Bismillahir rohmanir rohim
Sha'bon oyi – hijriy-qamariy taqvimning sakkizinchi oyi bo'lib, Rajab va Ramazon oylari o'rtasida joylashgan. Bu oy to'g'risida kelgan ma'lumotlarni o'rganib ko'rsak, asosiy urg'u Ramazon oyiga ruhan va jismonan tayyorgarlik ko'rishga qaratilganini anglaymiz. Bu oyda odatdagidan ko'proq nafl ro'za tutish, Qur'on tilovat qilish va tungi ibodatlarga mashg'ul bo'lishga targ'ib qilingan. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
عَنْ أُسَامَة بْنِ زَيْدٍ رضي الله عنه قَالَ: ” قُلْتُ يَا رَسُولَ اللَّهِ لَمْ أَرَكَ تَصُومُ شَهْراً مِنَ الشُّهُورِ مَا تَصُومُ مِنْ شَعْبَانَ . قَالَ “ذَلِكَ شَهْرٌ يَغْفُلُ النَّاسُ عَنْهُ بَيْنَ رَجَبٍ وَرَمَضَانَ وَهُوَ شَهْرٌ تُرْفَعُ فِيهِ الأَعْمَالُ إِلَى رَبِّ الْعَالَمِينَ فَأُحِبُّ أَنْ يُرْفَعَ عَمَلِى وَأَنَا صَائِمٌ ” (أَخْرَجَهُ النَّسَائِيُّ).
«Ey Allohning Rasuli, oylardan hech birida Sha'bon ro'zasidek ro'za tutganingizni ko'rmadim», dedim. U zot sollallohu alayhi vasallam:
“Bu bir oyki, odamlar undan g'aflatda qoladilar. U Rajab bilan Ramazonning orasida. Bu bir oyki, unda amallar Robbil olamiynga ko'tarilur. Men ham amalim ko'tarilayotganda ro'zador bo'lishni yaxshi ko'raman”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
عَنْ عَائِشَةَ رضي الله عنها قَالَتْ: ” لَمْ يَكُنْ رَسُولُ اللّهِ صلى الله عليه وسلم فِي الشّهْرِ مِنَ السَّنَةِ أَكْثَرَ صِيَاماً مِنْهُ في شَعْبَانَ ” (رَوَاهُ مُسْلِمٌ)
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam yilning hech bir oyida Sha'bondagidek ko'p ro'za tutmasdilar” (Imom Muslim rivoyati).
Tobe'in, Kufa shahrining faqihlaridan biri Habib ibn Abu Sobit Sha'bon oyi kirsa: “Bu qorilarning oyidir”, der edi.
Abu Sa'id al-Hudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz alayhissalom, “Kim Alloh uchun bir kun ro'za tutsa, Alloh taolo uning yuzini do'zaxdan etmish yillik (masofaga) uzoq qiladi” deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sha'bon oyining o'n to'rtinchidan o'n beshinchiga o'tar kechasi “Baroat” kechasi deb nomlanadi. Ushbu tunda ko'plab osiy bandalarning tavbalari qabul bo'lib, gunohlari kechirilishi, rizqlar taqsimlanishi, bemorlar shifo topishi va undan boshqa fazilatlarga ega ekani borasida turli rivoyatlar bor. Ushbu rivoyatlar yakka holda zaif hadislar hisoblansada hamma sanadlarini jamlab, umumiy holda xulosa qilinsa, shariatimizga ko'ra ushbu kecha fazilatli va barakotli kecha hisoblanishi ma'lum bo'ladi. Shuning uchun ham Abul Alo Muhammad ibn Abdurrohman Muborakfuriy “Sha'bon oyi 15-tunining fazilat borasida bir qancha hadislar bor bo'lib, ularning majmuasi uning shariatda ishonchli asosi bor ekaniga dalolat qiladi”, degan (Tuhfatul ahvaziy. 3-juz, 365-bet).
Mashhur mujtahid olim Imom Shofiiy rahmatullohi alayh shunday deganlar:
بَلَغَنَا أَنَّهُ كَانَ يُقَالُ: ” إِنَّ الدُّعَاءَ يُسْتَجَابُ فِي خَمْسِ لَيَالٍ: فِي لَيْلَةِ الْجُمُعَةِ وَلَيْلَةِ الأَضْحَى وَلَيْلَةِ الفِطْرِ وَأَوَّلِ لَيْلَةٍ مِنْ رَجَبٍ وَلَيْلَةِ النِّصْفِ مِنْ شَعْبَانَ”
ya'ni: “Bizga etgan xabarlarda aytilishicha besh kechada duo ijobat bo'ladi: juma kechasi, qurbon hayit kechasi, Ramazon hayiti kechasi, Rajabning birinchi kechasi va Sha'bon oyining yarmidagi kechasi” (manba: Al-Umm. 1-juz, 264-bet).
Quyida bu borada kelgan ba'zi hadisi shariflarni keltirib o'tamiz:
عن أم المؤمنين عائشة رضي الله عنها قالت: فَقَدْتُ النَّبِيَّ صلى الله عليه وآله وسلم ذَاتَ لَيْلَةٍ، فَخَرَجْتُ أَطْلُبُهُ فَإِذَا هُوَ بِالْبَقِيعِ رَافِعٌ رَأْسَهُ إِلَى السَّمَاءِ، فَقَالَ: «يَا عَائِشَةُ، أَكُنْتِ تَخَافِينَ أَنْ يَحِيفَ اللهُ عَلَيْكِ وَرَسُولُهُ!»، فقُلْتُ: وَمَا بِي ذَلِكَ، وَلَكِنِّي ظَنَنْتُ أَنَّكَ أَتَيْتَ بَعْضَ نِسَائِكَ، فَقَالَ: «إِنَّ اللهَ تَعَالَى يَنْزِلُ لَيْلَةَ النِّصْفِ مِنْ شَعْبَانَ إِلَى السَّمَاءِ الدُّنْيَا فَيَغْفِرُ لأَكْثَرَ مِنْ عَدَدِ شَعَرِ غَنَمِ كَلْبٍ -وهو اسم قبيلة-» (رواه الترمذي وابن ماجه وأحمد).
Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni kechalardan birida yo'qotib qo'ydim. So'ng u kishini izlab chiqdim. Qarasam, U zot Baqiy'da osmonga qarab turgan ekanlar: “Ey, Oisha, Alloh va Uning Rasuli sendan chetlashidan qo'rqdingmi?”, dedilar. “Siz ba'zi ayollaringiz yoniga borgansiz, deb gumon qiluvdim”, dedim. “Albatta, Alloh Sha'bonning yarmidagi kechada dunyo osmoniga tushadi va Kalb (qabilasi)ning qo'ylari juni adadidan ko'proq kishini mag'firat qiladi”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
عن معاذ بن جبل رضي الله عنه عن النبي صلى الله عليه وسلم قال : ” يطلع الله إلى جميع خلقه ليلة النصف من شعبان فيغفر لجميع خلقه إلا لمشرك أو مشاحن “(رواه ابن حبان في صحيحه والطبراني والبيهقي)
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh Sha'bon yarmidagi kechada qarab ko'rib jamiki maxluqotlarini mag'firat qilur. Magar mushrik va xusumatchi bundan mustasnodir”, dedilar (Imom Ibn Hibbon “sahihi”da, shuningdek, Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiylar rivoyat qilishgan).
Shuning uchun fuqaholarimiz ham baroat kechasini ibodat bilan bedor o'tkazishni mustahab amallardan sanaganlar. Bu haqda ibn Nujaym Misriy (vaf. 970/1563) rahmatullohi alayh shunday deganlar:
“Ramozon oyining oxirgi o'n kunligini, ikki iydni, Zul hijjaning avvalgi o'n kunligini va Sha'bon oyining o'n beshinchi kechalarini bedor o'tkazish hadislarda vorid bo'lganidek mustahab amallardandir. “At-Targ'ib vat tarhib”da bu haqda batafsil tarzda zikr qilingan. Kechalarni bedor o'tkazish degandan murod uni ibodat ila o'tkazish tushuniladi” (Manba: “Al-Bahrur-roiq sharhi kanzid-daqoiq”).
Shuni ham alohida ta'kidlab o'tish lozimki, ba'zilar tomonidan baroat kechasida yuz rakatli namoz o'qishlishi, unda “Ixlos” surasini muayyan adadda o'qilishi kerakligi haqidagi gap-so'zlar asossiz ekanini ulamolarimiz ta'kidlashgan. Jumladan, Mulla Ali Qori rahimahulloh bu mavzuga to'xtalib shunday deganlar:
“واعلم إن المذكورة في اللآلىء أن مائة ركعة في نصف شعبان بالاخلاص عشر مرات في كل ركعة مع طول فضله للديلمي وغيره موضوع”
“Bilginki, Sha'bon oyining yarmida yuz rakatli namozni har bir rakatida “Ixlos” surasini o'n martadan o'qib, ado etilishi, uning fazilati ko'p ekani borasida Daylamiy va undan boshqalarning rivoyati mavzu – to'qima hadislar ekani “Al-Laoli”da aytib o'tilgandir” (Manba: “Mirqotul mafotih”).
Alloma Abdulhay Laknaviy rahmatullohi alayh Baroat kechasi va undagi qilinadigan ibodatlar haqida shunday deganlar:
فيعلم بمجموع الأحاديث القولية والفعلية استحباب إكثار العبادة فيها فالرجل مخير بين الصلاة وبين غيرها من العبادات فإن اختار الصلاة فكمية أعداد الركعات وكيفيتها مفوضة إليه ما لم يأت بما منعه الشارع صراحة أو إشارة
“Qovliy, fe'liy hadislarning majmuasi orqali baroat kechasida ibodatni ko'paytirish mustahab ekanligi ma'lum bo'ladi. Kishi namoz o'qishi va boshqa ibodatlar qilishda ixtiyorlidir. Namoz o'qishni istasa, shariatda man' qilgan narsalarni ochiqcha ham, yashirin ham qilmaslik sharti bilan rakatlarning adadini va miqdori, kayfiyatini namoz o'quvchining o'ziga topshiriladi”(Manba: “Al-Aasaarul marfua fil axbaril mavzua”).
Demak, bundan ma'lum bo'ladiki, Baroat kechasi uchun biror xos ibodat tayin qilinmagan. Kimning kuchi va imkoni qaysi ibodatni ado etishga etsa o'shani amalga oshiraveradi. Ayniqsa, istig'for, tasbih, tahlil aytib zikr qilish, durudu salovotlar aytish, Qur'on karim tilovati yoki uni eshitish, hadis kitoblar mutolaa qilish maqsadga muvofiq. Shu bilan bir qatorda umumiy nafl namozlarni o'qish, Alloh taologa duolar qilib, hojatlarini so'rashi ulkan ajrlarga sazovor qiladi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati
Islom dinining eng oliy maqsadi insoniyatni hidoyat yo‘liga boshlash, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, bag‘rikenglik va birdamlikni mustahkamlashdir. Alloh taolo Qur’oni karimda:
“Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz.” (Hujurot surasi, 10-oyat).
Mazkur oyat musulmonlarning o‘zaro birodar va do‘st ekanligiga urg‘u beradi. Biroq tarix davomida ayrim toifalar islom ta’limotini noto‘g‘ri talqin qilib, musulmonlarning o‘ziga qarshi turli fitnalar chiqarishga harakat qildilar. Shulardan eng xatarlisi takfirchilik, ya’ni musulmonni kufrda ayblash masalasidir.
Takfirchilik bir musulmonni boshqa bir musulmonga nisbatan “dindan chiqqan”, “kofir” deb hukm chiqarishidir. Qarshisidagi odamni kofir deyishning oqibatini Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom quyidagicha tushuntirganlar:
“Bir kishi birodariga “ey kofir!” desa, bu gap aniq ikkisidan biriga tegishli bo‘ladi. Agar u kishi rostan ham kofir bo‘lsa, unga qaytadi. Ammo unday bo‘lmasa gapiruvchining o‘ziga qaytadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati)
Ushbu hadisdan anglashilganidek, “takfir qilish” jiddiy masala bo‘lib, uning hukmi aytovchining o‘ziga qaytishi mumkin.
Insonlarni kufrda ayblashning bir nechta asosiy sabablari bor:
Musulmon ulamolari takfirchilikka qarshi qat’iy fikr bildirishgan. Imom Navaviy rahmatullohi alayh shunday degan: “Hech bir kishi yagona gunoh sababli kufrga tushgan deb hisoblanmaydi. Modomiki, u Islom dinining asosiy va zaruriy qoidalarini qasddan inkor qilmayotgan bo‘lsa, u takfir qilinmaydi. Bir inson Islom asoslarini inkor qilganida, avval uning buni bilib-bilmasdan qilgani aniqlanishi kerak. Agar u jaholat sababli yoki ma’lumotsizlik tufayli xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, takfir qilinmaydi.
Shuningdek, Imom Tohaviy rahmatullohi alayh o‘z mashhur aqida risolasida: “Qibla ahlidan bo‘lgan biror-bir musulmonni gunohi kabira tufayli kofir sanamaymiz”, deb ta’kidlaydilar.
Bu so‘zlardan ma’lumki, bir inson shahodat kalimasini aytgan va islomning asoslariga ishongan bo‘lsa, uni kufrda ayblashga yo‘l yo‘q.
Takfirchilik faqat diniy jihatdan emas, balki ijtimoiy barqarorlik uchun ham xavflidir:
Takfirchilik islom ta’limotiga zid bo‘lgan xatarli g‘oyadir. U insonlarni Allohning rahmatidan uzoqlashtiradi, musulmonlar o‘rtasida birodarlik rishtalarini uzadi va fitna-fasodga sabab bo‘ladi. Har bir musulmonning vazifasi — birodarini kufrda ayblash emas, balki uni hidoyat va xayrli amallarga chorlashdir.
Shu boisdan, barcha holatlarda bo‘lgani kabi bu masalada ham ulamolarning yo‘liga ergashish lozim. Musulmonlar orasida birlik, bag‘rikenglik va inoqlikni mustahkamlash bugungi kun musulmonlarining eng muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda.
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi
imom-xatibi Shermuhammad Boltayev