Bobur Mirzo «Mubayyan» asarini Hindiston yurishlari davrida, hijriy 928 (milodiy 1521) yilda she'riy yo'lda tasnif etgan. Kitob xotimasida aytadi:
Makkiydan Rasul ketganidin
Hijrat aylab, Madina etganidin –
Yil to'quz yuz yigirma sekiz edi,
Fiqhda Bobur ushbu nazm dedi.
Asarda sog'lom islomiy aqiyda – Ahli sunnat val-jamoat aqoidi va islom dini ruknlari fiqhiy masalalari ravshan bayon qilingan bo'lib, valiahd Humoyun Mirzo va Komron Mirzoga dasturulamal sifatida mo'ljallangan. Chunonchi, «Kitob nazmining sababi» bo'limida farzandlariga xitob qilib aytadi:
Bilgasen, ey xujastai farzand,
Jigarim birla jonima payvand;
Mas'alalarki, ul zarur erdi,
Bilmasang, diningga qusur erdi.
Ya'ni: «Ey muborak, yaxshi, baxtli farzandim, jon va jigarimga payvandim! Shunday zarur mas'alalar bor ediki, agar ularni bilmasang, dinu iymoningga qusur – nuqson etar edi”.
Yetdi ko'nglumg'akim, yig'ishtursam,
Nazm tartibida sig'ishtursam,
To ani zabt qilgasen oson,
Ul masoilni bilgasen yakson.
Tonglaliq kundakim, hisob o'lg'ay,
Menga ajru senga savob o'lg'ay.
“Shu sababdan ko'nglimga keldiki, bu mas'alalarning barchasini jamlasam va nazm tartibi bilan bayon etsam, toki bu fiqhiy masalalarni oson egallab, uni birday bilib olgaysan. Bundan erta qiyomat kuni hisob-kitob bo'lgan vaqtda senga ajr-mukofot, menga ham savobu samara bo'lgay».
Demak, Bobur bu asarni o'z farzandlariga va ularning siymosi orqali butun turkiy kitobxonlarga islom ilmlarini egallashlari uchun yodgor qilib qoldirgan. Yana ushbu vasiyatomuz satrlarni ham bitadiki:
Bebaqo dunyo ishi sahldurur,
Din ishin qilg'ay ulki, ahldurur.
Ya'ni: “O'tkinchi dunyo ishi engildir, osondir, ammo din ishini esa faqat ahli – layoqati, haqqi-huquqi bo'lgan kishilar qiladi”.
Butun umri mehnat, mashaqqat, dard va jangu jadallar bilan o'tgan shoh Bobur dunyoning ishini engil va oson deb sanashi va oxirat ishiga ulkan ahamiyat berishi u zotning qanday ulug' qalb, sabot va matonat egasi ekanligini anglatadi.
Dinu donishda har kun afzun bo'l,
Davlatu baxt ila Humoyun bo'l.
Komron bo'l jahonda, davlat ko'r,
Yuz tuman obro'yu izzat ko'r.
Bobur bu baytlarda ikki farzandining ismini aytish orqali ismlar ma'nosiga ham e'tiborni qaratadi va shu nomlarga munosib-muvofiq insonlar bo'lishni ularga vasiyat qiladi: «Dinu donishda har kun ortib, rivojlanib, davlatu baxt bilan Humoyun – muborak, baxtiyor bo'l. Jahonda Komron – murodiga etgan baxtli inson bo'lib, davlat ko'r va yuz ming obro'yu izzat ko'r!» – deydi.
Ta'kidlash joizki, Bobur Mirzo “Boburnoma” asarida ham bir necha o'rinda nozik fiqhiy masalalarga to'xtalib o'tadi. shuningdek, unda masofa o'lchov birligi bo'lgan hindcha “kuruhlarni mil (o'lchov birligi) bilan tayin qilildi” deydi va shu o'rinda “Mubayyan” asaridan uch bayt keltirib, olti misrada o'lchov birligining arabcha, o'zbekcha, forscha, hindcha mil, kuruh, qadam, qari, tutam, elik, javi arziy kabi ettita istilohini qo'llaydi: “Bir mil to'rt ming qadamdir (1848 metrdir). Bilginki, hind eli uni bir kuruh (4000 gaz) deydi. Bu qadamni bir yarim qari dedilar[1] (qari – bir metr chamasidagi o'lchov birligi). Bilki, har qari olti tutamdir. Bir tutam to'rt elikdir, yana bir elik olti javi arziy (olti barmoq eni) bo'ldi, bu ilmni bilib ol”. Ya'ni, Bobur Mirzoning donishmand faqih ekanligi boshqa asarlaridan ham ma'lum bo'lib turadi.
[1] Boburnoma, To'quz yuz o'ttiz beshinchi (1528) yil voqealari, O'zbekiston Fanlar akademiyasi nashriyoti, 1963 yil, 423-bet.
#xabar #shvetsiya #muftiy
Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahri markazidagi “Zayd ibn Sulton al-Nahayyon” masjid-majmuasida O‘zbekiston delegatsiyasi va Shvetsiya diniy peshvolari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Yangi O‘zbekistondagi diniy islohotlar haqida so‘zlab berdi. Ayniqsa, yurtimiz masjidlarida mo‘min-musulmonlar uchun qilingan sharoitlar, turli hududlarda Qur’on kurslari faoliyat ko‘rsatayotgani, mintaqada yagona bo‘lgan Fatvo markazi xizmat ko‘rsatishi, imomlar va qorilarning xorij safarlari shvetsiyalik soha vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zi davomida Ramazon hayiti arafasida Davlatimiz rahbari tomonidan Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy masjid-majmuasi xalqimizga tuhfa etilganini aytish barobarida mezbon davlat vakillarini mazkur muhtasham majmualar bilan yaqindan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etdilar.
Muloqot davomida masjid bosh imomi Mahmud Xalfiy O‘zbekistonning tarixi buyukligi, bu diyordan yetishib chiqqan mutafakkirlar dunyo rivojiga ulkan hissa qo‘shgani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi ulamolar diniy ilmlar rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lsa, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek singari olimlar dunyo ilm-fani rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgani, bugun ham bu diyor taraqqiy etayotganini e’tirof etdi.
Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligi maxsus vakili Kristian Kamil o‘z so‘zida O‘zbekiston va Shvetsiya davlatlarining o‘xshash jihatlari ko‘pligini ta’kidlab, ikki davlat delegatsiyalarining o‘zaro muloqoti davomida katta natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.
Muloqot samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati