Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

ENG GO'ZAL ISMLAR ALLOHNIKIDIR (1-maqola)

24.02.2021   3992   13 min.
ENG GO'ZAL ISMLAR ALLOHNIKIDIR  (1-maqola)

 

 

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Allohning chiroyli ismlari bor. U bilan duo qilinglar” (A'rof surasi, 180-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Alloh taoloning to'qson to'qqizta – bir kam yuzta ismi bor. Kim ularni ixso qilsa (yod olsa), jannatga kiradi. Alloh toqdir, toqni yaxshi ko'radi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz ushbu xadisda kelgan “ixso” kalimasini fakatgina yodlash emas, balki “uning ma'nolarini bilib, tafakkur kilish va unga muvofiq go'zal xulq bilan xulqlanish lozim”, deganlar.

Lekin bu ism-sifatlar arab tilida bo'lgani uchun ma'nolarini anglab, tafakkur kilish bizga kiyinchilik tug'diradi. Shuning uchun xam ularning ma'nolarini bilish va uni siz azizlarga etkazish maksadida ma'rifat gulshaniga safar kilishga karor kildik.

 

ALLOH TAOLONING GO'ZAL ISMLARI:

اللهُ

  1. Alloh.

Butun olamlarni yaratgan Holiq, barcha maxluqot va mavjudot sig'inadigan yagona ma'bud Ismi Zotidir. U Zotdan boshqaga nisbatan bu ism ishlatilmaydi.

 

الرَّحْمَنُ

  1. Ar-Rahmon.

Bu sifat faqat Allohga xos bo'lib, barchaga kofirga ham, mo'minga ham mehribon va ne'mat beruvchi ma'nosini anglatadi. Rahmon sifatini Alloh taolodan boshqa hech kimga nisbatan ishlatib bo'lmaydi.

 

الرَّحِيمُ

  1. Ar-Rahiym.

Bu sifat xosroq bo'lib, qiyomat kuni faqat mo'minlarga rahm qiluvchi ma'nosini anglatadi.

 

المَلِكُ

  1. Al-Malik.

Mulk (haqiqiy podsholik) Unikidir. Undan o'zga ega yo'q. Shuning uchun bandalar faqat Unga ibodat qilishlari lozim.

 

القُدُّوسُ

  1. Al-Quddus.

Barcha ayblardan xoli, noloyiq sifatlardan pok. Mutlaq poklik Allohning o'zigagina xosdir.

 

السَّلَامُ

  1. As-Salom

Barcha nuqsonlardan salomat. Shuningdek, tinchlik, xotirjamlik va rohat beruvchi.

 

المُؤْمِنُ

  1. Al-Mo'min.

Iymon va omonlik beruvchi.

 

المُهَيمِنُ

  1. Al-Muhaymin.

Hamma narsani qamrab oluvchi. Alloh bandalarning barcha holatlariga guvoh bo'lib turadi. Undan hech narsa maxfiy qolmaydi.

 

العَزِيز

  1. Al-Aziz.

Barchaning ustidan g'olib. Undan biror narsa g'olib kelolmaydi.

 

الْجَبَّارُ

  1. Al-Jabbor.

Yaratganlarining ishlarini isloh etuvchi, nuqsonlarini tuzatuvchi.

 

المُتَكَبِّرُ

  1. Al-Mutakabbir.

Kibriyosi va ulug'ligi behad. Hamma narsadan ulug'.

 

الخَالِقُ

  1. Al-Holiq.

Olamdagi hamma narsani o'z xohishiga ko'ra yaratuvchi, mutlaq vujudga keltiruvchi.

الْبَارِئُ

  1. Al-Bori'.

Yo'qdan paydo qiluvchi, vujudga keltiruvchi.

 

المُصَوِّرُ

  1. Al-Musavvir.

Mahluqotlarning suvratini shakllantiruvchi, har bir narsaga o'ziga xos suvrat beruvchi.

 

الغَفَّارُ

  1. Al-G'affor.

Bandalarining aybini o'z fazli ila kechib yuboruvchi, mag'firat qiluvchi.

القَهَّارُ

  1. Al-Qahhor.

Barcha maxluqotlarini o'z hukmiga yuritib va qudrati ila bo'ysundirib turuvchi.

الوَهَّابُ

  1. Al-Vahhob.

Ne'matlarni behisob beruvchi.

 

الرَزَّاقُ

  1. Ar-Razzoq.

Ko'plab rizq beruvchi.

الفَتَّاحُ

  1. Al-Fattoh.

Ko'plab narsalarni ochuvchi. O'z rahmati xazinasini bandalarga ochuvchi.

العَلِيمُ

  1. Al-Aliym.

Har bir narsani biluvchi. Bo'lgan va bo'ladigan, avvalgi va oxirgi, zohir va botin narsalarning barchasini biluvchi.

 

القَابِض

  1. Al-Qobiz.

Ruhlarni qabz qiluvchi. Hohlagan kishisining rizqini qabz qiluvchi. Qalblarni qabz qiluvchi.

البَاسِط

  1. Al-Bosit.

Hohlagan bandasining rizqini, (ruhini) qalbini keng qiluvchi.

الخَافِض

  1. Al-Hofiz.

Pasaytiruvchi. Kofir va fosiqlarning martabasini xor-zor qilib pasaytiradi.

 

الرَافِع

  1. Ar-Rofi'.

Ko'taruvchi. Mo'min va taqvodorlarning martabasini azizu mukarram qilib ko'taradi.

المُعِزُّ

  1. Al-Mu'izz.

Aziz qiluvchi. Kimni xohlasa to'g'ri yo'lga solib aziz qiladi.

 

المُذِلُّ

  1. Al-Muzill.

Hor qiluvchi. Kimni xohlasa xor qiladi.

السَّمِيعُ

  1. As-Samiy'.

Har bir narsani eshituvchi.

البَصِيرُ

  1. Al-Basiyr.

Har bir narsani ko'ruvchi.

 

الحَكَم

  1. Al-Hakam.

Adolatli hukm qiluvchi.

العَدْل

  1. Al-Adl.

Mutlaq adolat qiluvchi.

 

اللَّطِيفُ

  1. Al-Latiyf.

O'ta lutf ko'rsatuvchi. Barcha narsalarning nozik va daqiq joylarigacha biluvchi.

 

الخَبِيرُ

  1. Al-Hobiyr.

Hamma narsadan o'ta xabardor.

 

الحَلِيمُ

  1. Haliym.

G'azabi qo'zimaydigan va iqob qilishga shoshilmaydigan.

 

 

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

18.08.2026   50748   4 min.
O‘zbekiston olimlari Bobur va Boburiylarning Pokistondagi merosini tadqiq etmoqda

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.

Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.

Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.

O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.

Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.

Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.

– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.

– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.

Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.

– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari