O'zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi kafedra mudiri Bahrom Ho'janov Toshkent islom instituti talabalari uchun “Zamonaviy geosiyosiy jarayonlar va islom omili” mavzusida ma'ruza qilib berdi.

Hozirgi zamonda xalqaro va geosiyosiy munosabatlar juda murakkab tus olgan. Geosiyosatni tushinish insoniyat va mamlakatlarning hamjihatlikda yashashi va xavfsizlik borasidagi choralarini ilmiy usulda rejalashtirishiga yordam beradi. Mutaxassislar, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik, demografik, axborot, diniy, madaniy saviyasiga ko'ra farqli mamlakatlar o'rtasidagi aloqalarni to'g'ri tahlil qilishi hamda mamlakatlarning o'zaro munosatlarini xolisona baholay olishi lozim.

Shuning uchun ham talabalar bilan o'tkaziladigan ilmiy suhbatlar siyosiy tafakkurni rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi. Bu omil yurtimiz manfaati va kelajakdagi istiqbolli xalqaro rejalarni amalga oshirishda davlatlar siyosatidan boxabar bo'lishga sabab bo'ladi.
B.Ho'janov o'z ma'ruzasida islom olamida ro'y berayotgan geosiyosiy jarayonlar haqida zarur ma'lumotlar berdi. Bundan tashqari, musulmon mamlakatlarining siyosiy, iqtisodiy va harbiy salohiyatining yutuq va kamchiliklarini faktlar asosida tahlil qilib berdi. Mazkur ma'ruza talabalarda katta qiziqish uyg'otdi. Albatta, har bir ilmni o'z mutaxassisidan o'rganish juda muhim bo'lib, natijada katta manfaatlar xosil bo'ladi. Ilmiy uchrashuvlar yoshlar o'rtasida ko'proq o'tkazilishi kerak. Chunki, mana shunday suhbatlar ularning turli xil g'arazli g'oya va mafkuralardan asrashda birlamchi rol o'ynashi hech kimga sir emas.



Toshkent islom instituti
4-kurs talabasi Allaberganov Allabergan
Bugun, 11 iyun kuni Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti tarixida birinchi marta magistrantlarning dissertatsiya himoyasi start oldi!
Tadbir O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi.
Ushbu muhim voqeada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muhiddin Hakimov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhammedov, institut o‘qituvchi va talabalari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Institut rektori Uyg‘un G‘ofurov va boshqalar bu tarixiy qadam Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarining amaliy natijasi ekanini, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohani yangi bosqichga olib chiqish va yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash tizimining samarasi ekanini alohida ta’kidlashdi.
Hozirda Toshkent islom institutida «Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti» hamda «Hadis ilmlari» mutaxassisliklari bo‘yicha jami 20 nafar magistrant tahsil olmoqda.
Ilk 10 nafar magistrant o‘qish davomida 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr ettirgani, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Islom sivilizatsiyasi markazida ilmiy amaliyot o‘tab, noyob qo‘lyozmalar bilan ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlagani e’tirof etildi.
Bu himoyalar yurtimiz diniy ta’lim tizimi rivojidagi muhim bosqich bo‘lib, kelajakda boy ilmiy-pedagog kadrlar salohiyatini oshirishga va ajdodlarimizning bebaho merosini chuqur o‘rganishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Matbuot xizmati