"Dunyoda ilmdan boshqa najot yo'q va bo'lmagay".
Ulug' ajdodimiz Imom Buxoriy hazratlarining bu hikmatli so'zlari dunyo musulmonlari uchun shiorga aylangan desak mubolag'a bo'lmas.
Ilm talabidagi inson esa Alloh taoloning huzurida aziz va mukarram sanaladi.
Tolibi ilmlarni e'zozlash, ularni qo'llab-quvvatlash savobi va mukofoti ulkan amallardandir.
Vaqf xayriya jamoat fondi tomonidan diniy ta'lim dargohlarida tahsil olayotgan talabalar doimiy ravishda rag'batlantirilib kelinmoqda.
Zero, fondning bosh vazifalaridan biri ham shu.
Bugun, diniy ta'lim muassasalari talabalari orasidan eng iqtidorlilariga taqdim etiladigan "Imom al Buxoriy" stipendiyasining ilk g'olibi Toshkent Islom instituti talabasi Mahammadxonova Muhlisa, Vaqf xayriya jamoat fondi tomonidan 7 020 000 so'm bilan mukofotlandi.
Alloh taolodan so'rab qolamizki, ushbu stipendiya sohiblari kelajakda ajdodlarimiz kabi etuk olim, faqih va muhaddis bo'lib etishadi.
Safimizga qo'shiling: @vaqfuz
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati