Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Soxta salafiylar kimlar?

02.03.2021   3428   6 min.
Soxta salafiylar kimlar?

Hozirgi kunda insonlarni tug'ilib-o'sgan Vataniga xiyonat qilishga chaqirayotgan, musulmonlar o'rtasida ix-
tilof va bo'linish keltirib chiqarayotgan buzg'unchi oqimlar juda ko'p. Ana shunday oqimlardan biri soxta salafiylardir.

Soxta salafiylar Islom dini ahkom va fatvolarini har bir zamon taqozosiga qarab emas, hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targ'ib qiladi. Bu oqim a'zolari o'n to'rt asrdan buyon Islomning etuk allomalari, faqihu mujtahidlari qabul qilgan fatvolarga ko'r-ko'rona qarshi chiqadi.

Aslida, “salafi solih” deganda, Payg'ambarimiz zamonlarida hamda ke­yin­gi ikki asrda yashagan ulug' dindoshlarimiz tushuniladi. Shunga ko'ra, Islom ulamolari sahobiy, tobein va tabaa tobein, ya'ni ilk musulmonlarni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Ke­yingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiylar” tushunchalarini ishla­tish to'g'ri emas.

Soxta salafiylik shakllanishining tarixiy ildizlari ilk Islom davridagi ijtimoiy-ma'naviy muhit bilan bog'liq. Hususan, milodiy VIII asr oxiri va IX asr boshlarida “Qur'onning yaratilgani” haqidagi g'oyani bayroq qilib olgan mo''tazila oqimi vujudga kelgan edi. Bunday adashganlarga qarshi keskin kurash, o'z navbatida, sala-
fi solihlar an'anasiga qaytish ha­qidagi g'oyalarning kun tartibiga qo'­yilishiga olib keldi.

Soxta salafiylikning kuchayib, keng yoyilishi suriyalik Ibn Taymiya (1263–1328) faoliyati bilan bog'liq. U umri davomida o'zining agressiv qarashlari sababli to'rt marta (1307, 1309, 1322 va 1326-yillarda) ozodlikdan mahrum qilingan va 1328 yili qamoqxonada
vafot etgan. Mazkur shaxs harakatning nazariy asoslarini belgilab berganini barcha mutaxassislar e'tirof etadi.

Ibn Taymiya go'yoki, asrlar davomida Islomga turli bid'atlar kirib qol­ganini iddao qilib, jamiyat va musulmonlarning kundalik turmush tarzi uning talqinidagi Qur'on va sunnatga asoslangan holda qat'iy tartibga solinishi zarurligi haqidagi g'oyani ilgari surdi.

Soxta salafiylarning dinimiz asos­larini buzishda izchil harakatlarini alohida qayd etish lozim. Ibn Taymiya tomonidan o'ylab topilgan tavhidning ikkiga bo'linishi haqidagi qarashlar Islom asoslarini buzish yo'lida ilk qadam bo'lgan edi.

Soxta salafiylar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning, sahobalar hamda aziz-avliyolarning qabrlarini ziyorat qilish kabi Islom shariati joiz deb bilgan amallarni bajaradigan musulmonlarni kufr va shirkda ayb­lashadi.

O'zlarini asl Islom tarafdorlari deb biladigan soxta salafiylar Madinai munavvaradagi sahobalarning qabr­­larini buzish bilan kifoyalanmay, hat­to Payg'ambarimizning muborak ziyorat­gohlarini vayron qilishga ham urinib ko'rishgan. Soxta salafiylar ke­yinchalik ushbu masalada yanada chuqurlashib, “Qab­istonga borish kufr. Bu kufr esa butparastlarning kufridan ham xatarliroq”, degan asossiz qarashlarni ilgari surishdi.

Soxta salafiylarning Payg'ambarimizga hurmatsizlik qilishi u zotning ota-onalari musulmon holda vafot etmagan deyishlarida ham yaqqol ko'rina-
di. Ularning bunday g'ayriislomiy yondashuvi go'yoki “nubuvvat”, ya'ni payg'ambarlik Nabiy alayhissalomning faqat so'zi va amalida namoyon bo'lgan, degan xulosaga olib keladi. U zotning tanalari, ya'ni jismlaridan foyda yo'q. Chunki bu tana u zotning mushrik ota-onasining bir bo'lagidir. Payg'ambar o'ldi, uning jasadidan foyda yo'q. Shu bois soxta
salafiylar u zotning qabrlari ziyoratidan ma'ni yo'q, degan soxta, asossiz, bema'ni, mantiqsiz, tuturuqsiz gaplarni tarqatishadi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salom berish va u zotning qabrlarini ziyorat qilish baxt va saodatdir. Shu bois bu muborak ravzadan yil bo'yi Yer yuzining turli burchaklaridan kelgan mo'min-musulmonlarning qadami uzilmaydi. Nabiyyi muhtaram sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan keyin qabrlarini ziyorat qiluvchi ummatlarga bunday deya marhamat qilganlar: “Biror kishi menga salom bersa, albatta, Alloh mening ruhimni qaytarib beradi va men o'sha odamning salomiga alik olaman” (Imom Abu Dovud va Imom Bayhaqiy rivoyati). Payg'ambarimiz alayhissalom boshqa hadisda: “Kim qabrimni ziyorat qilsa, unga shafoatim vojib bo'ladi”, dedilar (Qozi Iyoz rivoyati).

Vaholanki, barcha diniy manbalarda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning ajdodlari hurmatga sazovor va yuksak fazilatlarga ega insonlar bo'lgani qayd etilgan. Hadislarda ham u zotning nasl-nasabi Ismoil alayhissalomga bog'lanishi xususida ma'lumotlar bor.

Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh­ning “Fiqhul akbar” kitobida ta'­kidlanganidek, Rasulullohning otaonala­ri Islom fitrati, ya'ni is­lomiy tabiat­da vafot etganlar.

Soxta salafiylar milodiy yil hisobini ishlatish, boshqa din vakillarining bayram, madaniy tadbirlarida ishtirok etish va tabriklash, kostyum, pal'to, shim va ko'ylaklar kiyishni, galstuk taqishni ham imonsizlik deb hi­sob­lashadi.

Sekulyarizm (dunyoviylik) va davlat­ning demokratik tamoyillarini qora­lash, inkor qilish hamda davlat to'ntarishini amalga oshirish orqali hokimiyatni qo'lga kiritish va xalifalikka asoslangan tuzumni o'rnatish
soxta salafiylarning asosiy maqsadi hi­soblanadi.

Hozirgi kunda ham soxta salafiylarning e'tirof etilgan fiqhiy mazhab­larni tan olmayotgani ularning asl qora niyatini yaqqol namoyon etadi. Zero, bunday iddaolari bilan ular diniy birlik va aqidaviy yakdillikka ham raxna solmoqda.

Bugungi kunda ushbu buzg'unchi oqim-lar xal­qaro terrorchi tashkilotlar bilan uzviy aloqada ekani va ularning faoliyati tomonidan moliyalashtirilayotgani hech kimga sir emas. Ayniqsa, so'nggi yillarda Qozog'iston, Qirg'izis­ton va Tojikistonda bir qator terrorchiliklarning amalga oshirilgani har bir fuqaroda hushyorlikni, ogohlikni oshirishni talab etmoqda.

“Hidoyat” jurnalidan olindi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   57857   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati