بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ رب العالمين وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمَ عَلَى سَيِّدِنَا ونبينا مُحَمَّدٍ الأمين ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ:
HALOL TADBIRKOR – ELGA MADADKOR
Muhtaram jamoat! Dinimizda halol kasb qilishga targ'ib qilingan bo'lib, tanballik va ishyoqmaslik kabi kishining o'ziga hamda jamiyatiga zarar keltiruvchi illatlardan qaytarilgan. Kishi birovga muhtoj bo'lmaslik uchun mehnat qilar ekan, ham o'zining insonlik sharafini himoya qiladi, ham Yaratganning amriga itoat etadi. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda kasbu kor qilishga amr qilib shunday degan:
هُوَ الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ الْأَرْضَ ذَلُولًا فَامْشُوا فِي مَنَاكِبِهَا وَكُلُوا مِنْ رِزْقِهِ وَإِلَيْهِ النُّشُورُ
ya'ni: “U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo'ysunuvchi) qilib qo'ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz va (Allohning bergan) rizqidan tanovul qilingiz! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir” (Mulk surasi 15-oyat).
Halol rizq yo'lida qilinadigan sa'y-harakatlar uchun ulkan savoblar va'da qilingan bo'lib, hatto bu narsa farz darajasiga ko'tarilgandir. Bu haqda
Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"طَلَبُ كَسْبِ الْحَلاَلِ فَرِيْضَةٌ بَعْدَ الْفَرِيْضَةِ"
(رواه الإمام البيهقي عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه)
ya'ni: “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Imom Muhammad ash-Shayboniy ilm talab qilish qanday farz bo'lsa, halol kasb qilish ham xuddi shunday farzdir, deganlar.
Mo'min kishi halol rizq topish harakatida bo'lganda, Allohning amriga muvofiq amal qilishi bilan birga Rasululloh alayhissalomning ko'rsatmalariga ham amal qilayotgan shaxs hisoblanadi. Zero, Rasuli akram sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
"مَا أَكَلَ أَحَدٌ طَعَامًا قَطُّ خَيْرًا مِنْ أَنْ يَأْكُلَ مِنْ عَمَلِ يَدِهِ"
(رواه الإمام ابن ماجه عَنِ الْمِقْدَامِ رَضِي اللَّه عَنْه)
ya'ni: “Kishi o'z qo'l mehnati bilan topganidan ko'ra yaxshiroq va pokizaroq taom emaydi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Allohga shukrlar bo'lsinki, hozirgi paytda hukumatimiz tomonidan tadbirkorlarimizga juda ko'p imkoniyatlar yaratilmoqda. Mana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, halol rizq talabida bo'lsak, o'zimiz va o'zgalarni farovon hayot kechirishlari hamda musulmon kishini ish bilan ta'minlash va uni hojatini chiqarishga sababchi bo'lamiz, inshaalloh. Chunki, musulmon birodarining qalbiga xursanchilik kirgizish Allohning nazdidagi eng afzal va suyukli amaldir. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَحَبُّ الناسِ إلى اللهِ أنفعُهم للناسِ، وأَحَبُّ الأعمالِ إلى اللهِ عزَّ وجلَّ سرورٌ تُدخِلُه على مسلمٍ، تَكشِفُ عنه كُربةً، أو تقضِي عنه دَيْنًا، أو تَطرُدُ عنه جوعًا ، ولأَنْ أمشيَ مع أخٍ في حاجةٍ ؛ أَحَبُّ إليَّ من أن اعتكِفَ في هذا المسجدِ يعني مسجدَ المدينةِ شهرًا، ومن كظم غيظَه ولو شاء أن يُمضِيَه أمضاه؛ ملأ اللهُ قلبَه يومَ القيامةِ رِضًا، ومن مشى مع أخيه في حاجةٍ حتى يَقضِيَها له؛ ثبَّتَ اللهُ قدمَيه يومَ تَزِلُّ الأقدامُ
(رواه الإمام الطبراني عن ابن عمر رضي الله عنهما)
ya'ni: “Allohga eng sevimli banda odamlarga ko'proq manfaati tegadiganidir. Alloh taologa eng mahbub amal musulmonning qalbiga xursandchilik kirgizishingiz, undan g'am tashvishlarini aritishingiz, zimmasidagi qarzini uzib berishingiz, ochligini ketkazishingizdir. Musulmon birodarimning hojatini chiqarish yo'lida yurishim Masjidun Nabaviyda bir oy e'tikof o'tirishimdan yaxshiroqdir. Kim o'ch olishga qodir bo'la turib g'azabini yutsa, Alloh uning qalbini qiyomat kunida o'zining roziligi bilan to'ldiradi. Kim birodarining hojati bilan yurib, uni ravo qilsa, Alloh qadamlar toyadigan kunda uning qadamlarini sobit qilib qo'yadi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Mazkur hadisdan, modomiki banda birodarining yordamida bo'lar ekan, Alloh taolo uning yordamida ekanligi ma'lum bo'ladi.
Azizlar! Shuni unutmasligimiz kerakki, molu davlat berilgan kimsalarning mollarida kambag'allarning haqqi bor. O'sha haqlarni ado qilsalar ularga jannat va'da qilingan. Shunday ekan, muhtoj kimsalar ularning oldiga takror-takror borishlaridan malollanmasinlar. Zero, Alloh azza va jalla boshqa musulmonlarning hojatlari bilan mashg'ul bo'lishlari uchun ularga ne'matlar ato qilgandir. Agar ular bu ne'matning haqqini ado qilib, o'z egalariga topshirsalar, Alloh ularni ne'mat ichra bardavom qiladi va barokatli qiladi. Agar malollansalar, Alloh taolo ulardan bu ne'matini olib qo'yadi, boshqa bandalariga beradi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
إِنَّ للهِ عِنْدَ أَقْوَامٍ نِعَمًا أَقَرَّهَا عِنْدَهُم مَا كَانُوا فِي حَوَائِجِ الْمُسْلِمِينَ مَا لَمْ يَمَلُّوهُمْ، فَإِذَا مَلُّوهُمْ
نَقَلَهَا اللهُ إِلَى غَيْرِهِمْ
(رواه الإمام الطبراني عن عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رضي الله عنهما)
ya'ni: “Ba'zi kishilarga Alloh taolo ne'mat ato qilganki, modomiki ular musulmonlarning hojatini chiqarishda malollanmasalar, Alloh taolo ulardagi bu ne'matni bardavom qilib beradi. Bordiyu, malollanadigan bo'lsalar, ulardagi ne'matlarni o'zgalarga o'tkazib yuboradi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Demak, Alloh taolo kimni musulmonlarning hojatlarini chiqarishga muyassar qilgan bo'lsa, bu u kishi uchun katta baxt va ulkan sharafdir.
Shunday ekan, birovga yordamimiz tegishidan xursand bo'lishimiz va mana shunday martabani bergan Allohga doimo hamd aytib, bu ezgu ishda peshqadam va bardavom bo'lishimiz kerak. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
" وَاللَّهُ فِي عَوْنِ الْعَبْدِ، مَا كَانَ الْعَبْدُ فِي عَوْنِ أَخِيهِ"
(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya'ni: “Modomiki kishi birodarini yordamida ekan, Alloh uni yordamidadir” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Demak, har bir tadbirkor qo'ni-qo'shni, qavmu qarindoshlari ichida ish topa olmayotgan kimsalarga yordam berib, qo'llab-quvvatlab, ish bilan ta'minlab, bola-chaqasini halol kasb bilan ta'minlashiga sababchi bo'lsa, yuqoridagi ajru savob va va'dalarga erishadi, inshaalloh.
Afsuski, bugungi kunimizda ba'zilar tomonidan sodir bo'layotgan tosh-tarozudan urib qolish, shartnoma va va'daga vafo qilmaslik, shubhali yoki sifatsiz (xalqqa zararli) mahsulotlarni sotish, xizmatni sifatli bajarishga ahdlashib, ahdini bajarmaslik, xalqqa zarur bo'lgan oziq-ovqat va dori-darmonlarning narxini asossiz, sun'iy ravishda qimmat qilish kabi ishlar shariat chegarasidan chiqish va Allohni g'azabiga duchor bo'lishdir. Vaholanki, Alloh taolo saxovatli, mard va o'zgalarga foydasi tegadigan kishilarni sevadi. Kishi xalqqa foyda keltira olmayotgan bo'lsa, hech bo'lmasa, zarari tegmay turishining o'zi ham katta yordam! Mana shuning o'zi taqvo bo'ladi. Shuning uchun ham Imom Muhammad rahmatullohi alayhga taqvo haqida birorta kitob yozib bering deyilganda: “Ana savdo-sotiq haqida kitob yozib qo'yibman-ku!”, – degan ekanlar. Demak, kishining taqvosi o'zaro oldi-berdi muomalalarida va bandalar oldidagi o'zining burchlarini o'tayotganda ham bilinadi.
Muhtaram azizlar! Ulamolarimiz tirikchilik uchun kasb-kor qilish orqali mol topishni bir necha daraja va martabalarga bo'lganlar.
Birinchisi – farz daraja bo'lib, bu kishining o'zi va oilasining zaruriy ehtiyojlarini qondirish hamda qarzlarini uzishga etadigan miqdordagi mablag'ni topishdir.
Ikkinchisi – mustahab daraja bo'lib, bu o'zining ehtiyojidan tashqari faqir-kambag'allarga ham yordam berish, do'st-yor va yaqinlariga muruvvat ko'rsatish maqsadida mol-dunyo orttirishga harakat qilishdir. O'zgalarga yordami tegadigan kishini Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam maqtab bunday deganlar:
"أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاس"
(رواه الإمام الطبراني عَن ابْنِ عُمَر رضي الله عنهما)
ya'ni: “Odamlarning ichida Allohga eng mahbubi odamlarga ko'proq manfaati etadiganidir(Imom Tobaroniy rivoyatlari).
Uchinchisi – muboh darajadagi kasbu kor. Bu farovon hayot kechirish uchun ziyoda mol orttirmoq. Bu ham agar haloldan bo'lsa joizdir. Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
"مَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا اسْتِعْفَافًا عَنِ الْمَسْأَلَةِ وَسَعْيًا عَلَى الْعِيَالِ وَتَعَطُّفًا عَلَى الْجَارِ لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَوَجْهُهُ كَالْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ"
(رواه الإمام البيهقي عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Kim odamlarning qo'liga qaram bo'lmaslik, oilasini boqish va qo'ni-qo'shnilariga muruvvat qilish uchun halol mol-dunyo talab qilsa, yuzi to'lin oy kabi porlagan holda Allohga yo'liqadi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
To'rtinchisi – makruh daraja bo'lib, bu manmanlik, kekkayish, kibru havo va maqtanish uchun garchi haloldan bo'lsa ham mol-mulk topish. Nabiy sallallohu alayhi vasallam dedilar:
"وَمَنْ طَلَبَ الدُّنْيَا حَلالا مُفَاخِرًا مُرَائِيًا مُكَاثِرًا لَقِيَ اللَّهَ تَعَالَى وَهُوَ عَلَيْهِ غَضْبَانُ"
(رواه الإمام البيهقي عَنْ أبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
ya'ni: “Kim mol-dunyoni maqtanish, ko'z-ko'z qilish va boshqalardan ko'pligi bilan faxrlanish uchun talab qilsa, Alloh taologa unga g'azab qilgan holida yo'liqadi” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Erta bilan halol rizq topaman, shu orqali bolalarimni boqaman, degan ezgu va pokiza niyatlarda ishiga yo'l olgan insonga Alloh huzurida ulug' ajrlar yoziladi. Shuning uchun Nabiy sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
"مَنْ بَاتَ كَالًّا مِنْ طَلَبِ الْحَلالِ بَاتَ مَغْفُورًا لَهُ"
(رواه الإمام ابن عساكر عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُا)
ya'ni: “Kim halol mehnat qilib, horib charchagan holda o'rniga yotsa, tuni gunohlari kechirilgan holda o'tadi” (Imom Ibn Asokir rivoyatlari).
Darhaqiqat, rizqni beruvchi Alloh ekanligiga hech qanday shubha yo'q. Rizqni qancha miqdorda berish Alloh taologa havola, bandaning vazifasi esa harakat qilish bo'ladi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ
وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ
(سورة سباء/39)
ya'ni: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O'zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O'zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o'rnini to'ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba' surasi, 39- oyat).
Biz niyatimizni to'g'ri qilib, Alloh taolodan so'rab halol kasbu-hunar qilsak, bergan rizqiga shukrona qilsak, inshoalloh, turmushimiz yanada farovon, yurtimiz tinch, Osmonimiz musaffo bo'ladi.
Alloh taolo barcha tadbirkorlarimizning kasbu korlariga baraka berib, haloldan rizq-ro'z topishni nasib aylab, xalqimiz turmushida farovonlikni yanada ziyoda aylasin! Omin!
Kelasi juma ma'ruzasi “Dinimizda sog'lom turmush tarziga e'tibor” haqida bo'ladi, inshaalloh.
- 56وَتُعْطَى الْكُتْبُ بَعْضًا نَحْوَ يُمْنَى وَبَعْضًا نَحْوَ ظَهْرٍ وَالشِّمَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Nomai a’mollar ba’zilarga o‘ng tomondan beriladi, ba’zilarga orqa va chap tomondan (beriladi).
Nazmiy bayoni:
Ayrimlarga nomalar kelar o‘ng qo‘ldan
Ba’zilarga berilar orqa va so‘ldan.
Lug‘atlar izohi:
تُعْطَى – ikki maf’ulli fe’l.
الْكُتْبُ – noib foil, birinchi maf’ul. كُتْبُ kalimasi كِتَابٌ ning ko‘pligi bo‘lib, aslida, كُتُبٌ dir. Bu yerda nazm zaruratiga ko‘ra كُتْبُ qilib keltirilgan.
بَعْضًا – ikkinchi maf’ul.
نَحْوَ – nahv kalimasining bir qancha ma’nolari bo‘lib, bu yerda “tomon” ma’nosida kelgan. Zarflikka ko‘ra nasb bo‘lib turibdi. Quyidagi baytlarda نَحْو kalimasining besh xil ma’nosi bayon qilingan: 1. “qasd”; 2. “jihat”; 3. “miqdor”; 4. “misl”; 5. “qism”.
نَحَوْنَا نَحْوَ دَارِكَ يَا حَبِيبِي
لَقِينَا نَحْوَ أَلْفٍ مِنْ رَقِيبِ
وَجَدْنَاهُمْ جِيَاعاً نَحْوَ كَلْبٍ
تَمَنَّوْا مِنْكَ نَحْوًا مِنْ شَرِيبِ
Ey do‘stim, yo‘l oldik hovlinga tomon,
Yo‘liqdik ming qadar raqibga hamon.
Ularning it misol ochligin bildik,
Biror qism yutiming kutishar har on.
يُمْنَى – “o‘ng” ma’nosida bo‘lib, taraf va a’zoga nisbatan ishlatiladi.
وَبَعْضًا – oldin o‘tgan بَعْضًا ga atf qilingan.
ظَهْر – orqa taraf ma’nosini bildiradi. Masalan, ظَهْرُ الاِنْسَان deganda inson yelkasi ortidan beligacha bo‘lgan qismi tushuniladi.
الشِّمَالِ – chap taraf ma’nosini anglatadi.
Matn sharhi:
Qiyomat kunida hamma mahshar maydoniga to‘planadi. Barchaga bu dunyoda qilgan ishlari yozib qo‘yilgan kitob – nomai a’mol tarqatiladi. Ushbu nomai a’mollar insonlarning hayotlari davomida qilgan barcha hatti-harakatlari davomida yozilgan bo‘ladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:
“Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar”[1].
Ya’ni insonlarning qilayotgan amallarini kuzatib, yozib turuvchi farishtalar bor. Ular Alloh taolo huzurida eng hurmatli farishtalar bo‘lib, insonlarning talaffuz qilgan barcha so‘zlarini va qilgan barcha amallarini yozib turadilar. Qurtubiy ushbu oyat haqida: “Ustilaringizda kuzatib turuvchi farishtalar bordir” ma’nosini anglatadi, – degan. Ushbu hurmatli farishtalar insonlar tarafidan sodir bo‘lgan barcha yaxshiyu yomon ishlarni bilib turadilar hamda qiyomat kunida qilmishlariga yarasha jazo yo mukofot olishlari uchun nomai a’mollariga yozib turadilar.
Qiyomat kunida farishtalar barcha insonlarni bir joyga to‘plaganlaridan so‘ng har biri bilan alohida hisob-kitob boshlanadi. Hisob-kitobdan oldin ularga bu dunyoda qilgan barcha ishlari yozib qo‘yilgan nomai a’mollari beriladi. Ashaddiy kofirlarga nomai a’mollari orqa tomondan beriladi va ular uni chap qo‘llari bilan oladilar. Ba’zi kofirlarga chap tomondan beriladi.
Taqvodor mo‘minlarga o‘ng tomondan beriladi. Tavba qilishga ulgurmasdan o‘lgan fosiq mo‘minga nomai a’moli qaysi tarafdan berilishi haqida ulamolar ikki xil qarashda bo‘lganlar:
– O‘ng tarafdan beriladi;
– Bu haqida gapirmaslikni afzal ko‘rishgan.
O‘ng tarafdan beriladi, deganlar ham qachon berilishi haqida o‘zaro ikki xil gapni aytganlar:
1. Do‘zaxga kirishidan oldin beriladi va bu uning do‘zaxda abadiy qolmasligi alomati bo‘ladi;
2. Do‘zaxdan chiqqandan keyin beriladi.
Nomai a’mollari o‘ng taraflaridan berilganlar osongina hisob kitobdan so‘ng jannatdagi ahllari oldiga xursand holda qaytadilar:
“Bas, kimning nomai a’moli (qiyomat kuni) o‘ng tomonidan berilsa, bas, u oson hisob bilan hisob-kitob qilinajak va (jannnatga tushgan) o‘z ahli (oilasi)ga shodu xurram holda qaytajak”[2].
So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masala to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligi haqida bunday yozgan:
Bilur garchi jami’i holimizni,
Yuborur nomayi a’molimizni.
* * *
Yuborsa nomani rahmat yo‘lidin,
Kelur noma u qulni o‘ng qo‘lidin.
* * *
Qizil yuzlik bo‘lub ul ham sarafroz
Suyunganidin qilur ul banda ovoz.
* * *
O‘qung nomamni ey turg‘on xaloyiq
Kelubdur noma ixlosimg‘a loyiq.
Ya’ni Alloh taologa barcha holatlarimiz ma’lum bo‘lsa-da, amallarimiz yozilgan sahifalarni yuboradi. U zotning buyruqlarini bajarib, rahmatiga sazovor bo‘lganlarga amallari yozilgan sahifalarni o‘ng tarafidan yuboradi.
Bunday baxtli insonlar kitoblari o‘ng tomondan berilishi bilanoq o‘zlarining abadiy baxt-saodatga erishganlarini biladilar va mislsiz xursandchilikdan quvonch ko‘z-yoshlari bilan entikishib:“Mana, mening kitobimni o‘qib ko‘ringlar! Albatta, men hisob-kitobimga yo‘liqishimga ishonardim”, – deydilar:
“Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”, – der”[3].
Ammo kimki Allohga iymon keltirmay, Uning buyruqlarini bajarmasdan o‘ziga berilgan fursatni faqat ayshu ishratda yashashga erishish, go‘yo dunyo lazzatlarining oxirigacha yetish yo‘lida sarf qilib yuborgan bo‘lsa, unga kitobi orqa tarafidan beriladi. Kitobi orqa tarafidan berilganlar qizib turgan do‘zaxga kiradilar:
“Ammo kimning nomai a’moli orqa tomonidan berilsa, bas, (o‘ziga) o‘lim tilab qolajak va do‘zaxda kuyajak”[4].
Ba’zilarga kitobi chap tarafidan beriladi. Bunday kimsalar kitobi chap tarafdan berilganning o‘zidayoq sharmanda bo‘lganlarini biladilar. Oldindagi dahshatli azob-uqubatlarni his etganlaridan titrab-qaqshab: “Voy sho‘rim, koshki menga kitobim berilmasa edi”, – deb qoladilar.
“Endi, kitobi chap tomonidan berilgan kimsa esa der: “Eh, qaniydi, menga kitobim berilmasa va hisob-kitobim qanday bo‘lishini bilmasam! Eh, qaniydi, o‘sha (birinchi o‘limim hamma ishni) yakunlovchi bo‘lsa! Menga mol-mulkim ham asqotmadi. Saltanatim ham halok bo‘lib mendan ketdi”[5].
Xulosa qilib aytganda, barchaning qilgan qilmishlari va holatlari ma’lum bo‘lsa-da, Alloh taolo ularga nomai a’mollarining ham berilishini iroda qilgan. Ushbu nomai a’mollarning qanday berilishining o‘zidayoq yaxshi amal qilganlarni taqdirlash ko‘rinishi bor.
Keyingi mavzu:
Amallarning o‘lchanishi va sirot haqidagi e’tiqodimiz