Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Rajab oyi Alloh taolo Qur'oni Karimda xabar bergan to'rt harom oyning bittasidir. Bu oylarda qabilalar o'rtasida urush, yo'lto'sarlik, qon to'kish kabi tajovuzkorlik qilish man etiladi — harom qilinadi.
Bu qoida johiliyat davrida ham mavjud edi, Islom kelgandan so'ng ham o'z kuchida qoldi va Qur'oni Karim oyati va Sunnat bilan quvvatlandi.
Bu oylardan uchtasi: Zulqa'da, Zulhijja, Muharram ketma-ket oylar, bittasi — Rajab oyi esa alohidadir. Buning hikmati shuki, Zulhijja oyi Haj oyidir. Allohning Ka'basini haj qilish vaqtida tinchlik saqlanishi umumiy xalqaro qoida edi. Haj oyining avvalidagi Zulqa'da va keyingi Muharram oylarining harom oy deb sanalishi ham Haj amali bilan bog'liqdir. Bu narsa Zulqa'da oyida hojilar sog'-salomat Makkaga etib kelishlari, Muharram oyida esa hojilar o'z vatanlariga sog'-salomat etib olishlari uchun kafolatdir.
Rajab oyining alohida holda harom oylardan biri deb sanalishi esa Allohning Ka'basiga Umra ziyorati bilan keluvchilarga imkon yaratgan.
Rajab oyining ro'zasi boshqa oylarda tutiladigan nafl ro'zalardan afzalligi yo'qdir. Faqat bu oyning harom oylardan biri ekanligi uning fazilatlaridir.
Ibn Hajar Asqaloniy aytadilar: «Rajab oyining fazilatiga, unda tutilgan ro'zaning fazilatiga, bu oyning muayyan kechasida qoim bo'lib, falon rakat namoz o'qishning fazilatiga dalolat qiluvchi birorta sahih hadis vorid bo'lmagan» (Fiqhus sunna, 1-j. 453-s.).
Demak, «Bu oyning falon fazilati bor, unda ro'za tutilsa, undoq bo'ladi, bundoq bo'ladi, mana bu kechada falon rakat namoz o'qilishi kerak, uxlamay bedor bo'lish kerak, faqat ushbu mazmundagi duolarnigina o'qish kerak», degan gaplar asossiz bo'lib, biror oyati karima yoki Payg'ambar hadislari bilan o'z tasdig'ini topmagan. Biroq Allohning oylaridan biri deb, odatdagi ibodatlar, nafl namoz va nafl ro'zalarni tutish, Allohning huzuriga iltijo qilib, istagan duolarini o'qish foydadan xoli emasdir.
Harom oyni asos qilib qo'yishiga kelsak, buni urush harom qilingan oylar – Zulqa'da, Zulhijja, Muharram va Rajab oylarini yaxshilik asosi qilib qo'yilishi deb tushunish kerak. Bu oylarda johiliyat vaqtida ham urushlar taqqa-taq to'xtagan. Arzimagan narsa uchun o'n yillab urush qiladigan badjahl arab qabilalari ham bu oylar kirishi bilan o'zlarini tiya olar edilar. O'g'il otasining qotilini ko'rib qolsa ham, unga bu oylarda bir og'iz so'z aytmas edi.
Bir yilda to'rt oyni urushsiz oy deb e'lon qilish butun dunyo tinchligini ko'zlab qo'yilgan ajoyib asos edi.
Alloh taolo mazkur oyning harom oylardan biri ekanini Qur'oni Karimda shunday bayon etadi.
«Ey iymon keltirganlar! Allohning dini alomatlarini, harom oyni, atalgan qurbonlikni, osilgan belgilarni va Robbilaridan fazl va rozilik tilab Baytul-Haromni qasd qilib chiqqanlarni o'zingizga halol hisoblamang», degan (Moida surasi, 2-oyat).
Oyatdagi «harom oy»dan murod Rajab, Zulqa'da, Zulhijja va Muharram oylaridir. Bu oylarda urush qilishni Alloh taolo harom qilgan. Mazkur to'rt oyda agar urush qilinsa, Allohning hukmini o'zgartirib, harom narsani halol hisoblash bo'ladi. Binobarin, bu katta gunohdir.
«Hijriy-qamariy taqvim» asosida tayyorlandi
islom.uz
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati