Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

BOBUR VA ISLOM: «MUBAYYaN»NING YoZILISh SABABI

17.02.2021   4437   5 min.
BOBUR VA ISLOM: «MUBAYYaN»NING YoZILISh SABABI

Bobur Mirzo «Mubayyan» asarini Hindiston yurishlari davrida, hijriy 928 (milodiy 1521) yilda  she'riy yo'lda tasnif etgan. Kitob xotimasida aytadi:

Makkiydan Rasul ketganidin

Hijrat aylab, Madina etganidin –

Yil to'quz yuz yigirma sekiz edi,

Fiqhda Bobur ushbu nazm dedi.

 

Asarda sog'lom islomiy aqiyda – Ahli sunnat val-jamoat aqoidi va islom dini ruknlari fiqhiy masalalari ravshan bayon qilingan bo'lib, valiahd Humoyun Mirzo  va Komron Mirzoga dasturulamal sifatida mo'ljallangan. Chunonchi, «Kitob nazmining sababi» bo'limida farzandlariga xitob qilib aytadi:

 

Bilgasen, ey xujastai farzand,

Jigarim birla jonima payvand;

Mas'alalarki, ul zarur erdi,

Bilmasang, diningga qusur erdi.

 

Ya'ni: «Ey muborak, yaxshi, baxtli farzandim, jon va jigarimga payvandim! Shunday zarur mas'alalar bor ediki, agar ularni bilmasang, dinu iymoningga qusur – nuqson etar edi”.

 

Yetdi ko'nglumg'akim, yig'ishtursam,

Nazm tartibida sig'ishtursam,

To ani zabt qilgasen oson,

Ul masoilni bilgasen yakson.

Tonglaliq kundakim, hisob o'lg'ay,

Menga ajru senga savob o'lg'ay.

 

“Shu sababdan ko'nglimga keldiki, bu mas'alalarning barchasini jamlasam va nazm tartibi bilan bayon etsam, toki bu fiqhiy masalalarni oson egallab, uni birday bilib olgaysan. Bundan erta qiyomat kuni hisob-kitob bo'lgan vaqtda senga ajr-mukofot, menga ham savobu samara bo'lgay».

Demak, Bobur bu asarni o'z farzandlariga va ularning siymosi orqali butun turkiy kitobxonlarga islom ilmlarini egallashlari uchun yodgor qilib qoldirgan. Yana ushbu vasiyatomuz satrlarni ham bitadiki:

 

Bebaqo dunyo ishi sahldurur,

Din ishin qilg'ay ulki, ahldurur.

 

Ya'ni: “O'tkinchi dunyo ishi engildir, osondir, ammo din ishini esa faqat ahli – layoqati, haqqi-huquqi bo'lgan kishilar qiladi”.

Butun umri mehnat, mashaqqat, dard va jangu jadallar  bilan o'tgan shoh Bobur dunyoning ishini engil va oson deb sanashi va oxirat ishiga ulkan ahamiyat berishi u zotning qanday ulug' qalb, sabot va matonat egasi ekanligini anglatadi.

 

Dinu donishda har kun afzun bo'l,

Davlatu baxt ila Humoyun bo'l.

Komron bo'l jahonda, davlat ko'r,

Yuz tuman obro'yu izzat ko'r.

 

Bobur bu baytlarda ikki farzandining ismini aytish orqali ismlar ma'nosiga ham e'tiborni qaratadi va shu nomlarga munosib-muvofiq  insonlar bo'lishni ularga vasiyat qiladi: «Dinu donishda har kun ortib, rivojlanib, davlatu baxt bilan Humoyun – muborak, baxtiyor bo'l. Jahonda Komron – murodiga etgan baxtli inson bo'lib, davlat ko'r va yuz ming obro'yu izzat ko'r!» – deydi.

Ta'kidlash joizki, Bobur Mirzo “Boburnoma” asarida ham bir necha o'rinda nozik fiqhiy masalalarga to'xtalib o'tadi. shuningdek, unda masofa o'lchov birligi bo'lgan hindcha “kuruhlarni mil (o'lchov birligi) bilan tayin qilildi” deydi va shu o'rinda “Mubayyan” asaridan uch bayt keltirib, olti misrada o'lchov birligining arabcha, o'zbekcha, forscha, hindcha mil, kuruh, qadam, qari, tutam, elik, javi arziy kabi ettita istilohini qo'llaydi: “Bir mil to'rt ming qadamdir (1848 metrdir). Bilginki, hind eli uni bir kuruh (4000 gaz) deydi. Bu qadamni bir yarim qari dedilar[1] (qari – bir metr chamasidagi o'lchov birligi). Bilki, har qari olti tutamdir. Bir tutam to'rt elikdir, yana bir elik olti javi arziy (olti barmoq eni) bo'ldi, bu ilmni bilib ol”. Ya'ni, Bobur Mirzoning donishmand faqih  ekanligi boshqa asarlaridan ham ma'lum bo'lib turadi.

 

[1] Boburnoma, To'quz yuz o'ttiz beshinchi (1528) yil voqealari, O'zbekiston Fanlar akademiyasi  nashriyoti,  1963  yil,  423-bet.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   48466   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari