Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Davriy nashrlarda: Nomai a'molini birinchi oladigan zot

26.02.2021   2425   7 min.
Davriy nashrlarda: Nomai a'molini birinchi oladigan zot

«Bas, o'z kitobi (nomai ­a'moli) o'ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Ma­na mening kitobimni o'qing­lar”» (Al-Hoqqa surasi, 19-oyat).

Ushbu oyati karima dastlab Habashistonga, so'ng Yasribga hijrat qilgan birinchi mu­hojir Abu Salama haqida nozil bo'lgan.

Ibn Abu Osim Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda bunday keladi: “(Qiyomat kuni) nomai a'molini o'ng tomonidan oladigan birinchi kishi Abu Salama ibn Abdul Asad roziyallohu anhudir. Nomai a'molini chap tomonidan oladigan bi­rinchi kishi uning akasi Su­fyon ibn Abdul Asaddir”.

To'liq ismi: Abdulloh ibn Abdul Asad Maxzumiy. Kunyasi: Abu Salama. Islom­ni ilk qabul qilgan o'n sa­hobadan keyin, Nabiy alay­hissalom Dorul Arqamga kirishlaridan oldin imon keltirganlardan. Ota­si: Abdul Asad ibn Hilol. Onasi: Rasululloh sollal­­lohu alay­hi va sallamning ammalari Barra binti Abdul­mutta­lib. Turmush o'rtog'i: Ummu Salama roziyallohu an­ho. Abu Salama Nabiy alayhis­salomning ham ammalarining o'g'li, ham emikdoshla­ridir. Abu Lahabning cho'­ri­si Suvayba roziyallohu an­ho ikkalalarini emizgan.

Hidoyat quyoshiporladi

Abu Salama atrofida sodir bo'layotgan, sog'lom qalb egasi ko'tara olmaydigan johiliyat ishlarini ko'rib, yuragi ezilar, og'riq chekardi. Qaniydi, bir tong otsaki, johiliyatning bu zulmatlari parchalansa... Quyosh nuridan butun olam yorishsa...

Nihoyat kutilgan tong keldi. Muhammad alayhissalom payg'ambar etib yuborilishlari bilan hidoyat quyoshi johiliyat zulmatlarini yorib, o'z nurini yoya boshladi. Avvalida bu hidoyat nuridan bahramand bo'lganlar kamchilikni tashkil etdi. Abu Salama ular orasida edi.

Johiliyat hayotidan yaxshigina nasiba olayotgan ba'zi mushriklar ko'p yillik obro'-e'tibor va martabalaridan ayrilishni istashmadi. Shu bois musulmonlarni Islomdan uzoqlashtirishni istashdi. Mo'minlarni bu yo'ldan qaytarish uchun zulmning turli ko'rinishlarini ishga solishdi.

Nabiy alayhissalom sa­ho­balarning azoblanish­larini istamadilar. Mushriklarning jabr-zulmi­dan saqlanish uchush Habashis­tonga hijrat qilishni buyur­dilar. Abu Salama va uning oilasi ham birinchi muhojirga aylandi...

Intilganga tole yor

Allohning Habibidan uzoqda yashash, sog'inch hissi boshqa muhojirlar qatori Abu Salamaning ham qalbini o'rtardi. Makkadan kelgan har bir xabarni intiqlik bilan kutdi. Keyin esa Makkada vaziyat yumshagani, musulmonlar soni ko'payayotgani haqidagi gap-so'zlarga ishonib, Habashistonda ko'p vaqt qololmadi. Payg'ambarimiz alayhissalomning suhbat­laridan bahra olish uchun oilasi bilan yana Makkaga qaytdi.

Biroq vaziyat u kutganidek emas edi. Mushriklar, ayniqsa, o'z qabilasi Bani maxzumliklar Abu Salama va uning oilasiga tinch­lik bermadi. Sababi, Abu Jahl ushbu qabilaning rai­si edi. Buning ustiga Abu Salamaning himoyachisi – tog'asi Abu Tolib ham vafot etgandi.

Oyning o'n beshi qorong'u, o'n beshi yorug' deganlaridek, Yasribga hijrat boshlandi. Abu Salama yana yo'lga otlandi. Uning Yasribga ko'chish ixtiyori Habashistonga qaytib ketishdan ko'ra kuchliroq edi. Chunki Yasrib bilan Makka orasi Habashistongacha bo'l­gan masofadan ko'ra yaqinroq, u erning aholisi arablar bo'lib, tili bir, tabiati bir-biriga mos edi. Yasrib aho­lisining musulmon bo'­layotgani, ayniqsa, u erga Mus'ab roziyallohu anhu­ning dinni o'rgatish uchun yuborilgani, ibodatlarini xavotirsiz bajarishiga, Is­lom dinini yanayam ko'proq o'r­ganishiga imkon yaratardi.

Ushbu omillar sabab Abu Salama oilasi bilan Madi­na sari otlandi. Bi­roq hijrat chog'ida katta qiyin­chiliklarga duchor bo'ldi. Yo'l-yo'lakay ayoli­ning qarindoshlari Ummu Salama roziyallohu anho­­ni hibsga olishdi. Qabiladoshlari esa o'g'li Salamani olib qolishdi. Abu Salama Madinaga yolg'iz o'zi safar qilishga majbur bo'ldi. Faqat bir yildan so'nggi­na butun oila Yasribda jamlandi.

Abu Salama avvaliga Qu­boda madinalik ansoriy Mubashshir ibn Abdul Munzir roziyallohu anhu­ning ­uyiga kelib tushdi. Keyinchalik Rasululloh alayhissalom unga Bani Zuhra qavmidan maskan ajratib berdilar. Yana Sa'd ibn Haysama ansoriy bilan birodar tutintirdilar.

Madinada Abu Salama Nabiy alayhissalomning har bir ishlari, xulqlari­ni o'rganib, o'rnak oldi, soya kabi doimo ergashib yurdi. Rasululloh sollal­lohu alayhi va sallamga nisbatan muhabbati kundan-kun ziyodalashib bordi. Natijada u zot uchun jonini, mol-dunyosini fido qiladigan holga etdi.

Hijratning ikkinchi yili musulmonlar bilan Makka mushriklari o'rtasi­da Badr g'azoti bo'lib o'tdi. Jangda oz sonli musulmonlar orasida Abu Salama ham ishtirok etdi. Musulmon­lar zafar qozonishdi. Hud­di shu yili Payg'ambarimiz alayhissalom Ushayra g'a­zotiga ketayotib, Abu Sala­mani Madinada o'rinbo­sar etib qoldirdilar. Keyin­gi yili Uhud jangida Abu Salama qo'lidan jarohat­landi...

Uhuddan ikki oy o'tar-o'tmas, Rasululloh sollal­lohu alayhi va sallamga Huvaylidning Tulayha va Salama ismli ikki o'g'li ­musulmonlarga qarshi urush uchun qavmidan odam to'plagani xabari keldi. Nabiy alayhissalom 150 kishilik jangchi guruh tuzib, Abu Salamani boshliq etib yubordilar. Askarlar bilan dushmanni engib ortga qaytishdi. Bu yurishda Abu Salamaning qo'lidagi eski jarohati yana ochilib, qon keta boshladi. Ahvoli og'irlashdi.

O'lim to'shagida yotarkan, bir vaqtlar Nabiy alayhis­salomning: «Sizlardan qay biringizga musibat etsa: “Albatta, biz Allohniki­miz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz. Yo Alloh, ­ush­bu musibatimga Sen­dan ajr umid qildim. Bas, menga musibatim evaziga ajr ber. Uning o'rniga yaxshilik ber”, deb aytgan ta'limlarini esladi va: “Yo Rabbim, mendan so'ng ah­limga mendan ko'ra yaxshi­roq o'rinbosar ato etgin», deb duo qildi.

Olamlar sarvari ziyoratga kelganlarida Abu Salama endigina jon taslim qil­gan, ko'zlari ochiq qolgan edi. Nabiy alayhissalom mu­borak qo'llari bilan ko'z­larini yumdirdilar va: “Ruh qabz etilsa, ko'z unga er­ga­shadi”, dedilar. Shu vaqt uning oilasidagi kishilar uvvos solib faryod qi­la boshlashdi. Buni ko'r­gan Nabiy alayhissalom: “O'zingizga faqat yaxshilik tilang. Albatta, farishtalar omin deb turishadi”, deb ogohlantirdilar. So'ng: “Yo Alloh, Abu Salamani mag'­firat et, Na'im jan­natlarida uning darajasini yuqori qil. Bizni ham, uni ham mag'firat ayla, ey olamlar Rabbi”, deya duo qildilar (Imom Muslim ri­voyati). 

Abu Salama vafot etganda Ummu Salama roziyallohu anho istirjo aytdi. Ushbu duo ijobatidan keyinchalik Nabiy alayhissalomga turmushga chiqib, mo'minlar onasi sharafiga erishdi.

ToshkentIslom institutio'qituvchisi

Hafiza BAHTIYoR qizitayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   18900   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari