Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Avgust, 2026   |   6 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:36
Peshin
12:27
Asr
17:16
Shom
19:21
Xufton
20:43
Bismillah
19 Avgust, 2026, 6 Rabi`ul avval, 1448

Mutaassiblik – fitnalarni paydo qiladi

24.02.2021   7175   5 min.
Mutaassiblik – fitnalarni paydo qiladi

Mashhur tilshunos Ibn Manzur: «“Ta­as­sub” so'zi “asabiyat”dan olingan. “Asa­biyat” boshqalarni o'zining ota to­mo­nidan qarindoshlariga yordam berishga chaqirish ma'nosini ang­latadi. Bir guruhga nisbatan taassub qilish degani o'sha guruh yordami uchun jamlanish ma'nosini anglatadi», deb yozadi.

Lug'at kitoblarida esa “mutaassib­lik” qattiq­qo'l­lik, bir fikrda qattiq turib olish ma'nolariga ham dalolat qilishi aytib o'tilgan. Istilohda esa, doim o'zini so'zsiz haq deb bilib, fik­rida qattiq turib olish, boshqa­larni esa nohaq deb qarash taassubdir. Bu tuyg'u mutaassib kishida o'zgani tahqirlaydigan, uning insoniy haq-huquqlarini e'tirof etmaydigan muayyan xatti-harakatlar ko'rinishida aks etadi. Borib-borib bu uning ta­biatiga singadi.

Qisqacha aytganda, mutaassiblik, garchi dalil ko'rinib turgan bo'lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir. Mutaassiblik va fanatizm tushunchalari bir-biriga ma'nodosh bo'lib, ularning aksi bag'rikenglikdir.

Mutaassiblikning bir qancha turlari bor:

– diniy mutaassiblik;

– irqiy mutaassiblik;

– qabilaviy mutaassiblik;

– tabaqaviy yoki ijtimoiy mutaas­siblik;

– fikriy mutaassiblik va hokazo.

Yana sport mutaassibligi degan tushuncha ham mavjud. Futbol fanatizmi bunga misol bo'ladi.

Tarixda sodir bo'lgan ko'plab urush-janjal va xunrezliklarning mohiyati haqida gap ketsa, ularning asl sababi mutaassiblikka borib ta­qalishiga gu­voh bo'lamiz.

Hozir ko'plab davlatlar boshidan kechirayotgan ma'naviy bo'hron bilan birga mutaassiblik ko'lami ham kengayib bormoqda. Bu jarayonda muta­assiblikning turli ko'rinishda ja­miyat hayotiga xavf solayotganini inkor etib bo'lmaydi. Faylasuflar, huquq­shunoslar, siyosatchilar, jamiyatshunos va din­shunos olimlar mutaassiblikning kelib chi­qishi va uning salbiy oqibatla­rini o'rganishmoqda.

Bugungi kunda ko'pgina mintaqalar­da ij­timoiy-siyosiy vaziyatni keskinlashtirishga urinayotgan, begunoh kishilarning hayotiga zomin bo'layotgan mutaassiblarning ekstremistik xat­ti-harakati tobora xatarli tus olayotgani barcha davlatlarning bu illatga qarshi birga­likda kurash olish borishi, kishilarning madaniy darajasi-
ni yuksaltirish, shaxsga nis­batan hur­mat tuyg'usini shakllantirish bora­sida sa'y-harakatlarni birlashti­rishni ta­qozo etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoe­v Bir­lashgan Millatlar Tashki­loti Havf­siz­lik Kengashining 72-sessiyasi­da: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qad­riyat­larimiz mujassami ifodasi sifatida behad qadr­laymiz. Biz mu­qaddas dinimizni zo'­ravonlik va qon to'kish bilan bir qatorga qo'yadigan­larni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon muro­sa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fa­zilatlar­ni asrab-avaylashga da'vat etadi”, deya ta'kidlagan edilar.

Mutaassiblikning shaxs va jamiyatga etkazadigan zararlari juda kattadir. Mutaassib kimsa bu – darg'azab, jazavali, asabiy, hissiyotga berilgan va qattiq salbiy his-hayajonga tushuvchi shaxs. U buzg'unchi g'oyalarni faol tashuvchilardan hisoblanadi. Aynan shu sifatlar unga omma orasidagi tarafdorlar qalbini egallashga imkon beradi.

Mutaassib voqelikni o'zining asl holatida ko'ra olmaydi. Chunki u fa-
qat o'zi moyil bo'lgan narsanigina ko'radi. Inkor etib bo'lmas darajada oshkor bo'lsa ham, o'zgalar ko'rayotgan haqiqatni ko'rmaydi. Mutaassib faqat o'zini haq, o'zgalarni nohaq deb bilgani uchun doim sezmagan holda ijtimoiy rishtalarni uzadi, ixtilof jarligini kengaytiradi. Uning tor ongiga ko'ra hamma faqat uning qolipi bo'yicha yashashi kerak. Aks holda “adashgan” odam hisoblanadi.

Mutaassib uchun ilmiy omonatdorlik tushunchasi umuman yo'q narsa. U haqi­qatdan bo'yin tovlab, voqelikni faqat o'zining foydasiga burishga, haqiqatni sox­talashtirishga harakat qiladi. Shu bois barcha masalada odamlarni to'g'­ri echimni topishdan mahrum qiladi, shaxs­lar va jamoalarga to'g'ri baho berish masalasida hammani adashtiradi. Mutaassib mo''tadil ilmiy bahs orqali haqi­qatga eri­shish yo'llarini o'zining nizo qo'zg'aydigan, ixtilofni kuchaytiradigan bahslari bilan barbod qila­di. Natijada jami­yatlar, xalqlar va madaniyatlar o'rta­sida keskinlik yana­dakuchayadi.

Mutaassib keng fikrlashga qodir emas. Uni faqat ichki emotsional tuyg'u boshqaradi. O'zgalarning yanglish fik­ri bilan harakat qiladi. Aynan shuning uchun muqobil tomon fikrini tarozuga solish va hurmat qilish imkonidan mahrumdir. Toqatsizlik ancha vaqtlardan bu­yon fanatizmning sinonimi sifatida tadqiqotchilar tomonidan tan olingan. Biron-bir qarashni faqat o'zining sevimli qoidalariga mos kelmagani, qarshi ekani uchungina qat'­iyan rad etadigan har qanday odam toqatsiz bo'lishi mumkin.

Hulosa qilib aytganda, mutaassib uchun bag'rikenglik hech qanday ma'no kasb etmaydi. U bag'rikenglikni kishi ruhiyatining pastligi, irodasining bo'shligi deb biladi. Fanatik kimsa kimni o'zidan yiroq deb bilsa, unga raqib deb qarasa, ularga aslo toqat qila olmaydi.

Po'latxon KATTAYeV,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti o'qituvchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   26136   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari