Har safar otam Toshkentga kelganlarida, "O'g'lim, meni Chorsuga olib bor" deydilar. Mashinamga mindirib yo'lga otlanamiz. Chorsu bozoriga yaqinlashganda esa "Bolam sen ishlaringni qilaver, men Ko'kaldoshni yonida tushib qolaman" deb, yolg'iz aylanmoqchi bo'ladilar. Sababini so'rasam aytmaydilar.
Alhamdulillah o'tgan kuni yana Toshkentga keldilar. Kutganimdek Chorsuga olib borishimni so'radilar...
Yaqin qolganda, yana yolg'iz o'zlari tushib qoldilar. Bu gal qanday bo'lmasin bilib olaman deya, mashinani chetroqqa qo'yib ortlaridan sezdirmay kuzata boshladim.
Avval, Ho'ja Ahror Valiy masjidiga kirib namoz o'qidilar. So'ngra masjiddan tushib Ko'kaldosh madrasasining yon tomonidan devorlariga tikilib, nimalarnidir pichirlab, yurib borardilar.
Madrasaning darvozasiga kelganda biroz turib qoldilar. Men ham sezdirmasdan yaqinlashdim. Madrasa ichki hovlisiga kirib diqqat bilan tomosha qilib, aylanib chiqdilar va yana darvozadan chiqa turib qo'llarini duoga ochdilar, men esa nima deb duo qilayotganini eshitish uchun ortlaridan yaqinlashdim.
Otam esa duo qilardi: Allohim, bu madrasani, dining, Kaloming o'rgatiladigan maskanni to qiyomatgacha balo-qazolardan asragin, faoliyatiga xayr va baraka ber, minglab qorilar, olimlar chiqqan bu joydan yana Buxoriylar, Termiziylar, Shayx Muhammad Sodiqlar chiqishini nasib et. Bu dargohni, ustozlarini va talabalarini barakali qil, omin, Allohu akbar.
Duo qilib bo'lgach, madrasaga qarab ko'zlarida yosh bilan, ovozlari titragancha shunday dedilar: Ey ilmxona, ey olimlar beshigi, ey Ko'kaldosh! Aslida sen toshlardan qurilgan bitta imoratsan. Ammo, vazifang seni ulug' darajalarga etkazdi. Men seni yaxshi ko'raman, chunki bir vaqtlar senda o'qish menga armon bo'lgan... Lekin, Allohga hamd bo'lsin-ki, qalbimga quvonch bo'lgan, ko'zimning nuri, farzandim-jigarbandim sening bag'ringda 4 yil ta'lim olib, Islomni, Qur'onni, fiqhni, shariatni o'rgandi. Bugun, imom bo'lib, minglab insonlarni ma'rifatga, to'g'ri yo'lga da'vat etyapti. Men sendan roziman, sen ham bizdan rozi bo'l...
(Otamning ko'zlaridan oqayotgan yosh yuragimni ezdi)
Sayyid Abror Umar
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV