Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

05.03.2021 y. Islomda ayollar huquqi

2.03.2021   4816   14 min.
05.03.2021 y. Islomda ayollar huquqi

     بسم الله الرحمن الرحيم

ISLOMDA AYoLLAR HUQUQI

Muhtaram jamoat! Bizning muqaddas Islom dinimizda har bir insonning jamiyatda o'ziga yarasha o'rni va hurmati bor ekanligi bayon etilgan. Islom tarixiga nazar solsak, johiliyatda ayollarning deyarli huquqlari bo'lmagan. Ular nafaqat merosdan mahrum qilingan, balki o'zlari ham buyum sifatida merosxo'rlar o'rtasida taqsimlangan. Alloh taolo Qur'oni karimda barcha insonlar, jinsidan qat'iy nazar, teng ekanini va ularni bir jondan yaratganini bayon qiladi:

يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا رَبَّكُمُ الَّذِي خَلَقَكُمْ مِنْ نَفْسٍ وَاحِدَةٍ وَخَلَقَ مِنْهَا زَوْجَهَا وَبَثَّ مِنْهُمَا رِجَالًا كَثِيرًا وَنِسَاءً...

ya'ni: “Ey, odamlar! Sizlarni bir jon (Odam)dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko'p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo'rqingiz!... ” (Niso surasi 1-oyat)

Ayollar Islomda ona, opa-singil, jufti halol va qiz sifatida hurmatlanadi. Ular meros oladi va meros qoldiradi, nikohda roziligi so'raladi. Ular doim erkak qarindoshlari ta'minoti ostida bo'lishadi. Qur'oni karimning o'ndan ortiq suralarida va ko'plab hadisi shariflarda ayollarga tegishli hukmlar mavjud. Hatto Qur'oni karimning katta suralaridan biri “Niso” (“Ayollar”) deb nomlangan. Bularning hammasi Islom dinida ayollarga bo'lgan yuksak e'tibordir.

Ayollar turli ibodat va yaxshiliklar uchun savob olishda ham erkaklar bilan  barobardirlar. Bu haqida Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi:

 وَعَدَ اللَّهُ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَمَسَاكِنَ طَيِّبَةً فِي جَنَّاتِ عَدْنٍ ya'ni: “Alloh mo'minlar va mo'minalarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaladigan jannat (bog')laridagi yoqimli maskanlarni va'da qildi” (Tavba surasi 72-oyat).

Ayol kishiga Alloh taolo ikki masalada mas'uliyat yuklaydi, biri – jufti uchun ruhiy, ma'naviy xotirjamlik, sukunat bo'lish, ikkinchisi – farzand dunyoga keltirish va unga g'amxo'rlik qilish mashaqqatlari. Shariatimizda shu zalvorli mashaqqatlar muqobiliga bir nechta masalalarda ayollarning ruhiy, jismoniy holati e'tiborga olinib, ularga ikrom ko'rsatilgan, engillik berilgan:

  1. Hayotning turli jabhalaridagi javobgarlik mas'uliyati erkakka yuklatildi, bu mashaqqatlardan ayollar ozod qilindilar. Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:

  الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ...

ya'ni: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig'i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o'z oilasiga) o'z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir...” (Niso surasi 34-oyat).

  1. Islom ayollarni juma namozi va jamoatga hozir bo'lishga buyurmadi.
  2. Guvohlik berish mas'uliyati ham ayollar uchun erkaklarnikidan ikki barobar engil qilindi. Qasos va jinoyatlarda guvohlik berish mas'uliyatini ulardan soqit qildi. Lekin ayollarga xos masalalarda ularning guvohligi komil hisoblanadi va bu shariatimizning ularga katta ishonch bildirishidir.
  3. Eri bor ayol ro'zg'origa xarajat qilishga majbur emas. Bu – to'lig'icha erning vazifasi. Er xotinning mulkiga daxl qilmasdan mahr beradi, to'y qiladi, uy-joy bilan ta'minlaydi, xotin bola-chaqasini parvarish qiladi. Bu – holat ayol uchun moliyaviy imtiyozdir.
  4. Agar hamroh bo'ladigan mahrami bo'lmasa, ayollarga haj farz qilinmadi.
  5. Kim ayolga zino bilan tuhmat qilsa, Islomda unga jazo tayinlanadi.
  6. Agar er zulm qilsa, xotinga xulu' – taloq (ajrashish)ni talab qilishga Islomda ruxsat berilgan.

Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ayollarni kamsitishga chek qo'yish va ularning jamiyatdagi o'rnini anglatish uchun ummatlariga etarlicha ko'rsatmalar berganlar. U Zot alayhissalom yaratilish jihatidan erkak va ayolning asli birligi haqida shunday deydilar:

﴿إِنَّمَا النِّسَاءُ شَقَائِقُ الرِّجَالِ

(رواه الامام أبو داود عن عائشة رضي الله عنها)

ya'ni: “Albatta, ayollar – erkaklarning tug'ishganlari” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Afsuski, hozirgacha qiz farzand dunyoga kelsa, xafa bo'lish, o'g'il tug'mading, deb xotiniga zug'um o'tkazish hollari kuzatilmoqda. Vaholanki, Payg'ambarimiz alayhissalom bizga qiz farzandlarni chiroyli ta'minot qilish, tarbiyalab, turmushga uzatish jannatdagi oliy martabalarga sabab bo'lishini uqtiradilar:

 مَنْ عَالَ ابْنَتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا، أَوْ أُخْتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا، حَتَّى يَبِنَّ أَوْ يَمُوتَ عَنْهُنَّ كُنْتُ أَنَا وَهُوَ فِي الْجَنَّةِ كَهَاتَيْنِ - وَأَشَارَ بِاِصْبَعِهِ الْوُسْطَى وَالَّتِي تَلِيْهَا

(رواه الامام ابن ماجه عن أنس ـرضي الله عنه)

ya'ni: “Kim ikki yoki uch qiz, yoki singlisiga g'amxo'rlik qilib tarbiyalasa va ular turmushga chiqib ketsalar yoki o'sha kishining o'zi vafot etsa, men va u jannatda mana shunday bo'lamiz (deb, muborak o'rta va ko'rsatgich barmoqlariga ishora qildilar)” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Ayollardagi jismoniy zaiflik qoralanmaydi. Chunki ular bunga aybdor emas. Qalblarining nozikligi, his-tuyg'ularining kuchliligi esa, mo''tadil bo'lsa, maqtovga loyiqdir. Bu narsa ulardagi latofat va go'zallikni ziyoda qiladi.

Payg'ambarimiz alayhissalom ayollardagi mana shu zaiflikni doim e'tiborga olar va ularni himoya qilishga haris edilar. Hatto vidolashuv hajlaridagi mashhur xutbada ham, ayollarga nisbatan yaxshi munosabatda bo'lishni qayta-qayta vasiyat qildilar. U Zot alayhissalom ayollariga qo'l ko'tarmadilar, ularga yaxshilik qilishda ummatga ibrat bo'ldilar va shu ishga targ'ib qildilar:

 خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ، وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْلِي 

(رواه  الامام الترمذي عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضي الله عنهما)

ya'ni: “Yaxshilaringiz – oila ahliga yaxshi bo'lganidir. Men – ahli ayoliga eng yaxshingizman” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Ayollar Islomda ona sifatida benihoya qadr topdilar. Qur'oni karimda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning jufti halollari Qiyomatgacha keladigan “mo'minlarning onasi”, deb e'lon qilindi. Alloh taoloning roziligi ota-onaning roziligiga bog'liqligi dinimiz ko'rsatmalarida ta'kidlangan. Hatto hadisi shariflarda yaxshilik qilishni onadan boshlashga buyurilgan.

Kunlarning birida Muoviya ibn Johima as-Sulamiy raziyallohu anhu Payg'ambar alayhissalom huzurlariga kelib: “Alloh taolo yo'lida jihod qilmoqchiman”, – deb ruxsat so'raydi. Payg'ambarimiz alayhisalom uning onasi tirikligini bilib, onasiga xizmat qilishni buyuradilar. Yana ruxsat so'rayvergach, U Zot: “Baraka topgur, volidangizning oyog'iga mahkam yopishing, o'sha erda jannat bor!” –  deydilar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Dinimizda kishi o'ziga ham, o'zgalarga ham zulm qilishi katta gunohlardan sanaladi. Hususan, jufti haloli, umr yo'ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir. Bugungi kunda erkaklik hamiyatini yo'qotgan ba'zi kishilar jiddiy bir sababsiz o'z ayolini nafaqasiz va qarovsiz qoldirmoqdalar. Na ularni xotin qiladi, na talog'ini berib ajrashadi. Bu bilan er Alloh taolo bergan oilaviy xotirjamlik, jufti halol va farzand kabi bir qancha katta ne'matlarga noshukrlik qilgan bo'ladi.

Ba'zi nomardlar ochiqchasiga: “Seni umringni oxirigacha talog'ingni bermay, arosatda qoldirib, qiynayman”, – deb po'pisa qiladi. Bu etmagandek, aslida o'zining zimmasida bo'lgan – bolalarining nafaqasini ham xotinining bo'yniga yuklab qo'yadi. Natijada ayol na erli bo'lmay, na eridan ajrasha olmay, yillar davomida sarson-sargardon qolib ketmoqda. Ojizalarning haqlari poymol bo'lmoqda. Shuni ta'kidlab aytamizki, mana shu holatda ayol gunoh yo'lga kirsa, zinoga qo'l ursa, u bilan birga nomard er ham bab-barobar gunohkor bo'ladi.

Islomda ayollarning mehnat qilish huquqlari haqida to'xtaladigan bo'lsak, islomda ayol kishi o'zining latofatiga mos ravishda ishlashiga ta'qiq yo'q, balki bu masala ayol, oila va jamiyatning manfaatlaridan kelib chiqib, hal qilinmog'i lozimligi ko'zda tutilgan. Zero, islom ayollarning hurmat-ehtiromini o'rniga qo'yib, ayollik jozibalarini saqlab qolishlari, vazifalarini to'liq ado etish orqali o'z jamiyati, Vatani va diniga kerakli xizmatni ado etish uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Hulosa qilib aytadigan bo'lsak, islom ayollarning qadr-qimmatini o'z o'rniga qo'yib, huquqlarini himoya qilgan.

Ma'lumki, hozirgi kunda ham yurtimizda ayollarning o'zlariga munosib ishlar bilan ta'minlash, tadbirkorlik qilishlari uchun sharoit yaratish, mahallalarda “ayollar daftari” ochilishi va bu bo'yicha nochor ayollarga yordam berilishi, yolg'iz ayollarga imtiyozli uylar ajratilishi kabi ayollarni qo'llab-quvvatlash ishlari olib borilmoqda.

Shunindek, ayollar ehtiromi uchun bizni yurtda ham 8-martni xalqaro xotin qizlar kuni bayrami sifatida belgilangan.  Shuni ta'kidlashimiz lozimki, 8 mart kuni sababli faqat shu kun bilan cheklanish kerak emas, balki ularni doimo e'zozlab, hurmat qilishimiz zarur bo'ladi.

Hulosa shuki, bundan 1 asrdan ko'proq 8 mart kunida ayollarni e'zozlab, ularning haq-huquqlari himoya qilib chiqilgan bo'lsa, dinimizning asosiy manbasi Kalomullohda 14 asrdan ziyodroq vaqt avval ayolni e'zozlash ilohiy amr bilan buyurilgan. Shunday ekan, ayol-qiz va onalarimizni nafaqat  bir kun, balki yil o'n ikki oy e'zozlashimiz – dinimiz talabidir.

Muhtaram azizlar! Mav'izamiz davomida dolzarb mavzulardan  bo'lmish farzandlarning moddiy-ma'naviy ta'minoti otaning zimmasiga vojibligi haqida suhbatlashamiz.

Keyingi paytlarda etimning boshini silab, savob topish o'rniga oilalar buzilib, tirik etimlar ko'payib, o'z farzandlarini ta'minlamayotgan va hukumatimiz tomonidan belgilangan alimentlarni bermayotgan otalar uchramoqda.

Ho'sh, mana shunday holatda shariatimiz hukmlariga ko'ra, bolalarni kim ta'minlashi kerak? Bolani o'zi bilan olib ketgan onami yoki boladan ajralgan otami? Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda shunday degan:

 وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ

ya'ni: “...Ularni (onalarni) me'yoridaoziqlantirishvakiyintirishotaning (erning) zimmasidadir...” (Baqara surasi 233-oyat). Bu oyat taloq oyatlaridan keyin kelgan bo'lib, oyatda bolaning onasi haqida gap ketgan bo'lsa ham (ya'ni taloq qilingan xotin bolani emizib turgani uchun, er uni edirib-ichirib, kiyintirib turadi), bu o'rinda bolani ta'minlash kerakligi xotinni ta'minlashdan ham ko'ra ustunroq turadi.

“Muxtasarul viqoya” kitobida: “Bolalarning nafaqasi otasining zimmasida, unga hech kim bu ishda sherik bo'lmaydi (ya'ni, yordam bermaydi)”, – deyiladi.

Demak, hozirgi kunda tegishli tashkilotlar tomonidan belgilanayotgan nafaqalar (aliment)dan ota bosh tortishi joiz emas, balki bolasini moddiy va ma'naviy jihatdan ta'minlash shar'an uning burchidir. Alloh taolo barchamizni o'z zimmasidagi burchlarni to'liq bajaruvchi bandalaridan qilsin!

Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimizni farovon bo'lishini nasib etsin! Ayol-qizlarimizni shariatimizda ko'rsatilganidek e'zozlashimizda Alloh taolo tavfiq bersin! Omin!

 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Amallarning qabul bo'lish shartlari” mavzusida bo'ladi.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

9.01.2025   2785   8 min.
Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz

 - 56وَتُعْطَى الْكُتْبُ بَعْضًا نَحْوَ يُمْنَى وَبَعْضًا نَحْوَ ظَهْرٍ وَالشِّمَالِ

Ma’nolar tarjimasi: Nomai a’mollar ba’zilarga o‘ng tomondan beriladi, ba’zilarga orqa va chap tomondan (beriladi).

Nazmiy bayoni:

Ayrimlarga nomalar kelar o‘ng qo‘ldan
Ba’zilarga berilar orqa va so‘ldan.

Lug‘atlar izohi:

تُعْطَى – ikki maf’ulli fe’l.

الْكُتْبُ – noib foil, birinchi maf’ul. كُتْبُ kalimasi كِتَابٌ ning ko‘pligi bo‘lib, aslida, كُتُبٌ dir. Bu yerda nazm zaruratiga ko‘ra كُتْبُ qilib keltirilgan.

بَعْضًا – ikkinchi maf’ul.

نَحْوَ – nahv kalimasining bir qancha ma’nolari bo‘lib, bu yerda “tomon” ma’nosida kelgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Quyidagi baytlarda نَحْو kalimasining besh xil ma’nosi bayon qilingan: 1. “qasd”; 2. “jihat”; 3. “miqdor”; 4. “misl”; 5. “qism”.

نَحَوْنَا نَحْوَ دَارِكَ يَا حَبِيبِي

لَقِينَا نَحْوَ أَلْفٍ مِنْ رَقِيبِ

وَجَدْنَاهُمْ جِيَاعاً نَحْوَ كَلْبٍ

تَمَنَّوْا مِنْكَ نَحْوًا مِنْ شَرِيبِ

Ey do‘stim, yo‘l oldik hovlinga tomon,

Yo‘liqdik ming qadar raqibga hamon.

Ularning it misol ochligin bildik,

Biror qism yutiming kutishar har on.

يُمْنَى – “o‘ng” ma’nosida bo‘lib, taraf va a’zoga nisbatan ishlatiladi.

وَبَعْضًا – oldin o‘tgan بَعْضًا ga atf qilingan.

ظَهْر – orqa taraf ma’nosini bildiradi. Masalan, ظَهْرُ الاِنْسَان deganda inson yelkasi ortidan beligacha bo‘lgan qismi tushuniladi.

الشِّمَالِ – chap taraf ma’nosini anglatadi.


Matn sharhi:

Qiyomat kunida hamma mahshar maydoniga to‘planadi. Barchaga bu dunyoda qilgan ishlari yozib qo‘yilgan kitob – nomai a’mol tarqatiladi. Ushbu nomai a’mollar insonlarning hayotlari davomida qilgan barcha hatti-harakatlari davomida yozilgan bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:

“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[1].

Ya’ni insonlarning qilayotgan amallarini kuzatib, yozib turuvchi farishtalar bor. Ular Alloh taolo huzurida eng hurmatli farishtalar bo‘lib, insonlarning talaffuz qilgan barcha so‘zlarini va qilgan barcha amallarini yozib turadilar. Qurtubiy ushbu oyat haqida: “Ustilaringizda kuzatib turuvchi farishtalar bordir” ma’nosini anglatadi, – degan. Ushbu hurmatli farishtalar insonlar tarafidan sodir bo‘lgan barcha yaxshiyu yomon ishlarni bilib turadilar hamda qiyomat kunida qilmishlariga yarasha jazo yo mukofot olishlari uchun nomai a’mollariga yozib turadilar.

Qiyomat kunida farishtalar barcha insonlarni bir joyga to‘plaganlaridan so‘ng har biri bilan alohida hisob-kitob boshlanadi. Hisob-kitobdan oldin ularga bu dunyoda qilgan barcha ishlari yozib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Ashaddiy kofirlarga nomai a’mollari orqa tomondan beriladi va ular uni chap qo‘llari bilan oladilar. Ba’zi kofirlarga chap tomondan beriladi.

Taqvodor mo‘minlarga o‘ng tomondan beriladi. Tavba qilishga ulgurmasdan o‘lgan fosiq mo‘minga nomai a’moli qaysi tarafdan berilishi haqida ulamolar ikki xil qarashda bo‘lganlar:

– O‘ng tarafdan beriladi;

– Bu haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishgan.

O‘ng tarafdan beriladi, deganlar ham qachon berilishi haqida o‘zaro ikki xil gapni aytganlar:

1. Do‘zaxga kirishidan oldin beriladi va bu uning do‘zaxda abadiy qolmasligi alomati bo‘ladi;

2. Do‘zaxdan chiqqandan keyin beriladi.

Nomai a’mollari o‘ng taraflaridan berilganlar osongina hisob kitobdan so‘ng jannatdagi ahllari oldiga xursand holda qaytadilar:

“Bas, kimning nomai a’moli (qiyomat kuni) o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak va (jannnatga tushgan) o‘z ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak”[2].

So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligi haqida bunday yozgan:

Bilur garchi jami’i holimizni,

Yuborur nomayi a’molimizni.

* * *

Yuborsa nomani rahmat yo‘lidin,

Kelur noma u qulni o‘ng qo‘lidin.

* * *

Qizil yuzlik bo‘lub ul ham sarafroz

Suyunganidin qilur ul banda ovoz.

* * *

O‘qung nomamni ey turg‘on xaloyiq

Kelubdur noma ixlosimg‘a loyiq.

Ya’ni Alloh taologa barcha holatlarimiz ma’lum bo‘lsa-da, amallarimiz yozilgan sahifalarni yuboradi. U zotning buyruqlarini bajarib, rahmatiga sazovor bo‘lganlarga amallari yozilgan sahifalarni o‘ng tarafidan yuboradi.

Bunday baxtli insonlar kitoblari o‘ng tomondan berilishi bilanoq o‘zlarining abadiy baxt-saodatga erishganlarini biladilar va mislsiz xursandchilikdan quvonch ko‘z-yoshlari bilan entikishib:“Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar! Albatta, men hisob-kitobimga yo‘liqishimga ishonardim”, – deydilar:

“Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”, – der”[3].

Ammo kimki Allohga iymon keltirmay, Uning buyruqlarini bajarmasdan o‘ziga berilgan fursatni faqat ayshu ishratda yashashga erishish, go‘yo dunyo lazzatlarining oxirigacha yetish yo‘lida sarf qilib yuborgan bo‘lsa, unga kitobi orqa tarafidan beriladi. Kitobi orqa tarafidan berilganlar qizib turgan do‘zaxga kiradilar:

“Ammo kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa, bas, (o‘ziga) o‘lim tilab qolajak va do‘zaxda kuyajak”[4].

Ba’zilarga kitobi chap tarafidan beriladi. Bunday kimsalar kitobi chap tarafdan berilganning o‘zidayoq sharmanda bo‘lganlarini biladilar. Oldindagi dahshatli azob-uqubatlarni his etganlaridan titrab-qaqshab: “Voy sho‘rim, koshki menga kitobim berilmasa edi”, – deb qoladilar.

“Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam! Eh, qaniydi, o‘sha (birinchi o‘limim hamma ishni) yakunlovchi bo‘lsa! Menga mol-mulkim ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib mendan ketdi”[5].

Xulosa qilib aytganda, barchaning qilgan qilmishlari va holatlari ma’lum bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga nomai a’mollarining ham berilishini iroda qilgan. Ushbu nomai a’mollarning qanday berilishining o‘zidayoq yaxshi amal qilganlarni taqdirlash ko‘rinishi bor.


Keyingi mavzu:
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz

 

[1] Infitor surasi, 10, 12-oyatlar.
[2] Inshiqoq surasi, 7, 9-oyatlar.
[3] Al-Haqqoh surasi, 19, 20-oyatlar.
[4] Inshiqoq surasi, 10, 12-oyatlar.
[5] Al-Haqqoh surasi, 25, 29-oyatlar.