Musulmonlarning xarid qobiliyati oshishi, Islom olami mamlakatlarida iqtisodiy o'sish kuzatilayotgani bois Birlashgan millatlar tashkiloti xalqaro savdo markazi katta biznes imkoniyatlariga ega bo'lgan yangi global bozor sifatida belgilangan tendentsiyani yuzaga keltirdi.
Sertifikatlangan halol mahsulotlar – Islom qonunchiligi tomonidan ruxsat berilgan mahsulotlari ko'plab Ispaniya kompaniyalari uchun Janubi-Sharqiy Osiyoda biznesni rivojlantirish uchun katta imkoniyatni taqdim etadi. Ispaniyada Halol institut tomonidan tasdiqlangan 500 ta kompaniya bor, ulardan faqat 12 tasi Malayziya va Indoneziyaga o'z molini eksport qiladi.
Halqaro halol instituti jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha direktori Barbara Ruis-Bejaranoning so'zlariga ko'ra, ushbu yo'nalish sifatli, sog'lom va barqaror mahsulot va xizmatlarning sinonimiga aylangan. Va bu agrar oziq-ovqat sohasi chegaralaridan ancha uzoqqa chiqib, turizm, moda, farmatsevtika, kosmetika, hattoki moliya kabi sohalarda keng imkoniyatlar ochadi.
Islam.ru ma'lumotlariga ko'ra, islom iqtisodiyoti bo'yicha ekspert Tomas Gerrero halol mahsulot va xizmatlarga global sarf-xarajatlar 2024 yilda 3 trillion dollarga etishi kutilayotganini eslatdi. Ispaniya oziq-ovqat yoki kosmetika kabi yuqori talabga ega bozorlarda ko'plab kompaniyalarga ega. Ammo hali o'z salohiyatini to'la namoyon qila olgani yo'q.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining nufuzli OAVda O‘zbekistonning madaniy-gumanitar, turizm va sport sohalaridagi xalqaro hamkorligi hamda mamlakatda bo‘lib o‘tadigan yirik tadbirlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, Saudiya Arabistonining “Amwaj” nashrida joriy yilning 24–29 avgust kunlari Toshkentda “Islom sivilizatsiyasi: yangicha nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkazilishi keng yoritildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadigan ushbu yirik tadbirga yetakchi xorijiy jurnalistlar va xalqaro ekspertlar to‘planishi qayd etilgan. Forum dasturi yalpi majlislar, talabalar uchun mahorat darslari, mediaturlar va Samarqandning tarixiy obidalarini ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi hamda O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga bag‘ishlanadi.
Shuningdek, nashrda Samarqandda O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan birinchi O‘zbekiston–Gruziya turizm forumi ham yoritilgan. Ta’kidlanishicha, tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Tomonlar qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini yaratish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish va turizmning yangi turlarini rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan. Gruziyadan kelayotgan sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshgani va O‘zbekiston turizm sohasining umumiy ko‘rsatkichlari yuqori ekani qayd etilgan.
“Saudi Press Agency” axborot agentligi Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va irshod vazirligi hamda O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi o‘rtasidagi Anglashuv memorandumiga doir ijro dasturi imzolangani haqida xabar berdi.
Ushbu hujjat mo‘tadillik tamoyillarini mustahkamlash, ekstremizmga qarshi kurashish, voiz va imomlar uchun o‘quv kurslarini tashkil etish, Qur’oni Karim ma’nolarini o‘rganish va yoyish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati