Islomda insonning vujudi, kiyimi va unga xos narsalar pokligi bilan birga uning atrofidagi barcha narsalar ham pok bo'lishiga katta ahamiyat berilgan. Turar joy, ko'cha-ko'y, maydonlar, ishxonalar, ta'lim muassasalari, masjidlar, naqliyot vositalari, dam olish joylari hamma-hammasi pok bo'lishi talab qilingan.
عَنْ أَبِي مَالِكٍ الأَشْعَرِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الطُّهُورُ شَطْرُ الْإِيمَانِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Abu Molik al-Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Poklik iymonning yarmidir», dedilar». Muslim, Nasaiy va Termiziy rivoyat qilganlar.
Poklik iymonning yarmi deyilishi bejizga emas. Iymonsiz ibodat aslo qabul qilinmasligi va barcha savobi behuda ketishi e'tiboridan kelib chiqib aytilmoqda va poklik iymonning yarmiga tenglashtirilmoqda.
Islomda iymonning ahamiyati va qadr-qimmati qanchalik yuqori ekanini yaxshi bilamiz. Poklik iymonning yarmiga tenglashtirilganidan ham Islom dini ozodalik, poklik va tozalikka qanchalar e'tibor berganini bilib olsa bo'laveradi.
عَنْ عَامِرِ بْنِ سَعْدٍ، عَنْ أَبِيهِ: قال رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ اللهَ طَيِّبٌ يُحِبُّ الطَّيِّبَ، نَظِيفٌ يُحِبُّ النَّظَافَةَ، كَرِيمٌ يُحِبُّ الْكَرَمَ، جَوَادٌ يُحِبُّ الْجُودَ، فَنَظِّفُوا أَفْنِيَتَكُمْ وَلَا تَشَبَّهُوا بِالْيَهُودِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.
Omir ibn Sa'ddan, u otasidan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, Alloh xushholdir – xushhollikni suyadi, ozodadir – ozodalikni suyadi, karamlidir – karamni suyadi, saxiydir – saxiylikni suyadi. Bas, hovlilaringizni ozoda tuting! Yahudiylarga o'xshamang!» dedilar» Termiziy rivoyat qilgan.
Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning: «Albatta, Alloh xushholdir – xushhollikni suyadi», deganlari «Ey ummatim, sizlar ham xushhol bo'linglar» deganlaridir. Shuningdek, Alloh taolo «ozodadir – ozodalikni suyadi». Binobarin, musulmon kishi doimo ozoda bo'lmog'i darkor. «Bas, hovlilaringizni ozoda tuting, yahudiylarga o'xshamang!»
Hovli-joylarimiz, ko'cha-ko'ylarimiz, turar joy va maydonlarimiz, hamma joyimizni ozoda tutishimiz lozim. Toki ko'rgan odam havas qilsin. Boshqalar ozoda joyni ko'rsa, bu joy musulmonlarning joyi ekan, deydigan bo'lsin.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْإِيمَانُ بِضْعٌ وَسَبْعُونَ أَوْ بِضْعٌ وَسِتُّونَ شُعْبَةً، فَأَفْضَلُهَا قَوْلُ لَا إِلَهَ إِلَّا اللهُ وَأَدْنَاهَا إِمَاطَةُ الْأَذَى عَنِ الطَّرِيقِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Iymon etmish nechta yoki oltmish nechta shu'badan iboratdir. Uning eng afzali «La ilaha illalloh» deyish va eng kichigi – yo'ldagi ozor beradigan narsani olib tashlash».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Musulmonlarning ozor beradigan narsalarni yo'ldan olib tashlashini iymon shu'basi darajasiga ko'targan Islom dini ularni atrof muhitdagi barcha narsalarni pok tutishga, buning uchun zarur bo'lgan barcha choralarni ko'rishga ham chaqirgan.
«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati