Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Missionerlik – siyosiy nayrangdir!

15.02.2021   4038   7 min.
Missionerlik – siyosiy nayrangdir!

Diyorimizda 130 dan ortiq millat va elat tinch-totuv, o'zaro hurmat-ehtirom bilan yashab kelmoqda. Ammo diniy qadriyatlarni erkinligidan g'arazli maqsadda foydalanuvchilar ham bor.

Missioner so'zi lotin tilidagi “mission” so'zidan olingan bo'lib, “yuborish”, “vazifa topshirish”, missioner esa “vazifasini bajaruvchi” degan ma'noni bildiradi. “World Book” (Jahon kitobi) entsiklopediyasida esa “Missioner – biror diniy guruh tomonidan boshqalarni o'z diniga targ'ib qilish va kiritish uchun yuborilgan kishi”, degan fikr qayd etilgan. Bu ma'lumotlardan kelib chiqib xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, missionerlik – bir dinga e'tiqod qiluvchi xalqlar orasida boshqa bir dinni targ'ib qilishni anglatadi.

Nasroniylik (xristianlik)da turli sektalar borligi butun dunyoda katta muammoga aylangan. Ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan asrning oxirlarida rivojlangan mamlakatlarda mazkur dinning 1500 dan 5000 gacha turli yo'nalishlari bo'lgan. Lekin aholi ularni qabul qilmaganliklari uchun ko'p yo'nalishlari yo'qolib hozirda ayrim mamlakatlarida 170 ga yaqin sekta va ularning 800 ta shaxobchasi mavjud ekan.

Aslida Hristian dinida Pravoslavlik (ruscha-chin e'tiqod) -1054 yilda xristianlikning bo'linishi natijasida tashkil topgan.

Katoliklik (yunoncha-butun jahon) -1054 yilda xristianlikning bo'linishi natijasida tashkil topgan.

Protestantlik (lotincha-norozi bo'lish, kelishmaslik) o'rta asrlarda katoliklikdan ajralib tashkil topgach, uning o'zida turli oqimlar ko'paydi.

Ba'zi kishilar sektalar va ularga da'vat qilayotgan “Missioner”larning nima zarari bor, deyishlari mumkin. Shu jihatga e'tibor berish lozim.

Birinchidan, missionerlik bilan ma'lum bir din kirib keladi. U bilan birga o'zgacha dunyo qarash, urf – odat ham yoyila boshlaydi. Bu esa odamlar o'rtasida diniy, e'tiqodiy, g'oyaviy, fikriy bo'linish va qarama – qarshiliklarni vujudga keltiradi.

Ikkinchidan, “da'vat”lari bilan bir dinni ikkinchi dindan ustun qo'yish, o'z dindoshlariga yaxshi munosabatu, boshqa dindagilarga yomon munosabat paydo bo'ladi. Bu esa oila, qavm – qarindoshchilik hamda jamiyat birdamligiga salbiy ta'sir ko'rsatib, odamlarning oilasida, jamiyatdagi muammolarni hal qilishda, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohalarda ham mojarolar bo'lishiga olib keladi.

Uchinchidan, missionerlarni makriga tushib ularning 'zolariga aylanib qolishlari, ularning buyruqlari, ko'rsatmalariga so'zsiz itoat qilishlari natijasida qabih ishlarga ham qo'l uriladi. Umuman olganda, bu uslub egalari o'z muammolari bilan kishilarni mashg'ul qildirib, mamlakatning boshqa  muhim vazifalaridan aholini chalg'itishni maqsad qilib qo'ygan.

Missionerlar mamlakatimizga til, komp'yuter o'rgatish, turli – tuman o'quv markazlari yoki har xil xayriya ishlari olib boruvchi nodavlat tashkilotlari qiyofasida kirib kelishga intiladi.

Sanab o'tilgan omillarning o'ziyoq bunday sektalar va ularning da'vatchilari jamiyat va davlatga katta xavf va zarar keltirayotganini ma'lum qiladi.

Missionerlar o'z da'vatlarida o'z dini bilan ularning dini o'rtasidagi o'xshashliklarga to'xtaladi. Masalan, Iso payg'ambar Islomda ham payg'ambar sifatida tan olinadi, deydi. So'ng Iso alayhissalomning buyukligi, Qur'onning bir nechta oyatlarida zikr etilganligini aytib, Injildagi misollar bilan boyitadi. Bundan tashqari missionerlar o'zlarini kitoblarida ayrim Qur'oni karim oyatlarini ham keltirib, maqsadlari yo'lida xizmat qildirmoqchi bo'ladi. Bu holatni o'zbek tilida chop qilingan kitoblarda ham kuzatish mumkin. Missionerlarni bu qilmishlari ikki yuzlamachi ekanliklarini ko'rsatadi.

Qur'onning bir – necha oyatini xaq deb bilishsa, nega islomni qabul qilishmaydi yoki unga hujum qilishdan o'zlarini tiyishmaydi? Holbuki ular Qur'onni inkor etadilar. Unda nega Qur'onga suyanadilar, degan savol tug'iladi. Va bunga javob bitta – bu ularning qilmishlari makrdan boshqa narsa emasligi, ya'ni zohiriy amallari bilan asl maqsadlari bir emasligiga dalolatdir.

Ularning xarakatlari tagida ertangi kunga mo'ljallangan katta siyosiy nayranglar yotibdi. Bu nayranglar ortida qanday qora maqsadlar yashiringan? Mamlakatimizning asosiy aholisi islom diniga mansub bo'lib, deyarli 1500 yildan beri ajdodlarimiz musulmon bo'lib kelgan. Bugungi avlod ham butun hayoti davomida shu dinga e'tiqod qiladi. Urf – odati, ma'naviy tarixi bir xil xalqimizning yuragini parchalash, zaiflashtirish, parokanda qilish, mamlakatni doimiy nizo maydoniga aylantirib, uni hal qilishda o'zlariga muhtoj qilib qo'yish – mana ular ko'zlagan asl maqsad! Sekta da'vatchilarning ortlarida turganlar ularni mablag' bilan ta'minlash, bu diyorlarni madaniy va ma'naviy istilo qilish va o'zlari mustahkam o'rnashib olish uchun o'z makrlariga ilinganlardan foydalanadi.

Bunga tarix va tajriba guvoh. Missionerlar ayrim hududlarga alohida ahamiyat berib, u erlarda o'zlariga ergashganlar sonini ko'paytiradilar. Natijada u erlarda xalq orasida notinchliklar paydo bo'ladi. Homiylar ularni qo'llab-quvvatlashadi, oqibatda mamlakatni parchalashgacha olib boradi. Bunga misol: Sharqiy Timor o'lkasi aholisini “xristian”lashtirgandan keyin bu o'lkalarda to'polonlar paydo bo'ldi, butun g'arb olami oyoqqa turdi va Sharqiy Timorni Indoneziyadan ajratib oldi.

Missionerlarning makriga tushib qolish oson, ammo ulardan xalos bo'lish nihoyatda qiyin. Bugungi g'oyalar kurashi davrida doimo hushyor bo'lish zamonning talabidir. Shuning uchun har bir ota-ona, murabbiy, xususan imom xatiblar qolaversa, vatanga muhabbati bo'lgan fuqaro ham eng avvalo o'zi, so'ng farzandi va yoshlarni missionerlarni makri va nayrangidan ogoh qilib, ularning  zararli oqibatlaridan saqlashi  lozimdir. 

Murabbiy yosh avlodga tarbiya berayotganida missionerlarning da'vatini qabul qilgan musulmon kofirga aylanib qolishligini alohida tushuntirishi shartdir. Bundan tashqari yoshlarni missionerlarning arzimagan yordamlariga, jumladan ishlatilgan liboslar va muddati o'tgan dorilar hamda bo'tqa va supdan iborat bo'lgan eguliklarga imonini sotmaslikni tushuntirish kerak. Aks holda, Alloh saqlasin, imonini sotgan kishi vatanini ham sotadi.

Bir kishining noto'g'ri yo'ldan qaytarib, to'g'ri yo'lni topishga sabab bo'lish bizga dunyo va undagi barcha narsalaridan  yaxshi ekanligini  esdan chiqarmaylik.

Aminjon Ismoilov,

Sirdaryo tumani bosh imomi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

25.08.2026   27761   5 min.
Kamerada nafaqat tarix, balki Buxoroning bugungi qiyofasi ham aks etmoqda

Ba’zi shaharlarni kitobdan o‘qib tanimaysiz — ularni ko‘rish, his qilish, ko‘hna devorlariga boqish, tor ko‘chalaridagi tarix nafasini tuyish kerak. Buxoro dunyodagi ana shunday betakror, g‘aroyib shaharlardan biri hisoblanadi.

Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.

Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.

Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.

Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.

Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.

Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.

Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.

Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.

Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.

Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.

O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari