Mashhur tilshunos Ibn Manzur: «“Taassub” so'zi “asabiyat”dan olingan. “Asabiyat” boshqalarni o'zining ota tomonidan qarindoshlariga yordam berishga chaqirish ma'nosini anglatadi. Bir guruhga nisbatan taassub qilish degani o'sha guruh yordami uchun jamlanish ma'nosini anglatadi», deb yozadi.
Lug'at kitoblarida esa “mutaassiblik” qattiqqo'llik, bir fikrda qattiq turib olish ma'nolariga ham dalolat qilishi aytib o'tilgan. Istilohda esa, doim o'zini so'zsiz haq deb bilib, fikrida qattiq turib olish, boshqalarni esa nohaq deb qarash taassubdir. Bu tuyg'u mutaassib kishida o'zgani tahqirlaydigan, uning insoniy haq-huquqlarini e'tirof etmaydigan muayyan xatti-harakatlar ko'rinishida aks etadi. Borib-borib bu uning tabiatiga singadi.
Qisqacha aytganda, mutaassiblik, garchi dalil ko'rinib turgan bo'lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir. Mutaassiblik va fanatizm tushunchalari bir-biriga ma'nodosh bo'lib, ularning aksi bag'rikenglikdir.
Mutaassiblikning bir qancha turlari bor:
– diniy mutaassiblik;
– irqiy mutaassiblik;
– qabilaviy mutaassiblik;
– tabaqaviy yoki ijtimoiy mutaassiblik;
– fikriy mutaassiblik va hokazo.
Yana sport mutaassibligi degan tushuncha ham mavjud. Futbol fanatizmi bunga misol bo'ladi.
Tarixda sodir bo'lgan ko'plab urush-janjal va xunrezliklarning mohiyati haqida gap ketsa, ularning asl sababi mutaassiblikka borib taqalishiga guvoh bo'lamiz.
Hozir ko'plab davlatlar boshidan kechirayotgan ma'naviy bo'hron bilan birga mutaassiblik ko'lami ham kengayib bormoqda. Bu jarayonda mutaassiblikning turli ko'rinishda jamiyat hayotiga xavf solayotganini inkor etib bo'lmaydi. Faylasuflar, huquqshunoslar, siyosatchilar, jamiyatshunos va dinshunos olimlar mutaassiblikning kelib chiqishi va uning salbiy oqibatlarini o'rganishmoqda.
Bugungi kunda ko'pgina mintaqalarda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni keskinlashtirishga urinayotgan, begunoh kishilarning hayotiga zomin bo'layotgan mutaassiblarning ekstremistik xatti-harakati tobora xatarli tus olayotgani barcha davlatlarning bu illatga qarshi birgalikda kurash olish borishi, kishilarning madaniy darajasi-
ni yuksaltirish, shaxsga nisbatan hurmat tuyg'usini shakllantirish borasida sa'y-harakatlarni birlashtirishni taqozo etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Havfsizlik Kengashining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassami ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo'ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi”, deya ta'kidlagan edilar.
Mutaassiblikning shaxs va jamiyatga etkazadigan zararlari juda kattadir. Mutaassib kimsa bu – darg'azab, jazavali, asabiy, hissiyotga berilgan va qattiq salbiy his-hayajonga tushuvchi shaxs. U buzg'unchi g'oyalarni faol tashuvchilardan hisoblanadi. Aynan shu sifatlar unga omma orasidagi tarafdorlar qalbini egallashga imkon beradi.
Mutaassib voqelikni o'zining asl holatida ko'ra olmaydi. Chunki u fa-
qat o'zi moyil bo'lgan narsanigina ko'radi. Inkor etib bo'lmas darajada oshkor bo'lsa ham, o'zgalar ko'rayotgan haqiqatni ko'rmaydi. Mutaassib faqat o'zini haq, o'zgalarni nohaq deb bilgani uchun doim sezmagan holda ijtimoiy rishtalarni uzadi, ixtilof jarligini kengaytiradi. Uning tor ongiga ko'ra hamma faqat uning qolipi bo'yicha yashashi kerak. Aks holda “adashgan” odam hisoblanadi.
Mutaassib uchun ilmiy omonatdorlik tushunchasi umuman yo'q narsa. U haqiqatdan bo'yin tovlab, voqelikni faqat o'zining foydasiga burishga, haqiqatni soxtalashtirishga harakat qiladi. Shu bois barcha masalada odamlarni to'g'ri echimni topishdan mahrum qiladi, shaxslar va jamoalarga to'g'ri baho berish masalasida hammani adashtiradi. Mutaassib mo''tadil ilmiy bahs orqali haqiqatga erishish yo'llarini o'zining nizo qo'zg'aydigan, ixtilofni kuchaytiradigan bahslari bilan barbod qiladi. Natijada jamiyatlar, xalqlar va madaniyatlar o'rtasida keskinlik yanadakuchayadi.
Mutaassib keng fikrlashga qodir emas. Uni faqat ichki emotsional tuyg'u boshqaradi. O'zgalarning yanglish fikri bilan harakat qiladi. Aynan shuning uchun muqobil tomon fikrini tarozuga solish va hurmat qilish imkonidan mahrumdir. Toqatsizlik ancha vaqtlardan buyon fanatizmning sinonimi sifatida tadqiqotchilar tomonidan tan olingan. Biron-bir qarashni faqat o'zining sevimli qoidalariga mos kelmagani, qarshi ekani uchungina qat'iyan rad etadigan har qanday odam toqatsiz bo'lishi mumkin.
Hulosa qilib aytganda, mutaassib uchun bag'rikenglik hech qanday ma'no kasb etmaydi. U bag'rikenglikni kishi ruhiyatining pastligi, irodasining bo'shligi deb biladi. Fanatik kimsa kimni o'zidan yiroq deb bilsa, unga raqib deb qarasa, ularga aslo toqat qila olmaydi.
Po'latxon KATTAYeV,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o'qituvchisi
Bu muqaddas oyda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush farovonligini yaxshilash va jamiyatda o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik moddiy yordam ajratilmoqda. Tegishli tartibga muvofiq, ehtiyojmand fuqarolarga 1 million va 500 ming so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak taqdim etilmoqda.
Mazkur tashabbus nafaqat moddiy yordam, balki davlatning aholiga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi va ijtimoiy mas’uliyatining amaliy ifodasidir. Ayniqsa, muqaddas oyda bunday ko‘makning yetkazilishi hududlardagi ko‘plab oilalar uchun katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘lmoqda.
Jumladan, Namangan viloyatida ham 68 mingdan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan.
Joylarda bu jarayon izchil va manzilli tarzda amalga oshirilib, yordam haqiqatan ehtiyojmand aholi qatlamini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunday ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari jamiyatda o‘zaro mehr-muruvvat muhitini mustahkamlab, inson qadri va farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda. Ramazon oyida ezgulik va saxovat har bir xonadonga kirib borayotgani esa bu ishlar samarasining yaqqol ifodasidir.
Bunday savobli amallar respublikaning barcha tumanlarida davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA