٱلۡكَٰفِرِينَ يُجَٰهِدُونَ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ وَلَا يَخَافُونَ لَوۡمَةَ لَآئِمٖۚ ذَٰلِكَ فَضۡلُ ٱللَّهِ يُؤۡتِيهِ مَن يَشَآءُۚ وَٱللَّهُ وَٰسِعٌ عَلِيمٌ٥٤

«Ey imon keltirganlar! Sizlardan kim dinidan qaytsa, Alloh shunday bir qavmni keltirur, ular Alloh sevadigan va ular ham Uni sevadigan, mo'minlarga (nisbatan) kamtar, kofirlardan esa (o'zlarini) yuqori tutuvchi, Allohning (toati) yo'lida jiddu jahd qiluvchi, malomatchining malomatidan qo'rqmaydigan bo'lur» (Moida, 54).

Alloh taolo banda qalbini ochsa va yorishtirsa, g'aflatdan ogoh etsa, o'sha qalbda Parvardigoriga muhabbati jo'sh urmasligi mumkin emas.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Biror inson Alloh huzurida xuddi tuyalarday itoatda bo'lmagunicha va o'z nafsini past sanamagunicha imon cho'qqisiga eta olmaydi”, deganlar.

Boshqa hadisda: “Bir narsani sevishing seni ko'ru kar qiladi”, deyilgan.

Inson qalbi bitta: agar dunyoni sevsa, uni ko'r qiladi va oxirat haqida eshitgisi kelmaydi. Zero, sevgi qalbda alangalanadigan haroratdir. Agar qalbga shahvat harorati kirsa, uni ko'r qiladi va boshqa narsalar haqida eshitishdan to'sadi. Qalb oxiratni sevsa, muhabbati tufayli dunyoni ustun ko'rmaydigan bo'ladi.

Inson qalbi tabiatan yuksaklikka intiluvchan yaratilgan. Inson ilm ahlini ko'rsa, ularning qadri ulug', nasibasi baland ekanini his etadi. Oxirat ahlini ko'rsa, qalbi yumshaydi. Qalbiga Allohning ulug'ligi va azamatining muhabbati tushsa, qalbi yuqoridagi holatlardagidan ham qattiqroq yumshaydi. Muhabbat ahli oldingi qavmlar kabi ulkan saodat va baxt topib, boshqalardan farqli tarzda, Alloh O'z xohishi bilan ularni hidoyatga yo'lladi. Ular ikki toifa bo'lib, bu haqda Qur'oni karim bunday deydi:

ﱹ  ﮚ ﮛ ﮜ ﮝ ﮞ ﮟ ﮠ ﮡ ﮢﮣﱸ

«...Alloh unga (dinga) O'zi xohlagan kishilarni tanlar va Unga inobat qiladigan kishilarni hidoyat sari yo'llar» (Sho'ro, 13).

Birinchi toifadagilar payg'ambarlar bo'lib, Alloh ularni hech shubha va taraddudsiz bu yo'lga boshlagan. Ikkinchisi avliyolar bo'lib, ular muhabbatlari tufayli Allohga do'st bo'lishgan.

Alloh taolo aytadi:

ﱹﮪ ﮫ ﮬ ﮭ ﮮ ﮯﱸ

«...mo'minlarga (nisbatan) kamtar, kofirlardan esa (o'zlarini) yuqori tutuvchi...» (Moida, 54).

Mufassirlar bu oyatda nazarda tutilgan ikki toifa: istiqomat ahllari va yaqiyn ahllari nazarda tutilgan deydi.

Istiqomat ahllari o'z haqlarini mo'minlar haqidan past qo'yadi, mo'minga rahmdil bo'ladi va lutf ko'rsatadi, uni o'zlaridan ham yaxshi ko'radi. Mo'minni aziz deb bilishadi, Alloh yo'lida tinimsiz harakat qilishadi va bu yo'lda odamlarning malomatidan qo'rqishmaydi.

Mufassirlar yaqiyn ahllarini Allohning har bir xohishi oldida o'zlarini xor tutuvchilardir, deydi. Ularga Alloh ba'zi sirlarni oshkor qiladi. Ular hech bir taraddudsiz Allohga o'z ixtiyorlarini topshiradi. Botildan ustun turib, har qanday chorasiz holatda ham undan yuz o'girishadi. Nafs yaqiyn ahlini aldashga yo'l topolmaydi. Ular malomatchining malomatidan qo'rqmaydi. Yaqiyn ahli qalbida odamlardan xavf yo'q.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yig'laganlarida, u zotdan: “Nega yig'layapsiz?” deb so'rashdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarning shirk keltirishingizdan va engil shahvatga berilishingizdan nihoyatda xavfdaman”, dedilar.

Maqtov va maqtanishni yaxshi ko'rish engil shahvat hisoblanadi. Bu odamzoddagi eng kuchli narsalardandir. Hunarmandlar, qorilar, zohidlaru parhezkorlar shunga mubtalo bo'lgan. Maqtov va maqtanish gunohlarni engil sanashga olib boradi va savoblardan chetlanishga sabab bo'ladi. Kishi maqtov va maqtanishni yaxshi ko'rmasligi kerak, aks holda, ikki dunyo saodatidan benasib qoladi. Maqtovni suymagan inson qalbida faqat Allohning ulug'ligi bo'ladi, dili Alloh rahmatiga to'ladi. Allohning rahmatiga mushtoqlik qalbdagi bekorchi narsalarni o'ldiradi va qalbni poklaydi. Natijada, qalb malomatchilarning malomatlaridan qo'rqmaydigan bo'ladi. Agar u shu bosqichlardan o'tsa. Allohning yagonaligini his etadi va Uning jamolini istaydi. Uning qalbini mana shu ulug'lik egallaydi, o'tirsa ham, tursa ham faqat shuni o'ylaydi va bu narsa umrining mazmuniga aylanadi (“Navodirul usul fi ma'rifati ahodisir rasul”, 668-b).

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Alloh taoloni xos taniydigan qancha-qancha valiylar bor, ular tanilmagan ham, bilinmagan ham”.

Sobit (roziyallohu anhu) aytadi: «Hech kimni masxara va mazax qilmanglar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) bizlarga aytib berdi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Baqi'da ekanlarida oldilarida ko'zlari shilpiq, bilaklari tirnalgan, oyoqlari ingichka, egniga ikki janda kiyib olgan, idishda sotish uchun yog' ko'targan bir sahroyi bor edi. Rasululloh unga: “Ey nurli kishi”, dedilar. Sahroyi: “Labbay”, dedi va: “Kim mendan yog' sotib oladi? Meni kasodga uchragan, deb o'yladingizmi?” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey nurli odam, insonlar nazdida kasod bo'lsang ham, Alloh huzurida kasod bo'lmaysan. Agar Madinaga kelsang, menikiga tush, men ham vodiyga chiqsam, senikiga tushaman”, dedilar”» (“Navodirul usul fi ma'rifati ahodisir rasul”, 669-b).

 

KYeYINGI MAVZU:

Ota-onaga yaxshilik qilish!

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Imomga yetisha olmasam nima qilaman?

24.12.2024   1349   2 min.
Imomga yetisha olmasam nima qilaman?

Cavol: Men jamoat namoziga borishni endi boshladim. Men namozni sekin o‘qiyman. Gap shundaki, ko‘pincha men salavotni o‘qiyotganimda imom ikki tarafga salom berayotgan bo‘ladi. Shu holada men salavotni tugatib, keyin duo o‘qib so‘ng salom berishim kerakmi yoki imom bilan barobar salom berishim kerakmi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu holatda imom bilan birgalikda salom berasiz. Zero, salavot o‘qish sunnat, imomga ergashish esa vojib amal sanaladi. Vojib amal sunnat amaldan yuqori bo‘lgani sababli siz vojib bo‘lgan amalni bajarasiz. Agar tashahhud (“At-tahiyyot...”) duosini o‘qiyotganingizda imom salom berib qolsa, siz tashahhud duosini tugatib, keyin salom berasiz. Chunki tashahhud duosini o‘qish vojib amal hisoblanadi. 

Bu haqda fiqhiy kitoblarimizda bunday deyiladi: “Imomga iqtido qilgan kishi salavotni o‘qiyotgan vaqtida imom salom bersa, u ham imomga ergashib salom beradi. Chunki namozning oxirida salavot aytish sunnatdir” (“Fiqhul ibodat” kitobi).

Alloma ibn Obidin rahimahulloh bunday deydilar: “Farz va vojib amallarda kechiktirmasdan imomga ergashish vojib sanaladi. Ammo imomga ergashish bilan boshqa vojib amal teng kelib qolsa, “imomga ergashish kerak” deb vojibni tark qilmaydi, balki avval vojibni bajarib, keyin imomga ergashadi. Masalan, imomga iqtido qilgan kishi tashahhudni tugatishdan avval imom uchinchi rakatga tursa, iqtido qilgan kishi avval tashahhudni tugatib, keyin o‘rnidan turib, imomga ergashadi (Chunki ikkisi ham vojib bo‘lib, birini bajaraman deb boshqasini tark qilmaydi).

Agar imomga ergashish bilan sunnat amal teng kelib qolsa, yuqoridagidek qilmaydi. Masalan, (sajda yoki rukuda) imomga iqtido qilgan kishi tasbihni uch marta aytishidan avval imom boshini ko‘tarsa – fuqaholarimiz eng to‘g‘risi deya aytgan gapga ko‘ra - imomga ergashadi. Chunki sunnatni tark qilish vojibni kechiktirishdan ko‘ra ustundir” (“Raddul muhtor” kitobi).

Xulosa qilib aytganda, siz salavot yoki undan keyinggi duolarni o‘qiyotgan paytingizda imom salom berib yuborsa, siz imomga ergashib, salom berasiz. Bu o‘rinda salavot yoki duolarni oxiriga yetkazmaysiz. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Maqolalar