Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Bobur hanafiy mazhabida mustahkam e'tiqodli shaxs bo'lgan

16.03.2021   5424   7 min.
Bobur hanafiy mazhabida mustahkam e'tiqodli shaxs bo'lgan

Buyuk tarixchi olim Abdulhay Laknaviy Hasaniy “Nuzhat ul-xavotir” (Hotiralar sayri) asarida bunday yozadi: “Hazrat Hoja Ubaydulloh Ahror uning ismini Zahiriddin Muhammad deb qo'ygan. Lekin turkiy xalqlar orasida (dovyurakligi uchun) u Boburshoh nomi bilan mashhur bo'lgan”.

Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy ta'lim olib, fiqh ilmi, arab va fors tillarini yaxshi o'zlashtiradi. Shu jumladan, ko'plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qilib, she'riyatga qiziqishi ortadi. Boburning otasi – Umarshayx mirzo Farg'ona viloyati hokimi, onasi – Qutlug' Nigorxonim Mo'g'uliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi bo'lgan. U o'qimishli va oqila ayol bo'lib, o'g'liga hokimiyatni boshqarishida yaqindan yordam bergan va bir qancha harbiy yurishlarida hamrohlik qilgan. Otasi Axsida 39 yoshida fojiali halok bo'lgach, oilaning to'ng'ichi 12 yoshli Bobur valiahd sifatida 1494 yil iyun' oyida taxtga o'tiradi.

Bobur ikki qo'lida qilich o'ynatadigan mohir sarkarda bo'lish bilan birga serqirra ijodkor edi. Sarkardaning hanafiylar mazhabi fiqhida “Mubayyan” nomli asari bo'lib, unga Shayx Zayniddin (ibn Qutbiddin Hanafiy) Havofiy sharh yozib, uni “Mubayyin” deb nomlagan.“Risolai aruz”da aytilishicha, bu asar milodiy 1521 yili yozilgan. Mazkur asardan shu narsa ma'lumki, Bobur fiqhga muhabbati kuchli, hanafiy mazhabida mustahkam e'tiqodli shaxs bo'lgan. Bu asar ko'p yillar davomida “Mubiyn” (“Mubayyin”) deya talqin qilib kelindi. Islomshunos olim Mirzo Kenjabek “Risolai Hoja Ahrori vali” risolasi muqaddimasida keltirishicha, aslida “Mubayyin” kitob sharhining nomidir. Uni Boburning munshiysi Shayx Zayn yozgan. Bu asar yana “Fiqhi Boburiy” deb ham atalgan”.

Zahiriddin Muhammad Boburdagi noyob iste'dod, fiqhiy asar bitishga ishtiyoq, ehtimol, katta momosi Takina xotin tomonidan o'tgan. Takina xotun, ba'zi manbalarda Tegina begim, ayrimlarida Tegina Mohbegim, deb nomlangan. U taxminan 1318 yili Buxoroda tug'ilib 1353 yilda hozirgi Shahrisabz shahrida vafot etgan va Kesh (Shahrisabz)dagi oilaviy xilxonaga dafn etilgan.

Amir Temur harbiy safarlardan qaytishda doimo Keshda to'xtab, ota-onasi va o'g'li Jahongir hamda piri shayx Shamsiddin Kulol qabrini ziyorat qilib o'tgan. Sohibqiron Amir Temur keyinchalik onasi va otasi dafn etilgan Keshdagi oilaviy xilxona ustida muhtasham maqbara qurdiradi. Amir Temurning katta o'g'li Jahongir mirzo 1376 yili 20 yoshida vafot etgach, uni ham ota-onasining qabri yoniga dafn ettiradi. Sohibqiron onasi xotirasiga atab, Keshda mashhur Oqsaroyni barpo etadi va Buxorodagi Chashmai Ayyub maqbarasini ta'mirlatadi.

“Hazrati Sohibqiron” asarida: “Bahodirning Buxoro Sadrush shari'a (shariat qozi)si qizi Tekinabegim Moh bilan nikohi esa olamshumul ahamiyat kasb etdi. Tekinabegim Moh (manbalarda Takina xotun tarzida ham qayd etilgan) Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da “shayx ul-olam” deb qayd etgan Sayfiddin Boxorziy avlodlaridan bo'lgan, o'sha paytda Buxoroda shariat qozisi mavqeida turgan Ubaydulloh ibn Mahmud Mahbubiy oilasida dunyoga kelgan. Tarag'ay va Tekinabegimning nikohi oldindan bashorat qilingani, shu juftlikdan sohibqiron tug'ilishi haqida rivoyatlar mavjud”, deyiladi.

O'rta asr manbalari, xususan, Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy” asarida keltirilishicha, Buxoro ulamolarining peshvosi sadrush shari'a Ubaydulloh Buxoriy ibn Tojush shari'a Mahmud ibn Ahmad Mahbubiy Buxoriyning Takina ismli qizi bo'lgan. Takinaning bobosi fiqh ilmida “toj ush-shari'a” (shariat toji), otasi “sadr ush-shari'a” (shariat ulug'i), amakisi Mahmud “burhon ush-shari'a” (shariat hujjati) kabi mo''tabar unvonlarga sazovor bo'lgan. Takina 16 yoshida Kesh amiri Muhammad Tarag'aybekka turmushga chiqqan. “Qissai Temur” yoki “Malfuzoti Temuriy” va toshkentlik tarixchi Salohiddin Toshkandiyning “Temurnoma” (1908) asarida Takina xonimning hayotiga oid ayrim ma'lumotlar mavjud. Boburning katta bobosi Amir Tarag'ay barlos urug'ining oqsoqoli hamda Chig'atoy ulusining e'tiborli beklaridan bo'lgan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilgan. Tarixiy asarlarda Amir Tarag'ay ham yiliga bir marta Ili daryosi bo'yida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilib, muttasil qatnashardi. U piri Shayx Shamsiddin Kulolga chuqur ehtirom ko'rsatardi, deb yoziladi. Yaxshilarning duosi bilan hosil bo'lgan bu xayrli nikohdan Amir Temur, Mirzo Ulug'bek va Bobur kabi nasl davomchilari etishib chiqqan bo'lsa, ajab emas.

Amir Temurning ulug' inson bo'lib etishishida onasining hissasi juda katta bo'lgan. Tabiiyki, buxorolik alloma Ubaydulloh Buxoriy ibn Toj ush-shari'aning qizi Takina xotun faqih ham murabbiy bo'lgan. Balki u farzandi Temurbekni yoshligidan maxsus murabbiylar nazoratiga topshirib, chavandozlik, ovchilik, kamondan o'q otish, qilichbozlik kabi harbiy ilmlarni egallashiga ham e'tibor qaratgan.

Shoh Bobur “Mubayyan” asarini farzandlari Nosiriddin Humoyun va Komron mirzoga atab, fiqhiy bir dastur sifatida yozgan. Unda islomdagi besh farzning fiqhiy masalalari ta'lim beriladi. Ya'ni iymon-e'tiqod, namoz, ro'za, zakot va haj masalalari she'riy tilda go'zal bayon etilgan. Tahqiq qilib, solishtirilganda “Mubayyan” asari asosida “Muxtasari viqoya” hamda “Hidoya” kitoblari namoyon bo'ladi. Asardagi duo matnlari esa, asosan, kutubi sittada, ya'ni Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Abu Dovud, Imom ibn Moja, Imom Nasoiy kabi olti ulug' muhaddisning kitobida kelgan hadislardan hamda Imom G'azzoliyning “Ihyou ulumid din” asaridan olingan.

Ulug' shoir, qomusiy alloma, ma'rifatli faqih Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” yoki “Tuzuki Boburiy” asari dunyoga mashhur. Shuningdek, sarkardaning she'rlar devoni majoz va haqiqatlar gavhari bo'lsa, “Volidiya” risolasining nazmiy tarjimasi uning ma'naviy holati Ubaydulloh Ahror vali hazratlari bilan bog'liqligidan darak beradi. “Mubayyan” asarini temuriylar davri ijtimoiy, oilaviy, diniy madaniyatining ko'rkam ifodasi deyish mumkin.

“Boburnoma”ning o'z davrida Mirzo Abdurahim ibn Bayramxon tomonidan fors tiliga tarjima qilinishi ham asarning juda ulug' qadr-qimmat topganini anglatadi.

Abduvohid O'ROZOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Videolar

“JUMADAN JUMAGACHA” (21.08.2026)

23.08.2026   12362   1 min.

#hafta_dayjesti #jumadan_jumagacha



00:00 Xabarlar

01:17 Diniy ta’limda yangi bosqich: Islom sivilizatsiyasi markazida tarixiy anjuman

02:32 18 avgust – nodir yodgorlik Usmon Mus'hafining Toshkentga qaytgan kuni

03:39 Hududlarda “Qur’on tinchlikka buyuradi” nomli musobaqalar davom etmoqda

04:38 Bayram arafasida saxovat va mehr-oqibat tadbirlari davom etmoqda (hududlar)

06:53 Sirdaryolik imom-xatiblar o‘rtasida “Zakovat” turniri bo‘lib o‘tdi

07:45 Samarqand, Buxoro va Xiva – islom sivilizatsiyasining bebaho durdonalari

08:37 O‘zbekiston va Pokiston olimlari Boburiylar merosini birgalikda tadqiq etmoqda

09:16 O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Boshlovchi: Ne’mat Musayev
Muharrir: Bahriddin Xushboqov
Operator: Dilshod Mahkamov
 

Videolavhalar