Shu yil 8-10 noyabr' kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida “XXI Moskva Halqaro Qur'oni karim tilovati” musobaqasi o'tkaziladi.
Mazkur musobaqada qatnashish uchun Rossiya poytaxtiga Yaqin Sharq, Afrika, Markaziy va Janubi-Sharqiy Osiyoning 30 ta davlatidan eng kuchli qorilar etib kelgan. Ular Qur'oni karimni yoddan o'qib berish va tajvid qoidasi asosida chiroyli tilovat qilish yo'nalishlarida o'zaro bellashadi.
Tanlovning asosiy qismi 8-9 noyabr' kunlari Rossiya Federatsiyasidagi Moskva jome masjidida (Viepolzov ko'chasi, 7) bo'lib o'tadi.
Eng yaxshi hofiz 10 noyabr' kuni soat 18:00 da “Kosmos” mehmonxonasida XXI Moskva xalqaro qiroat tanlovining yopilish marosimida chiqish qiladi. Unda Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy, Shayx Ravil Gaynutdin va Islom olami davlatlaridan kelgan faxriy mehmonlar qatnashadi.
Mazkur musobaqada Toshkent islom instituti bitiruvchisi Habibulloh qori Olimjonov O'zbekiston vakili sifatida ishtirok etadi.
Alloh taolo Vatanimiz sha'nini himoya qilayotgan Habibulloh qoriga ulkan zafar va muvaffaqiyatlar ato etsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Xabar berganimizdek, 19-20 avgust kunlari Islom sivilizatsiyasi markazida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 19 avgust kuni ishtirokchilar kutib olinib, ularning Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohati tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar markazning boy ekspozitsiyalari, Qur’oni karim zali, nodir qo‘lyozmalar hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosiga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan yaqindan tanishdi. Ayniqsa, zamonaviy multimedia loyihalari va tarixiy eksponatlar ularda chuqur taassurot qoldirdi.
Ustozlar Markazda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar islom ma’rifatini targ‘ib qilish hamda yosh avlodni milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini e’tirof etishdi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida ham bo‘lishdi. Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishdi.
Oqshomda Islom sivilizatsiyasi markazi binosida ma’rifiy dastur – mapping namoyish qilindi.
Mazkur tadbirlar islom sivilizatsiyasi merosini targ‘ib etish, diniy ta’lim tizimini yanada takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqishda salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati