Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Uzoq yillardan buyon yurtimiz ayollarida diniy bilimlarning zaifligi, uning ta'limotlaridan bexabarligi, shu bois hayotlarida diniy ko'rsatmalarga muvofiq harakat qilmasliklari sababidan qalbimizda bir og'riq tuyar edik. Shu tufayli bunday holatlarni muolaja qilish fikri bor edi. Ularning diniy savodsizligi faqat e'tiqodiy tanazzulga emas, dunyolariga ham ta'sir qilgani, o'zlari bilangina chegaralanib qolmasdan, farzandlariga, hatto erlari va yon-atrofdagilariga ham o'z ta'sirini o'tkaza boshlaganidir. Ayollardagi bu salbiy holat tezdan isloh qilinmasa, surunkali kasallikka o'xshab, mahkam o'rnashib olishi mumkin. Shularni o'ylaganimiz bois g'amimiz yanada ziyodalashmoqda.
Diniy ilmsizlik tufayli ularning e'tiqodi, amali, xulqi, ya'ni butun turmush tarzi barbod bo'lishi mumkin. Bu holatda hatto ba'zi kufrga dalolat qilguvchi so'z va ishlardan iymonlarini saqlab qolish ham mushkul bo'lib qoladi.
Muhtarama ayollarimiz boshlang'ich ta'lim manbai bo'lganlari sabab xulq, amal, fikrlash kabi muhim ko'nikmalari farzandlariga beixtiyor ta'sir ko'rsatadi.
Onalarning suti, og'izlaridan chiqayotgan so'zlari, qilayotgan xatti-harakatlari hamda amallari orqali bolalarga sof e'tiqod, go'zal fikr-xayollar, chiroyli xulq, pokiza islomiy tabiat meros bo'lib o'tishi kerak. Aks holda, farzandlarning nafaqat dini barbod bo'ladi, balki dunyolari ham bema'no, bemaqsad bo'lib qoladi.
Insonning e'tiqodi sof va mustahkam bo'lmas ekan, undan axloqsizlik paydo bo'ladi. Axloqsizlik esa barcha badxulqlik, beamallikni keltirib chiqaradi. Bundan, albatta, oila hamda jamiyatga ulkan zararlar etadi, parokandalik yuzaga keladi.
— Kufr so'z yoki kufr amalni yoqtirmoq (Masalan: boshqa din vakillari ibodatida aytadigan so'zlarini yoqtirmoq).
— Birortasiga kufr so'zni ayttirmoq.
— O'zining musulmonligiga pushaymon bo'lmoq.
— Farzandi yoki biror yaqini vafot topganda: «Bolam Hudoga kerak ekan, O'ziga oldi» (astag'firulloh) kabi iddaolarni gapirmoq.
— Alloh va Rasulining biror hukmini adolatsiz deb bilmoq va undan ayb qidirmoq.
— Biror Payg'ambar yoki farishtani haqorat qilish, kamsitish.
— Biror piri murshid yoki ulug' zot haqida «Ular har doim bizning holimizdan xabardor bo'lib turishadi», deya e'tiqod qilish.
— Munajjimlar – jinlar bilan do'st tutingan, ya'ni «odamlarim bor» deguvchi kishilardan g'ayb xabarlarini so'rash, fol ochirish, ularning so'zlarini tasdiqlash.
— Valiylarning arvohlari borasida «Ular hoziru nozir, hamma narsani bilib turishadi», degan e'tiqodda bo'lish.
—«Yo Aliy», «Yo pirim» deya nido qilib,«Bu nidoyimni ular eshitadi», degan e'tiqodda bo'lish.
— «Dovud payg'ambar», «yigit pirim», «otamning arvohlari qo'llasin» deyish.
— Murodini Allohdan boshqadan, xususan o'tganlardan so'rash.
— O'tgan valiylardan, qabr sohiblaridan rizq yoki farzand so'rash.
— Kimgadir biror narsani atash. Masalan: «Falonchi pirimga shuncha tanga atadim», qabilida.
—Ularning nomiga nazr atash («Talxis» 61-bet).
Shuningdek, ular bemorga shifo berish, kambag'alni boyitish kabi hojattalab ishlarda Allohdan o'zgadan yordam so'rar edilar (Nazr qilishdagi shirk ham shular jumlasiga kiradi. Chunki Allohdan o'zgaga nazr qiluvchi kelgan yordamga shukr qilish maqsadida yoki bo'lajak yordamdan umid qilib nazr aytadi). Mushriklar ham sanamlariga nazr atar va o'sha nazr tufayli ulardan maqsadlariga erishtirishlarini kutar edilar. Barakot umidida ularning ismlarini tilovat qilardilar. Alloh taolo musulmonlarga namozlarida «Iyyaka na'budu va iyyaka nasta'iyn – Faqat Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so'raymiz» (Fotiha surasi, 4-oyat) deb aytishni vojib qildi. Bu sajda va ibodatda shirk keltirishdan qaytarish edi.
— O'tganlar nomiga atab har xil jonivorlar yoxud xo'roz-tovuq singari parrandalar so'yish.
— Biror kishining qabri yoki makonini tavof qilish.
— Birortasiga ibodat maqsadida sajda qilish.
— Kimgadir ruku' darajasida bosh egish.
— Jinlarga, o'tganlarning arvohlariga atab chiroq yoqish.
— Qaysidir valiyning nomiga kokil atash.
— Hoch taqish.
— Dunyo ishlariga, insonlar taqdiriga yulduzlarning ta'siri bor, deb e'tiqod qilish.
— Biror oy yoki kunni nasx (yomon) kun deb bilish.
— «Agar Alloh va uning Rasuli xohlasa, falon ish bo'ladi», deyish.
— «Alloh va Rasuli ko'rib turibdi», deb aytish.
Modomiki, «Jannat onalar oyog'i ostidadir», deb marhamat qilingan ekan, u holda ayollar sof e'tiqodli bo'lmoqlari, farzandlarining tarbiyasida ham daqiq nuqtalarga e'tibor qilmoqlari lozimdir.
«Behishti zevar» kitobidan
muallif: Ashraf Ali Tahonaviy
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Kishi salomatligini saqlash, jismoniy quvvatini oshirishda piyoda yurish va yugurishning o‘rni beqiyos.
Qur’oni karimda aytiladi:
﴿فَامْشُوا فِي مَنَاكِبِهَا﴾
“Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz” (Mulk surasi, 15-oyat).
Mujtahid ulamolarning ijtihodlariga ko‘ra, ulovga zarurat bo‘lmagan paytlarda piyoda yurish mustahab[1] amal bo‘lib, ushbu oyat bunga dalil bo‘ladi.
Dinimiz yaxshilikka shoshilish va unda musobaqalashishga buyuradi. Bu buyruq ham ruhiy va ham jismoniy jihatni qamrab oladi.
Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Kimki ikki nishon – ma’lum masofani chegaralab o‘rnatilgan ikki belgi – orasida yuradigan bo‘lsa, uning har bir qadamiga yaxshilik bordir” (Imom Haysamiy rivoyati).
Piyoda yurish maxsus vaqt, holat yoki jihozlarni talab qilmaydi. Oddiy kundalik ishlarini bajarish va ko‘proq piyoda yurish ham inson salomatligini mustahkamlaydi. Kishi o‘ziga qulay bo‘lgan har qanday holatda xayrli maqsadda yurib salomatligini saqlashi va ajr-savobga ega bo‘lishi mumkin. Ulovlardan zarurat bo‘lgandagina foydalanib, ko‘proq piyoda yurishni odat qilinsa, ortiqcha vazndan va bir necha kasalliklardan qutulish oson kechadi.
Piyoda yurish borasida ilmiy tadqiqot o‘tkazgan amerikalik olim Pol Bregg aytadi: “Piyoda yurganingizda o‘zingizni tabiiy tuting. Boshingiz yuqoriga ko‘tarilgan, ko‘krak rostlangan, qorin tortilgan bo‘lsin. Tana qadamlaringiz bilan bir maromda tebranib turish kerak. Oyoqlar go‘yoki tananing o‘rtasida joylashgani kabi harakatlaning, chuqur nafas oling, ana o‘shanda sizda shunday yuksalish hissi paydo bo‘ladiki, tanangizni g‘urur bilan olib yurasiz. Qo‘llar yelkalardan boshlab erkin harakatlanishi kerak. Yurish paytida sizda yaxshi kayfiyat bo‘lishi va ko‘nglingiz g‘ash bo‘lmasligi kerak. Agar sizni atrofingizdagi tabiat qiziqtirmasa, ma’naviy hayot haqida o‘ylang. Piyoda yurish vaqtida siz jismoniy harakatni ma’naviy harakatga aylantirasiz. Shu yo‘l bilan barcha g‘ubor va g‘am-tashvishlaringizdan xalos bo‘lasiz. Qon tomirlar bo‘ylab tanani tozalab, oziqlantirgani kabi piyoda yurish ham aqlni tozalaydi, uni ijobiy fikrlar bilan to‘ldirib, sizning salomatligingizga sabab bo‘ladi”.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan olindi
[1]Kishi bajarsa savob oladi, bajarmasa gunohkor bo‘lmaydi.