بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
DINIMIZDA SOG'LOM TURMUSh TARZIGA E_''TIBOR
Muhtaram jamoat! Islom dini insonni aziz va mukarram zot sifatida ulug'lagani hamda inson hayotining ruhiy va ma'naviy jihatdan komillikka etishishiga katta e'tibor bergani hammamizga ma'lum. Ko'pchiligimiz dinimizda asosan mana shu jihatga ahamiyat qaratilgan deb o'ylab, hayotning jismoniy va moddiy tomoniga e'tiborsizlik qilamiz. Agar biz dinimiz ta'limotlarini chuqurroq va teranroq o'rganadigan bo'lsak, unda inson hayotining bu qirrasiga ham avvalgisidan kam e'tibor qaratilmaganini ko'rishimiz mumkin. Zero, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom:
﴿اَلْمُؤْمِنُ الْقَوِيُّ خَيْرٌ وَأَحَبُّ إِلَى اللهِ مِنَ الْمُؤْمِنِ الضَّعِيْفِ﴾ (رواه الإمام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه).
ya'ni, “Kuchli mo'min kishi Alloh huzurida kuchsiz mo'mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari)
Ushbu hadisi sharifdagi kuch-quvvatni Imom Navaviy va ayrim ulamolar taqvodagi, ibodatdagi kuch-qudrat degan bo'lsalar ham, boshqa ulamolar jism va tananing baquvvat bo'lishi deb sharhlashgan.
Musulmonning kiyimlari, badani va joylari doimo ozoda va pok bo'lishiga shariatimiz buyurgan. Qur'oni karimda Alloh taolo:
وَثِيَابَكَ فَطَهِّرْ
ya'ni: “Kiyimlaringni pokla” (Muddassir surasi 4-oyat) deb, marhamat qilgan bo'lsa, Payg'ambarimiz alayssalom o'zlarining bir hadisi shariflarida:
﴿إنَّ اللهَ تَعَالَى طَيِّبٌ يُحِبُّ الطَيِّبَ، نَظِيْفٌ يُحِبُّ النَّظَافَةَ، كَرِيمٌ يُحِبُّ الكرَمَ، جوَادٌ يُحِبُّ الجُودَ،
فَنَظِّفُوا أَفْنِيَتَكُمْ﴾ (رواه الإمام الترمذي)
ya'ni: “Albatta Alloh – pokdir, poklikni yaxshi ko'radi; tozadir, tozalikni yaxshi ko'radi; oliyjanobdir, oliyjanoblikni yaxshi ko'radi; saxiydir, saxovatni yaxshi ko'radi. Bas, hovlilaringizni toza tutinglar!”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Mazkur va boshqa oyat karima hamda hadisi shariflardan ma'lum bo'ladiki, Islom dini inson salomatligining eng birinchi omillaridan bo'lgan poklikka juda katta e'tibor qaratgan. Shu o'rinda mazkur hadisi sharifdan olinayotgan yana bir ibratga diqqatlaringizni qaratmoqchimiz. U ham bo'lsa – Islomda tevarak-atrof pokizaligida boshqalarga o'rnak bo'lishga chaqirilganidir. Afsuski, bugungi kunimizda biz bu masalada namuna bo'la olmayotgandekmiz. Bizning dinimizda targ'ib qilingan poklik, tozalik, ozodalik, gigiyena va boshqa jihatlarga boshqalar bizni chaqirayotgandek, ko'rinadi.
Kelajak avlodni har tomonlama barkamol va sog'lom qilib tarbiyalashning asosiy omillaridan biri – bu to'g'ri ovqatlanishdir. G'arb tibbiyoti namoyondalarining e'tiroflariga ko'ra, insoniyat Muhammad alayhissalomning quyidagi birgina o'gitlariga amal qilib yashaganida dunyodagi mavjud kasalxonalarning aksariga ehtiyoj qolmagan bo'lar edi. U Zot alayhissalom bunday deganlar:
﴿ مَا مَلَأَ ابنُ آدَمَ وِعَاءً شَرًّا مِنْ بَطْنِهِ حَسْبُ ابْنِ آدَمَ أُكلاتٌ يُقَمْنَ صُلْبَه فَإِنْ كَانَ لاَ مَحَالَةَ فَثُلُثٌ لِطَعَامِهِ
وَثُلُثٌ لِشَرَابِهِ وَثُلُثٌ لِنَفْسِهِ ﴾ (رواه الإمام الترمذي).
ya'ni: “Odam bolasiga to'ldirish uchun qornidan ko'ra yomon idish yo'q. Insonga qaddini ko'taradigan luqmalar kifoya. Agar iloji bo'lmasa, qorinning uchdan biri taomi, uchdan biri ichimligi va uchdan biri nafasi uchundir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifda aytilgani kabi kam ovqatlanish va tez-tez nafl ro'zalar tutish orqali badanga rohat berishning inson salomatligiga foydasi bugungi kunimizga kelib, barchaga ma'lum bo'lib ulgurgan ayni haqiqatdir. Ushbu haqiqatni tasdiqlovchi oyati karimada Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
وَكُلُواْ وَاشْرَبُواْ وَلاَ تُسْرِفُوا
ya'ni: “Yeb-ichinglar va lekin isrof qilmanglar” (A'rof surasi 31-oyat).
Isrof qilish bu – me'yoridan ortiqcha eyishdir.
Azizlar! Sog'lom turmush tarzining ajralmas tomonlaridan biri – bu jismoniy faollikdir. Boshqacha aytganda, tanani chiniqtiradigan jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishdir. Islom dinida bu ishga ham alohida e'tibor qaratilgan. Suyukli Payg'ambarimiz alayhissalom bu borada ummatlariga ta'lim berishlari bilan birga, o'zlari ularga o'rnak bo'lganlar.
Imom Muslim va Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhim keltirgan rivoyatda sahobalardan Salama ibn al-Akva' raziyallohu anhu aytadilar: “Biz yo'lda yurib borar edik. Ansoriylardan musobaqada hech engilmagan bir kishi: “Madinagacha musobaqalashuvchi bormi? Qani kim musobaqa qila oladi?” –dedi. “Hurmatli kishini hurmat, sharaflini sharafini rioya qilmaysanmi?” – dedim. “Faqatgina Rasululloh sallallohu alayhi vassalamni”, –dedi. “Ey, Allohning Rasuli! Ota-onam Sizga fido bo'lsin! Qo'yib bering, shu odam bilan musobaqalashay”, – dedim. “Hohishingiz bo'lsa, mayli”, – dedilar UZot. Madinaga undan ilgari bordim”.
Ushbu rivoyatdan Payg'ambarimiz alayhissalomning sahobalari ichida doimiy sport musobaqalari bo'lib turganini bilib olamiz.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagi hikoya keladi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallam Bathoda edilar. U Zotning huzurlariga Rukona ibn Yazid qo'y-echkilarini haydab keladi va: “Ey, Muhammad, men bilan kurashga tushasanmi?!” – dedi. “Sovringa nima qo'yasiz?” – dedilar. “Qo'ylarimdan birini”, – dedi. Shunda Payg'ambarimiz alayhissalom u bilan kurashga tushdilar va uni yiqitdilar. Keyin esa qo'yni oldilar. Rukona: “Yana qayta tushasanmi?” – dedi. Bu hol bir necha marta takrorlandi. Oxiri u: “Ey Muhammad! Allohga qasamki, hech kim elkamni erga tekkiza olmagan edi. Meni yiqitgan Siz emassiz!”, – dedida, Islomga kirdi. Payg'ambarimiz alayhissalom unga qo'ylarini qaytib berdilar”.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa bir hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi va sallam bozorda kamon otish musobaqasi o'tkazayotgan aslamlik kishilar huzuridan o'tib qoldilar va: “Otinglar! Ey Bani Ismoil! Otangiz mergan edi. Otinglar! Men Bani fulon bilanman!” – dedilar. Shunda taraflardan biri qo'llarini tiydilar. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Sizlarga nima bo'ldi? Otmay qo'ydinglar?” – dedilar. Ular: “Siz ular bilan bo'lsangiz,qandoq qilib ham otar edik”, – deyishdi. U Zot: “Otinglar! Men hammangiz bilanman!” – dedilar.
Yuqoridagi hadis shariflardan xulosa qiladigan bo'lsak, Rasululloh alayhissalom nafaqat o'zlari jismoniy tarbiya bilan shug'ullanganlar, balki sportni o'z ahli oilalariga olib kirganlar. Sahobalari o'rtasida musobaqalar o'tkazganlar. Hatto musulmon kishi bilan musulmon kishi o'rtasida musobaqa o'tkazilganidek, musulmon kishining boshqa din vakili bilan ham sport musobaqasi o'tkazishi mumkin ekanligiga o'zlarining shaxsiyatlari bilan ishora qilganlar.
Azizlar! Muqaddas dinimiz ta'limotlarida inson salomatligiga sabab bo'luvchi narsalarga buyurilgan va o'z navbatida salomatlikka zarar etkazuvchi har qanday ishlardan qaytarilgandir. Hususan, mast qiluvchi ichimliklar ichish, giyohvand moddalar qabul qilish oyati karima bilan ochiqdan-ochiq harom qilingan. Zararli odatlar rivojlanishiga hech qanday eshik qoldirilmagan. Payg'ambarimiz alayhissalom va U Zotning sahobalari bu borada ummatga chiroyli o'rnak bo'lishgan.
Darhaqiqat, xalqimiz “Sog'lom tanda – sog' aql” deb bejiz aytmagan. Albatta, insonning tani sog'lom bulsa, bor kuch-quvvatini, vaqtini va molini ilm o'rganishga va o'rgatishga sarf qiladi.
Farzandlarimizni yoshligidan sog'lom turmush tarziga o'rgatib, shunga muvofiq tarzda hayot kechirishga odatlantirish – biz ota-onalarning burchimizdir.
Muhtaram azizlar! Hukumatimiz tomonidan ham bu sohaga jiddiy e'tibor qaratilayotganiga o'zingiz guvoh bo'lmoqdasiz. Hususan, 2021 yilni “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilingani fikrimiz dalilidir.
Bundan tashqari, Davlat rahbarining“Sog'lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida ham aholi salomatligini ta'minlash yo'nalishdagi mas'ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, Farmon asosida aholini, ayniqsa yoshlarni sog'lom turmush tarziga targ'ib etish, bir sutka davomida o'n ming va undan ortiq qadam yurgan fuqarolarga qo'shimcha ravishda haq to'lash, joylarda yoshlar kamoloti uchun sport to'garaklarini tashkil etish kabi xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhtaram jamoat! Mav'izamiz davomida mutashobih, ya'ni asl ma'nosi bandasiga noma'lum oyatlar haqida suhbatlashamiz. Masalan, “Toho” surasining 5-oyatida: "Rahmon atalmish Zot Arsh uzra mustaviy bo'ldi", – deyiladi. Bu erdagi "mustaviy bo'ldi" iborasini “tik turdi”, “to'g'ri bo'ldi”, “o'rnashdi”, “egalladi” kabi mazmunda tarjima qilish mumkin bo'lsada, bulardan qaysi biri to'g'ri ekani yoki boshqa ma'nosi borligi faqat Allohning o'ziga ma'lum. Bu kabi oyatlarga faqat imon keltirib, Allohdan ekanligini tasdiqlab qo'yishning O'zi kifoyadir.
Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi: “U Sizga Kitobni (Qur'onni) nozil qilgan zotdir. Unda muhkam – oydin oyatlar ham bor va ular kitobning aslidir va yana mutashobih (ma'nosi O'zidan boshqaga noma'lum) oyatlar ham bor. Ammo dillarida og'ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o'z talqiniga muvofiq ma'nolar berish uchun uning (Qur'onning) mutashobih oyatlariga ergashadilar. Holbuki, unday oyatlar ta'vilini (asl ma'nosini) faqat Allohning O'zigina bilur. Ilmda mustahkam (haqqoniy olim)lar esa, deydilar: «Unga imon keltirdik. Hamma (oyatlari) Rabbimiz huzuridandir». (Bundan) faqat aql egalarigina eslatma olurlar” (Oli Imron surasi 7-oyat).
Imom Abu Ja'far at-Tahoviy “Aqidatut-Tahoviy” kitobida bunday deganlar: “Kim o'rganish man qilingan narsaga kirishsa, vasvasaga tushgan, adashgan va shakka tushgan holatda bo'ladi”.
“O'rganish man qilingan narsa” deganda, mutashobih oyatlar tushuniladi. U oyatlardan nima iroda qilinganini faqat Allohning O'zi biladi. Imom Tahoviy mutashobih oyatlarni ta'vil qilmaslik (tafsiriga kirishmaslik) yo'lini tanlaganlar.
Hozirgi kundagi soxta salafiylar bu oyatlarning zohiriga mahkam yopishib olib, Alloh taolo Arshga o'tirgan, Arsh esa osmonda, demak, Alloh ham osmonda, degan noto'g'ri xulosaga kelishmoqda. Vaholanki, mutashobih oyatlarni tasdiqlash va ulardagi haqiqiy ma'no qasd qilinmaganiga e'tiqod qilish oldingi ulamolarimiz yo'li edi. Ahli sunna ulamolari Alloh taologa makon nisbat bermaydilar, ulardan hech birlari bu gapni aytgan emaslar. Aksincha, ba'zi ulamolar Alloh taologa makon nisbat berish kufr ekanini aytishadi, chunki Alloh taologa makon tayin qilish U Zotni bandalariga o'xshatishdir.
Keyingi zamonlarda mutashobih oyatlar haqida savollar ko'payib ketgach, Ahli sunna mutaaxxir ulamolari u oyatlarni Alloh taoloning azamatiga mos keladigan ma'nolarga ta'vil qilishni joiz ko'rganlar. Aynan “istivo” kalimasini “istilo”, ya'ni “o'ziga mulk qilib egallash va hukmini o'tkazish” ma'nosidagi – deb ta'vil qilganlar. Tavfiq Allohdandir.
Alloh taolo xalqimizni turli-tuman balo-ofatlardan asrab, barchamizni dinimiz ko'rsatmalariga muvofiq sog'lom turmush tarzini kechirib, ham ruhiy, ham jismoniy salomatlikda, ofiyatda yashab, Parvardigorimizni rozi qilishga muvaffaq aylasin! Omin!
Kelasi juma ma'ruzasi “Islomda ayollar huquqi” haqida bo'ladi, inshaalloh.
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati