Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

26.02.2021 y. Dinimizda sog'lom turmush tarziga e'tibor

23.02.2021   10501   15 min.
26.02.2021 y. Dinimizda sog'lom turmush tarziga e'tibor

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ

DINIMIZDA SOG'LOM TURMUSh TARZIGA E_''TIBOR

Muhtaram jamoat! Islom dini insonni aziz va mukarram zot sifatida ulug'lagani hamda inson hayotining ruhiy va ma'naviy jihatdan komillikka etishishiga katta e'tibor bergani hammamizga ma'lum. Ko'pchiligimiz dinimizda asosan mana shu jihatga ahamiyat qaratilgan deb o'ylab, hayotning jismoniy va moddiy tomoniga e'tiborsizlik qilamiz. Agar biz dinimiz ta'limotlarini chuqurroq va teranroq o'rganadigan bo'lsak, unda inson hayotining bu qirrasiga ham avvalgisidan kam e'tibor qaratilmaganini ko'rishimiz mumkin. Zero, Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom:

﴿اَلْمُؤْمِنُ الْقَوِيُّ خَيْرٌ وَأَحَبُّ إِلَى اللهِ مِنَ الْمُؤْمِنِ الضَّعِيْفِ﴾ (رواه الإمام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه).

ya'ni, “Kuchli mo'min kishi Alloh huzurida kuchsiz mo'mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari)

Ushbu hadisi sharifdagi kuch-quvvatni Imom Navaviy va ayrim ulamolar taqvodagi, ibodatdagi kuch-qudrat degan bo'lsalar ham, boshqa ulamolar jism va tananing baquvvat bo'lishi deb sharhlashgan.

Musulmonning kiyimlari, badani va joylari doimo ozoda va pok bo'lishiga shariatimiz buyurgan. Qur'oni karimda Alloh taolo:

   وَثِيَابَكَ فَطَهِّرْ  

ya'ni: “Kiyimlaringni pokla” (Muddassir surasi 4-oyat) deb, marhamat qilgan bo'lsa, Payg'ambarimiz alayssalom o'zlarining bir hadisi shariflarida:

﴿إنَّ اللهَ تَعَالَى طَيِّبٌ يُحِبُّ الطَيِّبَ، نَظِيْفٌ يُحِبُّ النَّظَافَةَ، كَرِيمٌ يُحِبُّ الكرَمَ، جوَادٌ يُحِبُّ الجُودَ،

فَنَظِّفُوا أَفْنِيَتَكُمْ﴾ (رواه الإمام الترمذي)

ya'ni: “Albatta Alloh pokdir, poklikni yaxshi ko'radi; tozadir, tozalikni yaxshi ko'radi; oliyjanobdir, oliyjanoblikni yaxshi ko'radi; saxiydir, saxovatni yaxshi ko'radi. Bas, hovlilaringizni toza tutinglar!”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Mazkur va boshqa oyat karima hamda hadisi shariflardan ma'lum bo'ladiki, Islom dini inson salomatligining eng birinchi omillaridan bo'lgan poklikka juda katta e'tibor qaratgan. Shu o'rinda mazkur hadisi sharifdan olinayotgan yana bir ibratga diqqatlaringizni qaratmoqchimiz. U ham bo'lsa – Islomda tevarak-atrof pokizaligida boshqalarga o'rnak bo'lishga chaqirilganidir. Afsuski, bugungi kunimizda biz bu masalada namuna bo'la olmayotgandekmiz. Bizning dinimizda targ'ib qilingan poklik, tozalik, ozodalik, gigiyena va boshqa jihatlarga boshqalar bizni chaqirayotgandek, ko'rinadi.

Kelajak avlodni har tomonlama barkamol va sog'lom qilib tarbiyalashning asosiy omillaridan biri – bu to'g'ri ovqatlanishdir. G'arb tibbiyoti namoyondalarining e'tiroflariga ko'ra, insoniyat Muhammad alayhissalomning quyidagi birgina o'gitlariga amal qilib yashaganida dunyodagi mavjud kasalxonalarning aksariga ehtiyoj qolmagan bo'lar edi. U Zot  alayhissalom bunday deganlar:

﴿ مَا مَلَأَ ابنُ آدَمَ وِعَاءً شَرًّا مِنْ بَطْنِهِ حَسْبُ ابْنِ آدَمَ أُكلاتٌ يُقَمْنَ صُلْبَه فَإِنْ كَانَ لاَ مَحَالَةَ فَثُلُثٌ لِطَعَامِهِ

وَثُلُثٌ لِشَرَابِهِ وَثُلُثٌ لِنَفْسِهِ (رواه الإمام الترمذي).

ya'ni: Odam bolasiga to'ldirish uchun qornidan ko'ra yomon idish yo'q. Insonga qaddini ko'taradigan luqmalar kifoya. Agar iloji bo'lmasa, qorinning uchdan biri taomi, uchdan biri ichimligi va uchdan biri nafasi uchundir (Imom Termiziy rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifda aytilgani kabi kam ovqatlanish va tez-tez nafl ro'zalar tutish orqali badanga rohat berishning inson salomatligiga foydasi bugungi kunimizga kelib, barchaga ma'lum bo'lib ulgurgan ayni haqiqatdir. Ushbu haqiqatni tasdiqlovchi oyati karimada Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

 وَكُلُواْ وَاشْرَبُواْ وَلاَ تُسْرِفُوا  

ya'ni: “Yeb-ichinglar va lekin isrof qilmanglar” (A'rof surasi 31-oyat).

Isrof qilish bu – me'yoridan ortiqcha eyishdir.

Azizlar! Sog'lom turmush tarzining ajralmas tomonlaridan biri – bu jismoniy faollikdir. Boshqacha aytganda, tanani chiniqtiradigan jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishdir. Islom dinida bu ishga ham alohida e'tibor qaratilgan. Suyukli Payg'ambarimiz alayhissalom bu borada ummatlariga ta'lim berishlari bilan birga, o'zlari ularga o'rnak bo'lganlar.

Imom Muslim va Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhim keltirgan rivoyatda sahobalardan Salama ibn al-Akva' raziyallohu anhu aytadilar: “Biz yo'lda yurib borar edik. Ansoriylardan musobaqada hech engilmagan bir kishi: “Madinagacha musobaqalashuvchi bormi? Qani kim musobaqa qila oladi?” –dedi. “Hurmatli kishini hurmat, sharaflini sharafini rioya qilmaysanmi?” – dedim. “Faqatgina Rasululloh sallallohu alayhi vassalamni”, –dedi. “Ey, Allohning Rasuli! Ota-onam Sizga fido bo'lsin! Qo'yib bering, shu odam bilan musobaqalashay”, – dedim. “Hohishingiz bo'lsa, mayli”, – dedilar UZot. Madinaga undan ilgari bordim”.

Ushbu rivoyatdan Payg'ambarimiz alayhissalomning sahobalari ichida doimiy sport musobaqalari bo'lib turganini bilib olamiz.

Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisi sharifda quyidagi hikoya keladi: “Nabiy sallallohu alayhi va sallam Bathoda edilar. U Zotning huzurlariga Rukona ibn Yazid qo'y-echkilarini haydab keladi va: “Ey, Muhammad, men bilan kurashga tushasanmi?!” – dedi. “Sovringa nima qo'yasiz?” – dedilar. “Qo'ylarimdan birini”, – dedi. Shunda Payg'ambarimiz alayhissalom u bilan kurashga tushdilar va uni yiqitdilar. Keyin esa qo'yni oldilar. Rukona: “Yana qayta tushasanmi?” – dedi. Bu hol bir necha marta takrorlandi. Oxiri u: “Ey Muhammad! Allohga qasamki, hech kim elkamni erga tekkiza olmagan edi. Meni yiqitgan Siz emassiz!”, – dedida, Islomga kirdi. Payg'ambarimiz alayhissalom unga qo'ylarini qaytib berdilar”.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa bir hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi va sallam bozorda kamon otish musobaqasi o'tkazayotgan aslamlik kishilar huzuridan o'tib qoldilar va: “Otinglar! Ey Bani Ismoil! Otangiz mergan edi. Otinglar! Men Bani fulon bilanman!” – dedilar. Shunda taraflardan biri qo'llarini tiydilar. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Sizlarga nima bo'ldi? Otmay qo'ydinglar?” – dedilar. Ular: “Siz ular bilan bo'lsangiz,qandoq qilib ham otar edik”, – deyishdi. U Zot: “Otinglar! Men hammangiz bilanman!” – dedilar.

Yuqoridagi hadis shariflardan xulosa qiladigan bo'lsak, Rasululloh alayhissalom nafaqat o'zlari jismoniy tarbiya bilan shug'ullanganlar, balki sportni o'z ahli oilalariga olib kirganlar. Sahobalari o'rtasida musobaqalar o'tkazganlar. Hatto musulmon kishi bilan musulmon kishi o'rtasida musobaqa o'tkazilganidek, musulmon kishining boshqa din vakili bilan ham sport musobaqasi o'tkazishi mumkin ekanligiga o'zlarining shaxsiyatlari bilan ishora qilganlar.

Azizlar! Muqaddas dinimiz ta'limotlarida inson salomatligiga sabab bo'luvchi narsalarga buyurilgan va o'z navbatida salomatlikka zarar etkazuvchi har qanday ishlardan qaytarilgandir. Hususan, mast qiluvchi ichimliklar ichish, giyohvand moddalar qabul qilish oyati karima bilan ochiqdan-ochiq harom qilingan. Zararli odatlar rivojlanishiga hech qanday eshik qoldirilmagan. Payg'ambarimiz alayhissalom va U Zotning sahobalari bu borada ummatga chiroyli o'rnak bo'lishgan.

Darhaqiqat, xalqimiz “Sog'lom tanda – sog' aql” deb bejiz aytmagan. Albatta, insonning tani sog'lom bulsa, bor kuch-quvvatini, vaqtini va molini ilm o'rganishga va o'rgatishga sarf qiladi.

Farzandlarimizni yoshligidan sog'lom turmush tarziga o'rgatib, shunga muvofiq tarzda hayot kechirishga odatlantirish – biz ota-onalarning burchimizdir.

Muhtaram azizlar! Hukumatimiz tomonidan ham bu sohaga jiddiy e'tibor qaratilayotganiga o'zingiz guvoh bo'lmoqdasiz. Hususan, 2021 yilni “Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilingani fikrimiz dalilidir. 

Bundan tashqari, Davlat rahbarining“Sog'lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida ham aholi salomatligini ta'minlash yo'nalishdagi mas'ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, Farmon asosida aholini, ayniqsa yoshlarni sog'lom turmush tarziga targ'ib etish, bir sutka davomida o'n ming va undan ortiq qadam yurgan fuqarolarga qo'shimcha ravishda haq to'lash, joylarda yoshlar kamoloti uchun sport to'garaklarini tashkil etish kabi xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Muhtaram jamoat! Mav'izamiz davomida mutashobih, ya'ni asl ma'nosi bandasiga noma'lum oyatlar haqida suhbatlashamiz. Masalan, “Toho” surasining 5-oyatida: "Rahmon atalmish Zot Arsh uzra mustaviy bo'ldi", – deyiladi. Bu erdagi "mustaviy bo'ldi" iborasini “tik turdi”, “to'g'ri bo'ldi”, “o'rnashdi”, “egalladi” kabi mazmunda tarjima qilish mumkin bo'lsada, bulardan qaysi biri to'g'ri ekani yoki boshqa ma'nosi borligi faqat Allohning o'ziga ma'lum. Bu kabi oyatlarga faqat imon keltirib, Allohdan ekanligini tasdiqlab qo'yishning O'zi kifoyadir.

Bu haqda Qur'oni karimda shunday deyiladi:  “U Sizga Kitobni (Qur'onni) nozil qilgan zotdir. Unda muhkam – oydin oyatlar ham bor va ular kitobning aslidir va yana mutashobih (ma'nosi O'zidan boshqaga noma'lum) oyatlar ham bor. Ammo dillarida og'ish bor kimsalar odamlarni fitnaga solish va o'z talqiniga muvofiq ma'nolar berish uchun uning (Qur'onning) mutashobih oyatlariga ergashadilar. Holbuki, unday oyatlar ta'vilini (asl ma'nosini) faqat Allohning O'zigina bilur. Ilmda mustahkam (haqqoniy olim)lar esa, deydilar: «Unga imon keltirdik. Hamma (oyatlari) Rabbimiz huzuridandir». (Bundan) faqat aql egalarigina eslatma olurlar” (Oli Imron surasi 7-oyat).

Imom Abu Ja'far at-Tahoviy “Aqidatut-Tahoviy” kitobida bunday deganlar: “Kim o'rganish man qilingan narsaga kirishsa, vasvasaga tushgan, adashgan va shakka tushgan holatda bo'ladi”

 “O'rganish man qilingan narsa” deganda, mutashobih oyatlar tushuniladi. U oyatlardan nima iroda qilinganini faqat Allohning O'zi biladi. Imom Tahoviy mutashobih oyatlarni ta'vil qilmaslik (tafsiriga kirishmaslik) yo'lini tanlaganlar.

Hozirgi kundagi soxta salafiylar bu oyatlarning zohiriga mahkam yopishib olib, Alloh taolo Arshga o'tirgan, Arsh esa osmonda, demak, Alloh ham osmonda, degan noto'g'ri xulosaga kelishmoqda. Vaholanki, mutashobih oyatlarni tasdiqlash va ulardagi haqiqiy ma'no qasd qilinmaganiga e'tiqod qilish oldingi ulamolarimiz yo'li edi. Ahli sunna ulamolari Alloh taologa makon nisbat bermaydilar, ulardan hech birlari bu gapni aytgan emaslar. Aksincha, ba'zi ulamolar Alloh taologa makon nisbat berish kufr ekanini aytishadi, chunki Alloh taologa makon tayin qilish U Zotni bandalariga o'xshatishdir.

Keyingi zamonlarda mutashobih oyatlar haqida savollar ko'payib ketgach, Ahli sunna mutaaxxir ulamolari u oyatlarni Alloh taoloning azamatiga mos keladigan ma'nolarga ta'vil qilishni joiz ko'rganlar. Aynan “istivo” kalimasini “istilo”, ya'ni “o'ziga mulk qilib egallash va hukmini o'tkazish” ma'nosidagi – deb ta'vil qilganlar. Tavfiq Allohdandir.

Alloh taolo xalqimizni turli-tuman balo-ofatlardan asrab, barchamizni dinimiz ko'rsatmalariga muvofiq sog'lom turmush tarzini kechirib, ham ruhiy, ham jismoniy salomatlikda, ofiyatda yashab, Parvardigorimizni rozi qilishga muvaffaq aylasin! Omin!

      

Kelasi juma ma'ruzasi “Islomda ayollar huquqi” haqida bo'ladi, inshaalloh.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   37380   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari