Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Amir Temurga bayroq va nog'ora tuhfa qilgan shayx

17.03.2021   4551   2 min.
Amir Temurga bayroq va nog'ora tuhfa qilgan shayx

Vatanimiz tarixidagi 15 mart sanasi bilan bog'liq ayrim voqealar bayoni.

1370 yil (bundan 651 yil oldin) – akademik Bo'riboy Ahmedovning qayd etishicha, Amir Temur shu kuni raqibi Amir Husaynga qarshi Balx ustiga yurish boshladi. Oradan bir necha kun o'tgandan so'ng Termizga yaqinlashganlarida, undan uch farsax (18–21 kilometr) berida joylashgan Biyo qishlog'ida Andxud sayyidzodalaridan sayyid Baraka hazrat sohibqironga peshvoz chiqdi. U Amir Temurga katta nog'ora (tabl) va bayroq tutqizdi. Bayroq bilan nog'ora, musulmonlar odatiga ko'ra, toj-taxt ramzi bo'lib, uni olish tez orada uning toj-taxt va saltanat egasi bo'lishiga ishora edi.

Tarixchi Hofizi Abro' bergan ma'lumotga ko'ra, avval Sayyid Baraka Amir Husayn oldiga borib, ikki muqaddas shahar bo'lmish Makkayi mukarrama va Madinai munavvaraning vaqfi uchun mablag' ajratishni so'ragan. Amir Husayn vaqf mablag'iniig ko'pligini eshitib, uning iltimosini rad etgan va unga sayyidlarga munosib iltifot ko'rsatmagan. Sayyid Baraka uning bu harakatidan ranjib, ketishga ijozat berishini talab qilgan va borib Amir Sohibqironga qo'shilgan.

Uning huzuriga etgach, Alloh taolodan iltijo qilib, Amir Sohibqironga madad berishini so'ragan. Amir Temur uning dami va qadamini qutli bilib, unga ikki muqaddas shahar (haramayn) vaqfi uchun mablag' ajratishlarini tayinlagan. Sayyid Barakaga olam ahliga ovoza bo'lgudek izzat-ikromlar ko'rsatgan.

1917 yil (bundan 104 yil oldin) – Namanganda taniqli tatar matbuotchisi Husayn Makayev tomonidan o'zbek tilida “Farg'ona sahifasi” gazetasi nashr etila boshlandi. Gazetaning 19 ta soni chop etilgan, xolos.

1996 yil (bundan 25 yil oldin) – Parijda “Amir Temur va temuriylar to'g'risida ilmiy asarlar bibliografiyasi” kitobi chop etildi.

1999 yil (bundan 22 yil oldin) – Ibn Sino xalqaro jamg'armasi ro'yxatdan o'tkazildi.

 

Alisher EGAMBYeRDIYeV
tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   30050   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari